Bosh sahifa Blog Sahifa 113

2024−2025-o‘quv yili uchun OTMlarga hujjat topshirish boshlandi

0

Abituriyentlar my.uzbmb.uz saytining oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul bo‘limi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

2024−2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar bermoqda.

Abituriyentlar my.uzbmb.uz saytining “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ro‘yxatga olish 5-iyundan 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.

Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
  • ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydilar.

Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.

Startaplar tanlovi asosida 1 mlrd so‘mgacha grant olish mumkin bo‘ladi

0

Raqamli texnologiyalar sohasidagi istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va sohadagi yirik tashkilotlar faoliyatini eksportga yo‘naltirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun tanlov asosida grantlar ajratishni “IT Park” orqali amalga oshirish belgilandi. Bunda startaplarga Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 1 mlrd so‘mgacha beriladi.

Tizim 2024-yilning 1-iyulidan har yili o‘tkaziladigan tanlov asosida joriy etilib, startap loyihalarga quyidagi pozitsiyalar bo‘yicha grantlar ajratiladi:

  • istiqbolli g‘oyaga — 150 mln so‘m;
  • mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyihaga — 300 mln so‘m;
  • jahon bozoriga ixtisoslashgan loyihaga — 1 mlrd so‘m.

Ishtirokchilar tanlovda OneID orqali “ІT Park»ning maxsus platformasida ro‘yxatdan o‘tib, jamoa tarzida ishtirok etish uchun ariza jo‘natish mumkin bo‘ladi.

Nomzodlar 18 yoshdan yuqori bo‘lishlari kerak. Tanlovda faqat 1ta pozitsiya bo‘yicha ariza yuborishga ruxsat etiladi.

Ishtirokchilar tomonidan tanlov doirasida ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab berilmaydi.

Birinchi bosqichda har yili 1-iyulgacha tanlov e’lon qilinib, arizalar qabuli boshlanadi. Ikkinchi bosqichda har yili 1-avgustgacha ariza va unga ilova qilingan materiallar topshiriladi.

Uchinchi bosqichda ishchi organ 25-avgustgacha arizalarni to‘liqligi va talablarga mosligini tekshiradi. 5-sentabrgacha ularning keyingi bosqichga o‘tganligi yoki o‘tmaganligi haqida elektron pochta manziliga xabar, shaxsiy kabinetiga esa xabarnoma yuboriladi.

To‘rtinchi bosqichda 25-noyabrgacha loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. U bir yoki bir necha kun bo‘lishi mumkin. Oxirgi bosqichda aniqlangan grant sovrindorlari taqdirlash marosimida e’lon qilinadi va ikki kun ichida platformada ham joylashtiriladi.

Grant sovrindorlarini taqdirlash marosimi har yili 25-dekabrgacha tanlov komissiyasi tomonidan tantanali ravishda tashkil etiladi.

O‘zbekistonda bir qator yirik davlat kompaniyalarining eksklyuziv huquqlari bekor qilindi

0

Ular qatorida O‘zmetkombinat, UzGasTrade, O‘zenergosotish hamda O‘zkimyosanoat kabilar bor.

 

Bozor islohotlarini yanada tezlashtirishva O‘zbekiston milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilindi. “Farmon qora va rangli metallarni qayta ishlash, kimyo sanoati, telekommunikatsiya va energetika kabi qator sohalarda yangi davrni boshlab beradi. Biz JSTning eng asosiy shartlaridan biri — barcha uchun teng va erkin raqobat sharoitini yaratish prinsipiga amal qilgan holda, mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish borasida qarori qat’iy ekanini yana bir bor namoyish qilmoqdamiz”, — dedi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva.

Qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilinmoqda:

2025-yildan:

  • “O‘zmetkombinat»ning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
  • “O‘zikkilamchiranglimetall»ning mamlakat hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
  • “O‘ztreyd»ning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlar, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
  • “O‘zkimyoimpeks»ning “O‘zkimyosanoat” tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi.

2026-yilning 1-iyulidan boshlab:

  • “UzGasTrade»ning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;
  • “O‘zenergosotish»ning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi. 2025-yildan boshlab qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi.

Mobil va simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tarzida xalqaro internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan 2024-yilning 1-sentabrigacha qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, gaz va elektrning ulgurji va chakana savdosi tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hukumatga kiritadi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi joriy yilning 1-oktabrigacha axborot va milliy xavfsizlikning to‘liq ta’minlanishini nazarda tutgan holda telekommunikatsiya operatorlarining sinov tarzida xalqaro internetga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishi va bosqichma-bosqich boshqa operatorlarga xalqaro internet kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibini tasdiqlash uchun hukumatga kiritadi.

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.

Prezident turizmni rivojlantirish bo‘yicha qanday topshiriqlarni berdi?

0

Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi dasturi joriy etiladi, Xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga QQSni qaytarish muddati uzaytiriladi.

 

3-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi va sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazildi. “Spot” unda bildirilgan muhim topshiriq va takliflarni bir joyga jamladi.

Ekstremal turizmni rivojlantirish dasturi qabul qilinadi

Yig‘ilishda “Boysun bahori” xalqaro etno-festivali o‘tkazilayotgani natijasida Surxondaryoda sayyohlar oqimi 4 baravarga ko‘paygani qayd etildi.

Yoshlarning ekstremal turizmga qiziqishi yildan-yilga oshmoqda. Buning uchun Bo‘stonliq, Parkent va Aydarko‘lda imkoniyatlar yetarli.

Mo‘ynoqda ham parashyut bilan sakrash va havo dayvingi ekstremal turizmini rivojlantirish mumkin. Buning uchun alohida havo hududi bo‘lishi kerak.

Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilishga topshiriq berildi.

Akvapark va basseynlar tashkil etish bo‘yicha loyihalar ko‘paytiriladi

Oxirgi yillarda poytaxtda “Tashkent City”, “Tashkent City Mall”, “Magic City” kabi turizm maskanlari barpo etildi. Bu majmualarga yiliga 4 mlndan ziyod odam tashrif buyuradi, ularning 35%idan ko‘pi xorijiy turistlar. Lekin poytaxt hokimligi o‘z tashabbusi bilan yangi takliflar bilan chiqmayotgani tanqid qilindi. Shu bois Toshkent shahri hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Davrukov lavozimidan ozod etildi. Bosh vazirga turizm bo‘yicha har bir hokim o‘rinbosari ishiga baho berish topshirildi.

Yoz kunlarida akvapark va basseynlarga talab oshgani bilan turistlar uchun “magnit” bo‘ladigan birorta zamonaviy akvapark yo‘qligi qayd etildi. Tabiiy ko‘llar atrofidagi turizm imkoniyatlari ham ishga solinmayapti.

Mutasaddilarga akvapark va basseynlar tashkil etish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish, ko‘llar bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, atrofini lotlarga bo‘lish va tadbirkorlarga taklif etish topshirildi.

“Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanadi

Mamlakatdagi 86ta sanatoriy va tibbiy muassasalarda o‘tgan yili 60 mingdan ortiq xorijiy turist davolandi. Bu ko‘rsatkichni yanada oshirish mumkin.

Oxirgi besh yilda xususiy klinikalar karrasiga ko‘paygani bilan atigi 2tasi xalqaro sertifikat olgan. Oqibatda chet eldan davolanishga kelganlar ulushi pastligicha qolmoqda. Tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini uyg‘unlikda rivojlantirish bo‘yicha yaxlit yondashuv yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Xorijiy tajriba asosida “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanishi e’lon qilindi.

Endilikda xususiy klinikalarning xalqaro standart olish, xorijiy ko‘rgazmada qatnashish xarajatlari budjetdan qoplanadi. Klinikalarga kelgan chet elliklar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi.

Chiptalarni kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy etiladi

Yig‘ilishda mamlakatda o‘tkaziladigan festivallar kalendar-rejasini takomillashtirish, chet ellik mashhur ijrochilar konsertini o‘tkazishga talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, mutasaddilarga qo‘shni davlatlardagi hamkasblari bilan chegaradan o‘tishni yana yengil qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazish topshirildi.

Sayyohlar mahalliy reyslarga samolyot va poyezd uchun ikki oy emas, balki yarim yil oldin chipta olishda qiyinchiliklarga duch kelishayotgani ta’kidlandi. Mutasaddilarga barcha qatnovlar haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish topshirildi.

Bunda chiptalarni tabaqalashgan narxda kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi.

“Milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi

Prezident turizm salohiyatini to‘liq ochib beruvchi global targ‘ibot kampaniyasini yo‘lga qo‘yish vaqti kelganini aytdi. Bunda televideniye va onlayn platformalar bilan birga ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga 1-oktabrgacha “milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish uchun tanlov o‘tkazib, xalqaro platformalarda targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu maqsadlarga joriy yilda $5 mln mablag‘ ajratiladi. Auditoriyasi 10 mlndan ortiq bo‘lgan kamida 50 nafar chet ellik blogerlar uchun info-turlar tashkil qilinishi belgilandi.

Joriy yilda Toshkent shahrida, keyingi yilda Xivada Xalqaro gastronomik festivallar o‘tkazish, 300 turdan ziyod taomlarga ega milliy oshxonani dunyoga targ‘ib qilish muhimligi qayd etildi.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga elektron viza tizimini yanada takomillashtirib, mobil ilovani ham ishga tushirish topshirildi.

Tarmoq va hududlar rahbarlari joriy yilda 11 mln xorijiy sayyohni olib kelish va turizm eksportini $2,5 mlrdga yetkazish uchun mas’ul va javobgar bo‘lishi belgilandi.

Xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga QQSni qaytarish muddati uzaytiriladi

Davlat rahbari soha vakillari va tadbirkorlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi. Jumladan, muloqotda quyidagi tashabbuslar bildirildi:

  • turizm xizmatlari ko‘rsatuvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish;
  • turoperatorlarni madaniy meros obyektlari va temir yo‘l chiptalari narxlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida oldindan xabardor qilish;
  • mehmonxona boshqaruvchilarini tayyorlash va mehmonxona qurishga subsidiyalar doirasini kengaytirish;
  • pensiya yoshidagi turistlarga alohida viza tartibini joriy etish;
  • tarixiy shaxslarning uy-muzeylarini restavratsiya qilish.

Bildirilgan fikr va takliflardan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga quyidagilar yuzasidan taklif kiritish topshirildi:

  • xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga QQSni subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish va uni qo‘llash tartibini aniq belgilash;
  • turizm kompaniyalariga aylanma mablag‘ uchun eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish;
  • turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirish;
  • so‘nggi 3 yilda tashkil topgan turkompaniyalarga xalqaro ko‘rgazmalardagi pavilon ijarasi xarajatining 50%ini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish;
  • xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilon, yuklar va aviachipta xarajatining 50%ini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish.

Kichik otellar barpo etishga subsidiya ajratiladi

Tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan quyidagi tashabbuslarni o‘rganib, tegishli choralarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi:

  • maktab va kollej o‘quvchilari avtobusda bir viloyatdan boshqasiga sayohat qilishida yo‘l-patrul xizmati hamrohligi uchun tariflarni keskin kamaytirish;
  • har yili kamida 20ta o‘rta bo‘g‘in menejerlarini xorijda qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish, yangi o‘quv yilidan turizm sohasidagi oliygoh va texnikumlarda “dual ta’lim»ni joriy qilish;
  • 3−4 qavatli mehmonxonalarga ham subsidiya berish, mehmonxonasi bo‘lmagan 22ta tumanda kichik otellar barpo etishga oilaviy xonalar sonidan kelib chiqib subsidiya ajratish;
  • xalqaro tajriba asosida milliy mehmonxona brendlarini yaratish.

Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda olti oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish, kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50%ga kamaytirish, QQSning yarmini qaytarish tizimini joriy qilish topshirildi. Shuningdek, Toshkentdagi Chorsu bozori va Xivada milliy koloritga ega sharq bozorini tashkil etish, bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi fikrlarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.

Prezident sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Toshkent viloyatida jamoat transporti narxi o‘zgardi

0

To‘lov bank kartalari orqali amalga oshirilganda 1700 so‘m, naqd pulda esa 2500 so‘m etib belgilandi.

Toshkent viloyati shaharlarida jamoat transporti uchun to‘lov narxi o‘zgaradi. Bu bo‘yicha 31-may kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, vaqtga bog‘langan soatlik, kunlik, oylik va yillik limitsiz tariflar, naqd to‘lovni elektron to‘lovga nisbatan 30%ga yuqori etib belgilash ma’lum qilingan. Jumladan, bir nafar yo‘lovchi uchun qatnov bank va transport kartalari orqali amalga oshirilganda 1700 so‘m, naqd to‘lovda 2500 so‘m etib belgilangan.

Bir nafar yo‘lovchining bagajini tashish xarajatlari ham 2500 so‘mni tashkil etadi.

Qarorga ilova qilingan jadvalga ko‘ra, bir yo‘lovchi uchun olti oylik to‘lov 900 ming so‘m, bir yilligi esa 1 mln 826 ming so‘m etib belgilangan.

Talaba, o‘quvchi, pensioner va nogironlar uchun olti oylik to‘lov 450 ming so‘m, yillik to‘lov esa 913 ming so‘mni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, qaror e’lon qilingan kunidan kuchga kirishi belgilangan.

Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul va bank kartalarti orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilanmoqda.

O‘zbekistonda energiya iste’moli reytingi joriy etilishi mumkin

0

Elektr va gazdan foydalanish qoidalarini buzgan iste’molchilarga amaldagi tarifga o‘suvchi koeffitsientni qo‘llagan holda qayta hisoblash taklif etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, energiya auditi faqat xalqaro standartlar asosida o‘tkaziladi. Tashkilot va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ijrosi nazorat qilinadi.

Bu borada shaffoflikni ta’minlash uchun energiya auditi xulosalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalariga kiritilib, kuzatuv kengashida tasdiqlanadi.

Har bir tashkilot rahbarlariga energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etiladi. Iste’molchilar tomonidan elektr va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun amaldagi tarifga o‘suvchi koeffitsientni qo‘llagan holda qayta hisob-kitob qilish tartibi belgilanishi mumkin.

Shuningdek, iste’molchilar tomonidan majburiy energiya auditi o‘tkazish natijasida belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarilmasligi, ularning bajarilishidan iqtisod qilinishi kutilgan yoqilg‘i-energetika resurslari qiymati miqdorida jarima qo‘llash tartibini joriy qilish masalasi o‘rganilmoqda. Tashkilotlar, hududlar va ko‘chmas mulk obyektlari kesimida energiya iste’moli reytingini joriy etish taklifi bildirildi. Bunda Energetika vazirligi tomonidan energiya sig‘imi eng yuqori va eng past bo‘lganlarning “10 taligi” yuritilib, OAVda yoritib boriladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda puxta ishlab chiqish, ko‘rsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilishda joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Prezident mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini hozirdan boshlash va zarur ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Xususan, elektr va issiqlik stansiyalari uzluksiz va barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i resurslari, butlovchi va ehtiyot qismlarning zaxiralarini shakllantirish, energetika infratuzilmasini ta’mirlash va modernizatsiya qilish belgilandi.

Mart oyi boshida barcha davlat idoralarida energiya menejeri lavozimini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi bo‘yicha vazifalar yuklatiladi.