Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda yoshlar bilan muloqot o‘tkazilmoqda.

Unda o‘tgan to‘rt yilda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 13,5 trln so‘m kredit ajratilib, 1 mln yosh band bo‘lgani, “Yoshlar daftari»dan 107 ming o‘g‘il-qizlarga 338 mlrd so‘m subsidiya berilgani qayd etildi.

Bundan tashqari, 205ta “Yoshlar sanoat zonasi»da 2,5 trln so‘mlik 1,2 ming loyiha ishga tushdi. Yaratilgan sharoitlar hisobiga, biznesini “nol»dan boshlab, hozirda aylanmasini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yoshlar bor.

Mamlakat jadal rivojlanishi uchun “to‘rtinchi sanoat inqilobi” kasblari juda muhimligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, yoshlarning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinadi. Yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

Yoshlar xorijiy oliygohlarda o‘qish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha “SAT” imtihonini topshirmoqda.

Bu testlarda 75%dan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar nufuzli xorijiy oliygohlarga grant qo‘lga kiritmoqda. Endi bunday yoshlar mamlakat oliygohlariga ham grantga qabul qilinishini qayd etdi prezident.

Nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirish yengillashadi. Jumladan, chet tili bo‘yicha milliy sertifikat (CEFR) olishda qo‘lda yozish imkoniyati bo‘lmaganlarga kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi.

Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida bu markazda tayyorgarlik ko‘radi. Endilikda oliygohlarning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashadi. Texnikumning birinchi va ikkinchi yilini yaxshi o‘qigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi.

Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursidan o‘qishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi.

Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan oliygohlarga kontrakt asosida qabul qilinadi.

Endi oliygoh, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi: qaysi laboratoriyada qanday uskuna bor, ular qanday sinovlar qila oladi va qanday quvvatlarda ishlayapti, degan savolga javob bo‘ladi.

Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.