Bosh sahifa Blog Sahifa 10

Yanvarda O‘zbekistonga qariyb 1 mln nafar turist keldi

0

O‘zbekistonga bir oyda qariyb 1 mln nafar turist keldi, deb xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, yanvar oyida jami 950 278 nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 271,6 ming nafarga yoki 40%ga oshgan.

Sayyohlar tashrifi bo‘yicha Qirg‘iziston yetakchilik qilmoqda. Xususan, ushbu mamlakatdan 282 798 kishi kelgan.

Keyingi o‘rinlarni esa Tojikiston (244 373 nafar) va Qozog‘iston (207 858 nafar) egallagan.

Shuningdek, 69 ming nafardan ko‘proq kishi Rossiyadan, 43,5 ming kishi Afg‘onistondan tashrif buyurgan.

Keyingi o‘rinlar mos ravishda quyidagicha:

  • Turkmaniston — 28 150 nafar;
  • Xitoy — 25 666 nafar;
  • Turkiya — 12 740 nafar;
  • Hindiston — 6 095 nafar;
  • Janubiy Koreya — 3 237 nafar.

Aqlni charxlash uchun oʻqish tavsiya etiladigan 5 ta kitob

0

Tanamiz, qornimiz ozuqa talab qilganida — biz taom tanovul qilamiz. Ammo miyamiz ham “oziq-ovqat»ga muhtoj. Miyamiz uchun ozuqa vazifasini, albatta, kitoblar yoki qiziqarli maqolalar oʻtaydi. Ba’zan badiiy kitoblar oʻqishni tusab qolamiz. Ammo shunday vaqtlar boʻladiki, oʻzimizda ilmiy-ommabop, aqlni charxlaydigan kitoblarga nisbatan “tashnalik»ni his qilamiz. Demak, miyamiz och, unda “ovqat” berish kerak.

Ushbu maqolada biz sizga fikrlashni rivojlantirish, tez fikrlash, toʻgʻri qarorlar qabul qilish, yangi gʻoyalar oʻylab topishga yordam beradigan kitoblarni tavsiya qilamiz.

“Thinking, Fast and Slow”, Daniel Kahneman

Rus tilida: “Думай медленно, решай быстро”, Даниэль Канеман

Bizning harakatlarimiz va yutuqlarimiz fikrlarimiz bilan belgilanadi. Ammo biz fikrlash qobiliyatimizni doim ham nazorat qila olamizmi? Nobel mukofoti sovrindori Daniel Kaneman nega biz ba’zan mantiqsiz harakatlar qilishimiz va qanday qilib notoʻgʻri qarorlar qabul qilishimizni tushuntiradi. Bizda ikkita fikrlash tizimi mavjud: “tezkor” va “sekin”. Muammoni hal qilayotganimizda yoki doʻkonda mahsulot tanlayotganimizda “sekin” fikrlash faollashadi. Odatda bunday vaziyatlarda bizga xuddi biz ushbu jarayonlarni boshqarayotgandek tuyuladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bizning ong ostimizda oʻz-oʻzidan ishlaydigan “tezkor” fikrlash tizimi doimiy ravishda ishlab turadi va u avtomatik ishlaydi, ongsiz ravishda…


“Teach Yourself To Think”, Edward De Bono

Rus tilida: Эдвард де Боно “Научите себя думать”

Edvard De Bono oʻzining ushbu kitobida oʻquvchilarga bor-yoʻg’i 5 ta elementdan iborat juda oddiy texnikadan foydalangan holda fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish va takomillashtirishni taklif etiladi. Aslida bu muallifning istalgan kitobini olib oʻqishingiz mumkin: uning bu yoʻnalishda juda koʻp kitoblari mavjud. U asosan fikrlash qobiliyati, kreativlik, gʻoyalar oʻylab topishni rivojlantirish kabi sohalarni oʻrgangan va uning ushbu kitobi ham shunday asarlardan.


“Raqamlar uchun yaralgan idrok”, Barbara Oukli

Ingliz tilida: “A Mind for Numbers”, Barbara Oakley

Rus tilida: “Думай как математик”, Барбара Оакли

Vanihoyat… Ushbu kitobni oʻzbek tilida ham topish mumkin. Shuning uchun ham bu kitobning aynan oʻzbek tilidagi nomini keltirdik.

Miyangiz gʻaroyib qobiliyatlarga ega, afsuski, undan samarali foydalanish uchun qoʻllanma yoʻq. Bu qoʻllanmani ushbu kitobdan topishingiz mumkin. Tajribangiz bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, ushbu kitobdagi bilimlar orqali koʻnikmalaringizni rivojlantirishning yangicha va ajoyib usullarni topasiz. Ular, ayniqsa, matematika va tabiiy fanlarni oʻzlashtirishda qoʻl keladi.


“Train Your Brain”, Ryuta Kawashima

Rus tilida: “Тренируем мозг”, Рюта Кавашима

Ushbu kitob professor va miya tomografiyasi boʻyicha yetakchi yapon mutaxassisining ilmiy izlanishlariga asoslangan aql-zakovatni rivojlantirishning oddiy tizimi haqida.

Agar siz oʻzingizni koʻp narsalarni unutib qoʻyadigan, aytaylik, kimningdir ismini yoki gapirayotganda biror soʻzni eslay olmayotgandek his qilayotgan boʻlsangiz, “Train Your Brain” aynan siz oʻqishingiz kerak boʻlgan kitob. Sport bilan shugʻullanish koʻpincha mushaklarning tez zaiflashishini oldini olib, insonning jismoniy tomondan kuchsizlanishi va qarishini biroz boʻlsa-da sekinlashtiradi. Miya haqida ham shunday deyish mumkin. Agar undan foydalanmasangiz, rivojlantirishga urinmasangiz, uning funksiyalari pasayib boraveradi. Ammo uni faol tarzda, “tonusda ushlab turish” uchun nima qilish kerak? Buni ushbu kitobdan bilib olish mumkin.


“Mindset: The New Psychology of Success”, Kerol Duek

Rus tilida: “Гибкое сознание”, Кэрол Дуэк

Oʻnlab yillar davomida muvaffaqiyat va yutuqlarga oid sohani oʻrganib kelayotgan dunyoga mashhur psixolog Kerol Duek ichki “ustanovka»larning shaxsga ta’sirini aniqladi va ilmiy jihatdan isbotladi. Ushbu kitobda siz nimalar odamlarni muvaffaqiyatsizlikka uchratishini, shuningdek, qanday “ustanovkalar” muvaffaqiyatga olib kelishi haqida bilib olasiz. Muhimi, kerakli “ustanovkalarni” oʻzingizga ham, boshqalarga ham birdek singdirish mumkin.

Kitob nafaqat ota-onalar, oʻqituvchilar va murabbiylar uchun, balki rahbarlik qilish yoki shaxsiy oʻsishni maqsad qilgan har bir kishi uchun qiziqarli boʻladi.

Kelasi o‘quv yilidan ayrim texnikum o‘quvchilariga 1,2 mln so‘mgacha stipendiya beriladi

0

Prezident 2026-yil uchun davlat dasturini tasdiqlagani haqida xabar berildi. Hujjat bilan, 2026−2027-o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi kasbiy mahorat texnikumlarida Kasblar shaharchalari tashkil etiladi.

Shaharchalarning asosiy vazifalari etib maktab o‘quvchilarini qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirish belgilanadi.

U yerda maktab o‘quvchilari uchun ekskursiyalar tashkil etilib, amaliy harakatlar orqali kasblar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi. O‘quvchilarda muayyan kasbga qiziqish moyilligini test va boshqa zamonaviy interaktiv usullar orqali aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 11-sinf bitiruvchilari orasida oliy taʼlimga qiziqishi past bo‘lgan o‘quvchilar aniqlanadi.

May-avgust oylarida maktablarda Kasb tanlash haftaligi tadbiri va kasbga yo‘naltirish ishlari tashkil qilinadi. Bunda o‘quvchilarni texnikumlarda o‘qitiladigan kasb va mutaxassisliklar bilan tanishtirish maqsad qilingan.

Natijada o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar texnikumlarga qabul qilinadi. Yil yakunida 200 mingga yaqin o‘quvchilar kasbga o‘qitilishi kutilmoqda.

1-martdan texnikum o‘quvchilari va yoshlar o‘rtasida prezident sovrini uchun Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari kasbiy mahorat milliy tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov o‘tkaziladigan 10 ta kasb belgilanib, hududlar darajasida 700 nafar sovrindor saralab olinadi.

Respublika bosqichida esa 120 nafar sovrindor aniqlanadi. Tanlov g‘oliblari 4,9 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha miqdorda rag‘batlantiriladi. Respublika g‘oliblari xalqaro musobaqalarga tayyorlanadi va xalqaro musobaqa g‘oliblari 1 mlrd so‘mgacha rag‘batlantiriladi.

Avgustdan boshlab Xitoy tajribasi asosida 20 ta texnikumda O‘zbekiston — Xitoy ustaxonalari tashkil etiladi.

Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyaning xalqaro taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar ro‘yxati shakllantiriladi. Bunda 60 ta kasb bo‘yicha taʼlim dasturlari ishlab chiqiladi va joriy etiladi. Natijada 8 ming nafar o‘quvchi qamrab olinadi.

2026−2027-o‘quv yilidan boshlab dual taʼlimda tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, har bir o‘quvchiga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m), fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85%dan yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m) miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Texnikum bitiruvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga ish haqidan olinadigan ijtimoiy soliqning 1%lik stavkasi bo‘yicha to‘lash huquqini 2030-yilgacha uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Laboratoriya uskunalarini xarid qilish tartibi tasdiqlandi

0

Ilmiy faoliyat sohasidagi tashkilotlar laboratoriya uskunalari bilan taʼminlanadi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan nizom tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, xarid uchun ariza masʼul shaxslar tomonidan rasmiylashtiriladi. Ilmiy loyihalarda arizani loyiha rahbari, ilmiy mavzularda esa ilmiy bo‘linma rahbari yoki tegishli mavzu rahbari taqdim etadi.

Dissertatsiya tadqiqotlarida ariza doktorantning ilmiy rahbari yoki kelishuv asosida ilmiy daraja va unvonga ega doktorantlardan biri tomonidan beriladi.

Arizada ilmiy faoliyat yo‘nalishlarini ko‘rsatgan holda markazlashgan davlat xaridi yoki mustaqil ravishda xarid usullaridan birini amalga oshirish ko‘rsatiladi.

Ariza, maxsus axborot tizimida maʼlum bir ilmiy faoliyat yo‘nalishidagi tadqiqotni bajarishga masʼul tashkilot rahbari tomonidan kelishilgach, yuboriladi.

Agentlik qabul qilingan arizalar bo‘yicha shakllantirilgan buyurtmalarni 10 ish kuni ichida belgilangan talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqadi.

Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha maʼqullangan arizalar maxsus axborot tizimi orqali Xarid komissiyasiga yuboriladi.

Tutzorlar, soliqdan ozod qilish, yagona axborot tizimi: ipakchilik sohasi qanday rivojlantiriladi?

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev ipakchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ipakchilik va pillachilik aholini daromadli ish bilan taʼminlash, qishloq joylarda bandlikni oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishda muhim oʻrin tutadi. Lekin ozuqa bazasidan boshlab pillani chuqur qayta ishlashgacha boʻlgan barcha jarayonlarda toʻplanib qolgan muammolar soha salohiyatini toʻliq ishga solishga toʻsqinlik qilmoqda.

Xususan, ipak qurti urugʻining salmoqli qismi import hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Mahalliy urugʻdan foydalanish darajasini 2030-yilgacha 75 foizga yetkazish imkoni borligi, buning uchun naslli urugʻchilik stansiyalari faoliyatini tiklash zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi naslli urugʻchilik stansiyalarida elita urugʻlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, mavjud 10 ta ipak qurti urugʻchilik korxonasiga qoʻshimcha joriy yilda Buxoro va Namanganda 2 ta yangi urugʻchilik korxonasini, 2027-2029-yillarda Toshkent, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 4 ta yangi korxona tashkil etish rejalari haqida axborot berildi.

Naslchilik va urugʻchilik korxonalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish, mavsumiy ishchilar mehnatiga haq toʻlash xarajatining yarmini qoplab berish hamda ularning faoliyatini daromad va ijtimoiy soliq obyekti sifatida hisoblamaslik taklif etildi.

Pilla sifatini oshirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Ozuqa bazasini 2026-2030-yillarda bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Jumladan, 8 ming gektarda yangi tutzorlar barpo qilish, 41,5 ming gektar maydonda yakka qator tut koʻchatlarini ekish, 15 ming gektardagi tutzorlarni rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan. Buning natijasida 2030-yilga qadar 200 millionta tut koʻchatlari ekilishi va ozuqa bazasi 30 foizga oshishi kutilmoqda.

Pilla yetishtirish hajmlari ozuqa bazasini tahlil qilish asosida prognozlashtiriladi. Xususan, 2026-yilda 30 ming tonna, 2030-yilga borib, 36 ming tonna pilla yetishtirishga chiqish reja qilinmoqda.

Sohadagi ishlar yangi tizim asosida tashkil etiladi. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat va tuman “Agropilla” tuzilmalari, ipakchilik klasterlari oʻzaro muvofiqlashgan tarzda ish yuritib, yangi tutzorlarni tashkil etishdan tortib, yetishtirilgan pillani sotib olishgacha boʻlgan barcha bosqichlarda fermerlar, kasanachilar va qurt boquvchilar ishini tashkil etadi hamda ularga koʻmaklashadi.

Kam daromadli, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni pillachilikka jalb etish va ularni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” orqali aholiga 1 kilogramm pilla qiymatining 35 foizi miqdorida subsidiya, parvarishlash jihozlari va uskunalar xaridiga 20 million soʻmgacha ssuda ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

Pillachilikda sanoat usulini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Hozirda pillaning asosiy qismi xonadon sharoitida yetishtirilayotgani qayd etilar ekan, maxsus qurtxonalar tashkil etish orqali hajm va sifat barqarorligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi. Klasterlar tomonidan qurtxonalarni qurish va ishga tushirishni ragʻbatlantirish, shu jumladan, qurtxonalarni yer va mol-mulk soligʻidan 2029-yil 1-yanvarga qadar ozod qilish taklif qilindi.

Eksport va qoʻshilgan qiymatni oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Ayni paytda mahalliy pilladan yuqori sifatli xom ipak olish va uni qayta ishlash ulushi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Sifatni oshirish va chuqur qayta ishlashni kengaytirish hisobiga eksport tushumlarini 250 million dollargacha oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, 2030-yilga qadar umumiy qiymati 200 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish xom ipakni qayta ishlash hajmini 3 ming tonna va darajasini 75 foizga yetkazib, 18,5 million pogon metr ipak mato ishlab chiqarish imkonini beradi.

Eksportda tayyor mahsulot ulushini oshirish, yangi bozorlarni oʻzlashtirish, milliy brendlarni shakllantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilab olindi.

Sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish zarurligi qayd etildi. Ozuqa bazasining hisobi, korxonalar reyestri, sohadagi hisobotlar va hisob-kitoblarni elektron shaklda yuritish, urugʻlik va pilla xomashyosi hajmlari, pilla qabul qilish punktlarini real vaqt rejimida monitoring qilish jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot tizimi ishlab chiqilishi belgilandi.

Prezidentimiz ipakchilikni rivojlantirish boʻyicha takliflarni maʼqullab, ozuqa bazasini mustahkamlash, mahalliy urugʻchilikni kengaytirish, sanoat usulini joriy etish va tayyor mahsulot ulushini oshirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Soliq qo‘mitasi QQS va foyda solig‘i stavkalari pasaytirilishi mumkinligini ma’lum qildi

0

Soliq qo‘mitasi QQS va foyda solig‘i stavkalari pasaytirilishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu haqda 17-fevral kuni qo‘mita raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev soliq forumida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

“Qisqa muddatli rejalarimizda, 2028-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i bo‘yicha stavkalarni o‘zgartirish ko‘zda tutilmagan. Soliq qo‘mitasi sifatida biz bu stavkalarning kelgusida ham o‘zgarish rejalarini ko‘rmayapmiz”, — dedi u.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari QQS (hozir — 12%) va foyda solig‘i (15%) stavkalarini pasaytirish ehtimolini istisno etmadi. Uning ta’kidlashicha, bu yashirin iqtisodiyot hajmining pasayishi va yalpi ichki mahsulotda soliq tushumlari ulushining oshishi hisobiga amalga oshirilishi mumkin. “Shundagina stavkalarni faqat pasaytirish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasiga ko‘ra, besh yil ichida soliq tushumlarining YIMdagi ulushini 19,2% gacha oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 16% ga, 2027-yilda 17% ga, 2028-yilda 18% ga va 2029-yilda 18,7% ga yetishi kutilmoqda.

Shu tariqa, 2030-yilga kelib, mamlakat yalpi ichki mahsuloti $240 mlrddan oshishi sharti bilan soliq tushumlari $46 mlrddan oshishi prognoz qilinmoqda.