Vazirlar Mahkamasining “Milliy ‘yashil’ iqtisodiyot taksonomiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Norma.
Qayd etilishicha, 2030-yilgacha O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni taʼminlash bo‘yicha harakatlar rejasiga muvofiq “yashil” turdagi faoliyatni tasniflash uchun Milliy “yashil” taksonomiyani ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Hujjat bilan “Yashil” iqtisodiyot asosiy yo‘nalishlarining toifalarini belgilash hamda “yashil” turdagi faoliyatni tasniflash asosida muvofiqlik mezonlarini baholashni nazarda tutuvchi Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi tasdiqlangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi uni joriy etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha masʼul respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilangan.
2024-yil 1-oktyabrga qadar:
- “yashil” obligatsiyalar va kreditlar, shuningdek, boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan “yashil” turdagi loyihalarni tasniflash tajriba tariqasida Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi orqali amalga oshiriladi;
- davlat moliyaviy ko‘magidan foydalangan barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xususiy va davlat ishtirokidagi xo‘jalik birlashmalarining investitsiyaviy xarajatlari Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi asosida tasniflanadi.
Maʼlumot uchun, “yashil” loyihalar taksonomiyasi – barqaror rivojlanishga ko‘maklashadigan va tabiiy resurslardan samarali foydalanishni oshirishga, atrof-muhitga salbiy taʼsir darajasini pasaytirishga va energiya tejamkorligini oshirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy faoliyat turlari, loyihalar va aktivlarni tasniflash tizimi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 26-oktyabrdan kuchga kirdi.
Oktyabr boshlarida O‘zbekiston ilk bor 4,25 trln so‘m miqdoridagi yashil suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirgandi. So‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk “yashil” suveren obligatsiyalar hisoblanadi.