Cosmo Music Studio asoschisi Pavel Kotlyarov musiqiy studiyani tashkil etish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, uni ochish uchun qancha mablag‘ kerakligi va qanday qilib bir ekstremaldan ikkinchisiga o‘tmaslik haqida Spot’ga so‘zlab berdi.
Bir necha yildirki shahar markazida “Cosmo Music Studio” musiqiy studiyasi faoliyat yuritib kelmoqda. Uning darslarida minglab o‘quvchilar qatnashgan, 320ga yaqin bolalar va kattalar muntazam ravishda mashg‘ulotlarda ishtirok etadilar. Mashg‘ulotlar skripka, baraban, pianino, vokal hamda gitara yo‘nalishlarida olib boriladi.
Musiqa studiyasidan tashqari Pavel Kotlyarov zamonaviy bolalar futbol maktabini ochdi va O‘zbekistonda ilk bor marshli baraban shousini yaratdi. Futbol vaqtincha pauzaga qo‘yildi, biroq “Cosmo Drum Show” poytaxt tadbirlarida ishtirok etib kelmoqda.
Tadbirkor “Spot»ga bergan intervyusida mazkur formatlarni nima uchun ishga tushirgani va g‘oyadan amalga oshirishgacha qancha kuch va vaqt ketgani haqida so‘zlab berdi.
Hisobchilikdan musiqagacha
Men buxgalteriya bo‘yicha o‘qir, lekin futbol va musiqaga birdek qiziqardim. Ulardan bittasini tanlash vaqti kelganda qaror qabul qilishim qiyin bo‘lgan. Shunda onamning maslahati menga yordam berdi: futbolchining karyerasi 27−30 yilgacha davom etadi va jarohatlar natijasida tizzalari og‘riydi va ba’zi kichik jamoalarda murabbiy bo‘lib ishlaydi. Musiqa bilan qanchalik ko‘p shug‘ullansang, shunchalik ko‘p zavqlanasan, tajribali va talabgir bo‘lasan.
Shu tarzda futbolni tashlab, musiqa bilan shug‘ullandim. Estrada va sirk kollejiga o‘qishga kirdim, to‘rtinchi kursda do‘stlarim bilan birga jamoa tuzib, musiqa bilan shug‘ullana boshladim. Asta-sekin o‘z guruhimga ega bo‘ldim va “Sugarbeat»ni yaratdim, u yerda baraban chalar, turmush o‘rtog‘im esa qo‘shiq aytardi.
Vaqti kelib musiqadan juda charchab, maklerlik bilan shug‘ullana boshladim. Ikki yil ishlab, mashina sotib olishga yetarli pul to‘pladim. Agar yana davom etganimda, balki yomon yashamasdim, ammo o‘zimni o‘z o‘rnimda his qilmaganman.
Keyin mashinani sotib, qarzga pul olib, Xitoyga ketdim. U yerda instrumentlar sotib olib, ularni kargo orqali jo‘natib, shu zaylda onlayn-savdo qilishni boshladim. Shu bilan birga, “Di Live” guruhini yaratdik, u yerda men baraban chalardim va bir vaqtning o‘zida onlayn do‘konimni ham boshqarardim. Men qimmatbaho instrumentlar olib kelardim, lekin xaridorlarni sifati qiziqtirmas, ular arzonroq bo‘lishi xohlashardi. Shu tariqa, ikki marotaba Pekinga qatnadim va hammasi sarobga aylandi.
Taxminan $7000 qarzim bor edi, shu sabab “Di Live»ni tark etib, “Beatrate” bilan ishlash uchun Olmaotaga borishimga to‘g‘ri keldi. U yerda daromad yuqoriroq edi: guruh har bir ijro uchun taxminan $3000 ishlab topar, har birimizga $300−400dan qolardi. Men esa qarzlarni to‘lashim zarur edi.
Keyin yana “Di Live»ga qaytdim. 2010-yildan beri ular bilan yillar davomida birga shug‘ullanganmiz. Oyiga $600dan, yaxshi oylarda esa $1500gacha daromad qilardim. Umuman olganda, bu asosiy ehtiyojlarni qoplash uchun yetarli edi, lekin tejashning imkoni bo‘lmasdi.
Qo‘shimcha daromad kerakligi sabab yarim kunlik ish haqida o‘ylardim. Biz kechqurunlari guruh bilan o‘ynadik, kunduzi esa ishimiz yo‘q edi. Men xonani ijaraga olishga, baraban va gitara o‘rnatishga va ozgina dars berishga qaror qildim.
Studiya qanday boshlangan?
Hammasi turmush o‘rto‘gim tufayli yaxshi kechgan. U “siz maktab ochishni orzu qilgansiz. Boring va buni amalga oshiring!” dedi. Men qachonlardir yigitlar bilan repititsiya qilgan “Zlotnikov” raqs markazi binosidan xona ijaraga oldim. U shu darajada dahshatli edi: qalin mato bilan qoplangan, uning ostida ovoz o‘tkazmaydigan tuxum kartonlari, chang va eskilik hidi. Tayyor studiya bo‘lishiga qaramay, bu yerga o‘quvchilarni chaqira olmasligimni tushunardim. Uni ta’mirlashga majbur bo‘ldim. Birinchi navbatda binoni bo‘shatib chiqdim.
Taxminan o‘sha paytda men oyoq paylarimni shikastlab, oyoqqa turib olishimga uch oy ketdi. Bu vaqtda mashg‘ulotlar xonasi devorlarining yarmi tozalangan holda turdi. $600 ijara haqi esa allaqachon to‘langandi. Uni tashlab ketolmasdim, o‘sha paytlarda bu juda katta summa edi. Yaxshiyam “Di live»da jonli instrumentlar chalib, pul ishlab topar va shu yerga sarmoya kiritardim.
Majburiy ta’til paytida hamma narsa сho‘zilib ketganini tushundim. Ta’mirlash ishlariga usta yollash yaxshiroq va jarayonni tezlashtirardi. Tanishimga qo‘g‘iroq qildim, u tezda ta’mirlashni bajardi, biz devorlarni bo‘yab chiqdik. Dizayn “Pinterest»dan olingan. Hamma narsa tayyor bo‘lgach, qanday nom qo‘yish haqida o‘ylay boshladik.
Devorga ikkita astronavt chizilgan va hamma narsa kosmos bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, ayolim studiyani “Cosmo” deb nomlash taklifini bildirdi. Ko‘z oldimda gavdalana boshladi, lekin nimadir yetishmayotganday edi. “Cosmo Music Studio” variantini o‘yladik va uni ishchi variant sifatida qoldirdik.
Menga hech bir variant yoqmasa-da vaqtinchalik turishiga rozi bo‘ldim. Keyinchalik tushundimki, vaqt o‘tishi bilan har bir brend o‘z nomiga ega bo‘ladi. Hozir meni ko‘pchilik tanimoqda, demak nomimiz yaxshi tanlangan.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Biznes-reja va uning yetishmasligi
Biznes-reja bo‘lmagan. Men “Di live»da chaldim. Hamma narsadan mamnun edim, lekin buyog‘iga hech qanday o‘sish bo‘lmasligini anglab, bir muddat dars berishga qaror qildim. Bu non va sariyog‘ uchun yetarli edi, chiqishlarimdan esa mashina yoki sayohat uchun pul tejashga qaror qildim.
Ammo barchasi shu darajada tez aylana boshlaganidan hayratga tushib qoldim. Biz reklama qilmasdan, shunchaki ijtimoiy tarmoqlarda sahifamizni ochganmiz. Nima uchun odamlar nomsiz va notanish studiyaga oqib kelishayotganiga tushunmay qoldim. O‘quvchilar kelishini umuman kutmagandim, lekin vaqti kelib endi studiyani tark etmayotganimni payqadim.
Instrumentlar bilan qiziq holatlar bo‘lgan. $600 turadigan Yamaha gitarasi $150ga sotilayotganini ko‘rib qoldim. Uni “zaxira»ga sotib oldim va bu bejizga emasdi: o‘quvchilar paydo bo‘la boshladi, menda esa instrument bor edi. Barabanni ham tasodifan $1500ga sotib olganman, aslida bundan ancha qimmatroq turadi. U yangi emas edi va to‘rt yil davomida zanglab qolgandi. Unga achinib, xarid qilgandim. Keyin studiyani ijaraga berishni boshladim va menda gitara, bas-gitaralar va barabanlar bor edi. Hamma narsa oldindan sotib olingan va o‘z vaqtini kutgandi.
Bir vaqtning o‘zida barcha instrumentlarni sotib olishga qurbim yetmasdi. Bitta xonani yig‘ish $3000−5000ni tashkil etadi. Menda baraban va gitara bor edi, kolonkalar $1500ga tushdi. Pultni “Di live»dan oldim. Keyin asta-sekin qarzlarimni uza boshladim.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Yana bir orzum musiqa do‘koni edi. Studiyaga ega bo‘lganimda, uchta do‘kon men bilan bog‘lanib, hamkorlik qilishni taklif qilishdi. Bir muddat birga ishlashdik, ammo keyin tarqaldik. Undan so‘ng hamma narsani o‘zim olib kelishga va hech kimga qaram bo‘lmaslikka qaror qildim. Studiya ishga tushganidan bir yil o‘tgach, o‘sha binoda musiqiy asboblar do‘konini ochdim.
Ilk o‘quvchilar
Loyiha kattalar uchun yaratilgan bo‘lib, bolalar bilan kelishmaganim bois ularni umuman qabul qilmaganman. Ungacha kimningdir shaxsiy iltimosiga binoan bolalarga dars berishga harakat qilib ko‘rganman. Asosan, ular ota-onalari tomonidan o‘qishga majburlangan bolalar edi, ular uyda shug‘ullanishmasdi. Men asabiylashib, mashg‘ulotlarni bekor qilardim. Shu sabab ham menda pedagogikaga nisbatan nafrat bor edi, aynan katta yoshlilarga dars berishni xohlardim. Ularda sermahsullikni ko‘rdim: ular doim minnatdorlik hissi bilan ketishgan. Bu moliyaga nisbatan ko‘proq iliqlik beradi. Basavlat biznesmen baraban urganida, keyin galstugini qattiqroq tortib, “katta zavq oldim” desa, sizning ko‘nglingizdan “Oh, zo‘r! Men bu odam uchun muhim ishni qildim”, deb o‘tkazasiz.
Keyin men rad eta olmaydigan tanishlarim farzandlarini mashg‘ulotlarga jalb qilishimni so‘rashdi. Shu tariqa, asta-sekin bolalar bilan shug‘ullanishni boshladim.
Birinchi o‘quvchim Imron ismli bola bo‘lgan. Uning eng katta orzusi baraban chalish edi. Endi kelgan paytlari 6−7 yoshda bo‘lgani uchun u bilan mashg‘ulotlarni qanday olib borishni ham bilmasdim. U “Believer” qo‘shig‘ini chalishni xohlardi. Men esa unga qiziqarli bo‘lishi uchun barcha narsaga tayyor edim. Biz buni sinab ko‘rdik va Imron buni juda yaxshi uddalayotganini ko‘rdim. Undan keyin mashg‘ulotlarga yana bir o‘quvchi keldi, men unga “Believer»ni sinab ko‘rishni taklif qildim va u ham yaxshi chala oldi. Shunda menda yangi texnika paydo bo‘la boshladi.
Imron har safar yangiliklar o‘ylab topar, doim eksperimentlar o‘tkazardik. Yangi qo‘shiqlar olib kelar, men esa ularni boshqa o‘quvchilarga ham ilinardim va bolalar ham yaxshi chalishardi. Barcha shogirdlarim shu qo‘shiqlardan o‘tishgan. Odamlarga bu yoqadi, ular chalish imkoniyati borligidan mazza qilishadi va energiya olishadi.
Yana bir juda ajoyib o‘quvchilarimdan biri bor edi. U qo‘ng‘iroq qilaverib, chalishni o‘rgatishga meni ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, lekin faqat ertalab soat 08:00da o‘qiy olardi. Men esa kechgacha ishlayman, ertalabdan barabanlar bilan qanday ishlash mumkin? Baribir u meni ko‘ndirdi va biz mashg‘ulotlarni boshladik. U hamma narsani tezda qabul qilib olardi: kompozitsiyani qo‘ysangiz, darhol chala boshlaydi. Shunda yaxshi chala oladigan iqtidorli katta yoshdagi insonlar borligiga guvoh bo‘lganman. Yarim yil u bilan real bo‘lmagan dasturni o‘tkazdik. Bir safar kompozitsiyani chalganimizda, u tayoqlarni qo‘yib, “Endi xohlagan narsamga erishganimni tushunyapman. Bu mening orzum edi va siz uni amalga oshirdingiz. Rahmat. Men ketdim”, dedi. Shu bilan u mashg‘ulotni tamomladi. Shunda qandaydir tarzda odamlar hayotiga ta’sir ko‘rsata olishim mumkinligini angladim.
Ma’lum bo‘lishicha, shaharda birinchilardan bo‘lib ko‘ngilochar musiqa maktabini ochgan ekanmiz. Biz akademik maktablarga emas, balki xizmat ko‘rsatish sohasiga oidmiz deb hisoblayman. Odamlar huzur olish uchun kelishadi, ular musiqani his qilishlari, emotsiyalarini chiqarishlari kerak. Biz xuddi ko‘ngilochar parkka o‘xshaymiz, faqat ko‘proq estetik jihatdan yoqimliroq va musiqaga yo‘naltirilgan.
O‘quvchilar dasturimizda solfejio yo‘qligidan xursand. Menimcha, muzqaymoq qanday va nimadan tayyorlanganini bilishdan ko‘ra uni iste’mol qilgan yaxshiroq. Agar siz shunchaki lazzatlanishni xohlasangiz, texnologiyani bilishingiz shart emas. Bizda ham shunday. Agarda darrov notalar tizmasi, skripka kaliti, nota belgilari va bemollar o‘rganilsa, unda hech kim musiqa bilan shug‘ullanishni xohlamaydi. Biz odamlarga muzqaymoq tutamiz, agar u nimadan iboratligini bilishmoqchi bo‘lishsa, aytib beramiz.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
O‘qituvchilar
O‘quvchilar soni 50tadan oshganida, bitta o‘zim eplolmasligimni angladim. Kunduzi dars berib, kechqurun guruh bilan ishlardim, keyin esa ta’mirlashga ketardim. Yana bolalar bilan sayr qilishga ham ulgurishim kerak edi. O‘sha payti juda charchaganimni va yana qo‘shimcha o‘qituvchilar kerakligini tushundim. Tanishimga ishlashni taklif qildim. U ham hech qachon dars bermagan va qanday qilishni bilmasdi, ammo o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi. Bu jarayon esa oson kechdi. O‘quvchilar soni ham ko‘payib, ularni qayerga sig‘dirishni bilmay qoldim. “Di live»dan yana bitta sherigimni taklif qildim, o‘zim goh pianinochilar bilan shug‘ullandim, goh kimningdir o‘rniga dars o‘tib turdim. Undan keyin vokal o‘qituvchisini ishga oldim.
Keyinchalik do‘konga sotuvchi kerak bo‘ldi. Barabanchi tanishimni chaqirdim. Bir marta uni o‘rnimga dars o‘tib turishini so‘radim, keyin talabalarning o‘zlari uni so‘ray boshladilar. U sotuvchilikdan o‘sib, yuqori maosh oluvchi o‘qituvchilardan biriga aylandi.
Yana bir o‘qituvchimiz “Instagram»da menga uch marotaba yozib, gitarist kerakmasmi, deb so‘ragan. Dastavval e’tibor bermasdim, lekin bir kuni undan chalganining videosini yuborishini so‘radim. Videoni ko‘rib jag‘im ochilib qoldi, hozir esa u eng yaxshi o‘qituvchilarimizdan biri.
Birinchi o‘qituvchi ishga kelganida, to‘lov masalasi ham yuzaga chiqdi. Ijara va boshqa xarajatlar borligini tushuntirib, 50/50 ishlashimizni tushuntirganman. Bu unga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng, hamma narsani bir boshidan tahlil qilib, bunday uzoq davom eta olmasligimizni tushundik. O‘qituvchilarga hech narsaga javobgar emasliklarini: ular kelib faqat dars o‘tishlari, men esa doimiy o‘sib borayotgan xarajatlar — ijara, instrumentlar, sarf-xarajatlarni qoplashimni tushuntirdim.
Hozir studiya 60% olib, 40%ini o‘qituvchilarda qoldiradi. Hujjatlarni noto‘g‘ri to‘ldirgan yoki kechiktirib yuborganlar uchun jarimalar tizimi mavjud.
Bir kuni meni biznesmenlar davrasida tushlik qilishga taklif qilishdi. Ular mening biznesim qanday rivojlanayotganini so‘rashdi va 50/50 asosida ishlayotganimni bilib, ochiqdan-ochiq ustimdan kulishdi. Ular mening holatimda ish sxemasi 80/20 bo‘lishini aytishdi. O‘shanda mashg‘ulotlar 80 ming so‘m edi, demak, o‘qituvchi atigi 15−16 ming so‘m, men esa — 65 ming so‘m olishim kerak. Lekin, men bunday qila olmasdim. Ular bu olijanobligim bilan uzoqqa bormasligimni aytishdi.
O‘qituvchilarga bunday maosh berish noto‘g‘ri, deb bilaman. Ular ko‘p yilini o‘qishga sarflagan hamkasblarim. Biz buxgalter bilan hisoblaganimizda, optimal variant 80/20, o‘ta og‘ir holatlarda 70/30 ekanligi ma’lum bo‘ldi. Lekin bunday qila olmayman. Biz 60/40 sxemasi bo‘yicha kelishdik, ammo endi o‘quvchilar sonidan kelib chiqishimiz kerak edi.
70/30ga o‘tish haqida muhokamalar davom etmoqda. Imkoni boricha, xohlaganimdek ko‘p pul topmasam ham shunda qolishga harakat qilaman. Studiya o‘z-o‘zidan “ko‘tarilgan”, chunki men o‘z jonimni, his-tuyg‘ularimni va hayotimni investitsiya qilganman. Boshqalar bilan bo‘lishish men uchun qiyin emas. Bularning hammasi qaytib kelishini tushunaman, shuning uchun ham o‘qituvchilar va ularning mehnatiga 60/40 to‘lashga qalqon bo‘la olaman.
Menimcha, studiyamizda eng yaxshi ish haqi shartlari mavjud va o‘qituvchilarga yaxshi pul to‘lashga harakat qilaman. Biz oylik to‘lamaymiz, balki o‘qituvchilarga pul topish imkoniyatini beramiz. Ba’zi o‘qituvchilar 6 mlndan 12 mln so‘mgacha pul ishlashi mumkinligini ko‘rsatishdi.
Hozir bizda skripka, baraban, fortepiano, vokal, gitara kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 19 nafar o‘qituvchi mavjud. Ishimizda mavsumiylik ham bor. Hozir o‘quvchilar ko‘p, lekin yozda hammasi ketishadi. Ko‘pgina maktablar yopilmoqda, ammo ijaram barchani tarqatib yuborishimga imkon bermaydi.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Bizda oylik abonementlar va bir martalik darslar bor. Obuna arzonroq: instrument 210 so‘m, vokal esa — 230 ming. Bir martalik darslar instrumentlar uchun 250 mingni, vokal uchun 270 mingni tashkil etadi.
Yana bir yo‘nalishimizdan biri — marshli barabanlar. Mendan tez-tez baraban shousi bormi deb so‘rashardi va biz buni bolalikdagi kumirim Vladimir Badirov bilan birga tashkil etishga qaror qilganmiz. Hozircha bu sinfga kelgan har bir o‘quvchi bepul shug‘ullanishi mumkin. O‘ylaymanki, “Cosmo Drum Show” uchadi, Toshkentda bunaqasi hali bo‘lmagan.
Bir ekstremaldan ikkinchisiga
Studiya yaxshi daromad keltira boshlaganida, ustuvorliklar biznesga o‘tdi, samimiylikdan ko‘ra ko‘proq tizim mavjud edi. O‘sha paytda 380 nafar o‘quvchi bor edi va biz hamma xohlovchilarni qamrab ololmasdik. Bizda ijara to‘lovlarini amalga oshiradigan ikkita bino mavjud edi, u yerda doimiy ravishda talabalar oqimi kuzatilgan. Ma’muriyat ularni tarqatishga ulgurmasdi. Shu qadar esim ketganidan, o‘qituvchilar bilan suhbat o‘tkazmasdan hammani ishga qabul qilaveribman. Talabalardan esa shikoyatlar tusha boshladi.
Shunday lahzada to‘xtab, o‘zimga bunday bo‘lmasligi kerakligini aytdim. Agar biz sifatli mahsulot beradigan bo‘lsak, bu ishni muntazam ravishda qilishimiz zarur. Biz to‘xtatdik. Ikkinchi studiyani yopdim, o‘zim ishongan va hech qachon yomon fikr eshitmagan o‘qituvchilarning asosiy qismini qoldirdim.
Biz ish uslubimizni o‘zgartirdik: ilgari o‘quvchilarga moslashishga harakat qilardik, ular qulay vaqtni tanlashlari mumkin edi. Hozir esa bo‘sh joylarni biz taklif qilyapmiz. Yuqori sifatli mahsulot taqdim qila boshlab, boshqa chegaraga urildik: rioya qilish qiyin bo‘lgan ko‘plab qoidalar paydo bo‘ldi. Biz hammani bir oqimda yig‘dik: dars davomiyligi 45 daqiqa edi, biri sinfdan chiqsa, ikkinchisi kirardi. Bu tartibsizlik va konveyerga olib keldi. O‘qituvchilar va ma’muriyat haydalgan otlarga o‘xshab qolishdi.
Agar tashkilot tez o‘sishga erishsa, u chegaradan oshib ketishi mumkin. Siz oqimni ko‘rasiz va ongingiz mahsulot sifatini unutadi. Men to‘xtab, biz boshqa qoidalar o‘ylab topmasligimizni aytdim. Boshqa hech qanday. Biz 320 talabaga tushdik va sifat hamda daromad o‘rtasida muvozanatga erishdik. Hozir biz bu muvozanatni saqlashga harakat qilyapmiz, ayniqsa bino sabab ko‘proq o‘quvchi ololmaymiz. Ko‘pincha odamlar tushdan keyin kelishadi, bor-yo‘g‘i 12ta xona bor, hammasi band.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Futbol klubi
Futbol klubi — yana bir uzoq yillik orzu. Katta o‘g‘lim professional futbol bilan shug‘ullanishni xohlardi. Klubga bordi, lekin men haftasiga uchta mashg‘ulot hech narsa bermasligini tushundim: unda musobaqalar, turnirlar yoki safar o‘yinlari bo‘lmagan. Individual murabbiy qidira boshladim, biroq topa olmadim. Keyin o‘g‘lim buni o‘z zimmasiga oldi: u ovqatlanish tizimini ishlab chiqdi, ertalablari to‘p va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni boshladi. U sezilarli darajada yaxshilandi va juda yaxshi o‘ynay boshladi. Klub uni payqagach, asosiy tarkibga olmoqchi bo‘ldi, lekin asosiy jamoada boshqa rivojlanish yo‘q, shuning uchun ham o‘zim yaxshi professional futbolchilarni tayyorlay oladigan klub ochishni maqsad qildim.
Tasodifan rossiyalik futbolchi Oleg Drajjuk studiyamizga gitara chalish uchun keldi. U bilan suhbatlashdik va unga klub ochishni taklif qildim: men investorman, u esa murabbiy. Bu fikr unga yoqdi. Ertasi kuni biz maydon topdik va reklama roligini suratga olish uchun forma buyurtma qildik. Do‘stlarimizga qo‘ng‘iroq qilib, videoga tushdik va natijalar uzoq kuttirmadi. 50 nafarga yaqin kishi 3 yosh toifasida mashq qildi: 6−8, 8−10, 10−13 yosh. Bitta murabbiy juda yaxshi uddalardi.
Kuzda barcha o‘quvchilardan oyiga 14 mln so‘mga yaqin pul oldik, bir oylik futbol darsi 550 ming so‘mni tashkil etdi. Ijara uchun 5 mlndan 6,5 mlngacha to‘ladik. Inventarizatsiyaga $800 sarfladik va hali qoplay olganimiz yo‘q. Oleg va men taxminan 5 oy davomida maosh olmadik. Keyin ikki oyda 3 mlndan pul oldik.
Biz o‘z oldimizga ko‘ngilochar klub tashkil qilmaslik vazifasini qo‘ydik. Albatta, bizda ko‘ngilochar elementlar mavjud, chunki hamma ham professional bo‘lishni xohlamaydi. Farzandini oddiygina muloqot qilishini va sport jamoasining bir qismi bo‘lishini xohlaydigan ota-onalar ham bor. Biz odamlarga ular xohlagan narsani berishga e’tibor qaratamiz. Kelgusi yozgacha sport zalida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha boy dastur qilishni rejalashtirganmiz. Chunki o‘g‘lim bilan qilgan mashg‘ulotlarimiz samarasini ko‘rgan obunachilar bizga kela boshlashdi.
Futbol klubi bo‘yicha ulkan rejalarimiz bor. Biz yaxshi futbolchilarni tarbiyalab, ularni qidirib, ota-onalarga farzandiga sportdagi kelajakni — keyinchalik bu futbolchini biror joyga tavsiya qilish mumkin bo‘lishini taklif qilmoqchimiz. Bularning barchasi juda murakkab, energiya va moliyaviy jihatdan qimmat. Hamma joyda sizga pul va vaqt kerak. Lekin hech bo‘lmaganda birinchi qadamni tashlab ko‘rish zarur, shundan so‘ng hammasi ma’lum bo‘ladi.