Foydali manbalarTadbirkorlarO‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan yosh tadbirkor Abubakr Saidov

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan yosh tadbirkor Abubakr Saidov

Abubakr Saidov 17 yoshda. U kichkinaligidan tadbirkor bo‘lishga intilib, o‘zini biznesning turli sohalari — saqich olib sotishdan kiyim savdosigacha sinab ko‘radi.

Yosh tadbirkor maktabni bitirgach, 300 ming so‘m bilan qurt biznesiga kirib keladi. Shu tarzda 2022-yil “QurtTaw” paydo bo‘ladi.

Hammasiga qurtni yaxshi ko‘rishim sabab bo‘lgan

Qurt biznesi bilan shug‘ullanishni maktab paytlarida sinfdoshlarim bilan o‘rtoqlashib yurardim. Maktabni tugatish arafasida o‘ylab ko‘rib, ushbu biznesni boshlashga qat’iy qaror qilganman.

Yoshligimdan qurtni sevib iste’mol qilganligim uchun, odamlar unga oddiy qaytimga beriladigan narsa sifatida qarashlarini xohlamaganman. Asosiy maqsadim, odamlarni ushbu mahsulotga nisbatan fikrlarini o‘zgartirish, qurtni dunyo miqyosida tanovul qilinadigan mahsulot sifatida tanitishni xohlayman.

Oldiniga ish boshlash uchun otamdan olgan $200 pulni ishlatib qo‘yganligim sababli, qo‘shimcha dars to‘loviga berilgan pulning bir qismi — 300 ming so‘mni olib, harakat boshlashimga to‘g‘ri kelgan.

Dastlab ishni video olishdan boshlaganman. Qurtlarni assortiment qilib, chiroyli qutida, fon bilan havaskor video tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirganman.

biznes, qurt

“QurtTaw»ni tanlashim oson bo‘lmagan. Nom yoki logotip tanlashda ko‘p o‘ylanib o‘tirmayman. Hayolimga ilk bor kelganini tanlab kelganman, ammo, noodatiy narsalarni qancha o‘ylasangiz ham topilmaydi, aksincha tasodifan, qo‘qqisdan keladi.

Oldiniga bir qancha variantlarni ko‘rib chiqdim, do‘stlarim “Tashkent Qurt” bo‘ladimi, kabi savollarni berishdi. Shunda o‘yladimki, qurt iste’mol qilish uchun insonlar ijtimoiy tarmoqlarga “qurt” deya yozib qidirishadi, odatda.

Shu sabab, birinchi so‘zga “Qurt” ni qo‘ydim, keyin Toshkent so‘zi qo‘shilsa uzunlik qiladi, uni o‘rniga qisqartma qilib “QurtTaw” deb nomlaganman. Va bu tanlovimdan hech ham afsuslanmayman.

Xodimlar. Hozirda “QurtTash»da 9 ta xodim — targetolog, sotuvchi, onlayn buyurtmalar bilan ishlovchi xodim, 2ta mobilograf, 2ta operator va 2ta kuryer faoliyat yuritadi. Ularni ish va xodim izlashga mo‘ljallangan platformadan topdim.

Operatorlarga haftasiga 800 ming so‘mdan 1,2 mln so‘mgacha, oflayn nuqtadagilarga esa 3−4 mln so‘m atrofida ish haqi to‘layman. Umuman olganda, ular foizga ishlashadi — qancha ko‘p sotishsa shuncha ko‘p pul topishadi.

Xatoyim — ularni yozib yurmasligimda

Odatda barcha ishlarimni rejali qilishga harakat qilaman, lekin hisob-kitob qilishni yoqtirmaganman. Dastlab ish boshlayotganimda ham hisob-kitob qilmasdim, buning natijasida noto‘g‘ri sarf-xarajatlar qilgan vaqtlarim ham bo‘ldi. Pul yetishmasligi, bir-birini qoplamaslik holatlari ham kuzatildi.

Bu kabi vaziyatlar, ayniqsa, biznes boshlagach 3−4 oydan so‘ng sezila boshladi. Oqibatda, biznesimni tugatishimgacha olib bordi. Bu menga katta dars bo‘lib, rejali, hisob-kitobli harakat qila boshladim. Sekin-asta hammasi o‘z yo‘liga tushib ketdi.

Ish bor joyda albatta xato va kamchiliklar bo‘ladi. Menda ham muammolar kuzatilib turadi, ularni joyida tez va oqilona hal qilishim meni ustun jihatim deb bilaman.

Ammo, xatoyim shundaki, aynan qaysi joyida qanday xato qildim va qanday yechim topganimni eslab qolmayman va bu men uchun katta minus bo‘ladi. Chunki, keyinchalik, yana shu muammoga duch kelganda, yana shu xato va yechimlarni takrorlayman.

Bu esa yomon odat, sababi, bundan dars olinmaydi va takrorlanaveradi. Biroq, katta hayotimdagi katta biznesim uchun bu xatoyimni to‘g‘irlashga harakat qilib kelmoqdaman.

biznes, qurt

Barcha qurtlarni oldin o‘zim tatib ko‘raman

Men uchun mahsulot sifati birinchi o‘rinda turadi. Shu sabab, tabiiy va toza qurtlarni anchagina so‘rab-surishtirganman. Sifatli, ishonchli, toza va yangi qurtlarni topishda bir qancha muammolarga duch kelardim.

Qurtning toza va sifatlisi eng yaxshi suzmadan tayyorlanadi. Uzoq izlanishlardan so‘ng ishonchli tayyorlab beruvchilarni topganimizdan keyin, ular bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.

Hozirda qurtlarimizning 33 ta turi mavjud bo‘lib, doimiy ravishda 24 turiga buyurtma olib kelmoqdamiz. Bizda asosan 70% tayyor mahsulot va 30% qo‘lbola qurtlardan foydalaniladi.

Shuningdek, 4 xil sovg‘a to‘plami tayyorlanadi, narxlari — 49, 99, 120 va 150 ming so‘m. Har xil hajmdagi qutilardan mavjud: 300 gr, 500 gr, 700 gr, 1100 gr. Hozirda o‘zim turli eksperimentlar asosida qurtning yana bir qancha turlarini o‘ylab topmoqdaman.

Do‘konimiz test rejimida ishlamoqda. 2023-yil boshida sinov tarzida do‘kon ochishga qaror qildik. Joylashuv haqida uzoq o‘ylab, aholi va savdo qilishga qulay bo‘lgan savdo markazini tanladik. Hozirda bizning nuqtamiz Chilonzor tumanidagi “Atlas»da joylashgan bo‘lib, agar natija samaradorligi yaxshi bo‘lsa, yana yangi filiallar ochamiz.

Shuni aytishim kerakki, qurt savdosida joylashuv muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, u mijozlar oqimi ko‘p — ya’ni talabalar, turli yoshdagi xaridorlar tashrif buyuradigan manzilda bo‘lishi kerak. Buning uchun auditoriyani yaxshilab o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi.

biznes, qurt

Daromadim miqdori bir xil emas

Qurt biznesi bir muncha murakkab. Bir yarim yillik faoliyat davomida shuni anglab yetdimki, bu biznesda siz nafaqat xaridor, balki, mahsulot talabiga qarab ham harakat qilish kerak bo‘ladi. Qurtlar yog‘li va yog‘siz bo‘ladi.

Qurigani sari hajmi tushib boradi va narxi ham oshadi, asosan yog‘li qurtlar hajmi sekin tushadi. Shunga qarab bizda ham narxlar oshishi va pasayishi belgilanadi, ya’ni daromadimiz doimiy bir xil emas. Misol uchun haftasiga bizda pul aylanmasi 10 mlndan 15 mlngacha boradi.

Bir oyda umumiy miqdori 800 kgdan 1 tonnagacha qurt mahsulotlari sotiladi. Buyurtmalarni asosan, sovg‘aga berish uchun, chet davlatga olib ketish va, albatta, iste’mol qilish uchun berishadi.

Ijtimoiy tarmoqlar biznesimda katta o‘rin egalladi.
Biznes boshlash oson ish emasligini, ammo, chiqqan yo‘limdan ham ortga qaytmasligim kerakligini o‘zimga bot-bot eslatib turdim. Biznesni boshlash uchun pulni sarflab qo‘yganim uchun ortiqcha mablag‘im bo‘lmagan.

Hattoki, videomaterial tayyorlash uchun qutini ham vaqtinchalikka olib turishga to‘g‘ri kelgan. Qo‘l telefonim bilan muammo yuzaga kelgan va onamning telefonlarida materiallarimni tasvirga olganman.

Video olish jarayonida ham bir qancha qiyinchiliklar bilan qarshilashganman, lekin maqsadga erishish uchun bahona emas, yechim qidirib, harakat qilganman. Shu tariqa, “Instagram” ijtimoiy tarmog‘iga 6ta videoni joyladim. “TikTok«ka joylagan ilk videomaterialim bir kunda ikki ming marta ko‘rildi va kutganimdan ko‘ra ko‘proq natija berdi. Ishimni yoqtirganim, o‘zgacha mehrim sabab barcha ishlarni nazorat qilib, ko‘nglim to‘lgunga qadar, ideal bo‘lishi uchun harakat qilaman.

Ertasi kuni videolar 37−40 ming marta ko‘rilgan. Va shu kunni o‘zidayoq qurtga 30ta buyurtma qabul qilganman. Shundan so‘ng, ishimga to‘liq ishonch hosil qila boshladim. Bugungi kunda targetdan foydalanishimiz, reklama qilishimizga qarab, bir kunda eng kamida 20ta, eng ko‘pida 45−50 tagacha buyurtmalar olinadi.

Marketingga bir kunlik foydaning 30%ini sarflaymiz. Chunki, sifatli reklama mahsulotimizni kengroq targ‘ib qilishimizda katta yordamchi bo‘lib kelmoqda. Bunda asosan, target yoqishimiz yoki blogerlar bilan hamkorlikda biznesimizni reklama qilishimiz mumkin.

biznes, qurt

Rejalar

Kelajakdagi rejalar.

Bugungi kunda videolarimiz formatini o‘zgartirish haqida o‘ylayapmiz. Chunki, hozirda dofamin ortgan, odamlar ovqat haqida video ko‘p ko‘rishadi va talab qilishadi. Shuning uchun ham ishtahani ochadigan, ko‘rganda odamni yegisi keladigan qurt haqidagi media materiallar tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz.

Hozirda butun O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz. Yaqin kelajakda dunyo miqyosida ham yetkazib berishni rejalashtirganmiz, chunki, boshqa davlatlardan, Turkiya, Koreyadan ham ko‘plab buyurtmalar kelib tushmoqda.

Tengdoshlarimga. Biznes boshlamoqchi bo‘lganlarga shuni maslahat beramanki, hech qachon birinchi qadamni bosishdan, tavakkal qilishdan qo‘rqmaslik kerak. Shunchaki boshlash kerak. Qolgan narsalar, yo‘llar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib, bir-birini ulab ketaveradi.

Bu gapni oldinlari ko‘p marotaba eshitardim-u, ammo, o‘zimda sinab ko‘rmaguncha ishonch hosil qilmagan edim. Biznesda yana bir muhim narsani anglab yetdimki, inson dastlab o‘zini rivojlantirishi, o‘sishdan to‘xtab qolmasligi, qoliplashmasligi kerak. O‘zini yangilasa, biznesi ham yangilanadi. Eng asosiysi, o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni mustahkam qiling — barchasini uddalaysiz.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar bilan viza tartibini soddalashtiradi

Work and Travel kabi dasturlarda ishtirok etuvchi talabalarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi. O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Germaniya va Kanada bilan viza tartibini soddalashtiradi. Bu haqda 7-dekabr kuni...

Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi

OTM talabalari, texnikum, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari uchun ta’til 25-dekabrdan 7-yanvargacha davom etadi Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy...

Kelasi yildan O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi

Ayrim tadbirkorlarga onlayn davlat xaridlarida ishtirok etishda vositachilik yig‘imiga chegirma berilib, qo‘shimcha zakalat kiritilmaydi. 3-dekabr kuni “Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar...

O‘zbekistonlik tikuvchi BBCning 2024-yilgi “100 nafar ayol” ro‘yxatiga kirdi

Dilorom Yo‘ldosheva 40 nafar ayolga tikuvchilikni o‘rgatib, ishchi va maktab o‘quvchilari uchun kiyim-kechak tikishni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekistonlik tikuvchi va tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva 2024-yilgi dunyoning ilhomlantiruvchi va nufuzli ayollarini...

Oktabrda aholi valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi farq $600 mlnni tashkil etdi — Markaziy bank

Yil boshidan beri aholi banklarga $13,2 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotgan, ulardan esa $7,72 mlrd miqdorida sotib olgan. Oktabr oyida aholining chet el valyutasini sotish va xarid...

Endi o‘zbekistonliklar Xitoyga vizasiz borishlari mumkin bo‘ladi

Endi o‘zbekistonliklar Xitoyda 30 kun davomida vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi. 1-dekabr kuni O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarni...