Bosh sahifa Blog Sahifa 99

Haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi

0

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi.

Yangi haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinbayeva xabar berdi.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin va buning uchun hech qanday hujjatlar talab qilinmaydi. Barcha ma’lumotlar tizimda mavjud.

Ariza beruvchi portalda ro‘yxatdan yoki avtorizatsiyadan o‘tadi va ariza yuboradi. Murojaat holatini ham real vaqtda kuzatib borish mumkin.

Bunda foydalanuvchining ID-karta yoki biometrik pasportidagi rasmdan foydalanishga rozilik bildiradi, rasmdan foydalanishdan rad etgan taqdirda yangi rasmga tushish uchun DXM yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalariga tashrif buyuradi.

Kompyuter yoki mobil telefon yordamida shakllangan yangi haydovchilik guvohnomasiga imzo chekadi. Xizmat pullik asosda ko‘rsatilib, Yagona portal orqali to‘lov miqdori 238 ming so‘mni tashkil etadi.

To‘lovlarni amalga oshiradi va arizada belgilangan davlat xizmatlari markaziga tashrif buyuradi yoki qo‘shimcha to‘lov evaziga pochta xizmati orqali 2 ish kunida haydovchilik guvohnomasini arizachi bergan manziliga yetkazib beriladi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.

2023-yilning yanvar oyidan eski haydovchilik guvohnomalarini onlayn almashtirish imkoniyati yaratilgandi. Aprel oyida portal orqali guvohnomani onlayn olish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq avtomobilni tasarruf etish uchun ishonchnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi. Avtomototrnasport vositasini tasarruf etish (sotish, hadya, qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish va boshqa turdagi tasarruf qilish) ishonchnomasini ham onlayn rasmiylashtirish mumkin.

Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlari sovrindorlariga qancha mukofot puli berilishi ma’lum bo‘ldi.

0

Unga ko‘ra, Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchiga 200 ming dollar, kumush medali egasiga 100 ming, bronza sohibiga esa 50 ming dollar va’da qilindi.

Shuningdek, murabbiylar ham mos ravishda 50 ming, 25 ming va 12,5 ming dollardan mukofot pullari olishi aytildi.

Eslatib o‘tamiz Parij—2024 Olimpiadasi 26-iyuldan 11-avgustga qadar davom etadi.

O‘zbekistonda yoshlarni STEM sohasiga jalb qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

0

OTM, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratilib, laboratoriyalar haqida ma’lumotlar berib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda yoshlar bilan muloqot o‘tkazilmoqda.

Unda o‘tgan to‘rt yilda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 13,5 trln so‘m kredit ajratilib, 1 mln yosh band bo‘lgani, “Yoshlar daftari»dan 107 ming o‘g‘il-qizlarga 338 mlrd so‘m subsidiya berilgani qayd etildi.

Bundan tashqari, 205ta “Yoshlar sanoat zonasi»da 2,5 trln so‘mlik 1,2 ming loyiha ishga tushdi. Yaratilgan sharoitlar hisobiga, biznesini “nol»dan boshlab, hozirda aylanmasini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yoshlar bor.

Mamlakat jadal rivojlanishi uchun “to‘rtinchi sanoat inqilobi” kasblari juda muhimligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, yoshlarning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinadi. Yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

Yoshlar xorijiy oliygohlarda o‘qish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha “SAT” imtihonini topshirmoqda.

Bu testlarda 75%dan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar nufuzli xorijiy oliygohlarga grant qo‘lga kiritmoqda. Endi bunday yoshlar mamlakat oliygohlariga ham grantga qabul qilinishini qayd etdi prezident.

Nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirish yengillashadi. Jumladan, chet tili bo‘yicha milliy sertifikat (CEFR) olishda qo‘lda yozish imkoniyati bo‘lmaganlarga kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi.

Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida bu markazda tayyorgarlik ko‘radi. Endilikda oliygohlarning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashadi. Texnikumning birinchi va ikkinchi yilini yaxshi o‘qigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi.

Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursidan o‘qishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi.

Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan oliygohlarga kontrakt asosida qabul qilinadi.

Endi oliygoh, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi: qaysi laboratoriyada qanday uskuna bor, ular qanday sinovlar qila oladi va qanday quvvatlarda ishlayapti, degan savolga javob bo‘ladi.

Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.

IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uch yilga soliqlardan ozod etiladi

0

Ularga IT Park rezidenti maqomi berilib, tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishlari uchun ijtimoiy karta bilan ta’minlanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda yoshlar bilan muloqot o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda bugungi kunda IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar — frilanserlar soni 50 mingdan oshgani ma’lum qilindi.

Bunday yoshlar yiliga $50 ming, $100 ming, hatto $200 minggacha eksport qilmoqda. Biroq, mamlakatda ularni birlashtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qo‘shilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligi ta’kidlandi. Endilikda IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga “IT Park” rezidenti maqomi beriladi.

Bundan tashqari, mazkur yoshlar 3 yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. “IT Park” tomonidan IT-kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi.

Shuningdek, yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

May oyi oxirida “IT Park” rezidentlari uchun minimal eksport talablari belgilangandi. Joriy yilning 1-oktabridan eksport yirik rezidentlar umumiy daromadining kamida 10%ini tashkil etishi zarur. Bu miqdor bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Texnopark 101ta kompaniyani rezident maqomidan mahrum qildi. Bunga ularning o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi sabab bo‘lgan.

“IT Park” rezidentlarining yagona reyestriga ko‘ra, ayni paytda bu maqomga ega 2187ta kompaniya mavjud.

Chet tilini biladigan talabalarga maktab, kollej va texnikumlarda ishlashga ruxsat etiladi

0

Buning uchun talabalar OTMlarning xorijiy til filologiyasi ta’lim yo‘nalishida 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida C1 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Avvalroq yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, joriy yilning 1-oktabridan Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi. Uning natijalari esa rasmiy agentlikning veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Reyting natijalariga ko‘ra olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi. 2024−2026 yillarda OTMlarning xorijiy til filologiyasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida C1 darajadagi sertifikatga ega talabalariga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida o‘qituvchi sifatida ishlashlariga ruxsat etiladi.

2024−2025 o‘quv yilidan ota-onalar va o‘quvchilar talabidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablarida chet tili sifatida nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

2025-yilgacha ingliz tili, keyingi yillarda boshqa xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha dunyoning yetakchi markazlari, oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ularning xalqaro ta’lim standartlariga mos ta’lim dasturlari “Ibrat farzandlari” va “Ustoz” loyihalariga tatbiq etiladi.

Aynan “Ustoz” loyihasi doirasida 250 ming nafar yoshlar marketing, reklama, elektron savdo, IT-dizayner kabi 30ta kasbga o‘rgatilishi belgilangan.

Yoshlarga til sertifikatini olishda o‘qish xarajatlarini qoplashga 1 mln so‘mgacha beriladi

0

2027-yilgacha imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun to‘planishi lozim bo‘lgan sertifikat darajasining minimal ko‘rsatkichi pasaytiriladi.

27-iyun kuni yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklandi:

  • yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;
  • xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YTTlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari (xususiy o‘quv markazlari), bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi boshqa NNTlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori o‘rinni egallaganlarni rag‘batlantirish;
  • yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish, bu yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar, ko‘rik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish. Hujjat bilan, imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida C1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlar moddiy rag‘batlantiriladi.

Ularga imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha o‘qish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari — 1,02 mln so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.

Joriy yilning 1-sentabridan 2027-yilgacha nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi. Bunda o‘quv markazlari sinf xonalarini kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida olishlari mumkin.

Shuningdek, tegishli maktablar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Fevral oyida prezident ishtirokidagi yig‘ilishda joriy yil sertifikat olishdagi imtihon xarajati bilan birga, 6 oylik o‘qish puli ham to‘lab berilishi ma’lum qilingandi. Maktablardagi bo‘sh sinf xonalari chet tili repetitorlari va o‘quv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi.

1-martdan boshlab xalqaro IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplab berish miqdori oshirildi. Bunda IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%gacha qismi qoplab beriladi. Agar ingliz tili darajasi B2 va undan yuqori bo‘lsa, xarajatlar to‘liq qoplanadi.