Bosh sahifa Blog Sahifa 94

Pulga munosabat va biznesni o‘rgatuvchi o‘yin haqida eshitganmisiz?

0

“Monopoliya” – ikki va undan ortiq, 8 yoshdan katta bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan iqtisodiy va strategik o‘yin. XX asrda dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida mashhurlikka erishgan ushbu o‘yin “Menejer”, “Imperiya”, “Biznesmen” nomlari bilan ham atalgan. O‘yinning maqsadi boshlang‘ich kapital (mablag‘) bilan boshqa o‘yinchilarning bankrot (kasod) bo‘lishiga erishish.

O‘yin tarixi

“Monopoliya” 1933-yil 7-martda Charlz Darrow tomonidan o‘ylab topilgan. 1934-yil u o‘z loyihasini aka-uka Parkerlar (inglizchada Parker Brothers) kompaniyasiga ko‘rsatadi, ammo “dizayndagi 52 xato” tufayli loyiha inkor qilinadi.

1935-yil Charlz Darrow do‘sti yordamida 5000 ta qo‘lda tayyorlangan o‘yinni Filadelfiyadagi univermagda sotadi. Ko‘p vaqt o‘tmasdan o‘yin asoschisi talab ko‘pligidan hech narsaga ulgura olmay qoladi va yana o‘sha kompaniyaga murojaat qiladi. “Monopoliya” tarixda 1936-yilning o‘zida AQShda eng ko‘p sotilgan o‘yin bo‘ldi.

“Boy ota, kambag‘al ota” va shu bilan birga bir qancha asarlar muallifining ham eng sevimli o‘yini “Monopoliya” bo‘lgan. Uning o‘yin qarshisida soatlab o‘tirishlari, albatta, maktabdagi o‘qishlariga ta’sir qilmay qolmaydi. O‘yin uning doimiy sevimli mashg‘uloti bo‘lib qolgan va do‘stlari hamda yaqinlarini “Monopoliya”ni o‘ynashga ko‘p chorlagan.

O‘yinning foydali jihatlari

  • O‘yin klassik kapitalistik iqtisodiyotning asosiy tamoyillarini oddiy, o‘yin tarzida oson o‘rgatadi.
  • Pulga bo‘lgan munosabat (qayerda, qanday, nimaga ishlatish)ni o‘rgatadi.
  • Omadli tadbirkorlar avlodini shakllantiradi.
  • O‘yinchilar bir-biri bilan kelishayotgan paytda diplomatik aloqalar o‘rnatishni o‘rganadilar.
  • Agar bola “Monopoliya” o‘yinini yaxshi o‘zlashtirsa, maktabdagi iqtisodiyot darslarini bemalol tushuna oladigan bo‘ladi.
  • O‘yin davomida bolalarda biznesga doir ko‘nikmalar paydo bo‘ladi.

O‘yin qoidalari

O‘yinchilar tosh (zarik)larni uloqtirishadi va tushgan raqam bo‘yicha yurish qilishadi. Qaysi katakchaga tushganiga qarab o‘yinchi o‘sha katakdagi mamlakatni sotib olishi, agar sotib olingan bo‘lsa u yerda turgani uchun ma’lum darajadagi soliqni yer egasiga to‘lashi kerak.“Voqealar” joyiga tushgan o‘yinchi kartalarda yozilgan vazifalarni bajarishi yoki qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Masalan, bankdan qo‘shimcha mablag‘ oling (bank ham o‘yinchi-fuqarolar bilan o‘zaro munosabatda bo‘luvchi o‘yinchi), bankka ma’lum miqdorda pul to‘lang, boshqa hududga sakrab o‘ting, bitta gal o‘tkazing va boshqalar.

Qisqa qoidalar

  • Barcha soliq va jarimalar maxsus bankka joylanadi. “Bepul to‘xtash”ga tushgan inson ushbu pullarga ega bo‘la oladi.
  • “Start” maydoniga har safar kelinganda o‘yinchilarga ma’lum bir miqdorda pul to‘lanadi.
  • “Qamoq”qa tushgan o‘yinchi jarima to‘laydi yoki bir gal o‘tkazganidan so‘nggina yana o‘yinga qayta oladi.

O‘yinga doir qoidalari qo‘llanma sifatida o‘yin bilan birga sotiladi. Shu bilan birga hozirgi kunda “Monopoliya”ni kompyuter va smartfonlarda ham o‘ynash mumkin. Lekin do‘stlar va oila a’zolar uchun an’anaviy “stol o‘yini”ga nima yetsin.

Prezident yoshlar bilan ishlash bo‘yicha kelasi yilga mo‘ljallangan vazifalarni belgilab berdi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Bu boradagi chora-tadbirlar 7 ta yo‘nalishda amalga oshirildi. Davlatning alohida e’tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga o‘qitildi.

“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.

Joriy yilda yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.

Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” bu yildan boshlab 4 ta yo‘nalishda –mahalla, maktab, professional ta’lim va oliygohlar tizimida o‘tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida jami 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.

Iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.

Prezidentimizga Navoiy viloyatida barpo etilgan To‘dako‘l xalqaro shaxmat maktabi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan ushbu maktab yil davomida 1 ming 700 nafar o‘g‘il-qizni o‘qitish va 7,5 ming nafar yoshni turli tadbirlar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. U yerda jahon va Osiyo chempionatlari, universiada kabi xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu maktabga xalqaro grossmeysterlarni olib kelib, olis hududlardagi iqtidorli bolalarni ham jalb qilish, ular uchun shaxmat bo‘yicha qisqa muddatli oromgohlar tashkil qilish va tegishli sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablari uchun tajriba va metodika manbai bo‘lishi kerakligi, shaxmat darslarini olib borish jarayonini raqamlashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga ham e’tibor qaratildi.

Har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi.

Bolalarning ko‘nikmalari, qiziqishlari va iste’dodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlar soni 1,5 million nafarga yetkazish choralari ko‘riladi. Buning uchun hududlarda qo‘shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

0

“Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi 5 ta bob va 24 ta moddadan iborat bo‘lib, unda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha umumiy qoidalar, ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solish, sog‘lom ovqatlanishga erishish, oziq-ovqat xavfsizligida axborot ta’minoti, shuningdek, yakuniy qoidalarni belgilash nazarda tutilgan.

Qonunning maqsadi davlat iqtisodiy xavfsizligini ajralmas qismi bo‘lgan O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini tartibga solish, shuningdek, fuqarolar oziq-ovqat mahsulotlarini nutriyentlar bilan boyitilganligi va xavfsizligining huquqiy asoslarini ta’minlashdan iborat.

Qonun loyihasida quyidagi asosiy qoidalar belgilanmoqda:

1. Qonun loyihasida qo‘llanilgan 15 ta asosiy tushunchaning mazmuni bayon etilgan: “oziq-ovqat xavfsizligi”, “oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash”, “oziq-ovqat balansi”, “oziq-ovqat tanqisligi”, “davlatning oziq-ovqat mustaqilligi”, “davlatning oziq-ovqat zaxirasi”, “hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari”, “sog‘lom ovqatlanish”, “xomashyosi”, “oziq-ovqat mahsulotlari iste’molining oqilona me’yorlari”, “oziq-ovqat mahsulotlarini zarur darajada ishlab chiqarilishi”, “oziq-ovqat mahsulotlarga jismonan erishishga qulaylik”, “oziq-ovqat mahsulotlariga erishishning iqtisodiy qulayligi”, “qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi”, “iqtisodiy xavfsizlik”.

2. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy tamoyillari belgilanmoqda.

3. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda davlat tomonidan tartibga solish qoidalari belgilanmoqda.

Bunda:

  • Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organi, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlariga aniqlik kiritilmoqda;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda;
  • vakolatli davlat organiga oziq-ovqat xavfsizligini tizimli ta’minlash uchun boshqarish tuzilmasini shakllantirish bo‘yicha hukumatga taklif ishlab chiqish va taqdim etish, tarmoqlararo tuzilmalarni va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli vazifalarni amalga oshirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, blokcheyn texnologiyasi yoki boshqa raqamli texnologiyalardan foydalangan holda oziq-ovqat mahsulotlarini butun qiymat zanjiri bo‘ylab kuzatish imkonini beruvchi izma-iz nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hukumatga taklif ishlab chiqish va boshqa ko‘plab vazifalar yuklatilmoqda.

O‘zbekiston va YeTTB 7 ta sohada loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

0

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bosh kotibi Kazuhiko Koguchi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlash va o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bir qator istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, jumladan, bankning davlat korxonalari va banklarini o‘zgartirish hamda xususiylashtirishda faol ishtirok etishi, «yashil» rivojlanish, toza energiya, transport, ayollar va yoshlar tadbirkorligi, shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti, raqamlashtirish va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bugungi kunda bankning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalari 3,5 milliard yevrodan oshgan va loyiha portfelining 60 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Nargis Mirzaahmedova $1 mlndan ortiq yo‘qotishlar va quruvchilardan ko‘rilgan zarar haqida

0

Bu hikoya muvaffaqiyatsizliklar va xatolar biznesni qanday o‘zgartirishi haqida. Ular insonlarni, umuman, hamma narsani o‘zgartiradi. Muvaffaqiyat ortidan quvib, omadsizlik bizni oldinga harakatlantirayotganini sezmay ham qolamiz.

Intervyuda bolalar va kattalar ta’lim muassasalari, “Karyera”, “Beshikdan karyera” markazlari va “Happy Time” bolalar bog‘chasi hamda maktabining asoschisi va rahbari Nargis Mirzaahmedova o‘zining muvaffaqiyatsizliklari va umidsizliklari haqida boricha so‘zlab beradi.

“Muvaffaqiyatsizlik qiymati” sahifasi o‘z xatolaridan qo‘rqmaydigan va yanada harakat qilishdan to‘xtamaydigan tadbirkorlar haqida. Madina Ro‘zmatova “Spot” uchun maxsus Nargis Mirzaahmedovaga savollar bilan yuzlandi.

Nargis, bu sahifa muvaffaqiyat hikoyalaridan farqli o‘laroq tashkil etilgan. Muvaffaqiyatsizlik bilan qanday munosabatda bo‘lasiz? Bu umuman siz uchun nimani anglatadi?

Men 20 yildan ko‘proq vaqtdan buyon biznes bilan shug‘ullanaman va vaqt o‘tgani sari muvaffaqiyatsizliklar men uchun barcha narsani amalga oshirishga asos, tajriba ekanligini anglab boryapman. Bebaho tajriba. Har bir xato meni hozirgi darajamga yetishishimga sabab bo‘lgan.

Agar muvaffaqiyatsizliklar bo‘lmasa, muvaffaqiyat ham bo‘lmaydi. Men ularni o‘sish uchun ajoyib vositalarga aylantirishni o‘rgandim.

Tadbirkorlarda hech qachon hech narsa muammosiz kechmaydi. Bu hayotning zigzaglari va ular doimo o‘zgarib turadi. Bu davriy jarayon. Shuning uchun ham har bir muvaffaqiyatsizlikni tajriba va tramplinga aylantirish juda yaxshi. Men aynan shunday munosabatda bo‘laman. Buni hozir boshdan kechirish albatta qiyin, lekin keyin…

Men sizni “Instagram»da bir necha oydan buyon kuzatib boraman. Hayotdan mamnunlik hissini beruvchi yorqin sahifangiz bor. Uning fonida esa bolalar bog‘chasidagi devorning qulashi haqidagi post juda ziddiyatli bo‘lgandi. Bu juda kutilmagan post bo‘lgan. Va men tushundimki, bu men uchun haqiqatan ham jiddiy narsa sodir bo‘lganligi haqidagi signal edi, chunki siz bu haqda yozishga qaror qilgansiz. Odatda siz biznesingizdagi qiyinchiliklarni ko‘rsatmasdingiz. Nega? Nima uchun biznesning teskari tarafi haqida kamdan-kam gapirasiz?

Chunki men ko‘pincha muvaffaqiyatsizliklarimni emas, balki quvonchimni baham ko‘rishni va o‘zimga energiya olishni xohlayman. Mening ishim bolalar bilan bog‘liq, bu asosan quvonch, o‘yin-kulgu va baxt haqidagi taassurotlarni beradi. Bolalar men uchun judayam qadrli. Bu muvaffaqiyatsizlik haqida men jar solmoqchi bo‘lganman, lekin bu shaxsan menga bog‘liq bo‘lmagan holatlar edi. Va odamlar bu muvaffaqiyatsizlik oxirida, muammo hal qilinganidan so‘ng, yuz bergan holatni bilishlarini xohlardim. Bularning barchasi qanday tugashini men o‘zim ham bilmayman, chunki jarayon hali ham davom etmoqda.


Intervyu olishga borganimizda, bizni qanday chuqur kechinmali murakkab suhbat kutayotganini hali bilmasdik. Muvaffaqiyatsizlik biz voqea sodir bo‘lgan joyda gaplashadigan ishlab chiquvchi bilan bog‘liq. Toshkentda hozir qurilish inqirozi mavjud. Poytaxtning yangilanishi uning aholisiga, atrof-muhitga va hatto… boshqa korxonalarga ham jiddiy zarar yetkazadi. Kuchli tartibga solishning yo‘qligi, hokimiyatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoidabuzarliklarga harakatsizligi va umuman olganda, rivojlanish sanoatining past ma’lumotliligi tadbirkorlar uchun faol rivojlanish chizig‘idagi biznes binolarini ijaraga olish yoki sotib olishdan bosh tortish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri signaldir. Ammo, agar qurilish bo‘lishi mumkin bo‘lmagan joyga hujjatlarsiz kelgan bo‘lsa-chi?

Tahririyat ixtiyorida “Happy Time” ta’lim muassasasining sudga arizalari mavjud. Videoda bolalar bog‘chasidagi devorning to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘yin maydonchasidagi qulash hajmini ko‘rsatadigan lavhalar keltirilgan. Birorta ham bolaga zarar yetmagani katta baxt edi. “Mirzo Ulug‘bek” ko‘chasidagi xuddi shu qurilish maydonchasi qulaganidan keyin yong‘in sodir bo‘lganida ham bolalarning u yerda bo‘lmaganligi ikki karra omadli edi.

Biroq, natijada bu manzildagi bog‘cha yopildi. Bizning qahramonimiz va uning jamoasi birinchi farzandini, ertalab o‘qituvchilar bolalarni quvonch bilan kutib olgan birinchi joyni tark etishga majbur bo‘lishdi.

Biz ishni ommaga ma’lum qilish maqsadida mazkur materialni tayyorladik. Barcha qurilish kompaniyalarini qoidalar, standartlar va xavfsizlik choralariga ko‘proq e’tiborli bo‘lishga chaqirish maqsadida suhbat uyushtirdik. Toshkent judayam sabrli. Biroq, bir necha hafta ichida yo‘q qilingan reputatsiya qayta tiklanmasligi mumkin…

Suratga olish guruhi va qahramonimiz bilan “Muvaffaqiyatsizlik qiymati” sahifasining birinchi soni uchun syujetlardan birini video formatda, voqea joyida suratga olishga qaror qildik.


Biz voqea sodir bo‘lgan joyda turibmiz, menimcha, eng katta muvaffaqiyatsizligingizdan biri, hikoyangiz nuqtai nazaridan eng baland cho‘qqisi bo‘lgan. Bolalar bog‘chasi. Bu, mening fikrimcha, birinchi bolalar bog‘chasi edi. Nima sodir bo‘ldi? Quruvchining aybi bilan MTM hududida devor va tomlar qulab tushdi, yong‘in sodir bo‘ldi…

Ha.


Shu payt suratga olish to‘xtatildi. “Happy Time»ning sobiq ijara beruvchisi o‘g‘li kadrga aralashganida, men jurnalist sifatida dastlab uni quruvchi deb o‘yladim va unga obyektiv ravishda kameraga gapirishga ruxsat bermoqchi edim. Ammo qahramonning reaksiyasidan biz bu chetdan, ya’ni jabr ko‘rgan tomonning aralashuvi ekanligini angladik. Biroz vaqt o‘tgach, yer egasining o‘zi manzilga yetib keldi. Va u bizga ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni olib borilayotganini kameralarsiz so‘zlab berishini ta’kidladi. Oldindan aniqlangan holatlarga ko‘ra, qurilish maydonchasida ruxsatnomalar mavjud emas. Uy egasi bilan bir qatorda Nargis Mirzaahmedovaning o‘zi ham da’vo arizasi bilan chiqdi, ammo bu safar fuqarolik sudiga, chunki u bino egasi emas. Pauzadan so‘ng, intervyu hech qanday to‘siqsiz davom etdi.


Sud jarayoni qaysi bosqichda? Nega boshida sudga berishni xohlamadingiz?

Bu 2-fevral kuni sodir bo‘ldi, tushga yaqin menga bog‘chadan qo‘ng‘iroq qilib, devorimiz va tomimiz qulab tushgani haqida xabar berishdi. Keyin ular video yuborishdi. Men judayam gangib qolgandim va birinchi o‘rinda bolalar xavfsizligi haqida qayg‘urdim. Shu zahoti “Hech kim jabrlanmadimi?” deb so‘radim.

Bu masala tinch yo‘l bilan hal bo‘ladi deb o‘ylagandim, barchasi ayon edi va quruvchi telefon orqali go‘yoki u shaharda emasdek, Toshkentga qaytgach hammasini hal qilishga va’da berdi.

karyera, muvaffaqiyatsizlik qiymati, nargis mirzaaxmedova

Keyin nima bo‘ldi?

Hammasi yomon kinoga o‘xshardi. Boshida hamma narsani hal qilishga kelishiladi. Keyin esa u mening qo‘ng‘iroqlarimga e’tibor bermay boshladi. Undan keyin yong‘in chiqdi. Ota-onalar bolalarini bog‘chadan olishni boshladilar va men ularni tushunaman. Hech qanday kompensatsiya bo‘lmasligini anglaganimdan keyin, albatta, men yuristlarni jalb qildim.

Prokuraturaga ariza berdik, sudga da’vo qildik, ular rad etishdi (bu xo‘jalik sudi edi) va bu fuqarolik ishi ekanligini, jismoniy shaxs nomidan fuqarolik sudiga berishimiz kerakligini aytishdi. Faqat prokuraturadan fuqarolik sudiga da’vo qilishimiz kerakligi haqida so‘nggi javob keldi. Bino egasi mendan keyin binoning egasi sifatida sudga da’vo arizasi berdi.

Jismoniy va yuridik zarar sizniki emas, shundaymi?

Mening holatimda, hozir moddiy zarar, ya’ni mebel, o‘yinchoq va boshqalar haqida gap ketmoqda. Ammo o‘sha paytda kun tartibida turgan eng muhim masala bu devor va tom edi. Bilishimcha, uy egasi qulab tushgan tom, panjara va devorni tiklagan.

Ayni paytda menga hech narsa tiklab berilgani yo‘q. Hatto mebel, asbob-uskunalar, o‘yinchoqlar uchun oz miqdorda bo‘lsa ham qoplab berilmadi. Bog‘chani yopishga majbur bo‘lganimdan keyin moliyaviy yo‘qotishlar haqida esa umuman gapirmasa ham bo‘ladi.

Umuman olganda, yo‘qotilgan mijozlar va kam foyda ko‘rinishidagi biznesga yetkazilgan umumiy zarar rasman 470 mln so‘mni tashkil etadi.

Sizning holatingizda, bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan mash’um voqeadan keyin ota-onalar farzandlarini olib ketishni boshlashdi. Qanday kechinmalarni o‘tkazgansiz? Voqea sodir bo‘lganida, siz bu dialoglar ichida edingiz. Ota-onalar bilan nima haqida gaplashdingiz? Ich-ichdan nimani his qildingiz?

Ha, siz har qanday tadbirkor — mas’uliyatli inson, o‘z sohasi va majburiyatlarini tushunadi, degan ma’noda haqsiz. Ammo biznesga ta’sir qiluvchi tashqi omillar mavjud. Bu kun shaxsan men uchun dahshatli tushga o‘xshaydi, chunki javobgarlik menga yuklatilgan hududda sevimli ishim bor — bu bolalar. Menga sodir bo‘lgan voqeaning fotosurati yuborilganida, men hayratda qoldim, chunki bolalar besh daqiqa oldin maydondan chiqib, binoga kirishgan.

Mening ikkinchi savolim xodimlar haqida, ya’ni, ular bilan hammasi joyida edimi, degan savol edi. Ish vaqtida men ham ular uchun javobgarman. Darhol bog‘chaga borib, odamlarning ahvoli yaxshiligini tekshirgach o‘zimga kelganimdan so‘ng, takroriy stressni boshdan kechirdim, chunki voqea joyidan olingan fotosuratlar “Facebook»da tarqalib ketgandi. Bu qo‘shnilar va ota-onalar tomonidan olingan fotosuratlar edi.

Albatta, ota-onalarning suhbatlari shov-shuvli bo‘ldi, hammada bitta savol bor edi — nima bo‘layotgani va qulashdan keyin bolalar xavf ostida emasmidi, degan. O‘shanda men buni xuddi shunday aytgandim. Qurilish me’yorlarining buzilishi tufayli qulash sodir bo‘lgan, ishlab chiqaruvchi kotlavan qazish kerak bo‘lmagan joydan uni qazgan va biz barcha muammolarni hal qilyapmiz. Birinchi to‘lqinda ota-onalar bir nechta bolani olib ketishdi. Biz o‘yin maydonchasini hovlining old qismiga ko‘chirdik, u yerda ham hamma narsa jihozlangan va qurilish u yerga yetib bormagandi.

Bir necha oy o‘tgach, biz yana favqulodda vaziyatga duch keldik: xuddi shu qurilish maydonchasi bilan yong‘in sodir bo‘ldi. O‘shanda meni ommaviy ravishda tark etishdi. Ona sifatida men ularni tushunaman. Biz oldindan qilingan to‘lovlarni qaytarib berdik, men ularga hech narsa deya olmadim, chunki o‘zim bo‘lganimda ham farzandimni xavfli bo‘lgan joydan olib ketardim.

Ota-onalar bilan konflikt yuzaga kelganmi?

Yo‘q, chunki ular bu mening aybim emasligini anglashgan. Qolganlari esa hech bo‘lmaganda bolalar xavf ostida emasligini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishni so‘rashdi.

Qanday hujjatlar, ekspertiza hujjatlarimi?

Ha, quruvchilardan devorning qulashi binoning o‘ziga ta’sir qilmagani haqidagi ekspert xulosasi.

karyera, muvaffaqiyatsizlik qiymati, nargis mirzaaxmedova

Ushbu muvaffaqiyatsizlikdan tashqari, ishingizning eng qiyin tarafi nimada?

Ota-onalar bilan muloqot. Bolalar bilan bizga juda oson, sodda va tushunarli. Ko‘proq kuchim kalitlar va ota-onalar bilan umumiy til topishga qaratilgan. Bolalarni tarbiyalash murakkab, nozik jarayondir. Bunda umumiy qadriyatlarga ega bo‘lgan o‘z odamlaringizni topish juda muhimdir.

Meni faxrlandiradigan narsa, hozir biz mijozlarimizni aniq filtrlashimiz va tanlashimiz mumkin. Boshidanoq bunga intilgandim, chunki barcha loyihalarim qadriyatlarga qaratilgan.

Mijoz har doim haq, degan iboraga qanday qaraysiz?

O‘zi uchun mijoz har doim haqdir. Ammo tanganing har doim ikki tomoni bo‘lgan. Menimcha, mijoz har doim ham haq bo‘lmaydi.

Siz bolalarni olib, bog‘chani tark etishini so‘ragan ota-onalar bo‘lganmi?

Oh, men bir vaqtlar bu bilan mashhur edim. Ha, bunday holatlar bo‘lgan. Bu paradoks, lekin bunday holatlar ota-onalar bilan emas, balki bolalar bilan bog‘liq edi. Biz bolalar bog‘chasidagi tajovuzga qarshimiz va agar bola boshqa bolalarga nisbatan tajovuzkorlik ko‘rsatsa va bu nazorat qilib bo‘lmaydigan bo‘lsa, biz bog‘chani tark etishni so‘raymiz. Biz xavfsiz muhitni qurmoqdamiz, bu juda muhim.

Farzandlaringiz maktabingizga boradimi?

Maktabga yo‘q, chunki menda ularning yoshiga to‘g‘ri keladigan sinflar yo‘q. Hozircha bizda faqat boshlang‘ich maktab bor, bolalarim katta: kattasi maktabga bormaydi, o‘rtanchasi 11-sinfda, qizim 7-sinfda o‘qiydi, menda esa bunday sinflar yo‘q.

Buni ikki yil oldin boshlaganman va mening birinchi, ikkinchi va uchinchi sinfim bor. Yana o‘sib boraveraman. Farzandlarim esa, albatta, ular uchun maktab ochishga ulgurmaganimdan juda norozi.

O‘g‘lim maktabgacha yoshdagi bolalar uchun kasbiy markazda o‘qidi va bu menga loyihani farzandimga moslashtirishimga yordam berdi hamda natijalarni amalda kuzatishim mumkin edi. Kichik qizim “Happy Time” bolalar bog‘chasiga borishga muvaffaq bo‘ldi. Shubhasiz, agar menda ularning yoshiga mos sinflar bo‘lganida, ular bizning maktabda o‘qigan bo‘lardi.

Umuman olganda, biznesda qancha pul yo‘qotdingiz?

20 yil ichida?

Ha, jami…

Xo‘sh, qarang. Men o‘z biznesimni ishtiyoq bilan noldan, unchalik katta bo‘lmagan sarmoya bilan boshlaganman. “Karyera” markazi ochilganidan sakkiz yil o‘tib, 2011-yilda butun biznesim nolga tushgan. Bu taxminan bir yarim ming kvadrat metr, 16 xonali o‘quv markazi edi. Men tom ma’noda butun biznesimni yo‘qotgandim.

Binoni ijaraga olish bilan bog‘liq nimadir bo‘lganmi?

Ha, biz ijaraga olgan binoning 50%i davlatga tegishli edi. Soliq idorasi u yerga ko‘chirilgach, biz bir kechada ketishga majbur bo‘lganmiz.

O‘sha kuni meni tug‘ruqxonadan chiqarishgandi. Esimda, soat 15:00da bolam bilan uyga ketayotgandim va soat 17:00da ular menga ertasi kuni ertalab soat 6:00 gacha binolarni butunlay bo‘shatishim kerakligini aytishadi, chunki ertalab soat 08:00da tozalash ishlari boshlansa, soliq idorasi ish kuni boshlanishidan oldin binoga kirardi.

Menda har biri 40 kvadrat metrlik 16ta kabinet, jihozlar, partalar, stol va stullar bor edi. Eng qizig‘i va alamlisi shundaki, bir kun oldin men ushbu xonalarda to‘liq ta’mirlash ishlarini tugatgan va derazalarni yangilariga almashtirgandim. Derazalar bilan judayam faxrlanganimni eslayman: ikki ko‘zli plastik derazalar o‘sha paytda hashamat hisoblanardi.

Yangi yildan bir-ikki hafta o‘tgach farzandli bo‘lishni kutayotgandim, shuning uchun ta’mirlash ishlariga shoshildim, hammasini tugatdim va ona bo‘lish niyatida 2011-yilga kirdim. Ko‘chib o‘tgan kechada turmush o‘rtog‘im qizim bilan mashinada o‘tirdi va men har ikki soatda pastga tushib, uni emizib, harakatni nazorat qilish uchun qaytib chiqardim.

Bir kechada hamma narsamizdan ayrildik. Tanishlarimiz bilan biznesdan qolgan narsalarni omborga olib bordik. Yo‘l-yo‘lakay esa yana bir noxush hodisa ro‘y berdi: omborga ketayotib, kompyuterlar va boshqa jihozlar solingan barcha konteynerlar sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi. Faqat olti oydan keyingina yana markaz ochishim mumkin edi.

karyera, muvaffaqiyatsizlik qiymati, nargis mirzaaxmedova

Taslim bo‘lish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

O‘shanda nima uchun bunday bo‘lganini ko‘p tahlil qilganman. Balki, o‘zimga nimadir aytmoqchi bo‘lgandirman? Maqsadim borligini angladim. Mening katta va yaxshi maqsadim bor, unga erishmoqchiman.

Aynan o‘sha davrda men asosiy xatoimni anglab yetdim. Biz bitta markazga sarmoya kiritib, hammasini bir joyda ochganimizda edi. Biznes strategiyamizni o‘zgartirdik: keyingi markazlar turli nuqtalarda ochilgan.

Savolni takrorlayman, biznesda qancha pul yo‘qotdingiz? Javob berishga yordam beraman: $1 mlndan ortiqmi?

Ha.

Yigirma yil ichida bir million dollardan ortiq…

Ha, tasavvur qiling: butun biznesingizni yo‘qotdingiz. Etimol, bu bugungi pul bilan hatto kattaroq miqdorni tashkil etadi. Bundan tashqari, men boshqa birovning kreditini ham qoplaganman. Yosh qizcha edim, menga kredit to‘g‘rilashgan uni keyin to‘lab berganman, o‘sha paytda bu $40 mingni tashkil etgan. Menimcha, hozir bu summa yuz minglarga teng.

Bu qanday sodir bo‘ldi?

Men sodda, ishonuvchan, 21 yoshda edim. Buni mening biznes sherigim, to‘g‘rirog‘i, men ishlagan tashkilot rahbari qildi. Ishonchimni qozonib, nomimga kredit to‘g‘irladi. 22 yoshimda o‘z biznesimni ochishni rejalashtirmagandim, ijaraga ishlab, keyin uni bir necha yil ichida ishga tushirishni xohlardim. Negadir, “biznesga qabul qilish” uchun 25 yoshga to‘lgunimcha kutishim kerak, deb o‘ylardim, yoshga qaramlik bo‘lishini, 21 yoshimda meni jiddiy qabul qilmasliklarini bilardim. Muvaffaqiyatsizlik menga tezroq qaror qabul qilishga yordam berdi.

“Spot” bilan olib borilayotgan mazkur loyihaning asosiy muhim vazifasi odamlarga jiddiy muvaffaqiyatsizliklardan keyin hayot borligini anglatishdir. Hamma narsani yo‘qotib qo‘yganingizda ham biznes qurishingiz mumkin. Men barcha tadbirkorlardan qanday qilib yengganlarini so‘rayman. Bunday vaziyatda o‘zingizga qanday yordam bera olasiz? Buni qanday uddaladingiz?

Bu menga nafas olishga yordam berdi. Aynan shu, ehtimol, eng muhim maslahat — nafas olish. Nafas olish va yana nafas olish. Men esa har doim ham vaqt topolmadim, ba’zida bo‘g‘ilib qoldim. Har qanday vaziyatdan chiqish yo‘li bor. Shoshilinch qarorlar qabul qilmaslik va nafas olish menga yordam beruvchi vositalardir.

Sizning yaqinlaringiz kredit haqida bilib, o‘zlarini qanday tutishdi?

Dadam juda kasal edi. Men uni bularning barchasiga umuman aralashtirmadim. Onam… baribir ona.

O‘shanda turmush o‘rtog‘im hali yigitim edi, u juda ham ko‘p yordam bergan, qochmadi, meni tashlab ketmadi. Qiziq fakt, turmush o‘rtog‘im va men bir vaqtning o‘zida muvaffaqiyatsizlikka uchraganmiz. O‘shanda biznesim barbod bo‘lishidan to‘rt kun oldin erim menga ishda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytgandi.

Balki, hozir sizning shaxsiy chegaralaringizni buzishim mumkin, lekin so‘ramoqchiman. Siz jamoat odamisiz (publichniy chelovek), biznesingiz va oilangiz haqida ko‘p gapirasiz. Turmush o‘rtog‘ingiz tez-tez kommunikatsiyalaringizda ko‘rinish berib turadi. Taxminlarga ko‘ra, ayol kishi omma oldida bo‘lsa, u yanada muvaffaqiyatli bo‘larkan. Bu haqiqatmi yoki yo‘q, bilmayman. Va shunga ko‘ra, savol tug‘iladi — turmush o‘rtog‘ingiz qanchalik muvaffaqiyatli va u muvaffaqiyatingizga qanday munosabatda? Bu juftlikda muvozanat qanday ushlab turiladi?

U biznesda muvaffaqiyatli inson: jimgina, indamasdan. Men uning chegaralarini buzmaydigan narsalarni efirga uzataman, lekin umuman olganda, u ommaviy bo‘lishni tanlamagan, shu sabab ham uning biznesi haqida gapira olmayman. Bizda nimani ommaga ko‘rsatish mumkinligi haqida aniq kelishuv mavjud. U ham tadbirkor.

Ha, ko‘pchilik bu taassurotga ega. Lekin bu turmush o‘rto‘gimga yoqadi. Bilasizmi, u kimdandir men haqimda gapirganini eshitsam, 20 yildan ortiq vaqtdan buyon shu inson bilan birga bo‘lganimga qaramay, har safar hayron qolaman. Albatta, bizning mentalitetimizni hisobga olgan holda, men munosabatlarimizga qancha kuch sarflaganimizdan, erim mening muvaffaqiyatlarimdan xursand bo‘lganidan juda minnatdorman.

Bundan tashqari, u doim men o‘zimni yetarlicha ko‘rsatmayapman, deb o‘ylaydi. U bir necha yildan buyon meni kitob yozishga ko‘ndirishga urinadi. Bu muvaffaqiyatli chiqishiga uning ishonchi komil.

Ya’ni, u muvaffaqiyatli ayolini yoqtiradi. Ehtimol, u ikkinchi tomonni tushunganligi sababli, bunday kuchli, muvaffaqiyatli erkak kuchli ayolga ega bo‘lishi mumkin. Bilasizki, kuchli ayolga dosh berish juda qiyin. Ayni vaqtda bu juda qiyin. Va biz rollari biroz boshqacha bo‘lgan juftliklar haqida gapirmayapmiz, to‘g‘rimi? Darhaqiqat, kuchli ayolga faqat kuchli erkakgina dosh bera oladi.

U sizning xeyterlaringizga qanday munosabatda bo‘ladi?

Har doim kuladi. U ularni kamdan-kam ko‘radi, men odatda ularni bloklayman. Lekin ba’zida nimadir deyman. Yaqinda bir qiz menga shunday deb yozgandi: “Nora, siz juda jasursiz, o‘zingizni ko‘rsatishingizga qoyil qoldim. Siz yuzingizdagi chuqur ajinlar, tishlaringizning qiyshiqligi, qovoqlaringizning esa osilib qolganiga qaramasdan juda ochiqsiz, bundan qanday tashvishlanmaysiz?”.

Kechqurun turmush o‘rtog‘im bilan kechki ovqat paytida men unga bu voqeani aytib berdim, biz kuldik.

karyera, muvaffaqiyatsizlik qiymati, nargis mirzaaxmedovaBiznesdagi eng katta qo‘rquv nima?

Qachonki hech narsa menga bog‘liq bo‘lmaganida va men ta’sir qila olmaganimda. Qarorlarim hech narsani hal qilmasa. Binoning qulashi voqeasi kabi…

Birinchi kuni politsiyaga qo‘ng‘iroq qilmaslikka nima majbur qildi?

Ular yetib kelishdi, lekin biz ariza yozmadik. Va ijara beruvchi ham u yerda emasdi. Quruvchi 10 kun ichida hamma narsani tuzatishga va’da berdi. 20 kundan keyin unga yana qo‘ng‘iroq qila boshladim, bir oy o‘tdi. Ota-onalar farzandlarini olib ketishni boshladilar.

Bog‘cha hali ochiq bo‘lgan vaqtda nechta odam ketdi?

Bolalar bog‘chasi to‘liq to‘ldirilgan, u 10 boladan iborat sakkiz guruhga mo‘ljallangan. Biz bu yerdan 29 kishi bilan ketdik. 80tadan 29tasi qoldi.

Agar u sizga yetkazilgan zararni o‘sha vaqtda qoplab berganida, siz ko‘chib o‘tmagan bo‘larmidingiz?

Albatta, men ko‘chib o‘tmagan bo‘lardim. Axir u yerda muvaffaqiyatli biznes, bolalar bor edi. Bizga bu binoda anchadan buyon joy yetmas, lekin men bu joyga juda diqqatli edim. Negaki bu yer mening birinchi nuqtam edi. U yerda 36 nafar boladan iborat bog‘cha ochgandim. Va biz barchasini sekin-asta yig‘ib olgandik. Men uni hech qachon yopishni xohlamasdim.

Bog‘cha qayerga ko‘chdi?

Ikkinchi filial joylashgan binoga. Ya’ni, biz bolalar xavfsizligi uchun biznes ko‘lamini qisqartirdik.

Yangi filial bo‘ladimi? Ya’ni, bolalarni sig‘dira olmagan taqdiringizda.

Biz o‘z binomizni parallel ravishda quryapmiz, barcha tuxumlarni bitta savatga joylashtirish imkonsiz ekanini tushundim.

Keling, biroz blis qilaylik. Men savollar beraman, siz tez javob qaytarasiz. Biznes uchun qandaydir yomon ishlarni qilganmisiz?

Yo‘q, qilmaganman va umid qilamanki, hech qachon bunga majbur bo‘lmayman.

Oila yoki karyera?

Nima uchun tanlash kerak?

Maldiv orollari uchun mablag‘ni qanday yig‘ish mumkin?

Ishlab.

Do‘stlaringiz sizga xiyonat qilganmi?

Ha.

10 yildan keyingi kelajakdagi o‘zingizga maslahat.

Qizalog‘im, sog‘ligingni ehtiyot qil. Men buni boshlaganman. Seni uzoq vaqt sog‘lom va baxtli ko‘rishga umid qilaman.

O‘zbekistonda xususiy ta’lim yoki chet elda ta’lim.

Hozircha chet elda ta’lim.

Siz hech qachon javob bera olmaydigan savol.

Siz uni so‘rab bo‘ldingiz.

Yaxshi, yo‘l boshida turgan o‘zingizga maslahat.

Nafas ol, nafas ol va dam ol. Sen hali judayam kuchli ekanligingni bilmaysan.

Hozir ota-onangizga nima degan bo‘lardingiz?

Farzandlaringiz baxti uchun baxtli bo‘ling.

Siz baxtli insonmisiz?

Juda ham.

Agar ortga qayta olsangiz, nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?

Hech narsani. Faqat farzandlarimni uzoqroq ko‘rishim uchun ertaroq turmushga chiqqan bo‘lardim.

Biznes yoki ish?

Qanch pul to‘lashlariga bog‘liq.

Hammasini qanday qilib qaytadan boshlash mumkin?

Qiyin. Ammo bu osonroq bo‘lishi ham mumkin, chunki tajriba va bilim bor, shakllangan o‘zak mavjud.

Sizda a’lochilik sindromi bormi?

Ha. Men u bilan kurashaman. Dadam esa doim meni “botan” ekanimni aytadi.

Muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlik?

Muvaffaqiyatsizlik orqali muvaffaqiyat. Busiz mumkin emas. Xatolarsiz va muvaffaqiyatsizliklarsiz muvaffaqiyat bo‘lmaydi. Muvaffaqiyatli muvaffaqiyatga ishonmayman.

Muvaffaqiyatsizlikning narxi yuqori, lekin…

Bunga arziydi!

Shavkat Mirziyoyev paxtachilikda yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

0

Shavkat Mirziyoyev huzurida 12-dekabr kuni paxta xomashyosini yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

2024-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtiruvchilar va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida munosabatlar yangi tartibda tashkil etiladi.

Chigit ekilishidan avval fermer xo‘jaliklari va viloyat ichidagi klaster o‘rtasida tuproq hosildorligi doirasida fyuchers shartnomalari Tovar-xom ashyo birjasining “paxta xomashyosi seksiyasi»da har bir hudud uchun o‘tkaziladigan savdolar orqali tuziladi.

Bunda fermer o‘zi yetishtiradigan paxtaning miqdorini birjaga joylashtiradi hamda balandroq narx taklif etgan viloyat ichidagi klaster mazkur fermer bilan fyuchers shartnomasini tuzadi. Boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxi asosida belgilanadi.

Fyuchers shartnomasidan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosi yoki undan olinadigan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlarni fermer xo‘jaliklari to‘g‘ridan-to‘g‘ri fyuchers shartnomasi tuzgan klasterga yoki birja orqali istalgan subyektga sotadi.

Paxta xomashyosi fermerlarning o‘z mablag‘lari, shu jumladan tijorat kreditlari hisobidan yetishtirilganda paxta xomashyosi va undan olinadigan birlamchi va ikkilamchi mahsulotlar birjada erkin sotiladi.

Yig‘ilishda paxta xomashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklarga birjada ishtirok etish tartibi yuzasidan o‘quv seminarlar tashkil etish muhimligi qayd etildi. Klasterlar va boshqa korxonalar tomonidan paxta xomashyosi faqat elektron tarozi orqali qabul qilinishi hamda paxta tolasini avtomatlashgan hisobga olish tizimi joriy qilinishi belgilandi.

2024-yil hosilidan boshlab fermerlar va klasterlarga paxta xomashyosini yetishtirish va yakuniy hisob-kitoblar uchun Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kreditlar ajratishning yangi tizimi joriy etiladi.

Ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan agrotexnik tadbirlar doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar, jumladan, moddiy resurslar yetkazib beruvchilar fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan ixtiyoriy tanlanadi. Kredit buyurtmalari to‘liq elektron shaklda taqdim etiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish tartibini yangilash zarurligi ta’kidlandi.

Bunda klaster tashkil etishga talabgorlar to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlarining kamida ikkita bosqichini yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi, soliqlar va majburiy ajratmalardan hamda bank kreditlaridan muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lmasligi kerak bo‘ladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tugatilib, klaster faoliyatini tashkil etish istagida bo‘lgan talabgorlar ochiq va shaffof onlayn tanlov asosida tanlab olinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi klasterlar reyestrini yuritadi va ushbu reyestrni o‘zining veb-saytida doimiy e’lon qilib boradi. Vazirlikka eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimi bo‘yicha klasterlarning avtomatlashtirilgan reytingini yuritish dasturini yaratish topshirildi.

Yig‘ilishda paxta urug‘chiligini rivojlantirish hamda hosildorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan prezident qarorida kelgusi yildan paxta ekiladigan maydonlarning 10%iga tajriba-sinov tariqasida xorijiy paxta navlarini joylashtirishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tajriba tariqasida 14ta tumanning ball boniteti past, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarida yuqori hosildor mahalliy va xorijiy navlar joylashtirilishi belgilanmoqda.

Xorijdan olib kiriladigan paxta navlari uchun alohida agrotexnika va soddalashtirilgan karantin talablarini joriy etish, ushbu navlarni yetishtirishni maxsus karantin kuzatuvida va Paxtachilik kengashi ilmiy ko‘rsatmasi asosida olib borish muhimligi qayd etildi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za navlarini joylashtirishda kafolatlangan urug‘ ta’minotiga muvofiq erkinlik berilmoqda.

Mamlakatda g‘o‘zaning serhosil va sanoatbop yangi navlarini yaratishni rag‘batlantirish maqsadida vazifalar belgilanmoqda.

paxtachilik, prezident, fyuchers, klasterJumladan, mahalliy istiqbolli g‘o‘za navlarini ko‘paytirish, uning sifatli elita urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish va navni tijoratlashtirishda klaster va fermerlarga tegishli navga hammualliflik qilishga ruxsat beriladi. Sertifikatlangan urug‘lik tayyorlashni bosqichma-bosqich klasterlar va xususiy urug‘chilik korxonalariga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2024-yildan hosildorlik 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlar muntazam aniqlanib, serhosil mahalliy va xorijiy navlarga almashtirib borish amaliyoti joriy qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga mazkur tizimni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish hamda Urug‘chilik markazi faoliyatini transformatsiya qilishga topshiriq berildi.

O‘zbekistonda tolali ekinlardan chiqadigan mahsulotlar, tola chiqimi, paxta sanoati sohasida maxsus muassasa mavjud emasligi bois paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi — “Paxtasanoat ilmiy markazi” negizida Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil qilish taklif etildi.

Shuningdek, mamlakatda Genetik modifikatsiyalangan organizmlar va ularning mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha ilmiy ekspertizasi joriy qilinadi hamda genetik modifikatsiyalangan navlar milliy bazasi shakllantiriladi.

Bu orqali ishlab chiqarilayotgan va import qilinadigan GMO mahsulotlari xavfsizligini baholash, GMO mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Sohani raqamlashtirish maqsadida 2024-yil yakunigacha “e-urug‘” platformasi ishga tushiriladi. Unda urug‘chilik korxonalari va xo‘jaliklarining o‘zaro integratsiyalashuvi, nav va duragaylarning urug‘ ta’minoti va zaxirasi, hududlarga mosligi va agrotexnologiyalari, erkin va shaffof joylashtirish, qayta taqsimlash, sertifikat olish imkoniyati yaratiladi.

Prezident ushbu takliflarni ma’qullab, yangi tizimni amaliyotga joriy qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.