Bosh sahifa Blog Sahifa 49

O‘zbekistonda muntazam qoidalarni buzgan haydovchilar guvohnomasidan mahrum bo‘lishi mumkin

0

Shuningdek, ushbu chora tezlikni belgilangan cheklovdan 100 km/soat oshirib yuborishga ham qo‘llanilishi mumkin.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qasddan va xavfli tarzda buzgan haydovchilar uchun javobgarlik kuchaytirilishi kutilmoqda. Bu haqdagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Taʼkidlanishicha, ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik, jumladan, transport vositasida qarama-qarshi harakatlanish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmaslik yoki tezlikni me’yoridan oshirib boshqarish tufayli og‘ir oqibatli YTHlar soni ortib bormoqda.

Shuningdek, ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transportni boshqarish madaniyatiga amal qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari ko‘rsatkichi kundan-kunga oshib bormoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, tezlikni 40 km/soatdan ortiq kattalikda oshirgan, qizil chiroqqa bo‘ysunmagan, qarama-qarshi harakatlangan yoki avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan haydovchilar bir oy davomida 10 marta shu ishni qilsa, 6 oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.

Tezligini soatiga 100 km/soatdan ortiqqa oshirgan haydovchilar transport vositalarini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum qilinib, ularga BHMning 20 baravari (8,24 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi.

Yuk avtomobillarining yo‘l chetida to‘xtab turishi yohud tashlab ketishi BHMning 5 baravari (2,06 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qizil chiroqqa bo‘ysunmagan, qarama-qarshi harakatlangan yoki avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan haydovchilar ikki/besh marta jazo choralari qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida sodir etilgan barcha yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimani to‘liq to‘laydigan bo‘ladi, yaʼni 50% lik chegirmadan foydalana olmaydi.

Qonun loyihasining muhokamasi 25-sentabrga qadar davom etadi.

O‘qituvchilarga ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi qoplab beriladi

0

Bu kelasi yildan joriy etilib, pedagoglar kamida 15 yil stajga ega hamda oliy toifali bo‘lishlari kerak. Ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lovning 25% i qoplanadi.

Prezident pedagoglarni yana-da qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25% i qoplab beriladi.

Shuningdek, kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30% chegirma beriladi.

Shu bilan birga, o‘qituvchilar yangi taʼlim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

Bundan tashqari, kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.

Fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich taʼlim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15% ustama to‘lanadi.

Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi.

Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi.

Reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15−20% chegirma beriladi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ijaraga berishga ruxsat beriladi

0

Yer egalari hamda foydalanuvchilari o‘z yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini 2027-yilgacha ijara huquqiga o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi

Prezidentning 12-sentabrdagi farmoni bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yerdan foydalanishning samaradorligini oshirish tartibi belgilandi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga o‘ziga ijaraga berilgan yer uchastkalarining bir qismiga nisbatan ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazish hamda qayta ijaraga berish huquqi berilmoqda.

Bunda ijarachining o‘zida qoladigan va qayta ijaraga oluvchiga o‘tkaziladigan yer uchastkalarining maydoni Yer kodeksining 461-moddasida belgilangan o‘lchamlardan kam bo‘lmasligi kerak.

Ularni qisman qayta ijaraga berish ijarachi va qayta ijaraga oluvchi o‘rtasida taqsimlash qishloq xo‘jaligi xaritasidagi konturlar yaxlitligi va amaldagi sug‘orish tizimini saqlab qolgan holda alohida turgan konturlarni qayta taqsimlash orqali amalga oshiriladi. Taraflar yerni bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha turdagi yerlarga nisbatan ijara huquqidan boshqa har qanday shakldagi huquq tan olinmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.

Bu davlat organlari, muassasalari va korxonalarining ijara huquqidan boshqa turdagi huquq bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hamda yer fondining boshqa toifalari tarkibidagi qishloq xo‘jaligi yerlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu bilan birga, 2021-yil 1-avgustga qadar yakka tartibda uy-joy qurish huquqi bilan dehqon xo‘jaligi va tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun hamda bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlariga ajratilgan yerlarga ushbu tartib amal qilmaydi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari egalari hamda foydalanuvchilariga o‘zining yer uchastkalariga bo‘lgan egalik qilish va foydalanish huquqlarini 2027-yilgacha ijara huquqiga o‘zgartirish imkoniyati beriladi. Bu xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari qarori bilan belgilanadi.

Bunda ijara muddati ijara shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab quyidagicha belgilanadi:

  • O‘zbekiston fuqarolari va ular muassisligidagi yuridik shaxslar uchun — 30 yil;
  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun — 25 yil.

O‘tgan hafta boshida Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda 2027-yilgacha qishloq xo‘jaligidagi yerlar ijara huquqiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bunday yerlarga muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi hamda texnika parki qurishga ruxsat beriladi.

Yoshlar daftari va Yoshlar portali platformalari negizida yagona elektron platforma yaratiladi

0

Prezident farmoni bilan, turli boshqa vazifa va topshiriqlarni yoshlar yetakchilari zimmasiga yuklash taqiqlanadi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mahalla yettiligi” va taʼlim muassasalari hamkorlik qiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida belgilab qo‘yildi.

Farmon bilan, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari belgilandi. Xususan, ular yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishi va jamiyat uchun foydali loyihalarni mahalla darajasida bajarishi lozim.

Shuningdek, ular yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etadi, “Besh tashabbus olimpiadasi»ni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qiladi.

Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini kuchaytirish orqali bandligiga ko‘maklashadi. “Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga ko‘rsatiladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga asoslanishini taʼminlaydi.

Ushbu asosiy vazifalarga bog‘liq bo‘lmagan boshqa vazifa va topshiriqlarni yoshlar yetakchilari zimmasiga yuklash taqiqlanadi.

Farmonga ko‘ra, “Mahalla yettiligi” va taʼlim muassasalari o‘rtasida yoshlar, jumladan, umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilish tizimi joriy etiladi.

Maktablarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari har oy sinf rahbari va maktab psixologi bilan xulq-atvorida murakkabliklar kuzatilgan o‘quvchilar o‘rtasida xorijiy tillar, kasblarni o‘rganish hamda mehnat faoliyatiga qiziqish bildirganlarini aniqlaydi.

Ushbu o‘quvchilarning ro‘yxati shakllantirilib, yoshlar yetakchisi va mahalla raisiga taqdim etiladi. Yoshlar yetakchilari mahalla hududidagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilar uchun ustozlik tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Mahalla raislari yoshlarning fanlarni o‘rganishi, axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishi, kitobxonlik, sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha tashabbuslar ishlab chiqadi.

2026-yil 1-fevralgacha “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalari negizida “Yoshlar yagona elektron platformasi” axborot tizimi yaratiladi.

Tizim quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

  • yoshlarning demografik va ijtimoiy holati, bandligi, taʼlim olishiga oid maʼlumotlar asosida “Yoshlar balansi»ni shakllantirish;
  • yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo‘yicha sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, uning natijalarini avtomatik tahlil qilish;
  • yoshlarga oid mavjud imtiyoz, preferensiya va imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot berish.

2026-yil 1-fevraldan “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar bo‘yicha arizalarni taqdim etish va natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha maʼmuriy tartib-taomillar my.gov.uz hamda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda birinchi biznes farishta dasturi yo‘lga qo‘yildi

0

Dastur doirasida 15−16 sentabr kunlari onlayn “workshop” bo‘lib, unda biznes farishta bo‘lish jarayoni, investitsiya mezonlari haqida ma’lumot beriladi.

IT Park Uzbekistan va StartupBase “Uzbekistan Angels Program” dasturini ishga tushirdi.

Dastur tadbirkorlarga mamlakatda ilk biznes farishtalaridan (angel investors) biri bo‘lish imkoniyatini beradi.

Uning doirasida 15−16 sentabr kunlari onlayn “workshop” bo‘lib o‘tadi. Unda biznes farishta bo‘lish jarayoni, investitsiya mezonlari va xalqaro tajribalar haqida ma’lumot beriladi.

Workshop davomida ishtirokchilar biznes farishta bo‘lish jarayoni va uning huquqiy asoslari bilan tanishib, investitsiya mezonlarini o‘rganadilar, xalqaro tajribadan amaliy misollar eshitadilar hamda O‘zbekiston hududlarida startaplarga sarmoya kiritish imkoniyatlarini muhokama qiladilar.

Ma’ruzachilar qatorida IT Park maslahatchisi Usmon Rahimjanov va Doha Tech Angels vakili Tohirjon Mirzajonov ishtirok etadi.

Biznes farishta — bu o‘z mablag‘ini istiqbolli startaplarga kiritib, ularning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan investor. U faqat moliyaviy ko‘mak beribgina qolmay, balki o‘z tajribasi, bilimlari va biznes aloqalari bilan ham yordam beradi.

Dasturdan so‘ng hududlarda offline uchrashuvlar ham rejalashtirilgan. Ishtirok etish bepul, faqat havola orqali qisqa so‘rovnomani to‘ldirish yetarli hisoblanadi.

2026-yildan O‘zbekistonda ismni mashinaga raqam qilib qo‘yishga ruxsat beriladi

0

Uzavtomoto belgiga aholi talab va taklifidan kelib chiqib, avtomototransport vositalari uchun “noyob” davlat raqami belgilarini elektron savdolarda sotish huquqi berildi.

Hukumatning 4-sentabrda qabul qilingan qarori (VMQ-562) bilan O‘zbekistonda ismni avtomobil raqami qilib qo‘yish mumkin bo‘ladi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.

Uzavtomotobelgi davlat unitar korxonasiga aholining talab va taklifidan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari uchun “noyob” davlat raqami belgilarini ochiq kim oshdi elektron savdolari orqali berish huquqi berildi.

Ushbu tartib 2026-yil 1-yanvardan boshlab amal qiladi hamda auksionda oltitagacha harf yoki raqamlar kombinatsiyasidan iborat avtomobil raqamini sotib olish mumkin bo‘ladi.

Bunda “noyob” davlat raqami belgilari amaldagi davlat raqami belgilarini takrorlamasligi, qonunchilikka va axloqiy normalarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi kerak.

Masalan, endi ko‘chalarda “SARVAR”, “AZIZA”, “ODIL” yoki “BUXORO” deb yozilgan raqamli mashinalarni ko‘rish mumkin.