Bosh sahifa Blog Sahifa 48

Endi yangi binolarning zilzilabardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmasligi kerak

0

Chilonzorda 160 MVtli podstansiya hamda 0 ming metr kub sig‘imga ega suv rezervuarini barpo etish rejalashtirilmoqda.

Unda qurilish sohasini rivohlantirish bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida axborot berildi. Qayd etilishicha, yangi loyihalashtirilayotgan ko‘p qavatli binolarning xavfsizlik talablariga mosligi qayta o‘rganib chiqilgan. O‘zGASHKLITI, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, sanitariya-epidemiologiya kabi 10 ga yaqin tashkilotning ilmiy-texnik xulosalari olingan.

Yangi talabga ko‘ra, ko‘p qavatli binolarning zilzilaga bardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmasligi belgilanmoqda. Har bir shunday loyiha bo‘yicha yig‘ma xulosalar qilinadi.

Bundan tashqari, taqdimotda baland inshootlar, yangi majmualar ko‘paygani sari ularga barqaror elektr energiyasi zarurligi ta’kidlandi. Shu bois Chilonzor tumanida 160 MVtli yangi podstansiya qurilishi rejalashtirilgan. Bu orqali hududdagi bo‘lajak loyihalar uchun qo‘shimcha quvvat yaratilib, hozirgi tarmoqlarga yuklama tushmaydi.

Shuningdek, bu tumanda 20 ming metr kub sig‘imga ega suv rezervuari barpo etilishi mo‘ljallangan. Natijada Shayxontohur, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ichimlik suvi ta’minoti uzluksizligi ta’minlanadi. Kuniga qariyb 8 ming kVt/soat elektr tejaladi.

Toshkent shahri ko‘plab ishbilarmonlik tadbirlari, forum va ko‘rgazmalarga mezbonlik qilmoqda. Xalqaro anjumanlar doirasida turli uchrashuvlar ham o‘tkazilishi inobatga olinib, Central Asian Expo Uzbekistan — CAEx majmuasida muzokara zallari qurilishi ko‘zda tutilgan.

May oyida binolarni o‘rganish bo‘yicha yangi amaliyot yo‘lga qo‘yilishi, xorijiy mutaxassislar bilan zilzilaga va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshli uylarni qurish bo‘yicha tajriba almashilishi, shuningdek, binolar instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etilishi ma’lum qilingandi.

Prezident elektron pasport orqali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu bo‘yicha alohida qaror loyihasi ishlab chiqilib, qurilish obyektlarida bino-inshootlarning seysmik pasporti shakllantiriladi.

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik yengillashtiriladi

0

Qonun loyihasi bilan birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun ogohlantirish berish, jarimalarning o‘z vaqtida yuborilishini ta’minlash belgilanmoqda.

O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutib, u orqali ma’muriy jazo choralari tizimini to‘liqlashtirish, huquqbuzarlikka to‘g‘ri va xolis yondashishga xizmat qiladigan normalarni kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari uchun javobgar shaxs aniq tartibda belgilanmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa, ayrim holatlarda ma’muriy ogohlantirish chorasini qo‘llash imkoniyati yaratiladi. Partiyada bu huquqbuzarlik og‘ir bo‘lmagan hollarda fuqarolarga nisbatan yumshoqroq yondashish imkonini berishi qayd etildi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, ayniqsa, jarimalarning belgilangan muddatda yuborilmasligi orqali fuqarolarga bir necha oy o‘tib javobgarlik yuklash holatlarini keskin tanqid qildi. Kodeksning 36-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan aynan shunday holatlarni bartaraf etish, jarimalar qonuniy muddatda yuborilishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ma’muriy jazolar turlariga “ma’muriy ogohlantirish»ni alohida tartib sifatida kiritish fuqarolar manfaati uchun to‘g‘ri va adolatli qadam ekani qayd etildi. “Bu orqali fuqarolarning huquqiy ongi oshishi bilan birga, jazoning tarbiyaviy jihati ham kuchayadi”, deyiladi xabarda.

Fraksiya a’zolari loyihani konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ko‘tarilgan fikr-mulohazalar asosida yanada maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar berdilar.

Joriy yilning may oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari topshirig‘i bilan ma’muriy jazolar tizimiga yangi — “ma’muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Bunda birinchi marta sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun bir yilda faqat bir marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda.

1-iyundan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kirdi. Ularni Yagona portal orqali bepul va hech qanday hujjatlarsiz onlayn tekshirish mumkin.

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

0

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash maqsadi bilan izohlangan.

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 12 iyundagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

«So‘nggi oylardagi iqtisodiy faollik va iste’mol talabi dinamikalari hamda bazaviy inflatsiyaning o‘sish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat bermoqda. Bu, o‘z navbatida, umumiy inflatsiyaning may oyidagi biroz pasayishiga qaramasdan inflatsiya prognozi trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur sharoitda inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi», – deyiladi xabarda.

Markaziy bankka ko‘ra, yil boshidan o‘suvchi trendda shakllanib kelgan umumiy inflatsiya darajasi may oyida o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi ta’siri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7 foizga teng bo‘ldi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflatsiyadan yuqori darajada shakllanmoqda.

Xizmatlar inflatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflatsiyaning o‘suvchi dinamikasi davom etib, may oyida yillik 8,5 foizga yetdi. Iqtisodiyotda yalpi talab yuqoriligi sharoitida joriy energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi.

2025 yilning yanvar-may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va ko‘chmas mulk savdosi bitimlari soni o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyotga kredit ajratish sur’atlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va budjet xarajatlarining o‘sishi ham iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga hissa qo‘shmoqda. Ushbu omillar kelgusida yalpi talabni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar hamda xalqaro savdodagi keskinliklar natijasida ko‘p davlatlarda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi uzoqroq davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylardagi ayrim oziq-ovqatlar jahon narxlari o‘sishi kelgusida ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi ehtimoli mavjud.

An’anaviy eksport tovarlari birja narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi va hamkor davlatlarda almashuv kursi mustahkamlanishi eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimi oshishi bilan birga ichki valuta bozorida takliflarning barqaror shakllanishiga xizmat qilib, kelgusi oylarda almashuv kursi tomonidan inflatsiyaga bosimlarning kamayishiga hissa qo‘shadi.

Pul-kredit sharoitlarining joriy qat’iylik darajasi saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishini ta’minlaydi. Bu yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlarning narxlarga oshiruvchi bosimlari kelgusi oylarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Biznes uchun bazaviy soliq stavkalari 2028-yilgacha o‘zgarmaydi — prezident

0

Xorijiy investorlar kengashida soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.

11-iyun kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tadbirda YTTB prezidenti Odil Reno-Basso, shuningdek, Masdar, Indorama, ACWA Power, Vision Invest, DataVolt, Veon, Boeing, Air Products, SpaceX, Meta, John Deere, Franklin Templeton, Suez, EDF, Total Energies, Voltalia, Orano, Linde, Claas, Sojitz, Bomi, OTP Bank, Goldwind, Çalik, Çengiz, Aksa, JBIS kabi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda — qariyb $1 mlrd investitsiya kiritgani qayd etildi. Xususiy kompaniya va banklar bilan qo‘shma loyihalar hajmi ham $1 mlrddan oshdi.

DataVolt mintaqadagi eng yirik “yashil” ma’lumotlar markazini barpo etish, Veon esa sun’iy intellektga asoslangan mobil superilovani yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

Xalqaro moliya korporatsiyasi, Ernst&Young, Dentons, Knauf va TBC kompaniyalari milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Ularning yangi tashabbus va g‘oyalari asosida 10 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar yangilandi.

Davlat rahbari biznes uchun bazaviy soliq stavkalari 2028-yilgacha o‘zgarmasligini ma’lum qildi.

So‘nggi 2 yilda mamlakatda xorijiy kapital ishtirokida 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 16 mingtaga yetdi. Uchrashuv doirasida xorijiy hamkorlarning 40 dan ortiq tashabbuslari saralab olindi. Bular qatorida investorlar tomonidan soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar sonini ko‘paytirish, infratuzilma loyihalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bor.

Joriy yilda yo‘l qurilishi, transport, energetika, suv ta’minoti, irrigatsiya va boshqa sohalarda qariyb $4,5 mlrdlik DXSh loyihalari boshlangan. Moliyaviy hisobotning, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Kelib tushgan takliflar asosida garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlar tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.

Kengash Kotibiyatining mustaqilligini oshirish va uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish taklif etildi.

“Har bir investor manfaati kafolatlanadi” — Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish haqida

0

Davlat rahbari Markaziy Osiyoda investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasini ishlab chiqishni taklid qildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi. Mamlakat yer osti boyliklarining salohiyati $3 trlnga baholanmoqda.

Davlat rahbari o‘z nutqida global ishlab chiqarish zanjirlarida har bir davlat uchun teng sharoitni ta’minlovchi ishonchli qoidalar bo‘lishi shartligini qayd etdi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishda hamkorlar bilan faol ishlab, “o‘nlab qonun, yuzlab standartlarni” xalqaro talablarga moslashtir, bu ishlarni shu yil to‘liq yakuniga yetkazish kutilmoqda.

Mamlakatda xorijiy sarmoyadorlarga qulay muhit yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlovchi “milliy rejim” joriy qilinadi. Davlat organlari bilan munosabatga kirishishda “yagona darcha” tamoyili tatbiq etilishi belgilandi, investitsiya faoliyatini ortiqcha tekshiruvlardan kafolatli himoyalash tizimi yaratiladi.

Prezident 2030-yilga borib, O‘zbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga olib chiqish maqsad qilinganini ta’kidladi. Urganch aeroporti boshqaruviga Janubiy Koreyaning Inchon kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Farg‘ona, Navoiy aeroportlarini DXSh asosida xususiy investorlar boshqaruviga berish bo‘yicha tenderlar o‘tkaziladi.

2 mln aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahrida yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi aeroport, temir yo‘l va avtomobil transportini qamrab olgan “multimodal xab” quriladi. Yirik savdo komplekslari va moliya markazlari bunyod etiladi. Prezident investorlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarni loyihada ishtirok etishga chaqirdi.

“Biz Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi»ni ilgari surishni taklif qilamiz”, — dedi mamlakat yetakchisi. Shavkat Mirziyoyev xalqaro tashkilotlarga yuzlanib, mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti kelganini bildirdi.

“Biz uchun investitsiya — faqatgina moliyaviy manba emas. Bu — texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir. O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, prezident investorlar uchun mamlakatda barcha eshiklar doimo ochiqligini, eng muhimi — ular faoliyatini himoya qiluvchi qonunlar, muloqotga ochiq davlat va hamkorlikka tayyor xalq borligini bildirdi. “Har bir investorga O‘zbekistonda sohadagi munosib investorni topib berish bizning eng katta vazifamiz. Butun komandamga topshiriq berganman, har bir kelgan investorning manfaatlarini kafolatlaymiz, ikki tomonlama manfaat ta’minlanadi”, — deya xulosa qildi davlat rahbari.

O‘zbekistonda milliy bulutli platforma hamda sun’iy intellekt modeli yaratiladi — prezident

0

Yaqin besh yilda xususiy investorlar ishtirokida quvvati 500 MVtdan ortiq bo‘lgan 20 ta data-markaz qurish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi. Mamlakat yer osti boyliklarining salohiyati $3 trlnga baholanmoqda.

Davlat rahbari dunyo iqtisodiyoti yangi davr va o‘zgarishlar oldida turgani, bu barqaror rivojlanish uchun davlatlarni hamkorlikda ishlashga undayotganini qayd etdi.

Asosiy yo‘nalish “yashil” iqtisodiyot modeliga o‘tish bo‘lib, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash uchun “yashil” energetikani rivojlantirmoqda.

Sohaga qariyb $6 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 mlrddan 82 mlrd kVt/soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu ko‘rsatkich 120 mlrd kVt/soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54% ga yetadi.

Elektr tarmoqlarini yangilashga $4 mlrd jalb qilinadi. Joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlari xususiy sheriklikka beriladi. Shu yil global uglerod bozorlariga qo‘shilib, Yashil O‘zbekiston iqlim investitsiyalari platformasi yaratiladi.

Prezident ikkinchi yo‘nalish sifatida iqtisodiyotning “drayveri»ga aylanayotgan raqamli texnologiya va sun’iy intellektni qayd etdi. Shu yilning o‘zida IT eksporti $1 mlrdga yetadi. 2030-yilga borib, buni 5 baravar oshirish uchun salohiyat va imkoniyat yetarli ekanligi ta’kidlandi.

2026-yil “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushadi. Yaqin besh yilda xususiy investorlar bilan birga quvvati 500 MVtdan ortiq 20 ta data-markaz barpo etiladi.

Shuningdek, mamlakat boy tarixi, azaliy qadriyatlari hamda yangi kreativ g‘oyalarni o‘zida taqdim etuvchi sun’iy intellektning milliy modeli ishlab chiqiladi. Tizim samaradorligini ta’minlash uchun “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi boshlangan.

Yana bir ustuvor yo‘nalish — moliya sohasini transformatsiya qilish bo‘ladi. Mamlakatda Moliyaviy barqarorlik kengashini ta’sis etish, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Prezident bozor kapitallashuvi $1 mlrddan ortiq bo‘lgan startaplar sonini ko‘paytirish maqsadini e’lon qildi. Shu bois “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi besh yilda venchur va boshqa muqobil sarmoyalar hajmini $1 mlrdga olib chiqiladi.