Bosh sahifa Blog Sahifa 46

Ikkinchi mutaxassislik uchun hujjat topshirish boshlandi

0

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Arizalarni 10-avgustgacha onlayn jo‘natish mumkin.

Ikkinchi va undan keyingi ta’lim bo‘yicha o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

2025/2026-o‘quv yilida ikkinchi mutaxassislik uchun talabgorlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish my.edu.uz orqali joriy yilning 10-avgustigacha onlayn amalga oshiriladi.

Bunda nomzodlar platformada o‘zining pasport, JShShIR ma’lumotlarini kiritadi. Undan keyin diplom va ilovaning elektron nusxasini yuklanadi, OTM va ta’lim yo‘nalishi tanlanadi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Bu bo‘yicha qabul parametrlari oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda OTM kengashi tomonidan belgilanadi.

Avvalroq abituriyentlarga ruxsatnomalar berish boshlangandi. Uni my.uzbmb.uz saytidan shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqamini kiritib, olish mumkin.

2025/2026-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Qabul yakuniga ko‘ra onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.

O‘zbekistonda avariyalarni kamaytirish bo‘yicha Xavfsiz yo‘l milliy dasturi amalga oshiriladi

0

Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda respublika jamg‘armasi qayta tashkil etilib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda avariyalarni kamaytirish bo‘yicha Xavfsiz yo‘l milliy dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda 9-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini qayd etdi. Mamlakatda yo‘l-transport hodisalari oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ular natijasida 9 ming fuqaro jarohat olgan, 2 203 nafar odam esa halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilgan.

Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda. Mo‘ynoq, Nukus, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Yangiobod, To‘raqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bandixon tumanlari va Ohangaron, Shirin, Nurafshon, Xonobod shaharlarida vaziyat yaxshilanib, birorta o‘lim bo‘lmadi.

Lekin Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdarg‘om, Yakkabog‘, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor, Bektemir tumanlarida teskari vaziyat.

Soha uchun mas’ullarga mamlakatda har 100 ming aholiga o‘lim bilan bog‘liq avariyalar soni MDH davlatlari ichida eng pastligi xotirjamlikka berilish uchun sabab emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilmoqda”, — dedi prezident.

Misol uchun, Chustdan o‘tgan D-105 Farg‘ona halqa yo‘lining 6 kilometriga muhofaza to‘siqlari o‘rnatilgani uchun bu yil o‘lim bilan bog‘liq avariya bo‘lmadi. Ilgari bu yo‘lda yiliga 10 nafar odam vafot etardi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llar holati o‘rganilib, 1 557 km yo‘llarda beton va temir to‘siqlar, 967 kilometr trotuar, 38 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi aniqlandi.

Davlat rahbari yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishini e’lon qildi.

Uning doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi.

2025-yil jamg‘armaga barcha manbalar hisobidan 400 mlrd so‘m tushishi prognoz qilingan. Bunga qo‘shimcha, foto-video radardan budjetga tushadigan jarimaning 25%i ham jamg‘arma va uning filiallariga yo‘naltiriladi.

YHXX tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizishga mas’ul korxonalar ham viloyatga o‘tkaziladi. Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘ladi, unga viloyat YHXB va yo‘l boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi.

Bundan buyon ushbu jamg‘arma mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi: yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar, yo‘l belgilari, yoritgichlar o‘rnatish, piyoda yo‘laklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish.

11-iyuldan O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish to‘xtatiladi

0

Bu qaror shu vaqtgacha mamlakatda qog‘ozda topshirilgan test javoblarining internetga sizdirilishi fonida qabul qilingan.

Joriy yilning 11-iyulidan boshlab O‘zbekistonda IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish to‘xtatiladi. Bu haqda O‘zbekistonda IELTS imtihonini oluvchi IDP (Edu-Action Centre) markazi ma’lum qildi.

Tashkilotga ko‘ra, bu qaror operativ sabablarga ko‘ra qabul qilingan hamda endilikda nomzodlar faqat kompyuter orqali test sinovlaridan o‘tishlari mumkin.

Shundan kelib chiqib, 11-iyuldan keyin qog‘oz shakldagi imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tgan hamda to‘lovlarni amalga oshirgan nomzodlarga kompyuter orqali (IELTS on Computer) imithon topshirish yoki to‘lovni to‘liq qaytarib olish tavsiya etilmoqda.

Bu holat shu vaqtgacha qog‘ozda topshirilgan test javoblarining internetga sizdirilishi fonida yuz berdi. 17-iyun kuni IDP imtihon markazi o‘zining tarmoqlardagi sahifasida so‘nggi paytlarda test materiallarining noqonuniy savdosi avj olganini ochiqladi.

Britaniya kengashi (British Council) va IDP 7-iyun sanasida IELTS imtihonini topshirgan barcha nomzodlarning natijalari Cambridge English tomonidan IELTS imtihoni qoidalariga asosan qayta tekshirishga olib qolinishini ma’lum qildi. 24-iyun kuni qayta tekshiruv natijalari e’lon qilina boshlandi. Qayta tekshiruv o‘tkazilib, ulardan ishonchli bo‘lmagan natijalar ajratib olingan va alohida tekshirishga yuborilgan.

Gazeta’ga ma’lum bo‘lishicha, imtihon tizimi O‘zbekistonda qog‘oz shaklidagi test sinovlari taqdiri nima bilan yakunlanishi haqida aniq xulosaga kelmagan.

Abituriyentlarga ruxsatnomalar berish boshlandi

0

Uni my.uzbmb.uz saytidan shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqamini kiritib, olish mumkin.

2025−2026-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga ruxsatnoma berish boshlandi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun “Abituriyent ruxsatnomasi»ni my.uzbmb.uz sayti orqali olishlari mumkin.

Buning uchun saytga kirgach, asosiy sahifadan mazkur bo‘limga kirib, shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda olish kerak.

Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.

Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.

Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.

Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.

Mart oyida 2025−2026 o‘quv yili qabuli uchun test sinovi topshiriladigan fanlar bo‘yicha topshiriqlar soni va baholash mezoni tasdiqlandi. Abituriyentlarga jami 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘i beriladi hamda 189 ballgacha to‘plash mumkin.

O‘zbekistonda xususiy oliygohlar uchun talablar kuchaytirilmoqda

0

Ular ustav fondini kamida $2 mln miqdorida yaratishlari, $350 minglik depozit ochishlari va 5 yillik strategik rivojlanish rejasi bilan konsepsiyani taqdim etishlari kerak.

30-iyun kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari belgilandi. Bu haqda UzA xabar berdi.

Joriy yilning 1-iyulidan yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish ikki bosqich — litsenziyalash asosida tashkil qilish hamda ta’lim dasturini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Akkreditatsiyadan o‘tmagan dasturlar uchun o‘qishga qabulni amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.

OTMlarni litsenziyalashning qo‘shimcha sharti sifatida talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining konsepsiyasini hukumatga taqdim etish belgilandi.

Konsepsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • ta’lim tashkilotining nomi;
  • maqomi;
  • boshqaruv tizimi va kadrlari;
  • asosiy ta’lim va ilmiy faoliyat yo‘nalishlari;
  • qabul parametrlari;
  • ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari;
  • to‘lov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;
  • ta’lim tashkilotini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik strategik rejasi;
  • ta’lim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.
  • Talabgor nodavlat OTMning ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq moddiy-texnik baza, dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondini kamida $2 mln ekvivalenti miqdorida shakllantiradi. Talabalar sonining ko‘payib borishi bilan esa uning miqdori oshirib boriladi.

Shu bilan birga, $350 ming ekvivalentidagi mablag‘lar banklarga depozit sifatida joylashtirilishi kerak.

Tashkil etilayotgan OTMning ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv.metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi talab etilmaydi, kamida 5 yilgacha tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash mumkin.

Oliy ta’lim tashkiloti dastlabki 5 yil davomida yillik sof foydasining kamida 80%i, keyingi yillarda esa kamida 50%ini asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiradi.

Xususiy OTMlar joriy yilning 1-oktabrigacha o‘qishga qabul qilingan talabalar haqidagi buyruqni HEMISda ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach — oktabr oyidan boshlab kuchga kiradi. Bungacha litsenziya olgan tadbirkorlar esa 2026-yilgacha o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.

1-sentabrdan YTTlarga zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi

0

Qimmatbaho metallarga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi.

26-iyun kuni zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan qimmatbaho metallarni qayta ishlashning yillik hajmini 7 tonnaga, zargarlik buyumlarini eksport qilish ko‘rsatkichlarini $300 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birgam qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining norasmiy aylanmasini kamida 50% ga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Endi qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga foiz hisoblanmaydi. 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga esa yillik 3% miqdorida foiz hisoblanadi.

Zargarlik markazlarida O‘zbekzargarsanoati uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining filiallari faoliyati (sayyor xizmat ko‘rsatish) yo‘lga qo‘yiladi. Uyushma a’zolari a’zolik badalining yarmini to‘lashlari mumkin.

2026-yildan boshlab qimmatbaho metallar va toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni sotish bo‘yicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyoz bekor qilinadi. Oltindan yasalgan zargarlik buyumlarining chakana savdosi uchun yig‘im undirilmaydi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar daromadidan qat’i nazar QQS to‘lovchisi hisoblanadi. Ularga 2028-yilgacha QQSning 80%i har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda qaytariladi.

Joriy yilning 1-sentabridan YTTlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida sayyor xizmatlar tashkil etiladi. Ularda zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va tamg‘alash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, qimmatbaho metallar va toshlar to‘g‘risidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berganlarga undirilgan jarima miqdorining 50%i miqdorida mukofot to‘lanadi. Murojaatlar Soliq mobil ilovasi orqali qabul qilinadi.

May oyida prezident rahbari sohani “soya»dan chiqarish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish bo‘yicha bildirilgan taklifni ma’qullagandi.