Bosh sahifa Blog Sahifa 45

O‘zbekistonda xorijiy talabalar soni yil boshidan 1,5 baravarga oshdi

0

Talabalar soni bo‘yicha Hindiston ancha oldinda, undan keyin Turkmaniston va Tojikiston turibdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-noyabr oylari davomida O‘zbekistonga ta‘lim olish maqsadida 37,2 ming nafar chet el fuqarosi kelgan.

O‘tgan yilga nisbatan xorijiy talabalar soni 54,3%ga ko‘paygan.

Xorijlik talabalarning asosiy qismi kuz mavsumida kelgan. 2025−2026-o‘quv yili boshlanganidan so‘ng mamlakatga 23 mingga yaqin xorijlik o‘qishga keldi — bu o‘tgan 8 oyga nisbatan taxminan 60% ko‘p.

O‘zbekistonda ta‘lim olayotgan xorijliklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda Hindiston turadi. O‘tgan yilning 11 oyida 16,3 ming nafar Hindiston fuqarosi o‘qish uchun kelgan — bu umumiy sonning qariyb 44%ini tashkil etadi. Ulardan 12,8 mingtasi kuz oylariga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi o‘rinda 8,9 ming kishi (23,9%) bilan Turkmaniston joylashgan, ulardan joriy o‘quv yilida 4,3 mingga yaqini kelgan. Yetakchi uchlikni 2,7 ming talaba (7,25%) bilan Tojikiston yakunlaydi, ularning yarmi kuzda O‘zbekistonda o‘qishni boshlagan.

Bundan tashqari, Pokistondan 1,7 ming (4,6%) va Xitoydan 1,4 ming (3,7%) o‘quvchi bor. O‘tgan yilning kuzida O‘zbekistonga 1 mingga yaqin pokistonlik va 700 nafar xitoylik talaba kelgan.

Keyingi o‘rinlarda 870 nafar fuqaro (2,3%) bilan Janubiy Koreya, 823 nafar talaba (2,2%) bilan Qirg‘iziston, 737 nafar talaba (2%) bilan Misr, 501 nafar kishi (1,3%) bilan Filippin joylashgan. Birinchi o‘ntalikni AQSH yakunlaydi — 464 nafar talaba (1,25%).

O‘zbekistonga Turkiyadan 357 kishi, Afg‘onistondan esa 291 kishi o‘qishga kelgan. Bundan tashqari, Milliy statistika qo‘mitasi Buyuk Britaniyadan 179 nafar, Rossiyadan 164 nafar o‘quvchi borligini ma‘lum qilgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili aprel oyida Andijon viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ta‘lim eksporti imkoniyatlari haqida gapirgan edi. U Andijon davlat tibbiyot institutiga Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Hindistondan talabalarni jalb qilish orqali viloyat $20 mlngacha daromad olishi mumkinligini ta‘kidlagan.

Davlat rahbari mutasaddilarga O‘zbekistonda “talaba vizasi»ni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirgan. Shu bilan birga, u universitet qoshidagi klinika negizida travmatologiya, jarrohlik, ginekologiya va pediatriya bo‘limlaridan iborat klaster tashkil etish vazifasini qo‘ygan.

Davlat budjeti daromadlari prognozini shakllantirish va tasdiqlash mexanizmi belgilandi

0

Prognozlar Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibi belgilandi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026-moliya yilida davlat budjeti daromadlarining choraklik prognoz ko‘rsatkichlari daromad manbalari va hududlar kesimida belgilanadi.

Ushbu ko‘rsatkichlar Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlangandan so‘ng, 3 ish kuni ichida tuman va shaharlarning budjet daromadlari manbalari hamda choraklar kesimidagi prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Bu qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan qabul qilinadi.

Belgilangan daromadlarning prognoz ko‘rsatkichlariga o‘zgartirishlar Prezident Administratsiyasi bilan kelishgan holda kiritilishi mumkin.

2026-yildan kelgusi moliya yili uchun davlat budjeti daromadlari prognozini hisoblash Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshiriladi.

25-dekabr kuni prezident 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.

Mixail Peregudov: «Odamlarga senga ishonish mumkinligini ko‘rsat…»

0

Peterburglik tadbirkor Mixail Peregudov odamlarning hayotini yengillashtirish istagidan daromad topadi. Uning loyihasi — “Partiya yedi” — bu uyga taom tayyorlash uchun kerakli mahsulotlar va retseptlar solingan qutilarni yetkazib berish xizmatidir.

U bu g‘oyani Nyu-Yorkdagi Plated kompaniyasidan olgan. Xorijdagi loyiha tez rivojlanayotgan, xizmat esa qulay va talabgir ko‘ringan. Peregudov ham shunday modelni Rossiyada yo‘lga qo‘yishga qaror qilgan. “Partiya yedi” o‘z vaqtida ishga tushgan — u bozorda kechki ovqat tayyorlash uchun mahsulot yetkazib beradigan uchinchi kompaniya bo‘lgan. Keyinchalik ko‘plab o‘xshash loyihalar paydo bo‘lgan, ammo ularning ko‘pchiligi bunday mashhurlikka erisha olmagan.

Albatta, tanqidlar ham bo‘lgan:

  • narxi qimmat,

  • porsiyalar kichik,

  • mahsulotlar sifatsiz.

Kompaniya bu e’tirozlarga faol javob bergan. Masalan, YouTube kanalida keng tarqalgan savollarga javob beruvchi videolar joylashtirilgan. Videolardan birida Peregudov o‘zi oddiy supermarketdan “Partiya yedi” menyusiga mos mahsulotlarni sotib olib, ularning umumiy narxini quti narxi bilan solishtiradi.

Loyiha 2014-yilda — ilk iqtisodiy sanksiyalar joriy qilingan paytda ish boshlagan. Peregudov intervyularida bu davr ancha stressli bo‘lganini tan olgan. Hozirda “Partiya yedi” 6 xil menyu taklif qiladi. Bundan tashqari, alohida meva va sabzavot to‘plamlari hamda desert tayyorlash uchun mahsulotlar ham mavjud. Barcha retseptlar oshpaz Mixail Stepanov tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonda 5 mln sunʼiy intellekt yetakchilari tayyorlanadi

0

Loyiha doirasida har yili eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkaziladi.

Hukumatning yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Bir million dasturchi loyihasining mantiqiy davomi sifatida Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari loyihasi amalga oshiriladi.

Har yili mazkur loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazib boriladi.

Bunda tanlov g‘oliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Jumladan, 100 nafar o‘qituvchiga $1000 ekvivalentida pul mukofoti beriladi.

Yana 10 nafar o‘qituvchiga esa xorijiy sayohatga yo‘llanma taqdim etiladi.

Shuningdek, 500 nafar yoshga noutbuk, yana 500 nafariga esa qimmatbaho sovg‘alar berilishi rejalashtirilgan.

Yana 3 ta oliy taʼlim tashkiloti pul mukofoti hamja 2 ta maktab “Prezident sovg‘asi” — elektromobil bilan taqdirlanadi.

Muhammad al-Xorazmiy vorislari loyihasi doirasida yoshlarga IT-loyiha boshqaruvchisi, startap loyihasi boshqaruvchisi hamda xorijiy tillarga bepul o‘qish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, xalqaro professional darajadagi IT-sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘quv kurslarida bepul taʼlim olish mumkin bo‘ladi.

Million prompter loyihasi

Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilning yanvar oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilishi ma’lum bo‘lgandi. Prezident BAA Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ishlash vaziri Omar Sulton Al-Olama bilan muzokaralar doirasida bu bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.

Muloqotda Umar bin Sulton al-Olama O‘zbekistonda “1 mln dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, dastur IT-sohasida xalqaro kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda mintaqada yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Biz unga erishishda o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddamiz. Sun’iy intellekt muhim yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Prezident amaliy qo‘llaniladigan SIni ko‘rish istagida, uning qiymati sezilarli darajada bo‘lishi kerak”, — dedi BAA sun’iy intellekt vaziri.

10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekistonda milliy “Bulutli texnologiyalar” platformasi hamda sun’iy intellekt modeli yaratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 20 ta data-markaz qurilishi va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirilishi qayd etildi.

30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa BAA bilan hamkorlikdagi dastur ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishi ko‘zda tutilmoqda.

Iyul oyida O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgandi. Loyiha doirasida bu yil 100 ming, 2026-yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi. Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta‘kidlandi.

Noyabr oyida O‘zbekiston sunʼiy intellekt bo‘yicha 5 mln prompt-muhandisni BAA tajribasi asosida o‘qitishi aytilgandi. Keyinroq esa “5 mln sun‘iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berilgan edi.

O‘zbekiston top-menejerlari sun’iy intellektdan qanday foydalanadi?

0

O‘zbekistonda sun’iy intellekt tobora kundalik hayotga kirib bormoqda: u takroriy vazifalarni yengillashtirib, axborot izlashni tezlashtirmoqda va yangi g‘oyalar paydo bo‘lishiga yordam bermoqda. Spot tadbirkorlar bilan SIning ishda va shaxsiy hayotda qanday imkoniyatlar yaratayotgani haqida suhbatlashdi.

Sun’iy intellekt anchadan buyon qandaydir kelajakdagi (futuristik) hodisa bo‘lmay qolgan. U hayotimizga sezdirmay kirib keldi va turli-tuman vazifalarda — bir zayldagi ishlardan tortib o‘zini rivojlantirish va yangi loyihalar yaratishgacha bo‘lgan vazifalarda ko‘maklashadigan vositaga aylanib ulgurdi.

Bu borada mamlakat darajasida ham o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Oxford Insights dagi AI Readiness Index global tadqiqotlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston birdaniga 17 pog‘onaga ko‘tarilib, 188 tadan 70-o‘rinni egalladi, sun’iy intellektni joriy qilishga tayyorlik bo‘yicha Markazy Osiyoning yetakchisiga aylandi. Mamlakatda amalga oshirish, moliyalashtirishning aniq rejasi va monitoring mexanizmlariga ega bo‘lgan SI bo‘yicha Milliy strategiya ham qabul qilingan.

SIni qo‘llash, ayniqsa, korporativ muhitda sezilarli: BMT Taraqqiyot Dasturining Digital Economy of Uzbekistan tadqiqotlari ma’lumotlariga ko‘ra, kompanyalarning 57,9% SI vositalarini joriy etib ulgurgan- ko‘proq kontent, sotuvlar va mijozlarga xizmat uchun. Korxonalarning 79,9% esa yaqin 12 oy ichida neyrotarmoqlardan foydalanishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shu jihatdan tadbirkorlar va rahbarlarga, ya’ni undan har kuni foydalanayotganlarga sun’iy intellekt qanday yordam berayotganini ko‘rish qiziqarlidir. Spot biznes vakillari bilan SI ularning ishiga va shaxsiy hayotiga qanday kirib borgani, qaerda vaqtni tejayotgani, qaerda esa chaqiriqlar yaratayotgani haqida suhbatlashdi.

#ai, #hikmat abdurahmonov, #izzat shukurov, #marina ten, #si

Izzat Shukurov,

Yandex Uzbekistan rahbari.

Doim tajriba o‘tkazib, har kuni OpenAIdan ChatGPT, Google Gemini va boshqa servislardan foydalanaman. Bu vositalardan foydalanish menga yoqadi. SI texnologiyalari keng qo‘llanadigan Yandex Searchni ishga tushirib va o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘yib, keskin taraqqiyotga erishdik deb hisoblayman.

Hoynahoy, eng ko‘p ChatGPTdan foydalanaman — ayniqsa, yaxshi reserch (izlanish)kerak bo‘lganda. Yana yaxshi bir qidiruv vositasi — Perplexity, undan ham tez-tez foydalanib turaman. Men SIga topshirgan vazifaga aniq misol haqida gapiradigan bo‘lsam, yaqinda Googledan VEO 3 ga “yopishib qoldim” — Market Yandex Go uchun reklama roliklarini yaratdim.v

Biz sun’iy intellekt vositalaridan marketingda eng yuqori darajada foydalanishga intilayapmiz, chunki bu ishlab chiqarishda aql bovar qilmas tezlik va g‘oyalarni amalga oshirishda ham xuddi shunday tezlik berayapti. Jamoamiz SIdan har kuni foydalanadi, masalan, katta hujjatlar va maqolalarni tahlil qilish kerak bo‘lganda — bularning hammasi sun’iy intellektga autsorsing uchun beriladi.

Aslida biz SI yordamida juda ko‘p vizuallar qilamiz: generatsiyalar foto va videolar ishlab chiqish vaqtini sezilarli qisqartiradi. Masalan, reklama kampaniyasini suratga olishga odatda 2−3 oy ketadi, generativ kampaniyani esa tezroq ishga tushirish mumkin. Fotosurat bilan jarayon yana ham tezroq bo‘ladi. Bu byudjetdan oqilona foydalanish va ayni shu resurslar bilan ancha katta vazifalarga ishlov berishga ko‘maklashadi.

Bu yana ilgari klassik prodakshen bilan amalga tatbiq etish qiyin bo‘lgan g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish imkonini ham beradi. Bunda neyrotarmoqlar dizaynerning o‘rnini to‘liq bosuvchi emas, balki uning qo‘lidagi vosita bo‘lib qolaveradi. Mutaxassislarni qisqartirganimiz yo‘q, ammo yangilarini hadeb ishga olavermayapmiz ham.

Nazar tashlansa, juda ko‘p vizuallarimiz anchadan buyon SI tomonidan ishlab chiqilmoqda. Bizda sun’iy intellektsiz ishlashning iloji yo‘q, agar kimdir u bilan ishlamas ekan, demak nimadir joyida emas va uning ishtiroki ustida ish olib borish kerak.

Shu bilan birga, SI uy ishlarini tashkil etishda yordam beryapti deb aytmagan bo‘lardim, lekin sayohatlarni rejalashtirishda, ha, asqotyapti. Yaqinda Istanbulda bo‘ldim va qayerlarga borishim, hali ko‘rmagan narsalarimdan nimalarni ko‘rishim mumkinligini ChatGPTdan so‘radim. Bu qiziqarli tajriba bo‘ldi.

SI g‘aroyib ufqlarni ochyapti. Endi ishlanmaga kirish bo‘sag‘asi hamma uchun o‘ta pasaytirilgan. Bilimlar nuqtai nazaridan: kodlar va dasturlashtirishni o‘rganish uchun siz juda ko‘p vaqt tejab qolasiz. Boshlang‘ich kapital nuqtai nazaridan: har bir startap investisiyalar va Time to Marketni sezilarli qisqartirishi mumkin.

#ai, #hikmat abdurahmonov, #izzat shukurov, #marina ten, #si

Hikmat Abduraxmonov,

tadbirkor, TEAM University ва Ground Zero hammuassisi.

Asosan universtet haqida gapiraman, chunki u yerda sun’iy intellektni keng qo‘llaymiz. Biz qilgan birinchi ish — xalqaro dastur doirasida bakalavriat va magistratura tinglovchilarining ishlaridagi plagiatni aniqlash bo‘yicha Turnitin xalqaro yechimini qo‘llay boshladik.

Yaqinda Turnitinga SIni aniqlash bo‘yicha modulni o‘rnatdik. Masalan, agar esse yoki loyiha ishlarida SIdan foydalanish 50%dan oshadigan bo‘lsa, bu- tinglovchi yengil-elpi ish qilgani va sun’iy intellektga haddan ortiq ishonganidan darak beradi.

Biz ongga hujum, g‘oyalarni aniqlash uchun, ya’ni SIdan sog‘lom foydalanishga hech qachon qarshi emasmiz, ammo fikrlash jarayonining o‘rnini almashtirib qo‘yishga qarshi ekanligimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Ishimizda uchta yechimni faol qo‘llashni ko‘rib turibman — ChatGPT (OpenAI), Gemini (Google), shuningdek, oxirgi vaqtda yevropalik hamkasblarimizning maslahatiga binoan NotebookLM(Google)dan foydalana boshladik.

Vazifalar mutlaqo har xil bo‘ladi, masalan, dizayn va marketing bo‘limi har kuni SI ishlatadi va juda yaxshi natija olinmoqda. Universitetning tumori (maskot) bor — professional dizaynerlar yaratgan qor qoploni. Bizning ramzimiz noyob bo‘lib, shunchaki sun’iy intellekt tomonidan yaratilmagan, lekin turli liboslarda, holatlarda undan foydalanish uchun SIni qo‘llaymiz. Bo‘lim, masalan, bizning maqsadli auditoriyamizni tahlil qilish va postlar hamda boshqa matnlarni loyihalash uchun algoritmlardan foydalanadi ham. Vositalar yordamida nashrlar yaxshi tarzda tahrir qilinmoqda. G‘oyalar ongga hujum davomida tug‘iladi, keyin SI tomonidan silliqlash bo‘ladi, yakuniy tasdiqlashni esa jamoa amalga oshiradi.

SIni universtetda qo‘llashning boshqa misoli ham bor: masalan, HR jamoa undan turli siyosatlarni ishlab chiqishda, rezyumeni tahlil qilishda, lavozim yo‘rqnomalarini tayyorlash va timbildinglar tashkil qilishda foydalanadi. Hamma bo‘linmalar tilga oid to‘g‘rilashlar va matnlarni tarjima qilishda neyrotarmoqlardan foydalanadi. Universitetda muloqotlar uchta tilda olib boriladi.

Bizda faqat ingliz tilida muloqot qiladigan hamkasblar bor — ular uchun barcha ichki siyosatlar tarjima qilingan, o‘quv materiallari esa avval-boshdanoq ingliz tilida yaratiladi. Lekin zarurat bo‘lganda, talabalarning ota-onalari uchun ularni o‘zbek yoki rus tiliga tez tarjima qilib berishimiz mumkin — qo‘l ostingda tezkor va ishonchli SI tarjimon bo‘lganda muloqot ancha oson va tezroq bo‘ladi.

Shubhasiz, sun’iy intellektdan shaxsiy maqsadlarim uchun ham foydalanayapman. Shunisi sozki, o‘zaro hamkorlik juda tez ro‘y beradi va ba’zan qandaydir kalit so‘zlarni berish yetarli — xoh chiptalar qidirish bo‘lsin yoki xoh qandaydir iqtisodiy holatlarni bilib olish bo‘lsin, farqi yo‘q. Faoliyatim turiga ko‘ra men ko‘plab turli omillarni bilishim shart.

Masalan, Laziz Adxamov (Spot izohi — SAP Uzbekistan drektori, TOP-Contact asoschisi va Bookcafe hammuassisi) bilan birga yuritadigan “Fikr yetakchilari” podkasti uchun, qahramonlar haqidagi materialni ag‘dar-to‘ntar qilib chiqishim kerak. SI vositalari bunda yordam beryapti, shuningdek, bahsni to‘g‘ri yo‘naltirishim uchun savollar tayyorlashda ham. Shular sababli biz ancha tayyorgarlikdan o‘tgandek ko‘rinamiz va tinglovchi uchun qahramonni eng ko‘p darajada ochib bera olamiz.

Shu bois bular ijodkor kasblar uchun tengi yo‘q vositalar, deb hisoblayman. Yana sun’iy intellekt bizga ishbilarmonlik nonushtalari, aylana stol tadbirlarining dasturlarini tuzishda, shuningdek, chet el safarlarini tashkil qilishda yordam beradi.

Men DBA dasturi bo‘yicha doktoranturani boshladim va bu yerda NotebookLM maqolalar tahlili bo‘yicha hayotimni ancha yengillashtirayapti — neyrotarmoq hammasini podkast shaklida qisqa mazmunga aylantiradi. Shunday qilib, sun’iy intellekt yildan-yilga hayotimizga tobora chuqurroq kirib borishini kuzataveramiz, bu, ayniqsa, internetga kirish mamlaktimizda kuchli ortganligi bilan ko‘proq sezilib boraveradi. Bu shuni anglatadiki, toki aloqa va promtlardan foydalana bilish mahorati bor ekan, uni hamma yerda har qanday tilda va mamlaktimizning har bir nuqtasida ishlataverishadi.

Agar foizlarda gapiradigan bo‘lsak, mening shaxsiy mahsuldorligim kundan kunga o‘zgarib borishi mumkin. Bu ba’zan o‘rtacha 10%, ba’zida 30% — men ko‘proq vaziyatga qarab baholagan bo‘lardim. Masalan, yaqinda Trabzondan Albaniyaga Istanbul orqali samolyotda uchdim. Istanbulda reysim bekor qilinganini bildim. Tez harakat qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish zarur edi.

Bunda menga SI juda yordam berdi: u Albaniyagacha imkoni bo‘lgan barcha reyslarni skaner qilib chiqdi va darhol to‘g‘ri variantlarni taklif qildi. Buning hammasi deyarli sanoqli daqiqalar ichida.

Eng kichkina narsadan boshlab sinab ko‘rish, sinab ko‘rish va yana sinab ko‘rishni maslahat beraman. Masalan, ChatGPTning oxirgi versiyalari bizni yaxshiroq tushunadi va biz haqimizdagi axborotni jamlaydi va bahsning oxirida bo‘lg‘usi hamkorlik haqida aytib turishi menga juda yoqadi.

Agar diqqat bilan o‘qilsa va unga yo‘naltirib turishiga imkon berilsa, u eng ko‘p darajada faollashadi va ba’zan hatto savolni qanday ifodalashni bilmaganimizda ham bizni o‘zimizdan ko‘ra ko‘p tushunadi.

#ai, #hikmat abdurahmonov, #izzat shukurov, #marina ten, #si

Marina Ten,

tadbirkor, investor, Igmar ва Charos Family Resort. mehmonxonalar tarmog‘ining hammuassisi.

SI fransuz maktabida o‘qiyotgan o‘quvchining onasi sifatida meni ko‘p qutqarib qolyapti. Masalan, yangi so‘zlarni yodlash kerak bo‘lganda, ularni ChatGPTga yuklayman — u tarjima qiladi, misollarni tanlab oladi, so‘zlarni ustunlar bo‘yicha taqsimlab chiqadi va Anki (axborotni eslab qolish uchun dastur) ga mos shaklda rasmiylashtiradi.

Ya’ni bizda darhol dasturga kiritish va foydalanish mumkin bo‘lgan tayyor flesh kartalar paydo bo‘ladi. Bu vaqtni yaxshi tejaydi va jarayonni qulay qiladi.

SIdan kundalik hayotda ham foydalanaman. Masalan, bolalar yoki o‘zim uchun bayram uyushtirish zarur bo‘lganda, g‘oyalar so‘rab unga murojat qilaman: qaysi format hozir qiziqarli, tadbirni qayerda o‘tkazgan yaxshiroq, noyob chiqishi uchun qanday qirralar qo‘shish kerak.

Uni maishiy masalalarda ham ishlataman. Sochlarim qora bo‘lib, oq tola juda sezilib qoladi — har ikki haftada bo‘yashga to‘g‘ri keladi. ChatGPT bilan birgalikda tez-tez bo‘yashlarni qoraytiruvchi niqoblar yoki maxsus shampun bilan almashtirish iloji bor-yo‘qligini bilishga urindim. U menga variantlarni tanlab berdi, ijobiy va salbiy tomonlarini aytdi, lekin, afsuski, aytilgan vositalarni aynan O‘zbekistonda topa olmadim. Shunga qaramay, bunday yechimlarni izlash uchun bu juda qulay vosita — ko‘pincha aynan shunday aytib berishlar uchun murojat qilaman.

Aslida sun’iy intellekt allaqachon mening zimmamdagi yuklarning taxminan 10%ini yengillashtirdi — ko‘plab bir zayldagi vazifalarni uning yordamida hal qilayapman. Hayotimni SIsiz tasavvur etolmayapman. U kundalik hayot va ishga shuchalik mustahkam kirib keldiki, bundan buyon usiz yashash va ishlashning iloji yo‘qdek tuyuladi.

SI hayotni osonlashtirishi haqidagi layfhaklarim asosan biznes bilan bog‘liq. Masalan, bizning Charos Family Resort mehmonxonamizda uy hayvonlari bilan birga yashash qoidalarini tuzish kerak bo‘lib qolgandi. Men ChatGPTga murojat qildim va u tezlik bilan hujjat tayyorladi: bu masala boshqa otellarda qanday hal qilinganini, qanday shartlar qo‘yilishi, depozitni qanday qilib to‘g‘ri rasmiylashtirish va u nima uchun ushlab qolinishini aytib berdi. Yo‘riqnomalar va qoidalar yozish kabi masalalarda uning tengi yo‘q.

Shu bilan birga, SI kutganlarimni oqlamaganligi borasida ham tajribam bor. Bizda mijozlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda va Telegram’da muloqot qilish uchun SI botini joriy qilish bilan bog‘liq holat bo‘lgan edi. Biz SI uchun baza tayyorladik, narxlarni yukladik, qoidalar yozdik: agar bot biror narsani bilmaydigan bo‘lsa, u rostdan bilmasligini yozishi kerak edi. Biroq amalda hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi.

Ancha vaqtgacha bot to‘g‘ri javob berib turdi, keyin esa to‘satdan bizda umuman bo‘lmagan boshqa narxlarni ko‘rsata boshladi. Ularni qayerdan olayotganini tushuna olmasdik, axir bilimlar bazasi aniq edi-ku?! Buning ustiga, “bilmayman” deb aytish o‘rniga, u javoblar o‘ylab topa boshladi. Natijada biz bu loyihani tashlab qo‘ydik.

Ishlab chiqishlari uchun 13 mln so‘m to‘laganmiz, biroq bizga pullarni hali ham qaytarishgani yo‘q. Rostini aytgada, bu jiddiy ko‘ngilxiralik bo‘ldi — bot mijozlar bilan ishlashni osonlashtirishini kutgandik, teskarisi bo‘lib chiqdi. Botning ishidan bevosita zararlarimiz bo‘lmadi, chunki uning noto‘g‘ri javoblarini vaqtida bilib qoldik va mijozlarni ogohlantirishga ulgurdik.

Bu tajriba ehtiyotroq bo‘lishga o‘rgatdi: endi biz SIni biznesga joriy etishga yordamlashadigan ishlab chiquvchilarni tanlashga jiddiyroq yondashamiz.

2026-yildan davlat xaridlari bo‘yicha takliflar faqat elektron baholanadi

0

Shuningdek, ayrim savdolarda faqat bitta tadbirkor ishtirok etsa, ayrim holatlarda ular o‘tkazilgan deb hisoblanadi.

Avvalroq prezidentning davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni ta‘minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yildan davlat buyurtmachilarining xarid rejalari eʼlon qilinganidan keyin ushbu maʼlumotlar avtomatik ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron xabarnoma tarzida yuboriladi.

Budjet buyurtmachilari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan mahalliy auksion savdolarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda savdolar boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan elektron auksion tartib-taomillari asosida ikki ish kuni muddatda eʼlon joylashtirish orqali shartnoma qiymati bilan bog‘liq cheklovlarsiz o‘tkaziladi.

Mahalliylashtirish darajasi 30% va undan yuqori bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar bilan budjet buyurtmachilari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar doirasida yetkazib beriladigan tovarlar uchun boj to‘lovlarini to‘lashga ruxsat beriladi.

Bunda boj to‘lovlari mahalliylashtirish darajasiga mutanosib hisoblanadi va ular miqdori korxonaning jami aktivlaridan oshmasligi shart.

Boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksionda bitta tadbirkorlik subyekti ishtirok etgan taqdirda, auksion o‘tkazilgan deb hisoblanadi.

Agar eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida bitta tadbirkorlik subyekti ishtirok etsa, davlat buyurtmachisi xarid tartib-taomillari va mezonlarni o‘zgartirmasdan savdolarni qayta eʼlon qiladi.

Takroriy savdolarda ham yagona ishtirokchi o‘sha tadbirkorlik subyekti bo‘lgan taqdirda, bunday savdolar o‘tkazilgan deb hisoblanadi.

Ushbu tartib “Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun da belgilangan talablarga mos kelmaydigan va taklifni tegishli tarzda rasmiylashtirmagan eng yaxshi takliflarni tanlash ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Kelgusi yil 1-iyuldan davlat xaridlariga oid takliflarni davlat xaridlari elektron tizimi orqali faqat elektron shaklda baholash joriy etiladi.

Davlat buyurtmachilari tomonidan tovarlarni qabul qiluvchi shaxslarga ishonchnomalar davlat xaridlari elektron tizimi orqali elektron ko‘rinishda rasmiylashtiriladi.