Bosh sahifa Blog Sahifa 47

Kambag‘al oilalarga daraxt ekish va parvarishlash uchun subsidiya beriladi

0

Talabgor daraxt ekib parvarishlaganidan so‘ng, platformaga kiritilgan ma‘lumot tasdiqlansa, subsidiya to‘lab beriladi.

Kambag‘al oilalarga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, kambag‘al oila aʼzolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan va parvarishlangan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) miqdorida subsidiya ajratiladi.

Talabgor o‘rmon xo‘jaligi tayinlagan masʼul xodim ko‘rsatmalari asosida tanlangan maydonda yerni tayyorlaydi. U shu maydonda daraxt ko‘chatlarini bir mavsum davomida ekib, parvarishlaydi.

Murabbiy tuman ekologiya bo‘limi bilan birgalikda talabgor tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlarini joyiga chiqqan holda dalolatnoma va fotohisobot asosida qabul qilib oladi.

Tuman ekologiya bo‘limi tomonidan “Ekofaol fuqaro” platformasida har bir talabgor uchun shaxsiy kabinet ochilib, unga ekilgan daraxt ko‘chatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiritib boriladi.

Kiritilgan maʼlumotlar tuman ekologiya bo‘limi tomonidan 5 ish kuni ichida tasdiqlanadi yoki tasdiqlanishi rad etiladi.

Tuman ekologiya bo‘limi ekilgan daraxtlar soniga mutanosib ravishda subsidiyaning 50%ini talabgorga to‘lash uchun talabnoma yuboradi.

Talabnoma Qoraqalpog‘iston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasiga, viloyatlar hamda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalariga yuboriladi.

Ekologiya boshqarmalari subsidiya mablag‘larini 5 ish kuni mobaynida talabgorning bank kartasiga o‘tkazib beradi.

O‘zbekiston sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan mamlakatlar qatoriga kirdi

0

Mamlakatga kelayotgan sayyohlar oqimi 2019-yilga nisbatan 73% ga oshib, O‘zbekiston dunyodagi eng tez o‘sayotgan sayyohlik yo‘nalishlari top-20 taligiga kirdi.

O‘zbekiston dunyoda sayyohlar oqimi eng tez o‘sayotgan yetakchi mamlakatlar qatoriga kirdi.

Butunjahon turizm tashkiloti ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilning yanvar-sentabr oylarida xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyo miqyosida eng yuqori o‘sish qayd etilgan top-20 davlat qatoridan joy oldi.

Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatga kelgan xalqaro turistlar soni 2019-yilga nisbatan 73% ga oshgan. Ushbu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston dunyo bo‘yicha eng tez o‘sayotgan sayyohlik yo‘nalishlari reytingida 6-o‘rinni egalladi.

Ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasidan Butan (+203%), Qatar (+138%), Salvador (+88%), Albaniya (+83%) hamda Bahrayn (+76%) joy oldi.

reyting, sayyoh, turist, turizm, turizm qo‘mitasiBundan tashqari, O‘zbekiston joriy yilning to‘qqiz oyida Yevropada eng tez o‘sish ko‘rsatgan 10 ta yo‘nalishdan biri bo‘ldi. Yanvar-fevral oylarida mamlakatga kelgan xalqaro turistlar soni 2024-yilga nisbatan 13% ga oshdi.

Bu Yevropa mintaqasida Isroil (+23%), Finlyandiya (+15%) hamda Norvegiya (+14%) dan keyingi eng yuqori o‘sish qayd etilgan to‘rtinchi yo‘nalishdir.

2019-yilga nisbatan 73% o‘sish bilan esa O‘zbekiston Yevropadagi eng yaxshi natija ko‘rsatgan davlatlar qatoridan 2-o‘rinni oldi. Birinchi pog‘onani Albaniya (+83) egallagan.

reyting, sayyoh, turist, turizm, turizm qo‘mitasi2025-yilning 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 mlndan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Aprel oyidan boshlab tarixda birinchi marta har oyda milliondan ortiq sayyoh kelmoqda. Turistik xizmatlar eksportidan olingan daromadlar $4,4 mlrddan oshdi.

O‘zbekistonda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab toifalarga ajratiladi

0

ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash oilalarning daromadi va bandlik imkoniyatlaridan kelib chiqib differensial yondashuv asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kambag‘al va kambag‘allik xavfidagi oilalarni aniqlash hamda ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlarni yagona tizim hamda aholining real ehtiyojlari asosida tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ijtimoiy himoya yagona reyestri doirasida 1,8 mln oilaning holati baholanib, 739 ming oila, shu jumladan kambag‘al hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalar reyestrga kiritildi va ularga nafaqa hamda moddiy yordamlar tayinlandi.

Endilikda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish uchun Ijtimoiy himoya yagona reyestri va Kambag‘al oilalar reyestri negizida Ijtimoiy reyestr yuritiladi.

Oilalar ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib, alohida toifalarga ajratiladi: davlat ta’minotidagi oilalar, kambag‘al oilalar hamda kambag‘allik chegarasidagi oilalar. Har bir toifaga mos yordam va xizmatlar ko‘rsatiladi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari aholining daromad darajasi va bandlik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda differensial yondashuv asosida amalga oshiriladi.

Xususan, ayrim toifadagi imkoniyati cheklangan oilalarga bandlik talabisiz ijtimoiy yordamlar beriladi, “mahalla yettiligi»ga mehnat qilish imkoniyati cheklangan va og‘ir ahvoldagi oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish huquqi beriladi.

Reyestrga kiritilgan oilalarning daromadini oshirish, sog‘liqni saqlash, bandlik, uy-joy va boshqa yo‘nalishlarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, mehnatga layoqatli a’zolarni bandlikka jalb qilish hamda tadbirkorlikka yo‘naltirish choralari ko‘riladi.

Hududlarda ehtiyojmand aholiga kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini kengaytirish uchun hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarini tashkil etish taklif qilindi. 2026−2027-yillarda 20 ta markaz ochilib, ularda qarab turish, parvarish, reabilitatsiya, abilitatsiya va ta’lim xizmatlari ko‘rsatiladi.

Bu orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz va parvarishga muhtoj fuqarolarni qamrab olish, kunduzgi xizmatlar hisobiga ularning ijtimoiy muassasalarga doimiy joylashtirilishini qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xizmatlardan foydalanish jarayonlarini raqamlashtirish, elektron yo‘llanmalarni joriy etish hamda xizmatlar monitoringini ta’minlash belgilangan.

Prezident belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ijtimoiy himoya sohasida tizimli yondashuvni ta’minlash, ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini doimiy nazoratda ushlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Dekabr oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirishda har bir oila uchun individual reja ishlab chiqish kerakligini qayd etgandi.

Muvaffaqiyat sari uzoq yo‘l va skeptiklar bilan kurash

0

Bugun musiqani aniqlash uchun mo‘ljallangan mashhur «Shazam» ilovasi nomi ko‘pchilikka tanish. Biroq uning yaratuvchilari bosib o‘tgan yo‘l uzoq va mashaqqatli bo‘lgan.

Kris Barton bolaligidan ikki narsaga qiziqardi: musiqa va texnologiya. U tez-tez shunday holatga duch kelganini tan oladi — bar, klub yoki kinoteatrda yoqimli, ammo noma’lum bir kuy yangraydi va uning nomini bilishning iloji bo‘lmaydi.

1999-yilda, Kaliforniya universitetining Berkli kampusida talaba bo‘lgan paytida, Kris Barton do‘sti bilan birga kuylarni aniqlay oladigan dastur yaratishga qaror qiladi. Ammo oddiy dastur emas — shunday kompleks tizimki, u nafaqat trekni topib bersin, balki uni saqlab qo‘yish, do‘st bilan ulashish, qo‘shiq matnini ko‘rish yoki ijodkorning boshqa albomlari bilan ham tanishish imkonini bersin.

Afsuski, ovoz texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi olimlar bu g‘oyani zamonaviy sharoitda amalga oshirish deyarli imkonsiz deb hisoblashardi. Birinchidan, o‘sha paytdagi mobil telefonlar yetarli darajada rivojlanmagan edi. Ikkinchidan, musiqani aniqlash uchun mutlaq sukunat kerak, degan fikr ustun edi. Qolaversa, davr ham mos emasdi: 2000-yilda dotkom pufagi yorilib, ko‘plab internet startaplar bankrot bo‘ladi. Shunday vaziyatda yangi loyiha boshlash tavakkal edi. (2000-yilda investorlar ko‘plab kompaniyalar aslida foyda qilmayotganini tushuna boshlaydi. Natijada aksiyalar narxi keskin tushib ketadi, minglab internet kompaniyalar bankrot bo‘ladi, milliardlab dollar yo‘qotiladi. Shu hodisa dotkom pufagining yorilishi deb ataladi).

“Тadbirkorlik muvaffaqiyatini belgilovchi eng muhim omil — bu qat’iyatdir. Agar siz orzuingizni ro‘yobga chiqarish uchun aql chegarasidan ham o‘tib ketadigan darajada kuch sarflashga tayyor bo‘lmasangiz, muvaffaqiyat qozonish ehtimolingiz deyarli nolga teng”, — degan edi Kris Barton.

Va baribir mo‘jiza yuz berdi. O‘sha paytda Kris yana uch nafar do‘sti bilan birga ishlayotgan edi va ular birgalikda tizimni “xakerlik” yo‘li bilan chetlab o‘tib, musiqani taniy oladigan murakkab algoritm yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Yuzlab tadbirkorlar va venchur kompaniyalar eshigini taqillatib, nihoyat investor topishdi.

Loyiha 2002-yilda Buyuk Britaniyada to‘liq ishga tushirildi. Foydalanuvchi maxsus raqamga qo‘ng‘iroq qilib, telefonni 15–30 soniya davomida musiqa manbai yonida ushlab turishi kerak edi. Shundan so‘ng mobil telefonga ijrochi nomi va qo‘shiq nomi yozilgan SMS xabar kelardi. O‘sha paytda ilova bazasida 1 million trek mavjud edi. Agar kuy aniqlanmasa, to‘lov olinmasdi, aniqlansa foydalanuvchi hisobidan 50 pens yechib olinardi. Ma’lum ma’noda kompaniya zamonidan ilgarilab ketgan edi — u birinchi iPod va iTunes paydo bo‘lishidan oldin ishga tushirilgan.

Kris Barton 2003-yilda kompaniyani tark etib, Google’ga ishga o‘tdi. O‘sha yil yana ikki nafar asoschi ham loyihadan chiqdi. Shazam faqat 14 yil o‘tib, asosan reklama daromadlari hisobiga foyda keltira boshladi. 2015-yilda monetizatsiyaning asosiy qismi leybllar bilan hamkorlikdan kelib tushdi va 300 million dollarni tashkil etdi. Oradan ikki yil o‘tib, kompaniyani Apple 700 million dollarga sotib oldi. 2022-yilda Shazam 20 yoshga to‘ldi. Shu vaqt ichida foydalanuvchilar ilova orqali musiqalarni 70 milliard marta aniqlashgan.

2026-yil Toshkent uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi — Shavkat Mirziyoyev

0

Kelgusi yilda jon boshiga xorijiy investitsiyani $3 ming, 2027-yili $3,5 mingga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yo‘nalishda rivojlantiriladi.

Avvalroq prezident Toshkentda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Poytaxtning doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 mingdan ko‘payib, 2030-yilda 3,5 mlndan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni $52 mlrdga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirib, $15 mingga yetkazish reja qilingan.

Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, ta‘lim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, shunday megapolislarda rahbar bo‘lgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish bo‘yicha taklif ma‘qullandi. Ularning ko‘p yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi.

Shu bilan birga, poytaxtda hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi qayd etildi.

“Eng avvalo, shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar mas‘ullari yondashuvini o‘zgartirishi zarur”, — dedi prezident.

Misol uchun, Yunusobodda besh yilda 500 ming kvadrat metr yirik savdo komplekslari barpo etilib, savdo va xizmat ko‘rsatish hajmi joriy yilning o‘zida 76 trln so‘mga yetdi. Shayxontohur, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ham katta o‘zgarishlar bor.

Lekin Yashnoboddagi “Texnopark»da yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun hali katta salohiyat borligi ta‘kidlandi. Yangihayotdagi “Toshkent indeks” loyihasida esa qurilgan 6,5 mingta savdo obyektining yarmidan ko‘pi bo‘sh turgani qayd etildi.

Yashnobod va Yangihayot tumanlari hokimlariga tadbirkorlarga sharoit yaratib bersa, birgina shu loyihalarni to‘liq ishga tushirish orqali yana kamida 10 mingta ish o‘rni tashkil qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Toshkent shahrida yashirin iqtisodiyot ulushi 9,5%ni tashkil qilayotgani, mutasaddilar uni qisqartirish bilan tizimli shug‘ullanishi shartligi ta‘kidlandi.

Shota Rustaveli ko‘chasida BRT yo‘lagi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hududida avtomobil tunneli ishga tushirildi. Lekin Kichik halqa yo‘li, Katta halqa yo‘li, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Shahrisabz, Maxtumquli, Ohangaron ko‘chalaridagi tirbandlikdan aholi norozi ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Toshkent shahri aholisi yildan-yilga oshib borayotgani hisobiga 100 mingdan ziyod maktab va bog‘cha o‘rinlariga ehtiyoj bor.

“Endi poytaxtda boshqaruv o‘zgaradi. 2026-yil Toshkent shahri uchun „Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi“ yili bo‘ladi. Bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi”, — dedi davlat rahbari.

Kelgusi yilda jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani $3 ming, 2027-yilda esa $3,5 mingga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yo‘nalishda rivojlantirilib, 2026-yilda $9 mlrd, ikki yilda $20 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritiladi.

Toshkentda bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan markaz ishga tushirildi

0

Xitoyning CNTIC kompaniyasi bilan birga amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, unga $65 mln investitsiya yo‘naltirilgan.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxtda aholi va iqtisodiyot obyektlarini qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan barqaror va uzluksiz taʼminlash maqsadida bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan bir qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirildi.

Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida DXSH asosida barpo etilgan, quvvati 100 MVt bo‘lgan mazkur loyiha ana shunday muhim tashabbuslardan biridir.

Xitoyning CNTIC kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun $65 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirildi.

Davlat rahbari markazning ish jarayoni bilan tanishdi.

Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning Rolls-Royce kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari o‘rnatildi.

Qozonxonalardan isteʼmolchilargacha bo‘lgan issiqlik taʼminoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yo‘qotishlarining oldini olish imkonini beradi.

Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 mln kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, yiliga 35 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1846 ta obyekt doimiy issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi. Ularning 1400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha obyektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi.

Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar 40−45%ga kamayadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.

Shu yerning o‘zida prezident kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, anomal sovuq sharoitida xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalarni taqsimlash yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.

Poytaxtda 11 630 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 358 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Davlat rahbari ularning mavsumga qay darajada shayligi bilan qiziqdi.

“Shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog‘liq. Shu bois ular soat mexanizmiday aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham o‘zgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la va tom qismlarini, yo‘laklar va o‘yin maydonchalarini tartibli saqlash zarur”, — dedi prezident.

Shuningdek, energetika, obodonlashtirish, qurilish va servis tarmoqlari mas‘ullariga mavsum davomida tizimli va muvofiqlashgan holda ishlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.