Bosh sahifa Blog Sahifa 41

Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

0

Xitoy kompaniyasi tomonidan quriladigan muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkentda ushbu muzey qurilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda davlat rahbariga loyiha va inshoot xususiyatlari, qurilish bosqichlari haqida axborot berildi.

Muzey Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning Tadao Ando Architect & Associates arxitektura byurosi hamda Germaniyaning Atelier Brückner kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi.

Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. U Xitoyning CSCEC International Construction kompaniyasi tomonidan quriladi.

“O‘zbekiston Milliy muzeyi uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-maʼrifat va madaniyat maskani bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirda Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 mlndan ortiq eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat sanʼat muzeyida bo‘lib, shundan bor-yo‘g‘i 2 400 tasi namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma zallari yetarli bo‘lmagani sababli 97 mingdan ziyodi omborda saqlanmoqda.

O‘zbekiston Milliy muzeyining umumiy maydoni 40 ming kv.metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi. Bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.

Kelajakda ushbu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.

“Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rnini yana-da yorqinroq ko‘rsatadi. Bir yil emas, o‘n yil emas, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida. Shundan so‘ng davlat rahbari majmua poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni boshlab berdi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida vizasiz rejim joriy etiladi

0

Shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston va Iordaniya poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralarida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Unda siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yana-da rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni va idoralar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.

Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.

Madaniy, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan qo‘shma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali yana-da faollashtirishga tayyorlik bildirildi. O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti va Iordaniya podshohi Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi.

Umuman, tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, jumladan:

  • Ekstraditsiya to‘g‘risida bitim;
  • Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
  • Qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida bitim;
  • Viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida bitim;
  • Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi dastlabki maʼlumotlarni onlayn almashish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Veterinariya sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida memorandum;
  • din ishlari bo‘yicha anglashuv to‘g‘risida idoralararo memorandumlar;
  • Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.

Tadbirkor ayollar akademiyasining uchinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinmoqda

0

Bu safar dastur Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tadi va shu hududdagilar ishtirok eta oladi. Ishtirokchilardan arizalar 15-sentabrgacha qabul qilinadi.

Qoraqalpog‘istonda Tadbirkor ayollar akademiyasi (AWE 3.0) dasturida qatnashishga arizalar qabul qilish boshlandi.

OSON fintex-kompaniyasi Tech4Impact bilan hamkorlikda bu yil Qoraqalpog‘istonda faoliyat yurituvchi 30 nafar ayol uchun AWE dasturini ishga tushirmoqda.

Tadbirkor ayollar akademiyasi — kichik biznes asoschilari bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan noyob ta’lim va mentorlik tashabbusidir.

Dastur Arizona universiteti qoshidagi Thunderbird Global boshqaruv maktabi tomonidan yaratilgan “100 million o‘quvchi” intensiv onlayn kursiga asoslangan.

Tinglovchilar biznes yuritishning asosiy ko‘nikmalarini o‘rganadilar va materiallarni ekspertlar, mahalliy murabbiylar va tadbirkorlar bilan guruhlarda muhokama qiladilar.

Qatnashish uchun mezonlar:

  • Qoraqalpog‘istonda yashaydigan 25−40 yoshli ayollar;
  • rus va ingliz tillarini bilish;
  • ayollarning kamida 1−2 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan o‘z biznesi;
  • noutbuk va internetga barqaror ulanish imkoniyatining mavjudligi;
  • to‘ldirilgan ariza va rag‘batlantiruvchi xat.
  • Dasturda ishtirok etish uchun 2025-yil 15-sentabrgacha havola orqali ariza berish mumkin.

Tashkilotchilar 25−26 sentabr kunlari tanlab olingan ishtirokchilar bilan suhbat o‘tkazadi. Tinglovchilarning yakuniy ro‘yxati 30-sentabr kuni e’lon qilinadi.

OTMlarda yangi o‘quv yili qachon boshlanishi ma’lum qilindi

0

Unga ko‘ra, darslar 1-kurslar uchun 3-sentabrdan, yuqori kurslar uchun esa 8-sentabrdan boshlanadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan oliy ta’lim tashkilotlari va akademik litseylarda yangi 2025/2026-o‘quv yilini boshlash sanalari tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, akademik litseylarning barcha bosqich o‘quvchilari va oliy ta’lim tashkilotlarining 1-bosqich talabalari uchun dars jarayonlari 2025-yil 3-sentabrdan boshlanadi.

OTMlarning 2- va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa darslar 8-sentabrdan boshlanadi.

Oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar uchun “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlari tashkil etiladi.

Haftalik doirasida talabalarni oliy ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishtirish, kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati va afzalliklarini tushuntirish hamda tanlov fanlarni maqsadli tanlash ishlari amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, talabalarda mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini shakllantirish, akademik halollik tamoyillari va kasbiy hamda shaxsiy rivojlanish masalalari targ‘ib qilinadi.

Investitsiya platformalaridan “qumdon” rejimida foydalanishga ruxsat beriladi

0

Ushbu tartib joriy yilning 1-oktabridan joriy etilib, uning doirasida platformalardan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotib olishda foydalanish mumkin.

Investitsiya faoliyati zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida qayd etildi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-oktabrdan 2026-yil 1-oktabrgacha investitsiya platformalaridan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimida bir qator yo‘nalishlarda foydalanishga ruxsat beriladi.

Jumladan, qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotib olishda, venchur va pay fondlarini moliyalashtirishda hamda kommandit shirkatlarga hissa kiritishda foydalanish mumkin.

Investitsiya platformalari operatori uchun ham qator talablar belgilandi. Xususan:

  • rezident yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi;
  • vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladigan maxsus elektron reyestrga kiritilgan bo‘lishi;
  • o‘z faoliyatini vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan qoidalarga muvofiq amalga oshirishi;
  • investitsiya platformasi orqali rasmiylashtirilgan shartnomalar reyestrini yuritishi.

Banklarda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash xizmati tashkil etiladi

0

Mazkur xizmat tomonidan tashqi kiberhujumlar aniqlanganda zudlik bilan Markaziy bankka xabar berilishi kerak.

Banklarning axborot xavfsizligiga doir minimal talablar belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, banklar va ularning filiallarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash maqsadida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash xizmati tashkil etiladi.

Xizmat bankning axborot aktivlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash, to‘lov maʼlumotlarining noqonuniy o‘zgarishi, bank yoki uning mijoziga zarar yetkazish holatlarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha masʼul hisoblanadi.

Bank axborot xavfsizligiga oid ichki siyosatni ishlab chiqishi va qabul qilishi lozim.

Bundan tashqari, banklar maʼlumotlar bazasi sozlanishlarida xatoliklarni oldini olishi va tajovuzkorning quyidagi harakatlarini cheklashlari kerak, jumladan:
  • maʼlumotlar bazasiga kirish;
  • administrator va foydalanuvchilar parollarini bilib olish;
  • maʼlumotlar bazasining tizim fayllariga kirish;
  • zararli dasturlar o‘rnatish;
  • maʼlumotlar bazasi va serverga masofadan hujum qilish.

Tarmoqlararo ekran qurilmalari va proksi-serverlarning elektron bayonnomalari xizmat tomonidan tahlil qilib boriladi va tashqi hujumlar aniqlanganda zudlik bilan Markaziy bankka xabar beriladi.

Joriy yilning aprel oyi oxirida qabul qilingan prezident qarori bilan axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish kuchaytirilishi belgilangan. Banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zarar ular hisobidan undiriladi.

Banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan o‘z mobil ilovalariga antivirus himoya tizimlarini o‘rnatish vazifasi qo‘yildi. Ular foydalanuvchilarni qurilmalaridagi zararli dasturlar belgilari mavjudligi aniqlansa, ogohlantirish amaliyoti joriy etiladi.