Bosh sahifa Blog Sahifa 42

YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun maxsus QR-kod: u nima va qanday ishlaydi?

0

2026-yildan boshlab YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus QR-kodni olishlari shart.

Nima bo‘ldi?.. 2025-yilning 12-avgustida prezident “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda asosiy yangilik — 2030-yil 31-dekabrgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi. Bu tartib to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalari, ya’ni mobil ilovalar orqali davlat va moliyaviy xizmatlardan onlayn foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Endilikda YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bitta ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va to‘liq o‘z faoliyatini amalga oshirishlari mumkin. Bunda elektron raqamli imzodan foydalanish talab etilmaydi, hujjatlarni biometrik identifikatsiya hamda SMS orqali tasdiqlash mumkin bo‘ladi.

YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun boshqa o‘zgarishlar qatorida:

  • yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4% dan 1% gacha pasaytiriladi;
  • daromadi 100 mln so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar aylanmadan olinadigan soliq to‘lashni boshlaydi;
  • YTTlar uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi bekor qilinadi.

02. Bunga maxsus QR-kodning nima aloqasi bor?

Qaror nafaqat imtiyozlar, balki yangi talablarni ham joriy etadi. Jumladan, har bir YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxsda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi shart. U raqamli platforma orqali yaratiladi.

Maxsus QR-kodlarning mavjud emasligi nazorat-kassa texnikasi yoki hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtiriladi. Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq, bunday qonunbuzarlik 5 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

03. Maxsus QR-kodni qanday olish mumkin?

Bunday kodni faqat maxsus raqamli platformalar generatsiya qila oladi.

04. Qanday maxsus platformalar mavjud?

Bugungi kunda prezident qarorida belgilangan talablarga faqat bitta — Paynet ilovasidagi Xolis xizmati javob beradi. Keyinchalik boshqa platformalar ham yaratilishi mumkin, Soliq qo‘mitasi allaqachon boshqa to‘lov tashkilotlari bilan birgalikda bu borada ishlar olib bormoqda.

05. Paynet Xolis’dan foydalanish majburiymi?

O‘tgan yil oxiri va joriy yil boshida tadbirkorlarni Xolis xizmatini o‘rnatishga majburlash, ularga jarima solish bilan tahdid qilish va turli bosim o‘tkazish holatlari haqida xabarlar tarqalgandi.

Keyinchalik Soliq qo‘mitasi Xolis’dan foydalanish ixtiyoriy ekanligini ma’lum qildi. Biroq, qonunga ko‘ra YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus QR-kodga ega bo‘lishlari shart. Boshqa platformalar hali mavjud emasligi sababli esa, Xolis ushbu kodni olishning yagona yo‘li bo‘lib qolmoqda.

06. Xolis xizmati bepulmi?

Ilovaga ro‘yxatdan o‘tish va undan foydalanish bepul. Biroq, Paynet hisobidan pul yechib olish uchun ma’lum miqdorda komissiya mavjud:

  • Uzcard va Humo kartalariga — 0,9%;
  • naqd pul yoki hisob raqami: komissiya 1%.

Tizim ichidagi pul o‘tkazmalari foizsiz — Xolis’dagi hisobidan Paynet hamyoniga komissiyasiz pul o‘tkazish mumkin.

Kamchiliklar:

  • hozircha korporativ kartalar bilan to‘lovlarni qabul qilish;
  • pulni qaytarish imkoniyati mavjud emas.

Keyinchalik Xolis funksiyalari kengaytirilishi rejalashtirilgan.

07. Raqamli platformalar faqat QR-kodlar uchunmi?

Yo‘q. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus raqamli platformalar yaratilmoqda — biznesni ro‘yxatga olishdan tortib, to‘lovlarni qabul qilish, soliq idorasiga hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayon bir joyda amalga oshiriladi.

Maxsus ilovalar quyidagilarni taqdim etadi:

  • biznes boshlash — masofaviy Face ID va SMS-xabar yuborish orqali YTT yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish;
  • ERIsiz hujjatlar — shartnomalar, dalolatnomalar va hisobvaraq-fakturalarni SMS-xabar orqali tasdiqlash yordamida imzolash mumkin. Ular qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi;
  • biznes hamyon — platformadagi elektron hamyon bank hisobvaraqlarining o‘rnini bosadi. Undan oylik to‘lash, hamkorlar va davlat bilan hisob-kitob qilish mumkin. Bankda oddiy hisob ochish endi shart bo‘lmaydi.

08. Avvalgidek ishlasa bo‘ladimi?

Ha, mumkin. YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bundan keyin ham oddiy kassa apparatidan foydalanish imkoniyatiga ega.

Agar tushumning bir qismi QR-kod orqali, bir qismi kassadan o‘tsa — ikki xil hisobot yuritiladi:

  • QR-kod bo‘yicha hisobotni platforma avtomatik hisoblaydi;
  • kassa bo‘yicha esa tadbirkor o‘zi hisobot topshirib, soliq to‘laydi.

Muhim: barcha tushum kassa orqali bo‘lsa ham, maxsus QR-kod baribir bo‘lishi shart. Aks holda 5 mln so‘m jarima qo‘llanadi.

09. Kimlarga QR-kod kerak emas?

Quyidagilar uchun maxsus QR-kod talab qilinmaydi:

  • taksi haydovchilari (o‘zini o‘zi band qilgan yo‘lovchi tashuvchilar);
  • kuryerlarga (tovarlarni yetkazib berish);
  • marketpleyslarda savdo qiluvchi sotuvchilarga.

Ushbu tartib agar ular ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq idorasiga uzatuvchi agregatorlar orqali ishlaganda (masalan, Yandex yoki Uzum) amal qiladi.

10. Maxsus va yagona QR bir xil narsami?

Yo‘q. Bular turli vositalar:

  • maxsus QR-kod faqat YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun mo‘ljallangan;
  • yagona QR-kod Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilmoqda hamda yuridik shaxslar uchun ochiq bo‘ladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar 2026-yil 1-iyuldan unga o‘tishlari shart.

11. Yana nimalarni bilish kerak?

Jismoniy shaxslar tovarlarni sotishda mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlarini (MXIK) qo‘llashlari mumkin. Biroq maxsus QR-kod orqali to‘lov amalga oshirilganda, xaridorlar Soliq ilovasi orqali chekni skanerlashda qaytariladigan 1% miqdoridagi keshbekni ololmaydi.

1-fevraldan O‘zbekistonda chiqqaniga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi

0

Og‘ir yuk avtomobillari, kon va shaxtalarda foydalaniladigan maxsus transportlar, yo‘nalishsiz taksilar hamda antikvar avtomobillar uchun alohida davlat raqamlari joriy etiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasi raqamlashtiriladi. Bu bo‘yicha hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjat ko‘ra, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimi Ma‘muriy amaliyot moduli masʼul vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

2026-yil 1-fevraldan umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, kon, shaxta va karyerlarda qo‘llaniladigan maxsus transport vositalari uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqamlari joriy etiladi.

Shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar hamda “antikvar” avtomototransport vositalari uchun ham maxsus seriyali davlat raqam belgilari belgilanadi.

Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi. Ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.

Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda zarur hujjatlarni vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olish tizimi joriy etiladi. Bunda avtomototransport oldi-sotdi shartnomasi, Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish aksiyadorlik jamiyati tomonidan berilgan auksion bayonnomalari elektron tarzda qabul qilinadi.

Davlat ulushi mavjud korxonalar ishlab chiqargan avtomototransportlarga oid elektron hisob-maʼlumotlar ham olinadi.

Avtomototransport vositasi mulkdorining maʼlumotlari ham mazkur tizim orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi.

O‘tgan yilning oktabrida Ichki ishlar vazirligi ushbu qaror loyihasini muhokamaga qo‘ygandi. U bilan chiqqaniga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomototransport vositalaridan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqarish taklif qilingandi.

Qayd etilishicha, bunday avtotransport vositalari xavfsizlik talablariga javob bermaydi va ekologik me’yorlarga (Yevro-4, Yevro-5) mos emas, 30% ko‘proq zararli gaz ajratadi hamda eski transport vositalari davlat raqam belgisini noqonuniy taqib yurish (139 ta holat aniqlangan) holatlari oshmoqda.

Loyihada antikvar avtomobillar uchun alohida davlat raqami qanday ko‘rinishda bo‘lishi ilova qilingandi. Xususan:

  • I-6 va III-3 tip — ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari yuridik hamda jismoniy shaxslarga;
  • IA-4 tip va IIIA-3 tip — ikki qatorli ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari yuridik ham jismoniy shaxslarning “antikvar” turidagi yuk avtomobillari va avtobuslarga, shuningdek, mahkamlash joyi I-tipdagi va III-tipdagi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami gabaritlariga muvofiq bo‘lmagan “antikvar” yengil avtomobillariga orqa tomonga mahkamlash uchun;
  • XI-4 tip — “antikvar” mototsikllar va elektromototsillar uchun ikki qatorli ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari.

antikvar, avtomobillar, eski avtomobil, hukumat qarori, qonunchilikRo‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining foni olovli rangda, chetki qismi, raqam va harflari qora rangda tasvirlanadi. Shuningdek, hudud kodi, O‘zbekiston bayrog‘i va UZ harflari mavjud bo‘ladi.

Sunʼiy intellekt orqali shaxsiy maʼlumotlarni o‘zgartirganlar jarimaga tortiladi

0

Qonun bilan SIdan foydalanib shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish yoki ularni internetda tarqatish uchun javobgarlik belgilandi.

Sunʼiy intellekt yordamida shaxsga doir maʼlumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqdagi tegishli qonun qabul qilindi.

Hujjat bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonun ga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslari belgilandi. Ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlari aniqlashtirildi.

Unga ko‘ra, sunʼiy intellekt — insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui.

Insonning huquqi va erkinligiga aloqador bo‘lgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emas.

Sunʼiy intellektdan foydalanib shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish yoki ularni OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetda tarqatish maʼmuriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bunda huquqbuzarlik qurollari musodara qilinib, BHMning 50−100 baravarigacha, yaʼni 41,2 mln so‘mgacha jarima solinadi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

2025-yilning noyabrida Senat sunʼiy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi qonunni maʼqullagandi. Hujjat SIdan foydalanish qoidalarini, maxsus vakolatli organning vazifalarini taʼminlash tartibini belgilaydi.

1-fevraldan ID-kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi

0

Jismoniy shaxslarga ID-karta birinchi bor rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi hamda fuqaro Elektron hukumat tizimida avtomatik ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

19-yanvar kuni ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori (PQ-14-son) qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi.

Shu bilan birga, fuqaroni “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilari identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti jismoniy shaxslarning markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Ushbu ma’lumotlarga quyidagilar kiradi:
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • ID-karta seriyasi, raqami, berilgan joyi hamda berilgan va tugash sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • O‘zbekistonga taklif qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar hamda ularning viza muddati uzaytirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2025-yilning 1-iyulidan MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etildi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qog‘oz shaklining o‘rniga taqdim etish mumkin.

1-noyabrdan Yagona portalda jismoniy shaxslarning tegishli maʼlumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtirilib, MyGov orqali ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlar qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlandi.

2025-yilda O‘zbekistonda 427 mingdan ortiq yangi avtomobil sotildi

0

BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh kompaniyalari UzAuto Motors hisobidan o‘z bozor ulushlarini ko‘paytirdilar.

2025-yil davomida mahalliy va import ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi 5,2%ga oshib, qariyb 370 ming donani tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.

Hududiy kesimda eng yuqori faollik Sirdaryo (45%), Toshkent (36%), Namangan (26%) va Qashqadaryo (21%) viloyatida qayd etildi.

Shu bilan birga, yil davomida yangi yengil avtomobillar realizatsiyasi hajmi Toshkent shahrida, Navoiy va Xorazm viloyatlarida kamaygani kuzatildi.

avtomobillar, statistika

O‘tgan yil davomida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentidagi savdo hajmi 315 ming donanidan oshdi.

Shu bilan birga, xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi taxminan 53,3 ming donani tashkil etdi.

O‘tgan yil davomida yangi elektromobillar sotuvi 35%ga oshib, 40,7 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bozor o‘sishini ta’minlagan asosiy drayverlardan biri bo‘ldi.

Hududiy kesimda tahlil mazkur segmentda faollikning yuqori darajada jamlanganini tasdiqlaydi. Elektromobillar sotuvining asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, bu yerda 29 mingta yangi elektromobil realizatsiya qilingan, ya’ni umumiy hajmning 71%i.

Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati, Toshkent viloyati hamda Qashqadaryo viloyati qayd etildi.

Brendlar va modellar

2025-yilda yangi avtomobillar (yengil tijorat transporti bilan birga) savdosi 427 097 donani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,1% ko‘p. Ishlab chiqaruvchilar orasida yetakchilikni UzAuto Motors saqlab qoldi — 355,3 ming dona avtomobil yoki bozorning 83,2%i.

ADM Jizzakh (Kia, Chery, Haval, Hyundai, Changan) ulushi 10,8% gacha, BYD Uzbekistan Factory ulushi esa 5,6% gacha oshdi. Qolgan kompaniyalar — Asaka Motors, SamAuto, Alyans Auto — jami savdoning 0,4%iga to‘g‘ri keladi.

Eng mashhur model hanuz Cobalt bo‘lib qolmoqda: yil davomida 128,5 ming dona (30%) sotilgan. Ikkinchi o‘rinda Damas — 108,8 ming dona (25,5%), uchinchi o‘rinda Tracker krossoveri — 45,4 ming dona (10,6%). Shuningdek, o‘zbekistonliklar 37,37 ming dona Labo va 33 ming dona Onix xarid qilgan.

Savdo hajmi bo‘yicha eng katta o‘sish Labo va Tracker modellarida qayd etildi — mos ravishda +47,6% va +20%. Damasga talab 2,7%ga, Cobaltniki 1%ga oshgan, Onix savdosi esa 1,9%ga kamaygan.

Boshqa ishlab chiqaruvchilarning top-10 talikka kirgan modellari:

  • Kia Sonet — 19,6 ming dona (2,5 barobar ko‘p);
  • BYD Song Plus DM-i Champion — 7 305 dona (+12,7%);
  • BYD Yuan Up — 6 242 dona (16,4 barobar ko‘p);
  • BYD Chazor Champion — 5 087 dona;
  • Haval M6 — 4 769 dona (2,45 barobar ko‘p).

O‘zbekiston 2030-yilgacha 50 ming fuqaroni Nordik davlatlarga ishga yuboradi

0

Prezident Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, joriy yilda 5 ming, 2027-yilda esa kamida 10 ming aholini yuqori daromadli ishlarga yuborishni topshirdi.

Avvalroq 15-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Prezident fuqarolarga xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topib berish masalasiga to‘xtalib, igari aholi asosan ikki-uchta davlatga borib ishlagan bo‘lsa, hozirda tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilayotganini qayd etdi.

Tahlillar Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatgan. Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o‘zida 3 ming fuqaroni o‘zlari o‘qitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga hamda kamida 2,5−3 ming yevrolik ish bilan ta’minlashga tayyorligi ta’kidlandi. Shvetsiya esa grant asosida ijtimoiy xodimlarni tayyorlab, 2026-yilning o‘zida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.

Prezident Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev hamda O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi Rahmatulla Nurimbetovga 1-aprelgacha Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, joriy yilda 5 ming, 2027-yilda esa kamida 10 ming nafar fuqaroni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish vazifasini topshirdi.

“Umuman, Nordik davlatlar — Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Finlandiya, Islandiya tashqi mehnat migratsiyasida biz uchun yangi yo‘nalish va kamida 500 mln yevrolik mehnat bozori bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, Behzod Musayev, Rahmatulla Nurimbetov hamda Latviyadagi elchi Timur Rahmonovga bir oy muddatda dastur ishlab chiqish vazifasi berildi. Ular 2030-yilgacha 50 ming aholini Nordik davlatlarga ishga yuborish bo‘yicha mas’ul etib belgilandi.

Yig‘ilishda ayrim mamlakatlardagi elchilar tashkiliy tarzda o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilish tajribasini boshqa davlatlar bilan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi. Chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning bu yo‘nalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.