Bosh sahifa Blog Sahifa 31

Kichik biznesga ayrim sug‘urtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

0

Mazkur tartib joriy yil oxirigacha amal qilib, uning doirasida import qilinadigan asbob-uskunalar xarajatlari uchun 11,25 mln so‘mgacha kompensatsiya olish mumkin.

Hukumatning 24-fevral kuni qabul qilingan qarori bilan kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar bo‘yicha xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, import qilinadigan asbob-uskunalarni sug‘urtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50% gacha qismi, biroq BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) dan oshmagan miqdori qoplab beriladi.

Buning uchun arizalar Biznes portal orqali elektron tarzda qabul qilinadi Unda ariza va buyurtmanoma to‘ldirish hamda belgilangan hujjatlarni ilova qil qilish kerak.

Arizalarni Kichik biznesga ko‘maklashish markazi 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Undan keyin xarajatlarning bir qismini qoplash yoki qoplab berishni rad etish to‘g‘risida xulosa chiqariladi hamda talabgor xabardor qilinadi. Xulosani portal orqali elektron taqdim etiladi.

Qabul qilinigan arizalar yuzasidan markaz xulosalarni ilova qilgan holda, hafta yakuni bo‘yicha keyingi haftaning birinchi ish kunida Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga buyurtmanoma yuboradi.

Jamg‘arma taqdim etilgan buyurtmanoma asosida 3 ish kuni davomida xulosada ko‘rsatilgan talabgorning bank hisobvarag‘iga tegishli mablag‘larni o‘tkazib beradi. Mazkur tartib joriy yil yakunigacha amal qiladi.

Ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanmoqda

0

Arizalarni 3-martdan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali bepul jo‘natish mumkin.

Avvalroq prezident farmoni bilan uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, joriy yilning 3-martidan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida arizalarni 3-mart kuni soat 09:00 da boshlab jo‘natish mumkin.

Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirish mumkin. Bunda ariza beruvchi xohishi bilan uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlari kiritilishi mumkin

Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (3,11 mln — 9,24 mln so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7−9,2 baravari (3,11 mln so‘m — 10,62 mln so‘m).

Subsidiya nima beradi?

Subsidiya uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismi budjetdan qoplanishini nazarda tutadi.

Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilanmoqda. Kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 2025-yilgi dastur doirasida Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.

Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga qat’iy belgilangan 30 mln so‘m ajratiladi.

Ariza qanday jo‘natiladi?

Ipoteka subsidiyasi uchun arizalarni Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali mustaqil ravishda onlayn jo‘natish mumkin.

Onlayn ariza topshirishda portalga kirgach, qidiruv tizimiga “ipoteka krediti” kalit so‘zlarini kiritish zarur. Undan so‘ng kerakli sahifa paydo bo‘ladi hamda “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali jarayon boshlanadi. Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi va arizachi haqidagi ma’lumotlar portalda avtomatik ravishda shakllanadi.

Birinchi qadamda ariza yuboruvchi tanlanadi. Agar nomzod o‘z nomidan ariza topshirmoqchi bo‘lsa, “arizachining o‘zi” toifasini tanlashi kerak.

OTM bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi dastur ishga tushiriladi

0

Buning uchun “O‘zmilliybank»ka $100 mln miqdorida moliyaviy resurs beriladi. Mablag‘lar bitiruvchilar tashabbus va g‘oyalarini loyihalashtirishga yo‘naltiriladi.

OTM bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha davlat rahbari 14-fevral kuni tegishli qarorni imzoladi.

Dastur “O‘zmilliybank” tomonidan amalga oshirilib, buning uchun hududlarda autsorsing asosida “Kelajakka qadam” markazlari tashkil etiladi. Buning uchun bankka Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $80 mln ekvivalentida 10 yilga, jumladan, 3 yillik imtiyozli davri bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foizda mablag‘ ajratiladi.

Shu bilan birga, $20 mln ekvivalenti miqdorida beg‘araz mablag‘ taqdim etiladi. Bu pullar talabalarni kasbga tayyorlash va ularning kasbiy amaliyot o‘tash xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Dastur doirasida o‘z biznes g‘oyalarini joriy etish istagidagi bitiruvchilarga g‘oyadan tayyor loyihagacha olib chiqishda hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirishga ko‘maklashiladi.

Shu bilan birga, OTM bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga yordam beriladi. Bunda salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi.

Individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

Barcha OTMlar dasturda ishtirok etishlari mumkin, buning uchun markazlar bilan hamkorlik kelishuvlarini tuzishlari kerak.

14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqotida oliygohlarni tugatayotgan 90 ming bitiruvchi mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalayotgani qayd etilgandi.

Kuvayt kompaniyasi O‘zbekiston farmatsevtika sanoatiga $260 mln investitsiya kiritadi

0

“Gulf Care” beshta hududda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi hamda diagnostika markazlari va laboratoriyalarni ochadi.

O‘zbekiston Kuvaytning uchta farmatsevtika kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kuvaytning “Al Imtiaz Investment Group” kompaniyasi mamlakatda shartnovamiy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Vakillari Toshkentga tashrif buyurgan “Gulf Care General Trading” kompaniyasi bilan to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha $260 mlnlik “o‘zaro manfaatli shartnomalar” imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. “Birinchisi — hududlarda diagnostika markazlarini tashkil etish, ikkinchisi — mamlakatning beshta hududida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, uchinchi yo‘nalish — ta’lim sohasi, jumladan, kadrlarni xorijda o‘qitish va ishga joylashtirish va to‘rtinchi yo‘nalish — diagnostika xizmatini yaxshilashga e’tibor qaratgan holda laboratoriyalar yaratish”, — dedi Abdulla Azizov.

Farmatsevtika agentligi direktori, shuningdek, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan “Kuwait Saudi Pharmaceutical Industries” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi. Tomonlar shartnomaviy ishlab chiqarishni joriy etish orqali MDH mamlakatlarga eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Kuvayt kompaniyasi vakillarining “yaqin 2−3 oy ichida” mamlakatga tashrifi kutilmoqda.

“Gulf Care General Trading” rahbari Iyad as-Solih O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga birinchi bosqichda $260 mln sarmoya kiritish rejalari haqida so‘z yuritdi. Mablag‘lar Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Sirdaryo va boshqa hududlarda “yirik loyihalar»ni amalga oshirish imkonini beradi.

Ayrim dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

0

Mahallalarda aholi tomorqalarida amalga oshirilgan namunali va innovatsion loyihalar uchun 37,5 mln so‘mgacha grantlar ajratiladi.

Prezidentning 14-fevraldagi farmoni bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi O‘zbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlandi.

Bandlik vazirligiga aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklaridagi yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil ma’lumotlar bazasini shakllantirish vazifasi berildi.

Vazirlik tuman va mahallalarning ixtisoslashuv bo‘yicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni “yashil” va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash va ularni kambag‘allikdan chiqarishni amalga oshiradi. Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash tuzildi.

Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Bandlik vazirligi huzurida Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyaviy yordam taqdim etiladi.

Har yili 500 ta mahallada bittadan aholi tomorqasida amalga oshirilgan eng namunali va innovatsion loyiha uchun grantlar ajratiladi. Bunda loyiha qiymati BHMning 100 baravari (37,5 mln so‘m) dan oshmasligi kerak.

Usta dehqonlar tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun har bir kursga BHMning 15 baravari (5,625 mln so‘m) gacha subsidiya beriladi. Muayyan mahalladagi 50% xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan usta dehqonlarga 100 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchilarga banklar orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash, quritish, saqlash va qadoqlash loyihalari uchun kreditlar taqdim etiladi. Mablag‘lar 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 5 foiz bank marjasi) beriladi.

Shuningdek, aholi tomorqalari va ijara yerlarida ixcham muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash, quritish va qayta ishlash uskunalari, tayyor holdagi issiqxonalar 24 oylik imtiyozli davr bilan 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti asosida lizingga beriladi.

Yoshlarning startap loyihalariga 2 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi

0

Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

14-fevral kuni yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. U Yoshlar ishlari agentligi huzurida bo‘ladi.

Jamg‘arma mablag‘lari belgilangan manbalar hisobidan $100 mln ekvivalentiga teng summaga yetkaziladi. Uning faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi kamida 50 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilishdir.

Belgilangan daryo, kanal va sohil bo‘ylarida xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar va dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha biznes loyihalarni joylashtirish uchun o‘rnatilgan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish orqali yer uchastkalari ajratiladi.

Jamg‘arma huzurida ustav fondi $10 mln ekvivalentiga teng venchur jamg‘arma tashkil etiladi. U yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini moliyalashtirib boradi. Venchur jamg‘arma inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan tanlovlarda g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan loyihalarga 2 mlrd so‘mgacha investitsiya mablag‘larini ularning ustav fondiga ulush sifatida kiritish orqali ajratadi.

Mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taqdim etiladi:

  • istiqbolda muvaffaqiyatga erishish salohiyati yuqori bo‘lgan namunaviy modelni ishlab chiqish jarayonidagi startap loyihaga — 500 mln so‘mgacha;
  • O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan startap loyihaga — 1 mlrd so‘mgacha;
  • xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan startap loyihaga — 2 mlrd so‘mgacha.

Savdo-sanoat palatasi hamda joylardagi hokimliklar jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan biznes loyihalarning rivojlanishiga ko‘maklashish uchun shaxsan mas’ul etib belgilanadi. Shuningdek, har chorakda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi biznes loyihalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga takliflar kiritib boradi.

14-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Uning doirasida Tadbirkor yoshlarga 2,5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.