Bosh sahifa Blog Sahifa 3

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro savdo 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkaziladi

0

26-mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Tojikiston prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida taʼkidladi.

“Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi, O‘zbekiston — Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilg‘or tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yig‘ilishda tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini tahlil qildi hamda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston — Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta surʼat bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qildi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hisobiga qariyb $1 mlrdga yetdi.

Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa ko‘plab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani aytildi. Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilib, yuk tashish hajmi jadal o‘sib borayotgani qayd etildi.

2030-yilga kelib, o‘zaro savdoni $2 mlrdga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinmoqda.

Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya kompaniyasining kapitalini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, bugun ikki mamlakat hududida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.

Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa ko‘plab sohalardagi sheriklik atroflicha ko‘rib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Yetakchilar hududlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish, gumanitar, taʼlim va ilmiy almashinuvlarni rag‘batlantirishga kelishib oldi.

Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif qilindi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama tuzilmalar va mintaqaviy formatlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislari — ikki mamlakat Bosh vazirlarining hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yakunda erishilgan kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishini taʼminlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilandi.

Choʻntak kutubxona: telefonda kitob oʻqish uchun eng qulay 8 ilova

0

Kitobni qo‘lda tutib varaqlash albatta boshqa gap, ammo telefonimiz endi cho‘ntakdagi butun bir kutubxona bo‘lib qolgani ham bor gap, undan foydalanish kerak. O‘zingiz xohlagan joyda, xohlagan vaqtda o‘qish imkoniyati — ajoyib emasmi? Telefon uchun bunday ilovalar juda koʻp, keling shularning ichidan Afisha muharriri versiyasi boʻyicha eng yaxshi 8 tasini koʻrib chiqamiz. Oxirida esa bitta bonus bor.


Mutolaa

Bu ilovani o‘zimizniki deb aytsa bo‘ladi. O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqilgan, elektron, audio va hatto video kitoblar jamlangan platforma. Mutolaa nafaqat klassik adabiyotlar, balki zamonaviy o‘zbek yozuvchilarining yangi asarlarini ham taklif qiladi.

Ko‘z uchun qulay tungi rejim, shriftni kattalashtirish kabi funksiyalari bor. Ilovada premium tarif sotib olish mumkin, u bir nechta qulayliklar beradi: ayrim adabiyotlarni bepul oʻqish, faollikni kuzatib boruvchi statistika, audio kitoblarni oflayn rejimda eshitish imkoniyati va ularga tovushbezak qoʻshish funksiyasi va boshqalar. “Market” boʻlimi orqali ayrim kitoblarni alohida sotib olish mumkin.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Яндекс Книги

Mashhur Bookmate platformasining Yandex brendi ostidagi versiyasi. Bu yerda elektron va audiokitoblar bir joyda. O‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun eng yaxshi afzalligi katta xalqaro katalog. Shriftlarni sozlash, tungi rejim va kitobni audio shaklga o‘tkazib tinglash imkoniyati bor.

Ilovada bir kitobni audio eshitsang, uning matnli varianti avtomatik sinxronizatiya qilib boriladi. Ya’ni siz oʻqiyotgan joyingizdan audio variantda davom ettirishingiz mumkin boʻladi.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Litres: Books and Audiobooks

Rossiyadan chiqqan yana bir yirik platforma. Uning o‘ziga xosligi — nafaqat badiiy adabiyot, balki darsliklar, qo‘llanmalar, ilmiy va amaliy kitoblar ham mavjud. Ko‘z uchun qulay boʻlsinga fon rangini o‘zgartirish, shriftni moslash kabi imkoniyatlar mavjud. O‘zbek foydalanuvchilari orasida “audio-kitob” funksiyasi sabab mashhur.

Ushbu ilovada asosan rus tilidagi kitoblar bor. Ilovada xuddi yuqoridagidek funksiya bor: audio va tekst oʻrtasidagi sinxronizatsiya. Unda hatto podkastlar ham tinglash mumkin.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Google Play Books

Bu ilova Android foydalanuvchilarning ko‘pchiligida allaqachon o‘rnatilgan boʻladi. Kutubxonaga o‘z PDF va EPUB fayllaringni yuklab o‘qish imkoniyati ham bor. “Night Light” funksiyasi kechasi ko‘zni charchatmaydi. Oddiy interfeysi sabab bu ilova ko‘pchilik uchun “birinchi qadam” bo‘lib xizmat qiladi.

Agar telefoningizda ilova boʻlmasa, bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.


Apple Books

Navbat “tishlangan olma” foydalanuvchilariga. Ular uchun ham maxsus ilova bor. Ushbu ilova keng kutubxona va imkoniyatlarga ega. Masalan, Books ilovasini bir ekotizimdagi istalgan gadjetda ishlatishingiz mumkin.

Ilovada audiokitoblar va elektron kitoblarni bir joyda topish, sotib olish, tinglash va o‘qish mumkin. Tanlangan to‘plamlar, eng sara audiokitoblar va eng sara elektron kitoblarni ko‘rib chiqishingiz va hatto moslashtirilgan tavsiyalarni olishingiz mumkin. Agar ilovani qurilmangizda topa olmasangiz, bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.


Amazon Kindle

Elektron kitob deyilganida eng birinchi esga tushadigan ilova. Kindle’da millionlab kitoblar mavjud. Foydalanuvchilar uchun asosiy afzallik — sinxronizatsiya: masalan, telefonda boshlangan kitobni planshet yoki kompyuterda xuddi shu sahifadan davom ettirish mumkin. Ko‘z uchun sozlamalar juda keng — shrift, fon, satrlar oralig‘i, hatto maxsus “sepia” rejimi ham bor. Xuddi shunday nomdagi bukrider ham bor, buni bilsangiz kerak.

Afsuski, hozirgi kunda bu ilova PlayMarket’da Oʻzbekiston hududi uchun mavjud emas, ammo AppStore orqali yuklab olishingiz mumkin.


ReadEra

Android foydalanuvchilari uchun haqiqiy topilma. Reklamasiz, bepul va ko‘p formatlarni (EPUB, FB2, PDF, DOCX va boshqalar) qo‘llab-quvvatlaydi. Dizayni oddiy, ammo ilovaning oʻzi juda tezkor. Foydalanuvchilar uni “kitobxonning eng yaxshi do‘sti” deb atashadi.

Ilovani yuklab olish uchun: PlayMarket | AppStore


Asaxiy Books

Toʻplamni oʻzbekcha ilovadan boshladik, endi shundayi bilan tugatishimiz ham kerak. Tavsiyalarimizning soʻnggisi — Asaxiy Books ilovasi. Ushbu loyihaning kitoblari koʻpchilikka yaxshi tanish. Agar qogʻoz variantini oʻqishga imkoningiz boʻlmasa yoki elektron kitob oʻqish qulayroq boʻlsa, uning ilovasidan foydalanishingiz mumkin. Unda koʻp kitoblarning audio variantlari ham bor.

Ilovani yuklab olish uchun: PlayMarket | AppStore


Bonus — GoodReads

Kitobni o‘qib bo‘lgach, uni baholash yoki do‘stlaringiz bilan muhokama qilishni xohlaysizmi? Demak, Goodreads’dan foydalanishingiz kerak. Bu — ijtimoiy tarmoq va kutubxona birlashmasi. Kitob tavsiyalari, “reading challenge” funksiyalari uni kitobxonlar orasida mashhur qilgan. O‘qish funksiyasi emas, balki kitoblar atrofidagi suhbatlar uchun afzal.

Yangi Toshkentdagi “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi.

Maʼlumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha toʻliq roʻyobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.

Maydoni 32 gektar boʻlgan “Buyuk Ipak yoʻli” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri boʻlishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va taʼlim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma obyektlari quriladi.

Konsepsiyaga koʻra, majmua hududida Buyuk Ipak yoʻli bilan bogʻliq turli sivilizatsiyalarga bagʻishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yoʻli boʻyida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Taqdimotda Oʻzbekiston mahallasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir koʻcha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik sohalaridagi ulkan yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham koʻrib chiqildi.

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi Oʻzbekistonda Imom Moturidiy merosiga eʼtibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik taʼlimotiga bagʻishlangan boʻlimlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulugʻ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish boʻyicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va maʼrifiy tajribani taklif etish koʻzda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bagʻishlanadi.

Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatimizga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.

Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Prezident Yangi Toshkentda musiqali favvora loyihasi bilan tanishdi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda aholi uchun zamonaviy jamoat makonlari, koʻngilochar va madaniy hordiq maskanlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu kabi loyihalar shaharlar qiyofasini boyitish, aholi uchun qulay dam olish muhitini yaratish, shuningdek, mahalliy va xorijiy mehmonlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi.

Yangi Toshkentda qariyb 8 gektardan iborat maydonda musiqali favvora majmuasi barpo etish rejalashtirilgan.

Loyihaga koʻra, suv yuzasining umumiy maydoni 6,3 gektarni tashkil etadigan havzada 1,5 gektar maydonda suv, musiqa va yorugʻlik uygʻunligidagi shoularni oʻtkazish imkonini beradigan favvora barpo etiladi. Majmua tarkibida suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma boʻladi.

Favvora radiusi 185 metr boʻlgan, 360 darajali suv ekranini hosil qilish hamda uning yuzasida turli tasvirlarni proyeksiya qilishga qodir boʻladi.

Shuningdek, yuqori quvvatli lazer nurlari, dinamik suv kompozitsiyalari va turli vizual effektlardan foydalanish rejalashtirilgan. Nasos, elektr, lazerli proyeksiya va boshqa texnik tizimlar yer ostidagi ikki qavatli inshootda joylashtiriladi.

Suv havzasi atrofida yashil hududlar hamda xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Ushbu majmua Yangi Toshkentning eng diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishi, shaharning meʼmoriy qiyofasini boyitishi va turli madaniy tadbirlar, bayram hamda festivallar uchun yana bir zamonaviy maskan boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihaning mazmun-mohiyati, texnik yechimlari va hududni kompleks obodonlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini sifatli tashkil etish muhimligini taʼkidladi. Shu bilan birga, ayni hududda joriy yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan shou tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish zarurligi qayd etildi.

Yangi Toshkentdagi zamonaviy futbol stadioni qurilishi jadal davom etmoqda

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Yangi Toshkentda barpo etilayotgan yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadionining qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Ushbu zamonaviy sport majmuasiga oʻtgan yilning 11-noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan tamal toshi qoʻyilgan edi.

Ayni paytda oʻyingoh qurilishi jadal davom etmoqda. Jumladan, yerni tekislash ishlari toʻliq yakunlangan. Poydevor quyish ishlari toʻqson besh foizga bajarilgan. Qurilish joyiga metall-konstruksiya materiallari bosqichma-bosqich keltirilmoqda.

Qayd etish kerak, keyingi yillar mamlakatimiz futbol sohasida tub burilish davri boʻldi. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va oʻsmirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat koʻrsatmoqda.

Maʼlumki, 2017-yilda yurtimizda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta boʻlgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.

Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari taʼmirlanib, 1 milliondan ziyod oʻquvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Yoshlar oʻrtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini anʼanaviy oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Bu saʼy-harakatlar oʻz natijasini bera boshladi.

Futbol boʻyicha olimpiya terma jamoamiz Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tariximizda birinchi marotaba milliy terma jamoamiz joriy yilda boʻladigan jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Oʻtgan yilning 2-oktabr kuni FIFA Kengashi yigʻilishida futbol boʻyicha 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida 2027-yildagi jahon chempionatini Oʻzbekiston va Ozarbayjonda oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Ushbu jahon chempionati doirasidagi oʻyinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda oʻtkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final oʻyinlari sigʻimi 50 mingdan koʻp boʻlgan stadionda oʻtkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni shu maqsadda qurilmoqda. Qiymati 100 million dollarlik ushbu oʻyingoh qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilgʻor gʻoyalar markaziga aylanadi.

Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etilmoqda. Majmua Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri boʻladi.

Mazkur inshoot nafaqat 2027-yilgi 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun oʻzbek futboli va yoshlar sportining kelgusi rivoji uchun xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbariga qurilish jarayoni haqda batafsil ma’lumot berildi.

55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Yangi Toshkent stadioni 6 qavatli bo‘ladi, unda nafaqat sportchilar, balki tashrif buyuruvchilar va matbuot xodimlari uchun ham keng qulayliklar yaratiladi. Tomoshabinlar stadionga tez fursatda kirib-chiqishlari uchun o‘ndan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Hududda yana qo‘shimcha 3 ta mashg‘ulot maydoni bo‘ladi. Stadion yaqinida metro bekati barpo etiladi. 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh quriladi.

Prezidentimiz bunday katta sig‘imli yopiq stadion mamlakatimizda ilk bor bunyod etilayotgani uchun har bir jihatga ahamiyat berish zarurligini ta’kidladi. Stadion atrofini obodonlashtirish ishlarini hozirdan rejalashtirib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi.

Biznes uchun 10 eng muhim maslahatlar

0

IKEA, Amazon, Airbnb asoschilaridan va boshqa taniqli tadbirkorlarning hayot darsliklarini siz bilan bo’lishamiz.

1.Ingvar Kamprad, IKEA asoschisi

Biznesda asosiy narsa – bu sevgidir. Agar siz odamlarning sevgisini qozonmasangiz, siz ularga hech narsa sotolmaysiz.

Manba: Leading by Design: The Ikea Story, 1999.

IKEA dunyodagi eng yirik mebel va uy-ro’zg’or tarmoqlaridan biridir. Iste’molchilarning sevgisiga ega bo’lmaganida edi, kompaniya katta muvaffaqiyat qozonolmas edi. Bunga Shvetsiya frikadelkalari, nonlari, kulgili o’yinchoqlari va noodatiy mahsulot nomlari yordam bergan bo’lishi mumkin. IKEA ning tashqi sotuvchilari yo’q, do’konning o’z mahsulotlarni sotadi. Buni amalga oshirish uchun kataloglar, cheksiz labirint shaklidagi zal va qolishni istaydigan qulay interyerlar mavjud.

2. Opra Winfrey, tarixdagi birinchi qora tanli milliarder

Qila olmayman deb o’ylayotgan narsalarni qiling. Muvaffaqiyatsizlikga uchrang. Yana bir bor urinib ko`ring. Ikkinchi marotaba hamma narsa yaxshi bo’ladi.

Manba: 23 Leadership Tips From Oprah Winfrey, Forbes, 2013.

Hozir Opra Winfrey – Qo’shma Shtatlardagi eng boy va eng nufuzli ayollardan biri. Ammo uning muvaffaqiyatga erishish yo’li – doimiy ravishda yengishdir. U kambag’al oilada tug’ilgan. U ota-onasiz qolgan, buvisi bilan yashab, deyarli maktabga bormagan. 13 yoshida Opra isyon ko’tarib, uydan qochib ketgan. U 14 yoshida tug’adi va tez orada bolasini yo’qotadi.

Shundan keyin Opra o’z hayotini o’zgartirishga va’da berib, o’qishlarini davom ettirdi va eng yaxshi talabalar qatoriga kirdi. Uning g’ayrati va iste’dodi tufayli u universitetga o’qishga kirdi va Nashvilladagi birinchi qora tanli ayol teleboshlovchi bo’ldi. U o’z dasturini Opra Winfrey Shou deb ochdi. Teleboshlovchining so’zlariga ko’ra, eng muhimi, qanday bo’lsangiz shunday bo’ling va muvaffaqiyatsiz bo’lishdan qo’rqmang.

3. Brian Tracy, muvaffaqiyat psixologiyasi mutaxassisi

Eng aqlli biznes qaror – bu malakali xodimlarni ishga olishdir. Kompaniyaning kerakli insonlari biznes muvaffaqiyatining 95% ni tashkil qiladi.

Manba: How the Best Leaders Lead: Proven Secrets to Getting the Most Out of Yourself and Others, 2009.

Kompaniyadagi eng asosiy narsa xodimlardir. Ularning yordami bilan o’z biznesingiz ishlamoqda. Shuning uchun, ishga yollashda shoshilmang va sizga kimga kerakligini aniq belgilab oling. Yaxshi ish sharoitlarini yarating: moslashuvchan ish soati, qulay ofis, masofadan ish olib borish imkoniyati. Kompaniyada ochiqlik va o’zaro hurmat tamoyillari asosida muloqot qiling.

Noma’qul xodimlarni ishga olish, qimmatga tushadi. Odatda, kompaniyalar uzoq vaqt kutishadi va bunday odamlarni ishdan bo’shatish vaqtini cho’zishadi. Xodim mehnat qilayotganda u hech qanday foyda yoki daromad keltirmaydi. Shuning uchun buni amalga oshirish kerakligini tushunib, tezda va pushaymon bo’lmasdan ishdan bo’shatish kerak.

4. Donald Trump, tadbirkor va AQSH prezidenti

Agar odamlarga o’z muvaffaqiyatingiz haqida gapirmasangiz, ular bu haqida bilishmaydi.

Manba: Trump: How to Get Rich, 2004.

Trump Amerikaning Forbes ro’yxatiga ham kiritilmagan, biroq dunyodagi eng mashhur tadbirkorlardan biri hisoblanadi. Bu bilan u pulga emas, balki iste’dodga muhtojdir. Trump o’z ismini brendga aylantirdi: uning kompaniyasi “Trump Organization” deb ataladi, “Trump Ice” ichimlik suvi, “Donald Trump” parfyum suvi va “Visa Trump” bank kartasini ishlab chiqdi.

Tadbirkor baland ovozda gapirish, televideniyada chiqishga va shouman kabi harakat qilishdan uyalmas edi. Uning prezidentlik poygasida ishtirok etishi va Qo’shma Shtatlar prezidenti sifatida faoliyat yuritishi bu boshqa dalil. O’zingiz va biznesingiz haqida gapirishdan qo’rqmang: har bir kishi bilan erishilgan yutuqlar va muvaffaqiyatlaringizni bo’lishing, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’ling.

5. Richard Branson, Virgin Group ning asoschisi va sayyoradagi eng boy odamlardan biri

Muvaffaqiyatga erishish uchun harakat qiling, lekin intimozli bo’ling. Hech qachon aldamang va sizga uyqu bermaydigan narsalarni qilmang.

Manba: Screw It, Let’s Do It: Lessons in Life and Business, 2006.

Siz mahsulotlarni arzon narxda ishlab chiqarishingiz mumkin, lekin tabiatga ham zarar yetkazishingiz mumkin. Siz xodimlarni ortiqcha ishlatishingiz mumkin, ammo ularni baxtsiz qilasiz. Siz aldab kamroq soliqlar to’lab, davlatni aldashingiz mumkin. Tadbirkorlarda ijtimoiy mas’uliyat yotadi, shuning uchun ular biznesni oqilona qilishlari va “zarar yetkazmaslik” tamoyiliga amal qilishlari kerak.

Bransonning fikriga ko’ra, siz dunyoni yaxshiroq joyga aylantirib, foyda ko’rishingiz mumkin. Uning o’zi ham shunday qiladi. Uning kompaniyasi, global isish va karbonat angidrid chiqindilarini ko’payishi bilan kurashadi, xayr-ehsonlar uchun mablag’ ajratadi va ta’limga sarmoya kirgizadi. Bularning barchasi Bransonning muvaffaqiyatli biznes qurishiga to’sqinlik qilmaydi.

6. Bill Geyts, amerikalik tadbirkor, Microsoft yaratuvchisi

Sizda yashashga 500 yil qoldi deb yashashni to’xtating.

Manba: 24 inspiring quotes from Bill Gates, who turns 60 today, Buisness Insider, 2015.

Vaqtni behuda o’tkazmang. Har bir bekor o’tgan soniya – bu o’tkazib yuborilgan imkoniyatdir. Maqsadlaringizni aniq belgilang, kuningizni rejalashtiring va har doim maksimal rejangizni bajarishga urinib ko’ring.

Geyts, Garvard universitetida darsda vaqt sarflashni xohlamagani sababli, Garvarddan haydalgan. 1978-1984 yillar mobaynida u birinchi marta o’z biznesini boshlaganida, 6 yil mobaynida u faqat 15 kun dam olar edi. U ofisda ishlagan, vaqtida o’zini chalg’itish uchun kinoga borgan. U har yili 50 ta kitoblarni o’qiydi, bu o’rtacha haftada bir martadir. Maqsadga erishish, mashaqqatli mehnat va mashaqqatli ish Geytsni sayyoradagi eng boy odamga aylantirdi.

7. Jeff Bezos, amerikalik tadbirkor, Amazon asoschisi

Muvaffaqiyatli kompaniya tuzishning ikki yo’li mavjud. Birinchisi, xaridorlarni qimmatbaho buyumlar sotib olishga ishontirish uchun juda ko’p ish qilishdir. Ikkinchisi, iste’molchilarni arzon narxda sotib olish uchun juda ko’p ish qilish. Ularning ikkalasi ham ishlaydi, lekin biz ikkinchisini afzal ko’ramiz.

Manba: Jeff Bezos owns the web in more ways than you think, Wired, 2011.

Amazon Internet orqali mahsulot va xizmatlarni sotadigan dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Veb-xizmat onlayn chakana savdoning yarmiga to’g’ri keladi. Jeff Bezosning strategiyasi tufayli kompaniya juda mashhur bo’lib ketdi: u qisqa muddatli foydani ta’qib qilmadi, balki rivojlanishga sarmoya kiritdi va yangi bozorlarni egalladi.

Raqobatchilar bilan raqobatlashish uchun Amazon bepul yetkazib berish va xaridor mahsulotni arzon deb topsa, narxni pasaytirar edi. Ushbu strategiya Amazonga eng kam daromad keltirdi, lekin mijozlar va bankrot raqobatchilar sonini oshirishga imkon berdi. Natijada, 10 yil davomida Amazon aktsiyalari 30 barobar o’sdi va Jeff Bezos zamonaviy tarixda eng boy odam bo’lib, Bill Geytsdan o’ta oldi.

8. Jeff Sazerlend, amerikalik dasturchi va Scrum kompaniyasi boshlig’i

Vizitkalar haqida unuting. Lavozim va unvonlar bu bo’sh belgilar. Siz haqingizda qilayotgan ishingiz aytishi kerak.

Manba: Scrum: The Art of Doing Twice the Work in Half the Time, 2014.

Rahbarning darajasi qanchalik baland bo’lsa, unda u ishning murakkabligi haqida biladi. Shuning uchun menejerning asosiy vazifasi – ierarxiyadan xalos bo’lish, xodimlarga ishonish va ularning harakat erkinligini ta’minlashdir. Ularni doimo tekshirib turadigan menejeri bo’lmagan yuqori darajali mutaxassislar ishtirokidagi jamoa ishni yaxshi va tez bajaradi.

Kompaniyadagi ierarxiya va qat’iy tuzilma nazorat qilish tasavvurini yaratadi va bu narsa amalda ishlamaydi: loyihalar kechiktiriladi, muddatlar tugaydi va xodimlar o’zlarining ishlaridan norozi bo’ladilar.

9. Uorren Baffet, amerikalik tadbirkor va investor

Siz qanchalik qobiliyatli va mehnatkash bo’lsangiz ham, ba’zi narsalar vaqt talab etadi.

Manba: 11 Warren Buffett quotes that’ll make you a smarter investor, Yahoo Finance, 2018.

Rivojlanishning eng ishonchli usuli o’z sarmoyangizga sabr-toqat qilishdir. Shuning uchun ham Amerikalik investor Uorren Baffett, Forbes ro’yxatida uchinchi o’rinni egallaydi. O’z investitsiya va salohiyati tufayli u boylik orttiradi.

Uzoq muddatda muvaffaqiyat qozonish uchun siz doimo sabr-toqatli bo’lishingiz kerak. Misol uchun, agar aktsiyalar qimmatga tushsa va qisqa muddatda ular sotilmasa vahimaga tushmang. Baffet o’zining shaxsiy tajribasidan tushundiki, 11 yoshida o’zining birinchi aktsiya paketini sotib oldi va tez orada kichik daromad olish uchun ularni sotadi. Bir necha kundan keyin ular qimmatlashdi, agar u kutganida, u besh barobar ko’p pul topar edi.

10. Brian Cesky, Airbnb asoschilaridan biri

Bola kabi qiziqish, yashash va o’ylash kerak. Bu tadbirkorning eng muhim xususiyatidir. Men hali yoshligimga qaramay, men doimo mendan ham yosh insonlar nima qilayotganiga e’tibor qarataman.

Manba«100 величайших бизнес-умов по версии Forbes», 2017.

Empatiya, qiziqish va qiyinchiliklarda imkoniyatlarni ko’rish – Brian Chesky ning asosiy xislatlaridan biri. U boshqalarning ko’zida kulgili ko’rinishidan qo’rqmaydi, u doimo o’rganadi. Misol uchun, bolalik davrida, Brian xokkey o’ynashni boshlaganda, u hatto uxlash vaqtida hokkey asbob-uskunalari bilan ajralishni xohlamagan. U rasmga qiziqqan paytda, san’atkorlarning suratlarini soatlab nusxalashtirgan. U maktabdagi sport musobaqasida nutq so’zlamoqchi bo’lganida, voqea oldidan stadion oldiga kechasi kelgan edi.

Huddi, shu ehtirosli tadbirkor Airbnb bilan qiziqqan. Bir necha oy davomida u xizmatni yaxshilash uchun faqat ijaraga olingan kvartiralarda yashadi, qonunni o’zgartirish uchun mahalliy hokimiyat bilan uchrashdi va biznesni noldan qanday boshlashni o’rgandi. Endi Airbnb 191 mamlakatda 65 ming  shaharlar uylarni taklif qiladi. Xizmat 40 milliondan ortiq odam tomonidan ishlatiladi va kompaniya kapitallashuvi 25 milliard dollardan oshdi.