Bosh sahifa Blog Sahifa 2

Trade-in orqali yangi avtomashina xarid qilishda avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi

0

Prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan Toza havo loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan eski avtomobillarini yangisiga almashtirish istagida bo‘lgan fuqarolarga avtokreditlar uchun yengilliklar berish ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, 1-avgustdan trade-in dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.

Yil oxirigacha Ekologik transport tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqiladi.

Noyabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan hududlarda ekologik zonalar tashkil etilishi belgilangandi. Ushbu tartib kuchga kirgandan keyin, ekologik zonalarda maxsus yo‘l belgisi o‘rnatiladi, “o‘rta” va “zararli” toifadagi, shuningdek ekologik stikeri bo‘lmagan avtomobillarning harakati taqiqlanadi. Qoidabuzarlik javobgarlikka sabab bo‘ladi.

1-apreldan chang bo‘ronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor»lar barpo etish boshlanadi.

2024-yilning mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan aholiga “zararli” toifadagi avtomobillarni “toza” toifadagilariga almashtirish uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritish topshirilgandi.

Joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanib, ular davlat ro‘yxatidan chiqarildi.

Fevral oyida tasdiqlangan davlat dasturida 20−25 yil davomida foydalanilgan eski transport vositalarini zamonaviy xavfsizlik va ekologiya talablariga javob beradigan avtomobillarga almashtirishni rag‘batlantirish choralari ishlab chiqilishi aytilgandi. Bunda yangi avtomobil xaridida fuqarolarga chegirmalar, soliq imtiyozi va boshqa moliyaviy yengilliklar ko‘zda tutilishi belgilangan.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi qoplab berilishi mumkin

0

Davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga uy-joy va ta‘lim xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etilishi mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida keltirilgan.

Unga ko‘ra, har yili 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joy uchun dastlabki badalning 25%i qoplab beriladi.

Shuningdek, xodimlarning farzandlari uchun OTM bakalavriat bosqichida yillik kontrakt summasining 30%i miqdorida kompensatsiya berilishi rejalashtirilmoqda. Bunda to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan (6,18 mln so‘m) oshmasligi kerak.

2026-yildan boshlab xodimlar uchun barcha turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar ikki barobarga kamaytiriladi.

Mazkur xarajatlar Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Ipoteka subsidiyalari subsidiya.mf.uz tizimi orqali tanlov asosida ajratilib, yakuniy reyestrlar shakllantiriladi.

 

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligi banklar bilan birgalikda tegishli axborot tizimlarini Elektron hukumat platformasiga integratsiya qiladi.

Uy-joy uchun subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmati Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, FHDY axborot tizimi orqali subsidiya.mf.uz platformasida ariza beruvchi va uning farzandi o‘rtasidagi qarindoshlik munosabatlari avtomatik tarzda tekshiriladi.

Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 9-apreligacha qabul qilinadi.

Kunchiqar mamlakatda o‘zbek nafasi: Tokioda biznes va an’analar uchrashdi!

0

Joriy yilning 28-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti universitetida bo‘lib o‘tgan «Vatandoshlar xalqaro biznes marafoni» shunchaki tadbir emas, haqiqiy motivatsiya maydoniga aylandi.

Dastlab spikerlar birin-ketin sahnaga chiqib, biznesning «sir-asrorlarini» ochishdi, o‘z tajribalari bilan bo‘lishishdi.

Keyin ishtirokchilar bilan savol-javoblarga o‘tildi. B2B uchrashuvlarda esa yangi hamkorlik aloqalari va kelajak loyihalariga poydevor qo‘yildi.

Va eng asosiysi… Yaponiya markazida sumalak hidi taraldi! Madaniy tadbir doirasida pishirilgan sumalak barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Barcha suratlarni tomosha qilish

Oracle O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkin

0

AQSHning Oracle kompaniyasi O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga xizmat safari doirasida Oracle kompaniyasining hukumat ishlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Ellison O‘Brayen bilan uchrashdi

Uchrashuvda “O‘zbekiston-2030” raqamli transformatsiya strategiyasi, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va bulutli texnologiyalar bozori masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar bulutli xizmatlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda keng joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Bu, o‘z navbatida, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, IT-xizmatlar eksportini oshirish va mahalliy startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

2025-yil yanvar oyida orezident “bulutli” (Cloud) texnologiya asosida ishlovchi ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirgandi.

Unga ko‘ra, bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Kiberxavfsizlik markaziga topshiriq berildi. 2025-yilning mart oyigacha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Bunda takliflar shaxsga doir hamda maxfiy ma’lumotlarni va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni ta’minlagan holda ishlab chiqilishi belgilangan.

Dekabr oyida prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida “TBC Bank Group»ning xalqaro biznes bo‘limi rahbari Oliver Xyuz davlat rahbariga bank ma’lumotlarini saqlash talablarini yumshatish taklifini bildirgandi.

Oliver Xyuz banklarga o‘rnatilgan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini saqlash bo‘yicha qat’iy talablar mamlakatda texnologik kompaniyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini qayd etdi.

Undan keyin, 27-dekabr kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Oracle— bulutli infratuzilma (OCI), korporativ dasturiy ta’minot (ERP, HCM, SCM) va relyatsion ma’lumotlar bazasini boshqarishning flagman tizimiga ixtisoslashgan yetakchi transmilliy texnologiya kompaniyasidir. 1977-yilda tashkil etilgan kompaniya bank, sog‘liqni saqlash va chakana savdo kabi sohalar uchun sun’iy intellektga asoslangan, integratsiyalashgan bulutli ilovalarni taqdim etadi.

O‘zbekistonda yangi xarid qilingan uy-joy uchun keshbek qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi

0

O‘zbekistonda yangi qurilgan uylardan ko‘chmas mulk sotib olinganda keshbek joriy etish taklifi ishlab chiqildi. Bu haqda 27-mart kuni Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev media-muloqotda ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tayyorlangan hujjat loyihasiga yangi uylardan ko‘chmas mulk xarid qilinganda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish taklifi kiritilgan. Hozirda hujjatning tartibi va tafsilotlari muhokama qilinmoqda, yakuniy bosqichga yaqinlashgan.

“Faqatgina aniq tartibni belgilab beradigan ayrim tafsilotlar qoldi: QQSni qaytarish foizi, qiymatning qaysi qismiga, qaysi uylarga nisbatan qo‘llanishi va aynan qachon — qabul qilish-topshirish dalolatnomasi deb ataladigan xavfsizlik talablariga muvofiqlik to‘g‘risidagi xulosa olingandan keyinmi yoki to‘lov amalga oshirilgan vaqtdami, degan masala qolgan. Bu jihatlar muhokama bosqichida. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda ushbu keshbekka oid hujjatlar e‘lon qilinadi”, — dedi Abdiyev.

Spot muxbirining qaytarish miqdori haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga javoban Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari foiz stavkasi bo‘yicha hali aniq taklif yo‘qligini, hukumat esa 3−4 ta variantni ko‘rib chiqayotganini ta‘kidladi.

Uning aytishicha, QQS qaytarilishi, odatda, 3−6% ni tashkil etadigan samarali foiz stavkasiga yaqin miqdordan kelib chiqib hisoblanadi. “Ammo bu masala bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmadi”, — deya ta‘kidladi mansabdor shaxs.

2025-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha birinchi navbatdagi choralar qatorida fuqarolar tomonidan qurilish tashkilotlaridan yangi ko‘p qavatli uylardagi turar va noturar joylarni banklar orqali sotib olishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining bir qismini keshbek sifatida qaytarish ko‘zda tutilgan.

2026-yil 1-fevralga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga uy-joy xaridida keshbek joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilgan edi.

O‘tgan yozda Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov fuqarolarga uy-joy sotib olishda soliq keshbekini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma‘lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joylarning atigi 10% ga yaqini QQS bilan, qolgan 90%i esa QQSsiz sotib olinmoqda.

“Jismoniy shaxslar uchun 4−5% lik [soliq] keshbekini joriy etish haqida o‘y-fikrlar bor, shunda ular quruvchiga murojaat qilib, [oldi-sotdi bitimi summasidan] 5−6% miqdorida keshbek olish uchun hisobvaraq-fakturani talab qilishadi. Balki bu [qurilishdagi yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq] vaziyatni o‘zgartirishga yordam berar?”, — deya savol bilan yuzlandi u.

2026-yil 1-apreldan boshlab qiymati 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan barcha tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat bank kartalari hamda to‘lov servislar orqali qabul qilinishi shart. Shuningdek, ko‘chmas mulk xaridi ham faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.

Janubiy Koreyada «Vatandoshlar» xalqaro biznes marafoni ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi!

0

Joriy yilning 26-mart kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida «Vatandoshlar» xalqaro biznes marafoni bo’lib o’tdi.

Mazkur tadbir nafaqat biznes aloqalarni mustahkamlash, balki vatandoshlar o‘rtasida samimiy muloqot maydonini yaratish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida tajribali spikerlar o‘z muvaffaqiyat sirlari va biznes strategiyalari bilan o‘rtoqlashdi. B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Savol-javob sessiyasi yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi — ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob olishdi.

Tadbirning badiiy qismidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishlab, uchrashuvga bayramona kayfiyat baxsh etdi. Do‘stona va samimiy muhitda o‘tgan ushbu marafon yangi g‘oyalar va kuchli motivatsiya manbai bo‘ldi.

Barcha suratlarni tomosha qilish