Bosh sahifa Blog Sahifa 26

2026-yilda davlat tashkilotlariga budjetdan qancha mablag‘ ajratiladi?

0

Budjetdan ajratiladigan mablag‘larning umumiy miqdori 328,08 trln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va budjetnomani taqdim etgandi.

Hujjat bilan, kelasi yil uchun mamlakat budjetidan birinchi darajali budjet taqsimlovchilariga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari belgilanmoqda.

Budjetdan ajratiladigan mablag‘larning umumiy miqdori — 328,08 trln so‘m.

Joriy xarajatlar 203,06 trln so‘mni tashkil etib, shundan 35,79 trln so‘mi rivojlanish dasturlari uchun, 9,99 trln so‘mi obyektlarni loyihalashtirish, qurish va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga hamda 39,62 trln so‘mi maqsadli jamg‘armalarga transfertlar uchun yo‘naltiriladi.

Mablag‘larning davlat tashkilotlari bo‘yicha taqsimoti:

T/r Davlat tashkilotlari nomi Ajratiladigan summa, so‘mda
1 Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 63,69 trln (2025-yilda — 59,5 trln)
2 Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 6,36 trln (6,27 trln)
3 Sog‘liqni saqlash vazirligi 6,8 trln (5,1 trln)
4 Madaniyat vazirligi 1,28 trln (1,17 trln)
5 Sport vazirligi 1,23 trln (1,13 trln)
6 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2,23 trln (1,99 trln)
7 Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2,27 trln (1,79 trln)
8 Suv xo‘jaligi vazirligi 10,36 trln (10,4 trln)
9 Energetika vazirligi 110 mlrd (123 mlrd)
10 Transport vazirligi 7,3 trln (6,7 trln)
11 Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 1,1 trln (927 mlrd)
12 Tog‘-kon sanoati va geologiy vazirligi 838 mlrd (1 trln)
13 Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 13,54 mlrd (12,58 mlrd)
14 Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 13,12 mlrd (12,12 mlrd)
15 Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 582,8 mlrd (733,2 mlrd)
16 Milliy statistika agentligi 346,4 mlrd (238,8 mlrd)
17 Tashqi ishlar vazirligi 1,12 trln (1,02 trln)
18 Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 1,62 trln (1,11 trln)
19 Raqamli texnologiyalar vazirligi 528,54 mlrd (532,42 mlrd)
20 Adliya vazirligi 350,8 mlrd (322,49 mlrd)
21 Iqtisodiyot va moliya vazirligi 105,94 trln (95,9 trln)
22 Soliq qo‘mitasi 176,68 mlrd (169,39 mlrd)
23 Vazirlar Mahkamasi 2,59 trln (2,18 trln)
24 Prezident Administratsiyasi 3,05 trln (1,67 trln)
25 Oliy Majlis Senati 128,19 mlrd (127,25 mlrd)
26 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 229,32 mlrd (178,8 mlrd)
27 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) 24,56 mlrd (18,6 mlrd)
28 Bosh Prokuratura 3 trln (2,73 trln)
29 Oliy sud 1,99 trln (1,8 trln ()
30 Konstitutsiyaviy sud 13,19 mlrd (12,9 mlrd)
31 Sudyalar oliy kengashi 58,72 mlrd (53,7 mlrd)
32 Markaziy saylov komissiyasi 31,98 mlrd (29,4 mlrd)
33 O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi 887,59 mlrd (881,3 mlrd)
34 O‘zbekiston Milliy axborot agentligi 44,07 mlrd (40,7 mlrd)
35 Ma’naviyat va ma’rifat markazi 78,25 mlrd (75,4 mlrd)
36 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi 17,45 mlrd (16,1 mlrd)
37 Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi 400 mlrd (350 mlrd)
38 Fanlar akademiyasi 534,36 mlrd (446,8 mlrd)
39 Badiiy akademiya 249,83 mlrd (160,39 mlrd)
40 Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 35,69 mlrd (33,15 mlrd)
41 Hisob palatasi 136,99 mlrd (116,04 mlrd)
42 Boshqaruv samaradorligi agentligi 93,18 mlrd
43 Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi 27,13 mlrd (20,3 mlrd)
44 Bolalar ombudsmani 3,57 mlrd (3,28 mlrd)
45 “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi 910 mln (837,2 mln)
46 Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi 11,69 mlrd (10,9 mlrd)
47 Milliy antidoping agentligi 9,27 mlrd (8,7 mlrd)
48 Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 172,66 mlrd (163,7 mlrd)
49 Madaniy meros agentligi 251,36 mlrd (177,3 mlrd)
50 Ijtimoiy himoya milliy agentligi 22,42 trln (21,13 trln)
51 Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi 1,44 trln (1,27 trln)
52 Yoshlar ishlari agentligi 507,66 mlrd (456,13 mlrd)
53 Texnik jihatdan tartibga solish agentligi 166,69 mlrd (105,68 mlrd)
54 Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 64,35 mlrd (95,68 mlrd)
55 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi 57,22 mlrd (28,5 mlrd)
56 Atom energiyasi agentligi 46,38 mlrd (43,64 mlrd)
57 Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi 3,03 mlrd (3,14 mlrd)
58 O‘zenergoinspeksiya 28,91 mlrd (28,1 mlrd)
59 Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 8,72 mlrd (9,26 mlrd)
60 Migratsiya agentligi 50 mlrd
61 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 10,08 mlrd
62 Energiya samaradorligi milliy agentligi 709,86 mlrd
63 Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi 7,23 mlrd
64 Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi 47 mlrd
65 Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi 16,34 mlrd
66 Boshqa tashkilotlar 76,12 trln (49,98 trln)

Xorijdan tovarlarni bojsiz olib kirish normasi to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi

0

Bundan tashqari, ko‘chmas mulk garovini ro‘yxatga olish xizmati narxi 2 baravar kamaytiriladi.

25-noyabr kuni prezidentning “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.

Hujjatga ko‘ra, amalda o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin qonunchilik hujjatlari “tartibga solish gilyotinasi” orqali bekor qilinadi.

Farmon bilan Tadbirkorlik va boshqa sohalardagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish, tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Jumladan, tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni E-aktiv tizimida aks ettirish majburiyati bekor qilinadi. Ko‘chmas mulkka nisbatan garov huquqini ro‘yxatga olishda davlat xizmati narxi 2 baravarga kamaytiriladi.

Shaxsiy ehtiyoj uchun mamlakatga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Hukumat qarori bilan joriy yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari havo transportida — $1000, temir yo‘l va daryo transportida — $500, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — $300, xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida — $200 hamda pochta orqali $100 etib belgilangan. Bojsiz olib kirish normasidan ortiq qismiga 30% to‘lov undiriladi.

Shu bilan birga, 20-iyuldan notijorat maqsadlarida tovarlarni olib kirish uchun xorijda bo‘lish tartibi quyidagicha belgilandi:

  • temir yo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirishda — 2 kun;
  • havo transportida — 3 kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Oktabr oyida Yuksalish umummilliy harakati O‘zbekistonda tovarlarni bojsiz olib kirish normasi fuqarolarga qo‘shimcha xarajat yuklab, bozordagi raqobatga ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgandi. Tashkilot import bojlarini pasaytirishga chaqirgandi.

Abituriyentlar uchun xorijiy va nodavlat OTMdagi davlat grantlariga qo‘shimcha tanlov o‘tkaziladi

0

Davlat komissiyasi qaroriga muvofiq, 2025-2026 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 1 320 ta davlat granti o‘rinlaridan vakant qolgan qismi bo‘yicha abituriyentlar uchun qo‘shimcha tanlov e’lon qilindi. Ro‘yxatdan o‘tish 25 noyabrdan 4 dekabrgacha onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Davlat komissiyasi bayoniga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili uchun respublika hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida ajratilgan 1 320 ta o‘rindan vakant qolgan o‘rinlar uchun abituriyentlar o‘rtasida qo‘shimcha tanlov o‘tkaziladi.

Shunga muvofiq, 2025 yil 25 noyabrdan 4 dekabrga qadar (shu kuni ham) muayyan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi.

Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun 2025 yil 11 dekabrga qadar test sinovlari o‘tkaziladi. Test sinovlari o‘tkazish sanasi, vaqti va manzili haqidagi ma’lumotlar abituriyentning shaxsiy kabineti orqali e’lon qilinadi.

Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani ham Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetidan yuklab olishi mumkin.

O‘zbekistonda havo tozalagichlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilinadi

0

Shuningdek, atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil etiladi.

Avvalroq prezident Toshkentdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, atmosfera havosining PM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil qilinishi belgilandi.

Maxsus laboratoriyaga termik optik tahlillarni amalga oshirish uchun termo-optik analizator uskunasi xarid qilinadi. Atmosfera havosi namunalarini yig‘ib olish maqsadida 5000 dona kvars filtrlar sotib olinadi.

Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.

Shuningdek, maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv lostlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) ham bojdan ozod etiladi.

Avtotransport vositalarining atmosfera ifloslanishiga taʼsirini kamaytirish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Bu maqsadda Toshkentda Yevro-4 standartiga javob bermaydigan, M va N toifalariga mansub va 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar o‘rganib chiqiladi.

Mazkur transport vositalarini trade-in tizimi orqali xarid qilish tartibi bir oy muddatda ishlab chiqiladi.

Prezident Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi

0

Poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

25-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

24-noyabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini xavotirga solayotgani, bu tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etildi.

Administratsiya rahbari mas’ullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolar murojaatlari, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari to‘g‘risidagi hisobotlarini tingladi. Mavjud vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda o‘rnatilgan me’yorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi. “Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, murosaga o‘rin yo‘qligi va bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham birdek amal qilishi kerakligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Saida Mirziyoyeva tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga asoslanib, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlargacha qamrab olgan kompleks takliflarni ilgari surdi.

Xususan, prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qo‘yiladigan talablarni qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Prezident farmonida ushbu chora-tadbirlar asos qilib olingan.

O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi

0

Shuningdek, joriy yil yakunigacha Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi ishga tushiriladi.

Prezidentning qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish mexanizmini samarali tashkil etish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari belgilandi. Unga ko‘ra, tabiiy va texnogen ofatlar, yong‘in, zararkunanda va kasalliklar taʼsirida o‘simlik hamda hayvonlarga yetkazilgan zararlar qoplab beriladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha 20% ga oshiriladi. Mahsulot ishlab chiqaruvchilarning xavflari esa kamaytiriladi.

Farmon bilan, Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi belgilandi.

2026-yildan mahsulot ishlab chiqaruvchilari mahsulot yetishtirish uchun imtiyozli kreditlardan foydalanganda ishlab chiqariladigan mahsulotning yo‘qotilishi xavfini oldindan sug‘urta qilish amalga oshiriladi.

Klaster, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorliklari qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha qoplanmaydi.

Shuningdek, 2025-yil yakunigacha Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi ishga tushiriladi.