Bosh sahifa Blog Sahifa 212

Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilariga bayram tabrigini yo‘lladi

0

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo‘lladi.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, o‘z hayotini ona yurtimizni himoya qilishdek ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shu qutlug‘ ayyomda jonajon Vatanimizga sadoqat, azmu shijoat kabi el-yurtimizga xos yuksak fazilatlarning qadr-qimmati va ahamiyatini, ular hayotimizda tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini yanada teran anglaymiz va o‘zining jangovar faoliyati bilan buni amalda isbotlab kelayotgan sizdek g‘oyat olijanob kasb egalarini sharaflaymiz.

Shu bilan birga, jangovar burchini ado etishda mardlarcha halok bo‘lgan fidoyi harbiy xizmatchilarimizning nurli va so‘nmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.

Aziz do‘stlar!

Istiqlol davrida O‘zbekiston armiyasi juda murakkab va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Yosh davlatimizning o‘ta og‘ir shakllanish yillarida aynan Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch hayoti va farovonligini ta’minlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Keyingi yillarda amalga oshirgan tub islohotlarimiz tufayli tarixan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan, tezkor va ixcham milliy armiyani tashkil etishga erishmoqdamiz.

Ana shunday buyuk tarixiy jarayonda xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va ma’naviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarog‘ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga tayyor bo‘lgan harbiylarimiz doimo faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday yuksak e’tirofga munosibdir.

Shu ma’noda, muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yo‘lida metin qalqon bo‘lgan mard va jasur harbiylarimiz O‘zbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Xalqimiz o‘zining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil asosida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda fuqarolarimiz armiyaning har tomonlama yordami va ko‘magini hayotning barcha sohalarida amalda his etmoqdalar. Ayniqsa, murakkab sinov davri bo‘lgan pandemiya paytida va favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda, biz uchun hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan bebaho boylik – tinchlik va osoyishtalikni asrash va himoya qilishda bu yakdillik yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Hozirgi vaqtda butun jamiyatimizda, jumladan, Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarda “Inson qadri uchun” degan muhim tamoyil markaziy o‘ringa qo‘yilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum.

Shu asosda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylar, muhtaram faxriylarimizning Vatan va xalq oldidagi xizmatlarini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, kundalik hayotidagi muammolarini hal etishga ko‘maklashish, ularning oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlarimiz yildan-yilga yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Hech shubhasiz, hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olayotgan bunday jadal o‘zgarishlar yurtimizda harbiy xizmatning obro‘-e’tibori, armiya va xalq birligi yangicha mazmunga ega bo‘lib, yoshlarimiz qalbida armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usi, Vatan himoyachisidek olijanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugungi globallashuv va keskin raqobat davri, dunyoning turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shunday g‘oyat mas’uliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Bu haqiqatni hisobga olgan holda, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Qurolli Kuchlarimiz qo‘mondonlik tarkibi joylardagi hokimiyat idoralari va xalqimiz bilan birgalikda bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishlari kerak.

Harbiy xizmatchilar, ayniqsa, komandirlar tarkibining professional tayyorgarligini oshirish milliy armiyani yanada rivojlantirishning eng muhim sharti bo‘lib qolmoqda. Bu borada Qurolli Kuchlar Bosh shtabi hamda harbiy okruglar boshqaruv apparatlari ofitserlarini, brigada komandirlari va ularning o‘rinbosarlarini o‘qitish bo‘yicha Qurolli Kuchlar akademiyasida joriy etilgan yangi tizimning yuksak samaradorligini ta’minlash – dolzarb vazifadir.

Shu munosabat bilan harbiy ta’lim va ilm-fan tizimida boshlangan islohotlarni izchil amalga oshirish, soha uchun kadrlar tayyorlashda nazariya va amaliyotni imkon qadar yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturlarni tayyorlashda bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan harbiy mojarolar xususiyatlarini, qo‘shinlarni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olish maqsadga muvofiqdir. Bu borada eng zarur qurol-aslaha va anjomlarni sotib olish, ularni yangi jangovar tizimlar bilan birgalikda qo‘llash va takomillashtirib borish e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur.

Jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan hozirgi vaziyatda muhim ob’yektlarda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ham davr talabidir.

Harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi, intellektual salohiyatini yuksaltirish, aholi, birinchi navbatda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan muhofaza qilishni kuchaytirish borasidagi ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar,

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Ushbu qutlug‘ ayyomda fidokorona xizmatlaringizni alohida ta’kidlab, sizlarning faol sa’y-harakatlaringiz bilan O‘zbekiston armiyasi izchil rivojlanib borayotganini, uning jangovar qobiliyati ortib, mudofaa qudratimiz mustahkamlanayotgani, xalqimizning osoyishta hayoti ta’minlanayotganini yana bir bor yuksak g‘urur bilan e’tirof etamiz.

Fursatdan foydalanib, ana shunday samarali xizmatlaringiz uchun sizlarga, mo‘’tabar tuprog‘imizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash yo‘lida olijanob va mas’uliyatli burchini munosib ado etib kelayotgan barcha jasur o‘g‘lonlarimizga, ularning ota-onalari va oila a’zolariga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, tinchlik va farovonlik tilayman.

Milliy armiyamiz saflaridagi sharafli xizmatingizda yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lsin!

Kuch-g‘ayratingiz, sha’nu sharafingiz yanada ziyoda bo‘lsin!

Jonajon O‘zbekistonimizga sadoqat bilan xizmat qilishdan hech qachon charchamang, mard va jasur Vatan posbonlari!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

Andijonda hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshladi

0

Andijon viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari 11-yanvardan o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda xizmat vazifalarini bajarishga kirishdi.

Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatdagi 887 ta mahalla fuqarolar yig‘inida ish boshlagan hokim yordamchilari qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilash, xonadonbay ro‘yxat asosida mahalla kesimida haqiqiy ijtimoiy vaziyatni aniqlash, oyma-oy amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, mahallaning «o‘sish nuqtasi»dan kelib chiqib, yetakchi tadbirkorlar bilan hamkorlikda taklif etayotgan yangi loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, mahallalarda aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xizmat turlarini rivojlantirish, aholini, birinchi navbatda ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib boradi.

Joriy yil yanvar oyi yakuniga qadar viloyatda hokim yordamchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim asosida hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi monitoringi amalga oshirib boriladi, har chorak yakuni bo‘yicha ishda yuqori natijalarga erishgan hokim yordamchilari milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi belgilandi.

Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, baliq mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tashkil etilgan baliqchilik klasterining aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tajribasini (keyingi o‘rinlarda – kooperatsiya) har bir viloyatda joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Bunda kooperatsiya asosida xonadonlarda baliq yetishtirish quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilansin:

baliqchilik xo‘jaliklari xonadon egalarini baliq yetishtirish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etadi, ularga baliq yetishtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, baliq chavoqlari, omuxta yem, mineral o‘g‘itlarni yetkazib beradi hamda ular tomonidan yetishtirilgan baliqni kelishilgan narxlarda sotib oladi;

xonadon egalari o‘z xonadonlarida baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlardan foydalangan holda intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarni kelishilgan narxlarda ularga sotadi.

2. Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimlarining yordamchilari xonadon egalari bilan hamkorlikda kooperatsiya asosida xonadonlarda baliq yetishtirish bo‘yicha tashabbuskor baliqchilik xo‘jaliklarining ro‘yxatini shakllantirsin hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatib borsin.

3. Belgilansinki:

2022 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi;

2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining 80 foizidan ortig‘ini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan sub’ektlar uchun foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;

baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkasi 50 foiz miqdorida belgilanadi.

4. Quyidagilar:

2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirish prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2022 yilda sun’iy (ekstensiv) suv havzalarini intensivlashtirish va baliq ovlash hajmlari bo‘yicha prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Moliya vazirligi va tijorat banklarining Fransiya taraqqiyot agentligining “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida jalb qilinayotgan kredit liniyasi hisobidan 20 million yevro miqdoridagi mablag‘larni intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

6. “O‘zbekchorvanasl” agentligi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va Markaziy bankning 2022 yil 15 yanvardan boshlab “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun ajratiladigan kreditni bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Markaziy bank tijorat banklari orqali intensiv usulda aholi xonadonlarida baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirish uchun “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida 2022 yilda 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

2022 yil 1 apreldan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi;

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan baliqchilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning bir yillik ish haqi miqdorining 50 foizigacha, biroq oyiga 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasiдaн qoplab beriladi. Bunda mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha baliqchilik xo‘jaliklarining mas’ul xodimlari ishtirokida “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘quv kurslarini tashkil etsin.

9. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining tog‘oldi hududidan O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi balansida bo‘lgan 5 gektar yer maydonida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan sovuq suv baliqlarini yetishtirish tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tajriba stansiyasi loyihasi amalga oshirilishi to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda ushbu loyihani “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga ruxsat berilsin.

10. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda baliq mahsulotlarini yetishtirish, tabiiy suv havza resurslarini aniqlash va monitoringini yuritish bo‘yicha mavjud muammolarning ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

11. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxatiga “baliqchilik” ixtisosligini kiritishni ta’minlasin.

12. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2022 yildan boshlab baliqchilik sohasi uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash va tarmoq institutlari ilmiy salohiyatini oshirish uchun Toshkent davlat agrar universiteti va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktorantura bosqichlariga “Baliqchilik” ixtisosligi bo‘yicha har yili 2 tadan o‘rin ajratsin.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda xizmat ko‘rsatuvchi banklar bilan kelishgan holda baliqchilik loyihalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin hamda manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat parametrlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlasin.

14. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash bo‘yicha bir martalik subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda 2025 yil 1 yanvarga qadar kooperatsiya asosida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining 90 foizidan ortiq qismi baliq yetishtirish hisobidan shakllanadigan xo‘jaliklarni soliqlarning barcha turlaridan (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i va ijtimoiy soliq mustasno) ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin;

b) bir oy muddatda “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqsin:

“Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimining Arnasoy suv ombori hududida baliq ovlashga bir yil muddatga moratoriy e’lon qilish;

xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida sho‘r suvda baliq zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha laboratoriya markazini tashkil etish;

“Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi direksiyasi” DUKni qayta tashkil etgan holda uning ustav kapitalidagi davlat ulushini, kamida 30 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish, 1 000 ta ish o‘rnini yaratish va 2025 yilga borib yiliga 20 ming tonna baliq ovlash uchun baliq zaxiralarini yaratish sharti bilan ishonchli boshqaruvga berish.

17. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.Norqobilov, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi O.Musayev – baliq hosildorligini oshirish va aholi xonadonlarida baliq yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha ishlarni “korxonabay” va “xonadonbay” tashkil etib, 2022 yilda:

respublikada baliq yetishtirish hajmini 700 ming tonnaga yetkazish;

qo‘shimcha kamida 10 mingta aholi xonadonida intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda yangi 15 ta baliqchilik klasterini tashkil etish;

hosildorligi 25 центнyerдaн past bo‘lgan 31 ming gektar sun’iy suv havzalarida 78 mingta aerator moslamasini o‘rnatish;

mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz parametrlarining o‘z muddatida bajarilishiga shaxsan mas’ul hisoblanadi.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOEV

2022-yilda hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

0

“Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablag‘larning 500 milliard so‘mi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Imtiyozli kreditlar hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 6 oygacha imtiyozli davr bilan 225 million so‘mgacha oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ko‘zda tutilgan shartlarda ajratiladi. Imtiyozli kreditlar hunarmandning talabi bo‘yicha naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi. Imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha “oilakredit.uz” elektron platformasida hunarmandlarni onlayn navbatga qo‘yish va ularning loyihalarini kreditlash uchun alohida bo‘lim ishga tushiriladi.

2022-yildan boshlab “usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga – shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlashi uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda, shogirdlarga – mustaqil faoliyatini boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishi, shuningdek, ustalarga – internet saytlarini tashkil etish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.

Bunda, subsidiya ajratiladigan hunarmandlar va shogirdlar hisobi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan yuritilib, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi.

2022-yildan “Hunarmand” uyushmasi a’zolari uchun faoliyat yuritish joyidan qat’i nazar, kommunal infratuzilma xizmatlari haqini to‘lash aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.

Shohida Ibragimova: «Eng katta xatoyim odamlarga ishonganim»

0

Qimmatga Tushgan Xatolar koʻrsatuvining navbatdagi soni mehmoni: Shohida Ibragimova – Moliya.uz asoschisi

Koʻrsatuv davomida: Shohida Ibragimovaning hayoti davomida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bizneslari, qimmatga tushgan xatolari, mana shu mag’lubiyatning sabablari va bu sinovlardan olgan darslari haqida bilib olishingiz mumkin.

 

Ijtimoiy himoyaga muhtoj barcha xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga ro‘yxatga olinadi

0

«Ayollar daftari»ga respublikadagi barcha ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatga olinadi. Bu haqda AOKAda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimining 3-bosqichi boshlandi. Ayni vaqtda respublikadagi barcha mahallalarda yashovchi 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarni xonadonma-xonadon yurish orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

“Ayollar daftari”ning 3-bosqichida  ayollarning muammolari qaytadan o‘rganiladi. Bunda hech bir ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz chetda qolib ketmasligiga alohida e’tibor beriladi. “Ayollar daftari”ning 3-bosqich ishlari joriy yil 10 fevralida yakunlanadi.

“Ayollar daftari”ning 3-bosqichida quyidagi xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi: “Temir daftar”ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar va farzandi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ayollar; “Ayollar daftari”ning 1- va 2-bosqichlarida 1-toifa bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar.

Qayd etilishicha, “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha huquqiy-normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Loyihaga muvofiq, 2022 yilda “Ayollar daftari”ga xotin-qizlar quyidagi 6 ta toifalar bo‘yicha ro‘yxatga olinishi rejalashtirilmoqda:

1-toifa: ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar. Bunda bandligi ta’minlanmagan, ammo ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

2-toifa: tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

3-toifa: boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda boquvchisi vafot etgan yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan yoxud ruhiy kasallikka chalingan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek boquvchisi bedarak yo‘qolgan hamda nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar hamda FHDYo organlarining ma’lumotnomasiga ko‘ra yolg‘iz ayollar kiritiladi.

4-toifa: ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar. Bunda mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi.

5-toifa: uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy turar joyi yo‘q yoki turar joyida yashash uchun sharoiti bo‘lmagan, shuningdek, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila bo‘lib yashayotgan, biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.

6-toifa: qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda nogironligi bo‘lgan farzandini parvarishlayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.