Bosh sahifa Blog Sahifa 181

Uorren Baffet bilan birga tamaddi qilish imkoniyati $19 millionga sotildi

0

Taniqli sarmoyador va milliarder Uorren Baffet bilan birgalikda taom tanovul qilish imkoniyati 19 million AQSh dollari evaziga sotildi. Milliarder ushbu imkoniyatga ega boʻlgan odam bilan tamaddi vaqtida har qanday mavzuni muhokama qilishga tayyorligi, faqatgina sarmoya strategiyasi bundan mustasno ekanligini aytib oʻtgan.

Milliarder bilan tamaddi qilish imkoniyati kimoshdi savdosiga qoʻyilgan va boshlangʻich narx 25 ming AQSh dollari etib belgilangan. Auksion gʻolibi ism-sharifining sir boʻlib qolishini istagan.

Baffet oʻzi bilan birgalikda tamaddi qilish imkoniyatini 2000-yildan beri kimoshdi savdosiga qoʻyib keladi. U oʻtgan yillar davomida mana shu gʻoya ortidan 52 million dollar miqdorida pul ishlagan. Baffet bu yilgi auksion oxirgisi ekanligini aytib oʻtgan.

Kimoshdi savdosidan tushgan pullar “Glide” notijorat tashkiloti hisobiga oʻtkazib beriladi. Milliarderning 2004-yilda vafot etgan birinchi rafiqasi Syuzen Baffet ushbu tashkilotning koʻngillilaridan biri boʻlgan.

Vladimir Norov Braziliya elchisi bilan uchrashdi

0

20-iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Braziliya Federativ Respublikasining mamlakatdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Rodrigo De Lima Baen Soaresni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Rodrigo De Lima Baen Soares mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. Braziliya hukumati O‘zbekistonni mintaqadagi muhim davlat sifatida qarab, respublika bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, siyosiy muloqotni jadallashtirish, shu jumladan, vazirliklararo maslahatlashuvlarni o‘tkazish, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, BMT, Amerika davlatlari tashkiloti doirasida va “BRICS+” formatida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish maqsadida tomonlar Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya tuzish, o‘zaro asnoda savdo uylarini ochish, Braziliya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etish masalalarini o‘rganib chiqishga kelishib oldilar. Braziliya bozoriga O‘zbekistondan tovarlarni, shu jumladan, kimyoviy o‘g‘itlar, to‘qimachilik, agrar va boshqa turdagi mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar yo‘nalishda O‘zbekiston va Braziliya madaniyati kunlarini o‘tkazish, ikki mamalakat shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turli tarmoqlarda mutaxassislar tayyorlash yuzasidan ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Nikohiga 3 yil boʼlmagan yoshlarga 33 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

0

Hukumatning “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida tuman va shaharlarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan, nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan yoshlarga esa yakka tartibdagi o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun 33 mln so‘mgacha garovsiz kredit “Yoshlar daftari” jamg‘armasining kafilligi ostida ajratiladi. 

Bunda ariza beruvchi kafillik ajratishni so‘rab tijorat bankining Vasiylik kengashi nomiga kafillik berish haqidagi xatini taqdim etadi.

Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga yuboradi.

Mahalladagi yoshlar yetakchisi besh ish kuni ichida kafillik berish yoki rad etish haqida xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda kafillik berishni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.

Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi murojaatni unga tushgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ko‘rib chiqmasa yoki kafillik berishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, Vasiylik kengashi ariza beruvchining ijtimoiy himoyaga muhtojligini hamda uning murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiqligini o‘rgangan holda uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.

Murojaatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, Vasiylik kengashi qaroriga asosan uch ish kuni ichida ariza beruvchiga kafillik berilishi mumkin.

Odatlar va yangilangan hayot tarziga erishish

0

Hayotga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, istaklarimizga mos hayot tarzini kechirish uchun bizning doimiy odatlarimiz ham ta’sir ko‘rsatadi. Buning uchun o‘zimizni biroz nazorat qilishimiz va hayot tarzimizga quyidagi odatlarni joriy qilishimiz mumkin.

1. Yuz mimikangizni nazorat qiling

Jahl chiqqanda aql ketadi, deyishadi. Nafaqat aql, balki nazorat ham qo‘lingizda bo‘lmaydi va yuzingizda ichki holatingizni aks ettirib qo‘yishingiz va buning uchun afsuslanishingiz yoki vaziyatni chigallashtirishingiz mumkin.

2. Tabassum qiling 

Har qanday holatda ham tabassum qila oling. Bu kuchli qurol sanaladi. Muammoli vaziyatda ham hotirjamlik va yuzdagi tabassum sizni raqibingiz oldida kuchingizni namoyon qilsa, qolgan vaqtlarda pozitiv inson ekanligingiz aksi hisoblanadi.

Qolaversa, hayot bymerang qoidasi asosida sizga ham tabassum qaytishini kafolatlaydi.

3. Har kuni hech bo‘lmaganda 15 daqiqa mutolaa uchun vaqt ajrating.

Bu miya faoliyatingizni tonusda bo‘lishi uchun xizmat qiladi va bu doimiy fikrlashingizni ta’minlash bilan birga, stressdan 60% ga himoya qiladi.

4. Sevimli qo‘shig‘ingizni yoki musiqangizni kuniga hech bo‘lmaganda bir marotaba tinglang.

Bu kayfiyatni ko‘tarish, yurak qon-tomir tizimini faoliyatini yaxshilash va depressiyaning oldini olishda samarali.

5. Kunlik me’yoriy suv ichishni unutmang.

Suv organizmdagi barcha organizmlar faoliyatini yaxshilaydi va shu bilan birga moddalar almashinuvini yaxshilaydi.

6. Boringizcha bo‘lishga harakat qiling va xohishlaringizni cheklamang.

Ko‘pchilik kimgadir yoqish uchun o‘zining istaklarini bajarmaydi. Lekin psixologlar va imijmeykerlarning tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, qandaydir ko‘rinishga harakat qilish jozibadorlikni yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

7. Kuning o‘zingiz uchun qulay vaqtida sport bilan hech bo‘lmaganda 15 daqiqa shug‘ullanishni unutmang.

Sog‘lom va baxtli hayot kechirish uchun sizda imkoniyatlar ko‘p. xohishni esa o‘zingizdan qidiring va odatlaringizni shakllantiring.

Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi zarur

0

Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Ma’lumki, demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan.

– Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman, – dedi Prezident. – Shu tariqa biz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilamiz.

Prezident Xalq qabulxonalariga kelayotgan ko‘plab murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmaydi.  Natijada gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida, ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qo‘llash lozimligi qayd etildi.

Ya’ni, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. Davlatimiz rahbari ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yishning vaqt-soati kelganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarur. Ya’ni, shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas.

Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerak. Bu haqdagi muhim normani ham Asosiy qonunimizda aks ettirishimiz zarur.

Bunday qoidalar inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari – oliy qadriyat degan yuksak tamoyilga har tomonlama mos keladi.

– Esingizda bo‘lsa, Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan marosimda yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog‘liq masalaga alohida to‘xtalgan edim. Bunday noma’qul yondashuv tufayli ko‘plab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz aybsiz aybdor bo‘lib, yaqin qarindoshlari sodir etgan qilmishlar uchun jabr tortib kelayotgan edi. Nima sababdan bir jinoyat uchun butun avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi lozim? Bunday adolatsiz “tizim”dan endi butunlay voz kechamiz, – dedi Prezident. –Shu bois, Konstitutsiyamizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, deb qat’iy yozib qo‘yishimiz kerak.

Shuningdek, “Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shart”, degan norma ham Asosiy qonunimizda o‘z aksini topishi zarur. Biz jazo muddatini o‘tayotganlarni ham qayta tarbiyalab, ular sog‘lom hayotga qaytishi uchun barcha choralarni ko‘rishimiz lozim.

Tadbirkorlik rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlar olib tashlanadi

0

Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Uchrashuvda Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash zarurligi aytildi.

– Xalqimiz orasida “snos” degan nom bilan mashhur bo‘lgan muammo bor. Bunday holatga butunlay barham berish uchun uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatni belgilab qo‘yish lozim. Ya’ni, sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak. Imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanishi shart. Uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi Konstitutsiyada qat’iy belgilanishi darkor, – dedi Prezident.

– Yana bir muhim masala. Taraqqiyotning ko‘p asrlik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz, kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmaydi. Shu bois Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun, zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishimiz lozim. Toki, katta-kichikligidan qat’i nazar, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya,  qonunlar hamda Prezident himoyasida ekanini amalda his qilsin.

Rivojlangan davlatlardagi kabi, shunday tartib o‘rnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasin.

Shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik, hamda bekor qilmaslik masalasini ham, Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilashning vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman.

Iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlashimiz zarur.

Shu maqsadda, Konstitutsiyamizda mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishini, davlat ichki va xalqaro savdo rivojlanishi uchun, barcha sharoitlar yaratishini mustahkamlashimiz shart.

Bu, boshlagan islohotlarimiz va davr talabidir!

Shuningdek, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanligini Konstitutsiyada mustahkamlashni taklif etaman.

Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim.