Bosh sahifa Blog Sahifa 182

Milliy mustaqillik – Yangi O‘zbekistonning mustahkam asosidir

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

 

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, mana shu muazzam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turib, siz, azizlarni, butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu va olijanob tilaklarimni izhor etaman.

Hurmatli do‘stlar!

Bundan o‘ttiz bir yil muqaddam jahon xaritasida “O‘zbekiston Respublikasi” degan yangi, mustaqil davlat paydo bo‘ldi.

Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshchiligida mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga e’lon qildik.

Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Oxirgi olti yil davomida biz Vatanimiz taraqqiyotining yangi bosqichida keng qamrovli islohotlarimizni boshlab, izchil davom ettirmoqdamiz.

O‘tgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil faoliyatimiz dasturiga aylandi.

Vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, umuman, barcha-barchamiz, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilmoqdamiz.

Bir haqiqatni ishonch bilan aytishga barcha asoslarimiz bor: bugungi O‘zbekiston – bu kechagi O‘zbekiston emas. bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy ta’sirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidan dadil olg‘a bormoqda.

Hammamiz yaxshi tushunamizki, bugun biz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish oson emas. Bunday ulug‘ vazifaning sharti va mezonlari ko‘p. Ammo eng muhim va hal qiluvchi omil – bu demokratik islohotlar yo‘lidir.

Shu bois xalqimiz manfaatiga to‘la javob beradigan bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, faqat oldinga qarab boramiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Biz uchun inson, uning qadr-qimmati qanchalik aziz bo‘lsa, uning xotirasi ham shunchalik muqaddasdir.

Shu sababli Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-bobolarimizning nomlarini oqlash, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosini o‘rganish, xotirasini e’zozlashga yanada muhim ahamiyat qaratmoqdamiz.

Milliy qadriyatlarimizda alohida o‘rin tutadigan avlodlar o‘rtasidagi an’analar davomiyligini saqlash, urush va mehnat faxriylarining, muhtaram otaxon va onaxonlarimizning hayotini yanada mazmunli qilish nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizga aylanmoqda.

Shuningdek, biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz.

Farzandlarimiz nufuzli xalqaro musobaqa va festivallar, fan olimpiadalari va tanlovlarda g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelmoqdalar.

Yaqinda Hindistonda bo‘lib o‘tgan jahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamiz tarixda birinchi marta “Olimpiya chempioni” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani hammamizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.

Ushbu ulug‘ ayyomda mana shunday aqlli, irodasi mustahkam, mard va jasur o‘g‘il-qizlarimizni, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylarini o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor qutlab, ularga yangi zafar va omadlar tilayman.

Ayni vaqtda mamlakatimiz yoshlari Turkiyada o‘tkazilgan Islom birdamlik o‘yinlarida, harbiy xizmatchilarimiz esa, xalqaro armiya musobaqalarida munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallaganlari tahsinga sazovordir.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tibori tobora yuksalmoqda. Biz barcha hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan do‘stona va teng huquqli tashqi siyosat yuritishni davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan chet davlatlarning muhtaram elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlaymiz.

Samarali hamkorlik aloqalarimizni rivojlantirishga qo‘shayotgan katta hissalari uchun chin qalbdan tashakkur bildirib, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va farovonlik tilaymiz.

Hurmatli do‘stlar!

Biz bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini jadal amalga oshirmoqdamiz.

Bizning maqsadimiz aniq va ravshan.

Yangi O‘zbekiston:

– har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan;

– odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud bo‘lgan;

– hamma uchun adolatni so‘zsiz ta’minlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lgan;

– tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat ham tushuniladi.

Ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida keyingi ishlarimizni 5 ta asosiy vazifalar bo‘yicha tashkil etamiz.

Birinchidan, ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz. Buning uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Ushbu tizim avval ilg‘or xorijiy mutaxassislar  tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, keyingina hayotga tatbiq etiladi. Natijada Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib  yetishadi. Buning uchun barcha hududlarimizda, ayniqsa qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor beramiz.

Ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta’limni har tomonlama rivojlantiramiz.

Ikkinchidan, sud tizimi mustaqil bo‘lmas ekan, jamiyatimizda rivojlanish bo‘lmaydi.

Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim.

Yangi O‘zbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, sud tizimidagi islohotlarimizni albatta davom ettiramiz.

Uchinchidan, dunyo tajribasidan ma’lumki, faqat tadbirkorlik rivojlangan davlatda – sifatli ta’lim, malakali tibbiyot, farovon hayot hamda ertangi kunga ishonch bo‘ladi.

Umuman aytganda, biz qurayotgan Yangi O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, kambag‘allik qisqaradi, aholi daromadlari ko‘payadi. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar bartaraf etiladi.

Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.

Biz aholi va tadbirkorlarga soliq yukini yengillashtirish, soliq tizimini soddalashtirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettiramiz. Bunda hech kimga alohida imtiyozlar berilmaydi, sog‘lom raqobat muhiti uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

To‘rtinchidan, sog‘liqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiramiz.

Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovini oshirib, uni odamlarga yanada yaqinlashtiramiz.

Maqsadimiz – xalqimiz sog‘lom hayot kechirishi va o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirishga erishish.

Beshinchidan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi doimo diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin ko‘paytiriladi.

Shu bilan birga, muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dasturlarni amalga oshiramiz.

Muhtaram do‘stlar!

Albatta, bunday keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lishi tabiiy hol. Lekin o‘z tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga qodir. Men bunga qat’iy ishonaman.

Asosiy muallifi va ijodkori xalqimiz bo‘lgan – yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bu yo‘lda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Asosiy qonunimizni shoshilmasdan, chuqur o‘ylab, xalqimiz bilan maslahat qilib, faqat umumxalq referendumi asosida qabul qilamiz.

Ishonchim komil, Yangi Konstitutsiyamiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Jahondagi bugungi murakkab vaziyat bizdan ishning ko‘zini bilib, kechayu kunduz fidoyi bo‘lib, samarali mehnat qilishni talab etmoqda.

Shu bois Qurolli Kuchlarimizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Askar va ofitserlarimizning jangovar tayyorgarligi, harbiy mahorati, vatanparvarlik fazilatlarini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat beramiz.

Mana shu qutlug‘ kunda Vatan himoyasida doimo sergak va hushyor turgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizni chin dildan qutlab, ularga kuch-g‘ayrat va omadlar tilaymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bugun biz o‘z oldimizga ulug‘vor va yuksak maqsadlarni qo‘ymoqdamiz.

Ana shunday ulkan marralarga yetish yo‘lida ko‘pmillatli el-yurtimiz yanada birlashib, yagona ahil oila, yagona xalq bo‘lib, astoydil harakat qilmoqda.

Bu – biz erishayotgan barcha yutuqlarimizning mustahkam garovi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoiylik ko‘rsatib kelayotgan mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizga chin dildan ta’zim qilaman.

Siz, aziz yurtdoshlarimni O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.

Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!

Yaratganning o‘zi barchamizni panohida asrasin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Behzod Esonov: «Kompaniyada adolat bo’lishi muhim»

0

Behzod Esonovdan yoshlar uchun maslahatlar…

 

Nazariya va amaliyot doim birga yuradi!

0

“Qimmatga Tushgan Xatolar” ko’rsatuvimizning navbatdagi soni mehmoni — “Index Business School” va boshqa bizneslar egasi Shohjahon Elmurodov.

Ko’rsatuv davomida mehmonimiz hayotida sodir bo’lgan voqealarni aytib beradi:

— mutaxassis bo’lmagan odamga pulni ishonib topshirib xato qilgani;

— dunyoda 74-chi o’rinda turadigan universitetga $100,000 “scholarship” yutgani;

— boshqa davlat bilan qilgan biznesidagi yo’qotishlar.

 

Tadbirkorlar uchun yangi axborot tizimi ishga tushirildi

0
Aerial view of a business team

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirildi.

Ushbu axborot tizimida barcha nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazgan holda amalga oshirilishi belgilangan. 
 
Axborot tizimi bir qancha qulayliklarga ega. Jumladan, tadbirkorlar o‘z faoliyatida o‘tkazilgan yoki o‘tkazilishi rejalashtirilgan tekshiruvlar to‘g‘risidagi ma’lumotni internet tarmog‘i va mobil ilovalardan, telegram bot va sms-xabar tarzida oladi. 
 
Yuqori darajadagi shaffoflikni ta’minlash maqsadida tizimning personal kompyuterdan foydalanish uchun “govcontrol.uz” manzilida veb-sahifa hamda “IOS” va “Android” platformasida mobil ilovalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu ilovalarni tadbirkorlar “App store” va “Play market” orqali o‘z mobil telefonlariga yuklab olishlari mumkin. 
 
Endilikda barcha tadbirkorlar ushbu tizim orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda o‘zlarining faoliyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoki o‘tkazilgan tekshiruvlar yuzasidan ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 
 
Tadbirkorlik sub’ektlari tekshiruv haqidagi ma’lumotlarni Telegram’dagi @tekshiruvinfo_bot orqali yoki SMS orqali 4064 qisqa raqamga STIR raqamini yuborish orqali bilib olishlari mumkin. 
 
Shuningdek, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi (“govcontrol.uz”) orqali tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlarining faoliyatlarida o‘tkazilgan har bir tekshiruv yuzasidan tekshiruvni o‘tkazgan nazorat organlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berish, g‘ayriqonuniy harakatlar, jumladan korrupsiya holatlari haqida shikoyat berish imkoniyati yaratildi. 
 
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi, yangi elektron formati yaratildi. 
 
Tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga qonunchilikdagi o‘zgarish va yangiliklarni o‘rgatishning oson va qulay uslubini ta’minlash maqsadida tadbirkorlikka aloqador qonunchilikdagi yangiliklar 5-10 daqiqalik videodarsliklar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimga yuklab boriladi. 
 
Barcha tadbirkorlar o‘zlarining faoliyatlarida nazorat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizmidan ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirib olishlari va ularning faoliyatida o‘tkazilgan noqonuniy tekshiruvlar yuzasidan Biznes ombudsmanga murojaat qilishlari mumkin. 

Besh yil sarhisobi: O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish

0

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlikning rivojlanish darajasini baholadi.

2021-yil 20-avgustda davlat rahbari birinchi marta tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bu kun mamlakatimizda Tadbirkorlar kuni sifatida belgilangan bo‘lib, har yili shunday yig‘ilish o‘tkazishga qaror qilindi. Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti O‘zbekistonda bu kabi birinchi tajriba bo‘lib, iqtisodiy siyosatni optimallashtirish va tuzatish borasida o‘z samarasini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Uchrashuv natijasida mamlakatda biznesni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab muhim qarorlar qabul qilindi.

Pandemiya davrida kichik biznes duch kelgan qiyinchiliklarga qaramay, tadbirkorlik ta’sirchan o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda. Shunday qilib, agar 2016-yilda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 268 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 529 mingtaga yetdi (o‘sish 2 baravar). Agar 2016 yilda yangi tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 33 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 103 mingtadan oshdi (o‘sish 3,1 baravar). Prezidentimiz biznes vakillari bilan uchrashuvda ta’kidlaganidek, so‘nggi 5 yil ichida tadbirkorlar soni uch baravar ko‘paydi va hozirda 1,5 mln. kishini tashkil etadi, xususiy sektor korxonalarida esa 5 millionga yaqin kishi mehnat qilmoqda.

2021-yilda kichik biznesning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi: sanoat (27%), qurilish (72%), YAIM (55%), bandlik (74%), eksport (22%).

2021-yilda iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha korxonalar soniga ko‘ra ko‘rinish quyidagicha: savdoda – 157 ming korxona, sanoatda – 91 ming, qishloq xo‘jaligida – 47 ming, qurilishda – 44 ming, turar joy va oziq-ovqatda – 33 ming, tashish va saqlashda – 18 ming, axborot-kommunikatsiyada – 11 ming, sog‘liqni saqlash sohasida – 10 ming va boshqalar – 118 ming.

Tadbirkorlarning murojaatlari va takliflari asosida Prezident yig‘ilishda biznesning to‘liq va samarali ishlashiga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni hal etish bo‘yicha keyingi ishlar uchun 7 ta muhim yo‘nalishni – biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit, soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish, yer ajratish, infratuzilmani rivojlantirish, eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, transport-logistika, tadbirkorlikka oid tartib-taomillarni soddalashtirish kabilarni belgilab berdi.

2016-2021 yillar davomida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 24 foizga, sanoat ishlab chiqarish hajmi esa 34 foizga o‘sdi. Markaz tomonidan har oyda hisoblab chiqilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlarda, masalan, ishbilarmonlik faolligi indeksi va Germaniya IFO institutining analogi metodologiyasi bo‘lgan ishbilarmonlik muhiti indeksida ijobiy ta’sirlarni kuzatish mumkin. Shunday qilib, 2022-yil iyun oyida hududlar va poytaxtda IFI o‘tgan oyga nisbatan 6,2 foizga o‘sdi va 2021-yilda o‘rtacha yillik konsolidatsiyalangan ko‘rsatkich 60 punktni tashkil etdi (bu 2020-yilga nisbatan 18 punktga ko‘proq), bu mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy deb baholaydi.

Respublikada soliq tushumlari hajmining ham barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. Shunday qilib, 2022-yil 1-yanvardan 27-iyungacha bo‘lgan davrda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga o‘sdi. Tahlil qilingan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2021-yilning shu davriga nisbatan 41,2 foizga oshdi. Joriy yil boshidan 27-iyungacha bo‘lgan davrda tovar eksport qilish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,4 foizga oshdi. Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 42,8 foizga oshdi.

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, respublikaning eksport salohiyatini oshirish va innovatsiyalar joriy qilishda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan biznes vakillarini rag‘batlantirish, shuningdek, 2021-yil 20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.

2. Belgilansinki:

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan tadbirkorlar taqdirlanadi;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni har yili 20-avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi.

3. Quyidagilar:

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirlar Mahkamasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonlari va ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini;

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib borilishini ta’minlasin.

5. Moliya vazirligi har yili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini berish, uni tayyorlash hamda “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobini chop etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun Savdo-sanoat palatasining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan tegishli mablag‘larni ajratish choralarini ko‘rsin.

6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

            Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022-yil 19-avgust

 

*                *                 *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2022-yil 19-avgustdagi PQ–356-son qaroriga

1-ilova

 

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni (keyingi o‘rinlarda – ko‘krak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.

2. Ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan tadbirkorlar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

2-bob. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni
taqdim etish va ko‘rib chiqish

3. Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda, ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar bo‘yicha takliflarni har yili 10 iyulga qadar Savdo-sanoat palatasiga (keyingi o‘rinlarda – Palata) taqdim etadi.

4. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarga nomzod haqida quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

nomzodning ma’lumotnomasi (obyektivka);

nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta);

nomzodning so‘nggi uch yil davomida tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati aks ettirilgan tavsifnoma.

5. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish uchun Palata raisi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibda komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tashkil etiladi.

6. Komissiya tarkibi va Komissiya to‘g‘risidagi nizom Palata raisi tomonidan tasdiqlanadi.

7. Ko‘krak nishoniga nomzodlarni ko‘rib chiqish natijalari har yili 25-iyulga qadar Komissiya bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

8. Nomzodlarning ro‘yxati, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlarning qisqacha tavsifi Komissiya bayonnomasining tegishli ilovasi bilan tasdiqlanadi va uning asosida taqdimnoma tayyorlanadi.

9. Taqdimnoma Palata raisi imzosi bilan har yili 1-avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga kiritiladi.

3-bob. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi

10. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi.

11. Ko‘krak nishoni har yili 20-avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

12. Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

13. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

14. Palata ushbu Nizomga muvofiq ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis ko‘rib chiqilishi uchun bevosita mas’uldir.

15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

*                    *                     *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2022-yil 19=avgustdagi PQ–356-son qaroriga

2-ilova

 

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishonining

TAVSIFI

“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘lib, 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi.

Ko‘krak nishonining o‘rta qismi diametri 25 millimetr bo‘lgan doira shaklidagi bo‘rtma gardish bilan o‘ralgan. Doiraning markazida belgi-tamg‘alar tasvirlangan bo‘lib, bunday tamg‘alar qadimgi usta-hunarmand tadbirkorlar tomonidan yasalgan va sotuvga chiqarilgan hamda O‘zbekiston hududida topilgan mahsulotlar namunalarida aks etgan. Ular azaldan yurtimiz hududida yashab kelgan tadbirkorlarning ramzlari bo‘lib kelgan.

Markazdagi belgi-tamg‘alar atrofida ularni ushlab turgan tadbirkor qo‘llarini ifodalovchi tasvirlar tilla rangda aks ettirilgan.

Ko‘krak nishonining ustki qismida aylana bo‘ylab “FAOL TADBIRKOR” yozuvi bitilgan. Harflarning balandligi – 2,2 millimetr.

Ko‘krak nishonining pastki qismida aylana bo‘ylab 5 qirrali 14 yulduz aks ettirilgan.

Ko‘krak nishonining orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.

Tasvirlar va yozuvlar bo‘rtmadir.

Ko‘krak nishoni ilmoq va halqa yordamida to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi qadag‘ichga ulangan. Qadag‘ich bo‘yi – 19 millimetr, eni – 25 millimetr.

Qadag‘ich teng o‘lchamli ko‘k va och ko‘k rangdagi shoyi lenta bilan qoplangan bo‘lib, uning eni 21 millimetrni tashkil etadi.

Qadag‘ichning orqa tomoniga ko‘krak nishonini kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan.