Bosh sahifa Blog Sahifa 171

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 28,1 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘ldi

0

2022-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 28,1 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘ldi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 6,3 mlrd. AQSh dollariga oshganini bildiradi.

Tashqi savdo aylanmasi – 28,1 mlrd. AQSh dollari

— Eksport – 11,3 mlrd.

  • mahsulotlar – 9,3 mlrd.
  • xizmatlar  – 2 mlrd.

 

— Import – 16,8 mlrd.

  • mahsulotlar – 15,4 mlrd.
  • xizmatlar  – 1,4 mlrd.

O‘zbekistonda chiqindilar bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun foyda va ijtimoiy soliqlar stavkasi 1 foizga tushiriladi

0

15-avgust kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 20-avgust—Tadbirkorlar kuni munosabati bilan tadbirkorlar uchun ochiq muloqot tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar qildi.

Unda aytilishicha, qo‘mita tizimida joriy yilning 7 oyi davomida jami 21 920 ta tadbirkorlarga turli yo‘nalishlarda davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. 2020-yil 7-sentabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror bilan atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishi yuqori va o‘rtacha darajada xavfli bo‘lgan faoliyat turlarining atrof muhitga va aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sirini muhokama qilish bo‘yicha jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish amaliyoti joriy etilib, salbiy holatlarni oldini olishga zamin yaratilgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvargacha chiqindilarni to‘plash, olib chiqish ketish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun foyda solig‘i (amalda 15 foiz) va ijtimoiy soliq (amalda 12 foiz) stavkasi 1 foizga tushirilmoqda.

Tadbirkorlarni respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnika, texnologik uskunalar va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilish bo‘yicha imtiyoz muddati 2025-yil 1-avgustga qadar uzaytirilmoqda. (Amalda ushbu imtiyoz 2023-yil 1-yanvargacha berilgan. Imtiyoz uzaytirilishi bilan tadbirkorlar ixtiyorida 15,1 milliard so‘m qoladi).

Tadbir davomida Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatish faoliyati turlari bo‘yicha taqdimotlar namoyish qilinib, mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berilgan.

Tadbirda tadbirkorlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglanib, faoliyatlari davomida yuzaga kelayotgan masalalalar bo‘yicha yechim berilgan.

Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi xalqaro instituti tashkil etiladi

0

“Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ummonning Atyab International Services kompaniyasi muassisligida Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar institut asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari sifatida belgilanadi:

  • respublika iqtisodiyoti va agrar sektorini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal qila oladigan, xalqaro ta’lim standartlari darajasidagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
  • o‘quv jarayonini tashkillashtirishga xorijiy tajriba, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish, o‘quv jarayoniga malakali chet ellik va xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olgan, malakasini oshirgan xalqaro tajribaga ega mahalliy mutaxassislarni jalb qilish;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorini rivojlantirish uchun jahon miqyosida raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantiradigan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida mukammal texnologlar, olimlar va biznes rahbarlarini yetishtirish;
  • yuqori malakali mutaxassislarni, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish;
  • oziq-ovqat texnologiyasi sohasida amaliy va innovatsion tadqiqotlar hamda zamonaviy talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

Qo‘qon shahri Movarounnahr ko‘chasi 92-uyda joylashgan Qo‘qon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar texnikumi bino va inshootlari hamda unga tutash hudud operativ boshqaruv huquqi bilan bepul foydalanish uchun belgilangan tartibda institutga beriladi.

Maktablarda 100 mingdan ortiq bepul to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

0

“Maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

2025-yil 1-sentabrga qadar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan “Elektron kutubxona” tizimi joriy etilmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalarini bibtexnika bilan ta’minlash uchun har bir ta’lim muassasasi uchun har yili 3 mln so‘mdan mablag‘ ajratib boradi;

2027-yildan boshlab o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan tuman (shahar)larda talabdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha “Barkamol avlod” bolalar maktablarini tashkil etish choralarini ko‘radi;

ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladigan “Barkamol avlod” bolalar maktablarini jihozlash bilan foydalanishga tayyor holda topshirishni loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda nazarda tutadi;

2023-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida zarur jihozlar bilan ta’minlangan 100 mingdan ortiq bepul to‘garak faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi 2024 va keyingi yillar O‘zbekiston ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida nazarda tutiladigan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilish manzilli dasturini shakllantirishda “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi mavjud binolarini mukammal ta’mirlash hamda “Bolalar sayyohlik bazasi” qurish, zarur inventarlar bilan jihozlash uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq kapital qo‘yilma limitlari ajratilishini nazarda tutadi.

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etdi

0

O‘zbekistonda 2022-yil yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yil shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabariga ko‘ra, 2022-yil 1-iyun holatida mehnat resurslari soni 19,4 mln kishini tashkil etib, 2021-yil shu davriga nisbatan 0,8 foizga yoki 153,7 ming kishiga oshgan.  

Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13,7 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 1,9 foizga yoki 261,3 ming kishiga oshgan.  

1-iyun holatida rasmiy sektorda band aholi soni 6 mln kishini tashkil qilib, 2021-yil shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo‘lganlar soni 4,1 foizga yoki 240,6 ming kishiga oshgani kuzatilgan.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5,6 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8,2 foiz yoki 507,5 ming kishiga kamaygan.

Xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketganlar 2 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 528,2 ming kishiga oshishi norasmiy bandlarni kamayishiga sabab bo‘lgan.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishga muhtoj bo‘lganlar umumiy soni 1,3 mln kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 8,8 foizni tashkil etdi. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi 14,5 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa 12,8 foiz bo‘ldi.

Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Zamonaviy bilim olish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar egallash istagida bo‘lgan yoshlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning intellektual hamda kasbiy mahoratini rivojlantirishga bo‘lgan intilishlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, joriy yil 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan hamda 29-iyul kuni axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida:

1. 2022-yil 1-oktabrdan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun ta’lim krediti ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

Belgilansinki:

a) tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozitlar hisobidan axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;

b) nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun yoshlarga ta’lim krediti:

bazaviy hisoblash miqdorining 65 baravarigacha miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan yoshlarga ajratiladi;

rasmiylashtirilishi va uning qaytarilishida kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxslar birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

v) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishga ajratiladigan ta’lim krediti uchun garov va kafillik talab etilmaydi;

g) axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun yoshlarga ta’lim krediti Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda – IT-park) rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning o‘quv kurslarida ta’lim olish uchun ajratiladi. Bunda, axborot texnologiyalari sohasida ta’lim beruvchi rezident tashkilotlar reyestri IT-park tomonidan elektron axborot tizimi shaklida yuritiladi hamda zarur hollarda tijorat banklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilinadi.

2. Axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun ta’lim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash:

2022-yilda Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

kelgusi yillarda esa haqiqiy talabdan kelib chiqib Jamg‘armaga zarur mablag‘lar ajratiladi.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklarining so‘rovlariga asosan ularga Markaziy bankning asosiy stavkasida axborot texnologiyalari sohasida yoshlar tahsil olishiga ta’lim krediti ajratish uchun mazkur stavkadan 4 foiz bandga past bo‘lgan stavkada depozit joylashtiradi;

Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda depozit mablag‘lari va axborot texnologiyalari sohasida yoshlarning tahsil olishi uchun ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladioshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.

4. AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATBning 2022-yil 1-noyabrdan boshlab IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Bunda:

kompyuter xarid qilish uchun ajratiladigan iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi) hisobidan kompensatsiya qilinadi;

sertifikatlarning yagona elektron reyestri IT-park tomonidan yuritiladi.

5. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlarga 2023 yil 1 avgustga qadar “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikat olgan holda, shuningdek, mazkur qarorning 4-bandida ko‘zda tutilgan tartibda kompyuter xarid qilish maqsadida kredit olish uchun Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan kafillik berish tizimi joriy etilsin.

Yoshlar ishlari agentligi Moliya vazirligi, Markaziy bank va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar mazkur bandda ko‘zda tutilgan kafillik berish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Yoshlar ishlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-avgustga qadar nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratish, shuningdek, mazkur qarorning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan tartibda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.

7. Moliya vazirligi:

a) Yoshlar ishlari agentligi va Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishga ajratilgan ta’lim krediti bo‘yicha yuzaga keladigan kredit tavakkalchiligini Moliya vazirligi va tijorat banklari o‘rtasida taqsimlash;

Jamg‘arma hisobidan nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida yoshlarning tahsil olishi uchun tijorat banklariga ta’lim kreditlari uchun depozit joylashtirish;

nodavlat ta’lim tashkilotlarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan yoshlarga o‘quv kurslarida ta’lim olish to‘lovlari uchun kredit ajratish;

Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda tijorat banklariga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlarini o‘rnatish;

b) mazkur qarorda ko‘zda tutilgan axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ta’lim krediti, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga hamda IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoki ishtirokchi sertifikatini olgan yoshlarga kompyuter xarid qilish maqsadida iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilish uchun zarur mablag‘larning 2023-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida o‘rnatilgan tartibda nazarda tutilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6208-son Farmonining 7-bandiga muvofiq Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘larni mazkur qarorning 4-bandiga asosan iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning boshqa maqsadlariga yo‘naltirishga ruxsat berilsin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda mamlakatimiz aholisining ta’lim olish, mehnat qilish hamda turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ga iste’mol krediti ajratilishi tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda yoshlarni zamonaviy bilim olish hamda kasb-hunar egallashga jalb etish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari hamda Internet jahon axborot tarmog‘ida muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini amalga oshirsin.

11. Yoshlar ishlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.H.Shermatov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z.Sa’dullayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

                                   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                              Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 12-avgust