Bosh sahifa Blog Sahifa 144

Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori:

Respublikaning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etish, shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hisobiga turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

2023 yil bahor-yoz mavsumida havo va temir yo‘llar orqali yo‘lovchilar tashishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2a va 2b-ilovalarga muvofiq;

2023 yilda respublika hududidagi turizm va madaniy meros ob’ektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlarining manzilli ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

2023 yilda turizm sohasidagi resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4a-ilovaga muvofiq;

2023 yilda turizm sohasida o‘tkaziladigan madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4b-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2023 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalari 5a–5o-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mamlakatning turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Respublika ishchi guruhi) 6-ilovaga muvofiq tarkibda va hududiy ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda – Hududiy ishchi guruhlar) 7-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.

3. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Transport vazirligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlarining hududlarning turizm salohiyatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli hududlarni biriktirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

4. Oliy ta’lim tashkilotlariga biriktirilgan hududlar ro‘yxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va ushbu oliy ta’lim tashkilotlariga hududning turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha quyidagi vazifalar yuklatilsin:

hududning turizm salohiyatini o‘rganish, hudud va uning tarixi, turistik ob’ektlari va o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida turli tillarda kontentlar yaratish, ularni targ‘ibot qilish hamda turpaketlar yaratishda yordam ko‘rsatish;

nazariy bilim va amaliyotning uyg‘unligini ta’minlagan holda professor va o‘qituvchilarning izlanishlari, talabalarning turizm sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish;

hududlardagi aholi tomonidan turizm xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda kadrlarning malakasini oshirishda ko‘maklashish.

5. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2023 yilda xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha reja-jadval 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Quyidagilar zimmasiga:

a) Respublika ishchi guruhi (A.Aripov, A. Abduxakimov)ga:

mazkur qaror va unga ilovalarda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar va chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish hamda bu boradagi ishlarni har oyda kamida bir marotaba muhokama qilib borish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlarini eshitish;

turizm sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish, Madaniyat va turizm vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

har chorakda mamlakat turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borish;

b) Hududiy ishchi guruhlarga:

Madaniyat va turizm vazirligi hududiy bo‘linmalarining joylarda turizm sohasida yaratilgan sharoitlar, mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ikki haftada bir marotaba axborotini tinglash;

joylarda turizm sohasidagi mavjud muammolarni birma-bir muhokama qilib borish, turistik salohiyatni oshirish borasida mas’ullarni belgilagan holda chora-tadbirlarni tasdiqlash va ularning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash;

hududning turistik salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy turistlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga – mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan turizmni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish;

g) transport vaziri I.R.Maxkamovga – mazkur qarorga 2a va 2b-ilovalarda belgilangan yo‘lovchilar tashishning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish;

d) madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari U.A.Azamov hamda mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga – mazkur qarorga 4a va 4b-ilovalarda belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish vazifalari yuklatilsin.

7. Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan birgalikda 2023 yil Davlat byudjeti parametrlarida avtomobil yo‘llarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq tasdiqlangan turizm va madaniy meros ob’ektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilishini ta’minlasin.

8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023 yil uchun Davlat byudjetidan mahalliy aviaqatnov yo‘nalishlarini subsidiyalash uchun qo‘shimcha 30 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki, Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda reyslarni ularning bandligidan kelib chiqib subsidiyalash mexanizmlarini aniqlaydi.

9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2023 yil 1 maydan boshlab:

2024 yil 1 iyulga qadar tajriba tariqasida turoperator xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga ular tomonidan 5 nafar va undan ortiq norezidentlarga xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutuvchi turpaketlar (joylashtirish, avtomobil yoki temir yo‘l transporti, ekskursiya va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar qamrab olingan) bo‘yicha chet ellik hamkorlariga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foiz miqdoridagi mablag‘lar respublika byudjetidan subsidiya sifatida qaytariladi;

2026 yil 1 mayga qadar mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yoki avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z faoliyatida yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchi bilan birga o‘n va o‘ndan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan transport vositalarini (TIF TN kodlari 8702 10, 8702 40, 8702 90) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 12 oy muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Madaniyat va turizm vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan tartiblarning o‘z vaqtda joriy etilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilishga 2023 yilda 50 milliard so‘m ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Madaniyat va turizm vazirligi:

a) bir oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muzey va teatrlarning dam olish va bayram kunlarida, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun qulay vaqtlarda ishlashini ta’minlansin;

vazirlikning yagona Call-markazida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish choralarini ko‘rsin;

b) 2023 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasining milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro nufuzli turistik va marketing platformalarida reklama qilish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlasin.

Belgilansinki, har yili Davlat byudjetidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUKga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun o‘tkazib beriladi.

11. Transport vazirligi:

a) bir hafta muddatda “Samarqand” xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimi doirasida xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlarga bo‘lgan cheklovlarni olib tashlasin hamda “beshinchi havo erkinligi”ni qo‘llasin, shuningdek, xorijiy davlatlarning aviatsiya ma’muriyatlari, chet el aviatashuvchilarini bu haqda belgilangan tartibda xabardor qilsin;

b) 2023 yil 1 maydan “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda:

Farg‘ona, Namangan yoki Andijondan Buxoro, Samarqand, Termiz, Urganchga, shuningdek, Termiz – Nukus, Samarqand – Urganch, Buxoro – Urganch, Farg‘ona – Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘ysin;

Toshkentdan Nukus, Urganch, Buxoro, Qarshi va Samarqandga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yib, amaldagidan ikki baravargacha arzon tariflarni joriy etsin;

v) yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalarning ajratilishini ta’minlasin;

g) bir oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu qarordan kelib chiqib, xalqaro shartnomalarga yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy va xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalar ajratish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish hamda parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berish choralarini ko‘rsin;

d) 2023 yil 1 oktyabrga qadar Urganch va Buxoro aeroportlarining har biri bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha alohida tanlovlar e’lon qilsin;

ye) 2023 yil yakuniga qadar Namangan aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha loyiha konsepsiyasini va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqsin.

12. Madaniyat va turizm vazirligi Samarqand viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 sentyabrga qadar YUNVTO shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusini yaratish maqsadida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga qarashli Samarqand shahri, Bobur Mirzo ko‘chasi, 3a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarning kapital rekonstruksiya qilinishi va to‘liq jihozlanishini hamda unga tutash hududning obodonlashtirilishini ta’minlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

13. Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Transport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 maydan boshlab yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda:

Qamchiq dovoni orqali yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari o‘n to‘rttagacha o‘rindiqqa ega bo‘lgan M2 toifadagi transport vositalariga;

Jizzax viloyatidagi dovonlar hamda Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida tegishli toifadagi yo‘llar orqali turistik avtobus va mikroavtobuslarga muntazam qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berilishini ta’minlasin.

Bunda, faqat 1 apreldan 1 noyabrga qadar bo‘lgan davrda kunduzi, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan va gaz ballon uskunalari o‘rnatilmagan, sekinlashtiruvchi uskunasi (tog‘ tormozi) mavjud bo‘lgan hamda harakatni kuzatish navigatsiya qurilmasi va taxograf o‘rnatilgan transport vositalarida kamida 7 yil staji bor haydovchilarga avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyati uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda qatnovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

14. Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi hamda Transport vazirligi bilan birgalikda:

2023 yil Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari sakkiz va undan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan transport vositalarini xarid qilish uchun 300 million so‘mgacha miqdordagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishini ta’minlasin;

turizm sohasining sub’ektlariga aylanma mablag‘lar va investitsiyani ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘mlik kredit liniyalarini ochishni ta’minlasin;

mablag‘lar joylashtirilgan tijorat banklari haqidagi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borsin.

Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki hafta muddatda mazkur bandning uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab berish tartibini joriy qilishni ta’minlasin.

15. Madaniyat va turizm vazirligining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublika bo‘ylab sayohatlar tashkil etish maqsadida “Sayohat barcha uchun!” loyihaсиni amalga oshirish bo‘yicha taklifi ma’qullansin.

Madaniyat va turizm vazirligi mazkur loyiha doirasida 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sayohatini tashkil qilsin hamda dastlabki bosqichda Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 100 nafar surdo-gidlarni tayyorlash bo‘yicha dasturni ishlab chiqsin.

Bunda, ushbu loyiha bilan bog‘liq xarajatlar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

16. Madaniyat va turizm vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.A.Xodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2023 yil 26 aprel

Sayyoradagi eng boy ayol kim va u qanday qilib bunchalik boyib ketgan?

0

Sayyoramizdagi eng boy ayol kimligini bilasizmi? Quyida juda katta aktivlarga ega bo‘lgan fransuz ayoli va uning qiyin oilaviy munosabatlari haqida ma’lumot beramiz.

Fransuaza Bettenkur-Meyers 2017-yilda onasidan L’Oreal aksiyalarining uchdan bir qismini meros qilib oladi va Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 82,1 milliard dollar boyligi bilan dunyodagi eng boy ayolga aylanadi. Oddiy milliarder merosxo‘rlardan farqli o‘laroq, bu xonim o‘z e’tiborini L’Oreal direktorlar kengashi a’zoligiga (u bir nechta kengash qo‘mitalarida, jumladan strategiya va barqarorlik, inson resurslari, tayinlash va boshqaruv) va o‘zining yozuvchilik karyerasiga qaratdi. Badavlat merosxo‘r yunon mifologiyasi va yahudiy-xristian munosabatlaridan tortib eshitish va karlik haqidagi mavzularda kitoblar yozgan.

Fransuaza bu yozda 80 yoshga to‘ladi. U L’Oreal asoschisi Ejen Shuellerning nabirasi. Bobosi 1908-yilda Oreal deb nomlangan yangi soch bo‘yog‘i formulasini ixtiro qiladi. Bu ixtiro Shuellerga katta daromad olib keladi, 1957-yilda uning boyligi qizi Lilian Betankurga o‘tadi. Uning eri Andre Bettenkur fransuz siyosatchisi bo‘lib, hukumatda vazir va senator bo‘lib ishlagan. Betankurlar fransuz jamiyatida o‘zlarining hashamatli bazmlari bilan mashhur edi.

Lilian Bettenkur, eri Andre Bettenkur va ularning qizi Fransuaza Bettenkur, 1988-yil 23-mart
Foto: Legion Media

Biroq Fransuaza Bettenkur-Meyers hech qachon ota-onasi kabi hashamatli turmush tarzini olib bormagan. Uning sevimli mashg‘ulotlari — kitob yozish va pianino chalish bo‘lgan. Vanity Fair nashriga ko‘ra, o‘smirlik chog‘idayoq Fransuazaning onasi bilan munosabatlari yaxshi kechmagan. “Fransuaza og‘ir-vazmin edi, — deydi Lilian Betankur, — har doim mendan orqada bo‘lardi”. The New York Times gazetasining yozishicha, ona 2009-yilda fransuz gazetasiga bergan intervyusida qizini “sovuq bola” deb atagan.

Betankur-Meyers “Betankur ishi” deb nomlanuvchi meros bo‘yicha oilaviy sud jarayonini boshlaganida bu munosabatlar keskin nuqtaga yetadi. New York Times gazetasining yozishicha, sud jarayonida Fransuaza onasining eng yaqin do‘sti, fotograf Fransua-Mari Banye Bettenkur xonim bilan bo‘lgan “ishqiy mojarosi”dan foydalanib, keksa ayolni unga naqd pul, taxminan 1,86 milliard dollarlik san’at va ko‘chmas mulk berishga majburlaganini da’vo qilgan. Bettenkur-Meyers 2007-yil dekabr oyida Banyega qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atadi. Lillian qizining da’vosiga qarshi chiqadi va aktivlarini o‘z xohishiga ko‘ra Banye bilan bo‘lishganini aytadi.

Liliane, Andre va Fransua Bettenkur Feminissima ko‘rgazmasida, 1987-yil
Foto: Legion Media

Betankur xonim demensiya va Alsgeymer kasalligiga chalingani, atrofidagilar esa uning bemorligidan foydalanganligi xabar qilingan. Yengilishni xayoliga ham keltirmagan Fransuaza Bettenkur-Meyers Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolya Sarkozi ham ishtirok etgan dramatik tergovga yana to‘qqiz nafar ayblanuvchini qo‘shadi. Sobiq hukumat amaldori prezidentlik kampaniyasini moliyalashtirish uchun Betankur pullarini noqonuniy qo‘lga kiritganlikda ayblangan, garchi prezidentga qarshi ish dalillar yo‘qligi sababli to‘xtatilgan bo‘lsa-da. Banye 2015-yilda “ayolning ojizligini suiiste’mol qilish”da ayblanib, ikki yarim yillik qamoq va jabrlanuvchiga 158 million yevro tovon to‘lash jazosiga hukm qilingan, biroq keyinchalik apellyatsiya ishida qamoq muddati va to‘lov bekor qilingan.

Garchi Betankur-Meyers sud jarayonidan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, keyinroq guvohlarga pora bergani haqidagi ayblovlar uchun tergov qilinadi. Tergov 2015-yilda Benye tomonidan qo‘yilgan jinoiy da’voga asoslangan edi. O‘shanda Fransuaza guvohga bergan to‘lov qisman ishdan bo‘shatish nafaqasi, qisman shaxsiy qarz bo‘lib, ko‘rsatma uchun pora emasligini aytgan. Qarshi da’vo 2016-yilda maxfiy kelishuv asosida hal qilingan.

Sudda ishtirok etgan advokat Vanity Fair nashriga shunday deydi: “Avval onasi qizini o‘ldirdi, keyin esa qizi onasini o‘ldirdi”. 2009-yildan beri Lilian va Fransuaza bir-biri bilan gaplashmaydi. “Hozir qizim bilan ko‘rishmayapman ko‘rishni xohlamayman ham, — degan Betankur xonim 2008-yilda bergan intervyusida. — Men uchun u o‘lgan”.

Fransuaza Bettenkur-Meyers va Lilian Bettenkur, 2011-yil 24-yanvar
Foto: Legion Media

2011-yilda Lillian Betankur ruhiy salomatligi yomonlashgani sababli oilasi qaramog‘iga topshiriladi. Sud jarayonida uzoq vaqtdan beri unutilgan oilaviy sirlar, jumladan Betankur-Meyerning otasi va bobosi natsistlarga xayrixoh bo‘lganligi haqidagi taxminlar ham oshkor bo‘ladi.

Ejen Shueller fashistlar Germaniyasining dastlabki yillarida Adolf Gitlerning “dinamizmi”ni omma oldida maqtagan va Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin natsistlarning hamkori sifatida tergov qilingan, shuningdek, respublika hukumatini ag‘darish uchun fitna uyushtirgan maxfiy jamiyatning a’zosi bo‘lgan — 1930-yillarda Fransiya guruhni moliyalash va unga L’Oreal shtab-kvartirasida uchrashuvlar o‘tkazishga ruxsat berish orqali ularga xizmat qilgan.

Liliane Betankur va uning qizi Fransuaza Betankur-Meyers 2012-yil 24-yanvarda Grand Palais’da bo‘lib o‘tgan Parij moda haftaligida.
Foto: Legion Media

Andre Betankur, o‘z navbatida, 1940-yillarning boshlarida nemisparast matbuot uchun antisemitizm maqolalar yozgan, garchi yo‘nalishini o‘zgartirib, qarshilikka qo‘shilgan bo‘lsa ham. Keyinchalik u Ikkinchi jahon urushi paytida harbiy xizmati uchun mukofotlangan va Fransiya hukumatida xizmat qilgan.

2017-yilda Lillian vafotidan so‘ng, Fransuaza o‘zining milliardlab dollarlarini va Bettenkur xonim so‘nggi kunlarini o‘tkazgan Art Deco saroyini meros qilib oladi. Uy Parijning g‘arbiy qismidagi boy shahar Neuilli-sur-Seine shahrida joylashgan. Bundan tashqari, u Brittani qirg‘og‘idagi bolaligi o‘tgan uyga ham ega bo‘ladi. Ammo hozirda Fransuaza Parijning g‘arbiy chekkasida yashaydi.

O‘tgan yillar davomida fransuz ayolining boyligi keskin o‘sdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Betankur-Meyersning sof boyligi 82,1 milliard dollarga baholanib, u dunyodagi eng boy ayol va dunyodagi 11-eng badavlat odam hisoblanadi. U va oilasi L’Oreal’ning 33% ulushini nazorat qiladi.

Jan-Viktor Meyers, Nikolas Meyers, Fransuaza Bettenkur-Meyers va uning turmush o‘rtog‘i Jan-Pyer Meyers L’Oreal’da — UNESKO’ning ilm-fan sohasidagi ayollarni mukofotlash tadbirida, Parij, 14-mart 2019-yil
Foto: Legion Media

Fransuaza Tethys oilaviy xolding kompaniyasi bosh direktori Jan-Pyer Meyersga turmushga chiqqan. Ularning Jan-Viktor va Nikolas ismli ikki o‘g‘li bor. Jan-Viktor 2012-yilda buvisining o‘rnini egallab, onasi bilan birga L’Oreal direktorlar kengashida ishlay boshladi. Kompaniya L’Oreal, Maybelline, Essie, Garnier, Urban Decay Cosmetic, Lancome va Kiehl’s kabi ommaviy brendlarga ega.

Betankur-Meyers, shuningdek, 1980-yillarda asos solgan xayriya tashkiloti Betancourt-Schueller jamg‘armasi prezidenti sifatida ham ishlaydi. Jamg‘arma tabiiy fanlar va san’at sohasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratadi.

Nima uchun siz Bill Geyts bo‘la olmaysiz?

0

Dunyoning eng badavlat kishilari reytingining yuqori pog‘onalarini egallab keluvchi Bill Geytsning misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati iste’dod va sa’y-harakatlardan ko‘ra bizga bog‘liq bo‘lmagan shart-sharoitlar qanday ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligi haqida «so‘zlaydi».

Albatta, bizga nima uchundir doim hayotda katta muvaffaqiyatga erishgan kishilar yuqori malaka yoki iste’dodga ega ekandek ko‘rinadi. Biroq aslida bunday emas, deyiladi BBC’da.

Misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat, qoidaga ko‘ra, misli ko‘rilmagan shart-sharoitlarda yuzaga keladi.

Aksariyat muvaffaqiyatli odamlar shunchaki kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘lishgan.

Ko‘pchilik Geyts va unga o‘xshaganlardan muvaffaqiyat sirlarini bilib olish mumkin deb, ularni hurmat va e’tirofga loyiq deb hisoblashadi. Biroq agar siz ular muvaffaqiyatga faqatgina qattiq mehnat orqali erishgan deb jiddiy o‘ylasangiz, adashasiz. Hattoki Geytsga astoyidil taqlid qilsangiz ham, uning martabasiga erishishingiz amrimahol.

Masalan, Geyts o‘ziga to‘q oiladan chiqqan. Xususiy ta’lim unga o‘z davrida dasturlashtirish tajribasiga ega bo‘lish imkonini bergan, zero u vaqtlar aholining 0,01 foizidagina kompyuterda ishlash imkoni bo‘lgan.

Billning onasi IBM direktorlar kengashi raisi bilan tanish bo‘lgan va bu unga o‘z davrining ilg‘or kompyuter kompaniyasi bilan shartnoma tuzish imkonini bergan. Bu esa, o‘z o‘rnida, uning shaxsiy imperiyasini qurishda hal qiluvchi rol o‘ynagan.

IBM komyuterlarini xarid qilgan mijozlar u bilan birga taqdim etiluvchi Microsoft dasturiy ta’minotini o‘rganishiga to‘g‘ri kelgan. Bu avvalboshdanoq bozordagi vaziyatni Microsoft foydasiga hal qilgan: mijozlarning aksariyat qismi undan keyin ham kompaniyaning dasturiy ta’minotidan foydalanishda davom etishgan – bu uning obektiv jihatdan yaxshiroq bo‘lgani uchun emas, qo‘shimcha narsani o‘zlashtirish uchun ko‘pchilikning vaqti bo‘lmaganidandir.

Bugungi kunda Microsoft bozordagi ulushi bo‘yicha raqiblarini bir necha barobarga ortda qoldirishi mumkin, aslida esa bu tafovut avvalboshdanoq Geytsning omadi kelgani bilan izohlanadi.

Alabatta, Microsoft’ning muvaffaqiyatida Bill Geytsning iste’dodi va mehnati ham muhim ahamiyatga ega, biroq qolgan omillarsiz buning o‘zi yetarli bo‘lmasdi – demak, qaysidir ma’noda shart-sharoitlar iste’dod va mehnatdan muhimroq.

Kimlardir «qattiq mehnat va yuqori ishtiyoq natijasida muvaffaqiyatga erishgan odamlar ham talaygina, shuning uchun ularning yutuqlarini kamsitish adolatdan emas», deb aytishi mumkin. Ba’zilar hatto muvaffaqiyatning sehrli raqamlari borligiga ishonishadi – deylik aynan 10 yil yoki 10 ming tajriba va h.k.

Ko‘plab professional va ekspertlar o‘z ko‘nikmalariga haqiqatda qattiq va maqsadli mehnati evaziga erishishgan. Biz hatto Geytsning muvaffaqiyati sirlaridan biri – uning o‘smirlik chog‘idagi dasturlash yo‘nalishi bo‘yicha olgan 10 ming soatlik ta’limi deb aytishimiz ham mumkin.

Foto:Getty Images

«10 000 soat tajriba» qoidasi psixolog Anders Erikssonning tadqiqotlariga asoslangan va amerikalik Mal­kol­m Gla­du­el­lning «Daholar va autsayderlar» kitobi orqali ommalashgan.

Ekspertlar tarjimai holining batafsil tahlili tashqi omillar ham ko‘pincha muhim rol o‘ynaydi, deb taxmin qilish imkonini beradi. Masalan, Buyuk Britaniyaning stol tennisi bo‘yicha uch chempioni ham bir shaharda, bir ko‘chada ulg‘ayishgan.

Bu yerda gap tasodiflar va hatto u yerda boshqa hech narsa bilan shug‘ullanish imkoni bo‘lmaganidan emas. Ma’lum bo‘lishicha, stol tennisi bo‘yicha mashhur murabbiy Piter Xarters nafaqaga chiqqanidan keyin aynan shu joyga ko‘chib o‘tgan. Aksariyat bolalar aynan mashhur murabbiy bilan bir ko‘chada yashagani uchun ham sportning mazkur turiga jalb qilingan; ularning uch nafari aftidan o‘sha 10 ming soat saboq olish va oxir-oqibat milliy chempionatda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan ko‘rinadi.

Buning uchun ularga qobiliyat ham, qattiq mehnat ham kerak bo‘lgan, albatta. Biroq tasodifan tanlangan bola hatto 10 ming soat shug‘ullansa ham, milliy chempionlik maqomini olishi qiyin. Bunday muvaffaqiyatga omadsiz erishib bo‘lmaydi – masalan, tajribali murabbiyning borligi va oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi ham sportchining omadidir.

Stol tennisida juda ham qobiliyatli bo‘lib, boshlang‘ich shart-sharoitlarga ega bo‘lish borasida omadi kelmagan bolani tasavvur qiling – uning yaxshi murabbiyi bo‘lmasligi mumkin yoki u yashaydigan mamlakatda sport u qadar rivojlanmagan bo‘lishi mumkin. Bundaylar o‘z salohiyatini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lmay, chetda qolib ketishi ham hech gap emas.

Kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘lish xususiyati shu qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinki, bu har qanday shaxsiy fazilatlarni ortda qoldiradi. To‘g‘risini aytganda, biz eng yaxshi deb hisoblagan odamlarimizga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishimiz va xuddi shunday muvaffaqiyatga erishishga umid qilishimiz kerak emas. Asosiysi – boylik va muvaffaqiyatni dunyoni yanada yaxshiroq qilish yo‘lida safarbar etish.

Omadni qadrlab, o‘z muvaffaqiyatlarini faqat o‘z mehnati bilan o‘lchamaydiganlar katta hurmatga loyiq insonlardir.

Motivatsiyani “vayron qiladigan” odatlardan qutulishning 7 oddiy chorasi

0

Motivatsiyaning yetishmasligi nafaqat ish jarayonini, balki shaxsiy rivojlanishni sekinlashtirishi va hatto boshqalar bilan munosabatlarni ham buzishi mumkin. Agar siz ishtiyoq yo‘qolayotganini his qilsangiz, buning asosiy sababini aniqlash juda muhimdir. Ko‘pincha bu yettita omildan biri bo‘lishi mumkin.

1.    Nimani xohlayotganligini bilmaslik

«Siz nima istaysiz?» — bu oddiy savol bo‘lib, u har qanday motivatsion nutqda birinchilardan bo‘lib eshitiladi. Afsuski, ko‘pchilik bu savolga aniq javob bera olmaydi. Ana shunda o‘zingizga boshqa savollar berishga harakat qiling: «Menga qanday natija kerak?», «Agar hamma narsa rejaga muvofiq bo‘lsa, mening hayotim qanday bo‘lishi kerak?» Javoblar ularni amalga oshirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan istak va qadamlarni aniqlashga yordam beradi. Buning nima ekanligini bilmasangiz, motivatsiyani topish qiyin. Ushbu qoida qarama-qarshi yo‘nalishda ham qo‘llanadi. Biz nimaga muhtoj ekanligimizni tushunganimizda va maqsadlarimiz va intilishlarimizni batafsil tasvirlab berganimizda, ilhom o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi.

Futbol muxlisidan uning sevimli jamoasi haqida so‘rang. U bu savolga javoban klubning barcha o‘yinlari, o‘yinchilarning pozitsiyalari va ehtimol, necha yillar oldingi o‘yinning ikir-chikir tafsilotlarigacha aytib berishi mumkin. Agar siz o‘sha odamdan o‘zi haqida so‘rasangiz, u kecha nonushtada nima yeganini ham eslay olmaydi. Bu tafakkur yetishmasligi emas, balki e’tiborsizlik natijasidir.

Qanday bartaraf etish mumkin? Har bir yo‘nalishda aniq maqsadlarni belgilab oling: sog‘liqni saqlash, moliya, o‘z-o‘zini rivojlantirish, ish, munosabatlar. Kundaliklarga istaklarni yozib, ularni qanday amalga oshirish haqida reja tuzgan ma’qul. Ko‘rasiz, motivatsiya sizni ko‘p kuttirmaydi.

Foto: AP

2. Tana “til”ini tushunmaslik

Tasavvur qilaylik, motivatsiyaga ega bo‘lmagan odam qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin? Qanday o‘tiradi? Uning umurtqa pog‘onasi tekismi yoki notekis? Yelkalar tik holatdami yoki bukchaygan?

Endi maqsadi aniq bo‘lgan odamni tasavvur qiling. Aynan shu narsa ham motivatsiya berishi mumkin. O‘zingiz o‘xshashni xohlagan odamning holati va imo-ishoralarini takrorlash sizning ishtiyoqingizni oshirishga yordam beradi.

Qanday bartaraf etish mumkin?  Harakat motivatsiyaga olib keladi, ya’ni agar siz ishtiyoqni his qilmoqchi bo‘lsangiz, tanangizni boshqarishni boshlang. O‘zingizni tomosha qiling va biror narsani kuchli darajada xohlaganingizda qanday harakat qilish va o‘zingizni tutishingizga e’tibor bering. Qolgani juda oddiy. Siz motivatsiyani yo‘qotayotganingizni his qilsangiz, ushbu harakatlarni takrorlang va miyangiz tezda tanaga ergashadi.

3. Katta maqsadlardan qo‘rqish

Biz nimaga erishmoqchi bo‘lsak: kitob yozish, ozish, yaqin odam bilan munosabatlarni yaxshilash — bizning xohishimizning kuchi uning amalga oshirilishiga bevosita ta’sir qiladi.

Ko‘pchiligimiz orzularimiz va maqsadlarimizni jiddiy ravishda cheklaymiz, bu holat motivatsiyasini “o‘ldiradi”. Biz o‘zimizga va boshqalarga bosh aylantirar darajadagi muvaffaqiyatga muhtoj emasligimizni aytamiz. Bu juda xavfli dunyoqarash. Bu nafaqat maqsadlarimizning shijoati va xilma-xilligini, balki ularga erishish uchun tayyor bo‘lgan harakatlarimizni ham susaytiradi.

Qanday bartaraf etish kerak? Ushbu muammoni hal qilish uchun ko‘paytirish qoidasini 10 ga oshirish kerak bo‘ladi. Uning mohiyati shundayki, siz xohlaganingizdan 10 baravar katta maqsadlarni belgilash va ularga erishish uchun 10 baravar ko‘proq harakat qilishingiz kerakligini anglatadi. Ushbu tamoyil sizga turli xil yondashuvlarni sinab ko‘rish va ko‘p maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi.

4. Maqsadlarning umumiyligi

Bunda motivatsiya tartibsiz va tezkor. Uni uzoq vaqt davomida bitta vazifada ushlab turish qiyin. Aytaylik, siz o‘zingizga juda oqilona maqsadlar qo‘ydingiz: masalan, erta tongda turish, ko‘proq sport bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish. Avvaliga sizda motivatsiya yetarlidek tuyuladi, ammo tez orada uning yo‘qligiga guvoh bo‘lasiz. Bu maqsadlar juda ham umumiy bo‘lganda sodir bo‘ladi.

Qanday bartaraf etish mumkin? O‘zingiz uchun aniq maqsadlarni belgilang va bundan ham yaxshisi — ularga erishish uchun bosqichma-bosqich reja tuzing. Masalan, har kuni soat 7:00 da uyg‘oning, dushanba, chorshanba va juma kunlari bir soat davomida sport bilan shug‘ullaning va ratsiondan shakarni chiqarib tashlang. Bunday odatlar sizni yanada e’tiborli qiladi va uzoq vaqt davomida motivatsiyani saqlab turishga imkon beradi.

5. Stress

Qachonlardir sizda ham charchoq va umidsizlik bo‘lganda o‘zingizga “hammasidan voz kechdim, qo‘limdan kelmaydi” deb aytgan bo‘lishingiz mumkin, Bunday holatlarning sababi nima bo‘lishidan qat’i nazar, stress holatida motivatsiyani saqlab qolish qiyin.

Qanday bartaraf etish mumkin? Ko‘paytirish qoidasi, albatta, yaxshi, lekin undan oqilona foydalanish kerak. Agar sizning boshingiz aylanib,  bor kuchingizni yo‘qotgan bo‘lsangiz, eng oliy maqsadingiz va hozirgi imkoniyatlaringiz orasidagi oltin o‘rtaliqni toping.

Asl muammo shundaki, siz bir nechta vazifalarni birvarakayiga bajarishga intilgansiz. Yaxshisi, ularni navbati bilan bajargan ma’qul. «Ikki quyonni baravar ushlamoqchi bo‘lgan ovchi ularning ikkisidan ham ayriladi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani boshlab qo‘yib, bittasini ham ko‘ngildagidek yakunlay olmagandan ko‘ra,  asosiysini chiroyli qilib bajarish muhim.

6. Har bir ishni kechiktirish

U birdaniga namoyon bo‘lmaydi. Ko‘pincha biz nima qilishni va qanday vazifani bajarishni bilmaymiz. Noaniqlik keyinchalik dangasalik va kechikishni keltirib chiqaradi va ular motivatsiyani yo‘q qiladi.

Qanday bartaraf etish mumkin? Kechiktirish orqali ortga surilayotgan biror vazifani oling va uni bajarish uchun qaysi qadamni qo‘yish mumkinligini aniqlang.

Masalan, siz uyingizni tozalashingiz kerak, lekin o‘rningizdan turishni ham xohlamaysiz. Quruq gapdan ko‘ra, biror yumushni tanlang va boshlang. Shkafni tozalang, pollarni arting. Ehtimol, shundan keyin o‘zingizda harakat qilish istagini uyg‘otasiz.

7. Foydasiz odatlar

Motivatsiya yo‘qligining eng muhim va keng tarqalgan sababi oddiy: ilhomni doimiy ravishda his qilib bo‘lmaydi. Bizga haddan tashqari ta’sir qiladigan odamlar o‘zlarining kundalik odatlari sababli bizda shunday taassurotni yaratadilar.

Agar tanangiz vazifani bajarishga odatlangan bo‘lsa, har kuni ertalab soat beshda turish uchun ilhomlantiruvchi moslamalar kerak emas. Shunday qilib, motivatsiyaning siri aniq odatlarga bog‘liq. Ular bizga avtomatik ravishda maqsadlar tomon harakat qilish imkonini beradi. Biz buni qilishga odatlanib qolamiz.

Qanday bartaraf etish mumkin? Maqsadga erishishning oson yo‘li – quyidagi shablonga amal qilishdir.

Maqsadni tanlang. Kelgusi yilda qanday katta natijaga erishmoqchi ekanligingiz haqida o‘ylang.

Maqsadingiz tomon olib boradigan har bir bilimni o‘zlashtiring. Siz qanchalik chuqur kirib borsangiz, yo‘lingiz shuncha ravshan bo‘ladi.

Har kuni takrorlashingiz mumkin bo‘lgan foydali odatni toping. U shunday bo‘lishi kerakki, hayot tarzingizga aylantirish oson bo‘lsin. Shunday qilsangiz, asta-sekin bu hayotingizning bir qismiga aylanadi.

Sanab o‘tilgan yetti omildan qaysi biri sizning motivatsiyangizni “o‘ldirayotganligini” aniqlang va o‘z ustingizda ishlashni boshlang. Vaqt o‘tishi bilan eng qiyin vazifalarni hal qilish jarayonida ham g‘ayratli bo‘lish qanchalik osonligini sezasiz.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.

Biznes g‘oya: O‘zbekistonda qanday qilib internet-do‘kon ochish va undan qancha daromad olish mumkin?

0

Firuz Allayev 1989-yil Buxoroda tavallud topadi. Avval O‘zbekiston jahon tillari universitatining tarjimonlik fakultetida, so‘ngra Fransiyadagi Xalqaro siyosiy tadqiqotlar institutida ta’lim oldi.

Fransiyada o‘qigan davrida Firuz Yevropada internet-do‘konlar juda katta tezlikda rivojlanayotganining guvohi bo‘ladi. Aholining deyarli 90%i xaridlarni hamyonbop narxlarda onlayn-maydonlar orqali amalga oshirar edilar.

O‘zbekistonga qaytgach esa, bunday xizmat umuman yo‘qligidan hayron bo‘lib, interenet-do‘kon ochishga qaror qiladi. Shu tarzda 2014-yil “Asaxiy” yaraladi.

“Spot” tadbirkor bilan birgalikda qanday qilib noldan onlayn-do‘kon ochish mumkin, dastlabki investitsiyalar va o‘zini oqlash muddatlari qandayligini tushuntiradi.

Ishni nimadan boshlash kerak?

Avvalo, siz nimani sotishingizni hal qilishingiz kerak. Hozirda barqaror talabga ega bo‘lgan toifalarga kiyim-kechak va poyabzal, elektronika va maishiy texnika, smartfonlar, kompyuter texnikasi, kitoblar va ish yuritish buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar kiradi.

Esda qolarli nom yaratish ustida ishlashni unutmang — butun biznesning mashhurligi shunga bog‘liq. Brend nomi 7 tagacha harfdan iborat bo‘lgani va o‘zbek tiliga yaqin nom bo‘lgani yaxshi — bu auditoriya uchun talaffuz qilish va eslab qolishda oson bo‘ladi.

Hozirda ko‘pchilik ingliz tilidagi so‘zlarni qo‘yishmoqda, buni noto‘g‘ri deb hisoblayman.

Saytni yaratish

Sayt uchun siz professional dasturchi topishingiz yoki tayyor saytlarni biznesingizga moslashtira oladigan mavjud ishlab chiqilgan tizimlardan foydalanishingiz kerak bo‘ladi. Bu ancha arzonga tushadi.

Sayt bu faqat bizga ko‘rinadigan qism, lekin uning ortida sizning ish jarayoningizni avtomatizatsiya qilib tashkillashtirib beradigan dasturlar bor. Masalan, CRM (mijozlar buyurtmalarini tartibga solib beradigan baza), “buxgalteriya va sklad” kabilar.

Tadbirkorlikka endi kirib kelayotganlarga 1C yoki “moy sklad” kabi sodda dasturlardan foydalanishni maslaxat beraman.

Boshlang‘ich harajatlar

Sayt yaratishga $2000 dan $25000 gacha ketadi. Bugungi kunda professional internet-do‘kon yaratish uchun birinchi investitsiya $200-$300 mingni tashkil etadi. Kelajakda bu mablag‘ni doimiy oshirib borish kerak bo‘ladi.

Agar shunchaki sayt yaratib telefondagi buyurtmalar orqali sotmoqchi bo‘linsa, u holda $5000-$7000 ming xarajat qilib, bir-ikkita xodim (operator)ni ishga yollasa bo‘ladi. Lekin, kelajakda xizmatni yaxshilash, o‘zgarishlar uchun dasturchilar jamoasini tuzish kerak.

Demak, xarajatlar quyidagicha:

Obyekt

Miqdor (dollarda)

Saytni yaratish

$2000-$25000

Mahsulot

$10000 dan

Mahsulotni qadoqlash

$300 dan

Xodimlar ish haqi

har bir xodim uchun o‘rtacha $400 dan

Joy ijarasi

$500 dan

Hujjatlarni rasmiylashtirish

Birinchi navbatda nooziq-ovqat savdo turlari tasnifida kompaniyani (MChJ) ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Bugungi kunda xujjatlarni uydan chiqmagan holda “Yagona darcha” orqali onlayn tarzda topshirsa ham bo‘ladi.

Buning uchun standart hujjatlar to‘plami kerak bo‘ladi:

  • ta’sischining pasporti;
  • kompaniyaning yuridik manzili;
  • bank hisobvarag‘ini ochish uchun hujjatlar.

Mavzuga doir: Firuz Allayev O‘zbekiston internet savdo tizimidagi muammolar, raqobat va sohani rivojlantirish yo‘llari haqida. Video


Investorni qanday jalb qilish mumkin?

Biznesda investitsiya jalb qilish uchun investorga, birinchidan, siz nima sotmoqchi ekanligingizni va unga bozordagi talabni ko‘rsatishingiz kerak.

Masalan, smartfonni oladigan bo‘lsak, u taxminan bir yilda nechta sotiladi, siz bozorning nechchi foizini egallamoqchisiz, bir yildan keyin qanaqa natijaga ega bo‘lmoqchisiz.

Ikkinchidan, bu loyihani kimlar amalga oshirmoqchi, ya’ni siz o‘z jamoangizning muvaffaqiyatlarini, professionalligini ko‘rsatib berishingiz kerak. Uchinchidan, qancha daromad olish mumkinligini real raqamlarda tayyorlab berish kerak bo‘ladi.

Marketing

Birinchi navbatda o‘z auditoriyangizni tanlab olishingiz kerak — mijozlaringizni kimlar tashkil etadi, ularning yoshi, yashash hududi va hokazolar.

Bugungi kunda internet-do‘konlar mijozlari o‘z vaqtlarini asosan “Telegram”, “Facebook” hamda “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadilar. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan reklama televideniyedagidan ko‘ra samaraliroqdir.

“YouTube” platformasi, blogerlar, OAVlar ham ko‘p auditoriyani yig‘ib beradilar. Va albatta, eng muhim reklama vositalaridan biri bu “sarafan radiosi»dir.

Qancha pul ishlab topish mumkin?

Bugungi kunda aholida narsalarni onlaynda buyurtma berish madaniyati tezkorlik bilan shakllanmoqda. Shuning uchun xarajatlarni olti-yetti oyda ham qoplash mumkin.

Biroq kompaniya daromadga kirgandan so‘ng yana investitsiya kiritishda davom etish kerak. Masalan, “Asaxiy” 3,5 yildan so‘ng daromad ola boshlagan. Mablag‘larni hanuzgacha investitsiya qilmoqdamiz.

Umuman olganda, O‘zbekistondagi internet-do‘kon $500 dan bir necha yuz ming dollargacha foyda ko‘rishi mumkin.

Xatolar

Ko‘p biznesmenlar yo‘l qo‘yadigan xatolar:

  • aniq strategiyaga ega bo‘lmasdan turib biznesni boshlash;
  • “xavfsizlik yostig‘i»ga ega bo‘lmaslik;
  • savdo rejasiga ega bo‘lmaslik;
  • katta miqdordagi kredit olish;
  • xarajatlarning optimizatsiyasi ustida ishlamaslik;
  • investitsiyani maqsadsiz jalb qilish;
  • jamoani noto‘g‘ri tanlash.

Kadrlar

Dastlabki bosqichda quyidagi kadrlar kerak bo‘ladi:

  1. Dasturchilar — ularni ishga yollagan holda yoki autsors orqali ishlasa ham bo‘ladi.
  2. Kontent menedjer. Bu juda muhim pozitsiya, chunki aynan u mahsulotni saytga joylash ishini amalga oshiradi.
  3. Marketolog. U sizning mehnatingizni yuzaga chiqarib beradi.
  4. Savdo bo‘limi (operatorlar). Savdoning sifati aynan ularga bog‘liq bo‘ladi.
  5. Buxgalter hamda logistika bo‘yicha mutaxassis.

Shaxsiy moliya bo‘yicha o‘qishga arziydigan 8 kitob

0

So‘nggi yillarda chiqqan ushbu kitoblar sizga byudjyetni rejalashtirish, aql bilan investitsiya kiritish, bema’ni xarajatlar qilmaslik va moliyaviy maqsadlarga erishishda yordam beradi.

1. «Pulning psixologik  qopqoni», Geri Belski, Tomas Gilovich

Pulni ishlab topish – ishning yarmi. Ikkinchisi –pulni to‘g‘ri sarflash. Aqlsiz xarajatlarga olib boradigan bir xil xatolar qilamiz. Bu kitobdan his-tuyg‘u, xulq-atvor va jamiyat moliyaviy qarorlar qabul qilishga qanday ta’sir qilishi haqida bilib olasiz. Xulq-atvor iqtisodiyotini bilish o‘zingiz va xarajatlaringizni nazorat qilishda yordam beradi.

2. «Moliyaviy kundalik. Pulni tartibga solish», Aleksey Gerasimov

Nazariyadan tajribaga o‘tamiz. Bu kundalik moliyaviy xulq-atvoringizni kuzatishda yordam beradi: omonatlarni rejalashtirish, kirim va chiqim hisobini yuritib, ularni tahlil qilish. Kundalik uch oyga mo‘ljallangan. Bu vaqt orasida shaxsiy moliyangizga tegishli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni yozishga o‘rgangansiz.

Keyin o‘sha jadvallarni oddiy daftarga yozib, matnli faylda hisob-kitobni yurita olasiz. Mohiyat – har kuni raqamlarni yozish orqali o‘z moliyaviy maqsadlaringizni yaxshiroq ko‘rib, ularga doimiy ravishda harakat qilishda.

3. «Pul qayerga ketadi? Oila byudjyetini aql bilan boshqarish», Yuliya Saxarovskaya

Bu kitob har oy pul qayerga ketdi deb hayron bo‘ladiganlar uchun. Moliya bo‘yicha maslahatchi va investor Yuliya Saxarovskaya o‘zining joriy holatini bilish, xarajatlarni optimallashtirish, kelajakda oila byudjyeti va moliyaviy rejani tuzish. Bularning bari – hayotiy misollar va xatolarni tahlil qilish. Pulni qayerda saqlash, qayerga sarmoya kiritish, nafaqaga moliyaviy ta’minlangan odam bo‘lish haqida bilib olasiz.

4. «Hamyon  va hayot», Viki Robin

Ishlashmi yoki yashash, yashashmi ishlash – doimiy masala. Javob kundek ravshandek ko‘rinadi. Biroq shunga qaramay, ko‘pchilik umrini  barcha xursandchiliklar haqida unutib, pul ortidan quvib, o‘tkazadi. Viki Robinning kitobi moddiy qadriyatlarga o‘z munosabatini qayta ko‘rib, moliyaviy mustaqillikka erishishda yordam beradi.

5. «Shaxsiy boylik: Ko‘paytirish, himoya qilish, egalik qilish», Styuart Lukas

Lotereyaga katta pul yutib olib, uni sarflab yuborib, avvalgi hayot tarziga qaytgan odamlar haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu uzoq muddatli strategiya va mablag‘ni aql bilan boshqarish ko‘nikmasi uchun yorqin misol. Ko‘pchiligimizga bu muammo tanish.

Kitob muallifi Styuart Lukas nafaqat moliyaviy maslahatchi, uning o‘zi ham Carnation oilaviy kompaniyasini boshqaradi. U kitobxonlarga mablag‘ni ko‘paytirish, o‘z boyligini  himoya qilish, yo‘qotishlarsiz sarmoya kiritish, maslahatchini tanlash va rejalashtirishda ko‘plab xatolarni bartaraf etish haqida gapirib beradi.

6. «Pulning sirli tili.Aqlli moliyaviy qarorlarni qabul qilish», Devid Kryuger

Pul qancha ko‘p bo‘lsa, moliyaviy muammolar shuncha ko‘payadi. Biz ko‘proq pul sarflaymiz, jahlimiz chiqadi va pul tufayli xafa bo‘lamiz, aqlsiz xaridlar  qilamiz. Devid Kryuger pulga nisbatan sog‘lom munosabatni shakllantirish va ularni aql bilan boshqarish haqida gapirib beradi. Bu o‘z moliyaviy holatini yaxshilashni istaydigan, biroq buni qanday amalga oshirishni bilmaydiganlar uchun qiziq qo‘llanma.

7. «Yo‘qotma! «Ota» Kiyosaki nima haqida aytmagan?», Isaak Bekker

Kitob o‘z boyligini oshirish haqida. Bu professional moliyaviy maslahatchi tomonidan yirik sarmoya kiritishni rejalashtirayotgan kitobxonlarga berilgan foydali maslahatlar to‘plami. Pulni saqlashning turli instrumentlarining ijobiy va salbiy tomonlari hamda pulni sarmoya qilish haqida batafsil yozilgan: depozit, obligatsiya, aksiya, sug‘urtalash va fondlar.

8. «Pullarning g‘olibligi», Nial Fergyuson

Bu kitob ro‘yxatdagi kitoblardan farq qiladi. Unda siz amaliy maslahatlarni topmaysiz. Bu kitob pul nima ekani, qadimdan bugungi kungacha qanday yo‘lni bosib o‘tgani haqida. Dunyoning moliyaviy tarixi iqtisodiy jarayonlar haqidagi fikrlar va qaysi voqealar iqtisodiy inqirozlarga olib borishini ko‘rsatadi. Sizni qiziqarli bayon va ko‘plab faktlar kutadi.