Yakka tartibdagi tadbirkorlardan noto‘g‘ri yig‘ib olingan ijtimoiy soliq summalari ularning hisobvaraqlariga qaytarilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
1 dekabr kuni Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida yakka tartibdagi tadbirkorlar foydalanadigan soliq imtiyozlari tashqi manba ma’lumotlari asosida yangilangan.
Avtomatlashtirish jarayonida texnik xatolik yuzaga kelib, oilaviy xususiy bog‘cha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyoz (oyiga 330 ming so‘m) qo‘llanmasdan qolgan.
Ayni paytda mazkur texnik xatolik bartaraf etilgan. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi, deya ta’kidladi Soliq qo‘mitasi.
Angliyaning Legatum Institute xalqaro tahliliy markazi mamlakatlarning farovonlik darajasi bo‘yicha navbatdagi reytingini e’lon qildi (Legatum Prosperity Index 2023).
O‘zbekiston ushbu reytingda dunyoning 167 davlati orasida 100-o‘rinni egalladi.
Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida uchinchi ko‘rsatkich: Qozog‘iston 69-o‘rinda, Qirg‘iziston 94-o‘rinda, Turkmaniston 107-o‘rinda va Tojikiston 113-o‘rinda qayd etilgan.
Tadqiqot mualliflari fikriga ko‘ra, Skandinaviya mamlakatlari – Daniya, Shvetsiya va Norvegiya dunyodagi eng gullab-yashnagan davlatlar hisoblanadi. Eng farovon mamlakatlar beshligiga Finlyandiya va Shveytsariya ham kirdi.
Reytingda so‘nggi o‘rinlarni Somali, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi, Yaman va Janubiy Sudan egallagan.
Farovonlik indeksi 2006 yildan beri dunyo mamlakatlari erishgan yutuqlarni ularning gullab-yashnashi nuqtai nazaridan o‘lchaydigan kompozit ko‘rsatkichdir. Indeks jamiyatning turli jihatlari va ijtimoiy farovonlik parametrlarini aks ettiruvchi 12 toifaga birlashtirilgan ko‘plab turli ko‘rsatkichlar asosida tuzilgan.
O‘zbekistonning ushbu parametrlar bo‘yicha egallagan o‘rinlari:
– ijtimoiy kapital (46-o‘rin);
– sog‘liqni saqlash (49-o‘rin);
– xavfsizlik (53-o‘rin);
– ta’lim (73-o‘rin);
– iqtisodiyot sifati (79-o‘rin).
– yashash sharoitlari (103-o‘rin);
– infratuzilma va bozorga kirish imkoniyati (104-o‘rin);
– investitsiya muhiti (107-o‘rin);
– ishbilarmonlik muhiti (121-o‘rin);
– davlat boshqaruvi (123-o‘rin);
– shaxsiy erkinliklar (147-o‘rin);
– atrof-muhit (162-o‘rin).
Legatum Institute 2007 yilda Dubayda joylashgan Legatum Group investitsiya firmasining xayriya bo‘limi hisoblanmish Legatum fondi tomonidan tashkil etilgan.
Time jurnalining 1950-yil iyuldagi soni muqovasida Uilyam Levitt, uning ortida esa bir qavatli, ikki nishabli bir xil uylar qatorini ko‘rish mumkin edi. “Levitt va uning o‘g‘illari” kompaniyasi tomonidan qurilgan 10 minglab shu kabi uylar urushdan qaytgan amerikalik askarlar uchun yangi hayotga, AQSH administratsiyasi uchun saylovoldi yutug‘iga, arxitektorlar uchun dahshatga va Levittlar oilasi uchun esa boylik manbaiga aylandi. Ulkan muvaffaqiyatga erishgan tijoriy korxona faxriylar qarshisidagi vatanparvarlik burchini bajarish, yangi “shahar cheti”da hayot tarzi va kommunistik xavfga qarshi urush tarzida ko‘rilgandi.
Aytishlaricha, Uilyam Levitt o‘limi oldida har kecha “otasi, onasi va janob Levitt” uchun duo qilgan yigitchani eslashni yaxshi ko‘rgan. U uzoq yillar oldin o‘z mablag‘i evaziga qurgan shifoxonaga yotar, biroq davolanish uchun pul to‘lay olmasdi. 86 yoshli qariya o‘rnidan deyarli turmasa-da, intervyu olishga kelgan jurnalistlarga yangi loyihasiga haqida aytib berishni yaxshi ko‘rardi: “Hammasi joyida, ishonchli sheriklarim bor. Menga yarim yil vaqt bering va hammasi o‘tib ketadi!”. Tinglovchilar esa hamdardlik ma’nosida boshlarini qimirlatib qo‘yar, ayrimlari esa hatto uning gaplariga ishonardi.
Avraam Levitt biznes bilan shug‘ullanish haqida o‘ylab ko‘rmagan edi. Bolaligidan u kitob o‘qishni yaxshi ko‘rar va hatto adabiyot to‘garaklariga qatnardi, shahar hayoti unga mos emasdi — yosh romantik o‘z bog‘ida gullar parvarish qilishni xohlardi. 20 yoshga to‘lganida orzularidan voz kechishga to‘g‘ri keldi — Avraam Nyu-York universitetining yuridik fakultetiga o‘qishga kiradi va 1902-yilda ko‘chmas mulk huquqi sohasida mutaxassisga aylanadi.
Keyingi 10 yil davomida yosh advokat uylanadi va uning ikki farzandi dunyoga keladi: 1907-yilda Uilyam Jayrd, besh yil o‘tgach — Alfred Styuart. Odatdagidan farqli o‘laroq, otasining g‘ururi uning uyatchan kenja o‘g‘li edi, uning rasm chizishga bo‘lgan iqtidori yaqqol ko‘zga tashlanardi, o‘ziga ishonchi yuqori bo‘lgan Bill esa onasining erkatoyi edi. “Alfred — daho va bu so‘zni men ma’nosini anglagan holda aytyapman”, derdi Avraam.
Avraam ko‘chmas mulk masalalari bo‘yicha nafaqat advokat sifatida shug‘ullanar, balki ba’zida mijozlardan gonorar sifatida uy ham olardi. Boshqa bir versiyaga ko‘ra, Avraam o‘zining ilk yerlarini uyida tikuvchilik bilan shug‘ullangan xotinining puliga sotib olgan. Avraamning birinchi katta xaridi Rokvilldagi yer mulki bo‘lib, uni bankrotlikka uchragan mijozidan qabul qilgan. 1920-yillar oxiriga borib esa u nafaqat yer, balki oxirigacha qurib bitkazilmagan 40 ta uyni ham oladi. Katta moliyaviy yo‘qotishlardan qochish maqsadida uylar qurilishini yakunlash kerak edi va Avraam bunda o‘g‘illarini yordamga chaqiradi.
Avraam Levitt va uning o‘g‘illariFoto: Wikimedia Commons
Bu vaqtda Uilyam 22, Alfred bo‘lsa 17 yoshda edi. To‘ng‘ich farzand ko‘proq pul topish maqsadida matematika va ingliz tili o‘rgatilgan universitetni tashlab ketgandi, ukasi esa tayinli biror ishni qoyillatmagan. Ushbu havaskorlar jamoasi qanchalik g‘alati bo‘lmasin, ishchilar bilan kelishib, uylarning qurilishini oxiriga yetkazishga, so‘ng esa ularni sotib yuborishga muvaffaq bo‘ladi. Bundan ilhomlangan Avraam “Levitt va uning o‘g‘illari” kompaniyasiga asos solib, boshqaruvni o‘z nazoratiga oladi. Uilyam moliyaviy masalalar bo‘yicha kompaniya prezidenti etib tayinlanadi, Alfred esa uylar dizayni bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Tez orada Levittlarning “Tyudor” nomli birinchi uyi tayyor bo‘ladi. Oltita xona va ikkita yuvinish xonasiga ega “Tyudor” 1929-yil avgustda, Ikkinchi depressiya boshlanishidan oldin 14,5 ming dollarga sotiladi.
1947-yil oktyabrida Levittaunga ko‘chib kelgan ilk oilalar oxiri yo‘q kartoshka dalalari orasidan bir-biridan farq qilmaydigan uylar orasidan o‘zinikini ajratib olishga qiynalardi. Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, depressiya Levittlar oilasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. “Tyudor”lar mo‘ljallangan “yuqori o‘rta sinf” qatlami yaxshi yashash imkoniyati va xohishini yo‘qotmagan edi. To‘rt yil ichida Levittlar Manxassetda 600 ta uy qurib, ularni 9—19 ming dollar narxida sotadi. Long-Aylendning shimoliy qismida yashashni istaganlar Bill Levittga murojaat qilish kerakligini yaxshi bilardi. 1941-yilga kelib Levittlar tomonidan qurilgan uylar soni yana 1,2 mingtaga ko‘payadi. Ularni gazeta tarqatuvchilar, radioboshlovchilar, shifokorlar, advokatlar va Manxettendagi boshqa mashhurlar sotib olardi. Ammo bu uylar donabay edi, Bill esa ommaviy ishlab chiqarishni xohlardi.
Levittlar Norfolk dengizchilari uchun ommaviy uy qurish bo‘yicha davlat buyurtmasin olganidan keyin ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan korxonani tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ldi. Levitt bu yerda birinchi marta an’anaviy poydevorga asoslangan uyni emas, balki oddiy beton plitalardan foydalanib, qurilishni tezlashtirib yuboradi.
Foto: Getty Images
1944-yilda leytenant Bill Levitt rafiqasi va ikki nafar farzandi — 10 yoshli kichik Bill va kenjasi Jim bilan Gavayiga “dengiz asalarilari”ni boshqarishga yo‘l oladi. O‘z nazorati ostiga berilgan 260 nafar harbiy-dengiz quruvchilariga qayg‘urgan Bill o‘zini ham unutmasdi: u fortepyano chalar, viskini martiniga aralashtirib ichar va urushdan keyin ko‘rajak foydasi haqida o‘ylardi. O‘shanda keyinchalik uzoq yillar davomida sheriklari yodida qolgan muvaffaqiyat formulasi paydo bo‘lgandi: “Yalinib, qarz olib, o‘g‘irlab bo‘lsa-da pul olish, keyin esa qurish, qurish va qurish”.
“Men bilaman, shahar quriladi”
1950-yillarda birgina General Electric’ning maishiy texnikalari jamlanmasi uchun Levittlar uyining har qanday kamchiligini unutib yuborsa bo‘lardi. Bill G‘arbiy sohilda o‘z burchini bajarar ekan, uning qarindoshlari Sharqda Long-Aylend yerlarini sotib olish bilan shug‘ullanardi. Hukumat ham Levittlarning yutuqlariga o‘z hissasini qo‘shadi: 1944-yilda harbiy xizmatchilar to‘g‘risidagi qonun qabul qilinadi. Ushbu qonun veteranlarga yil davomida ishsizlik nafaqasini olish, eng muhimi esa uy-joy va ta’limdan foydalanish imkoniyatini taqdim etardi. Past foizli kreditlar, uy-joy uchun zayomlarning berilishi va ijaradagi boshqa imtiyozlar orqali davlat urushga qadar hech vaqosi bo‘lmagan insonlarga umid bag‘ishlar edi. 1946-yilda AQSHda 3,5 millionga yaqin inson boshpanagamuhtoj hisoblanardi. Hukumat bu insonlar osongina kommunistlar g‘oyasi ta’siriga tushib qolishidan qo‘rqardi, Levittda esa bunday ssenariydan qochish retsepti bor bo‘lgan: “Shaxsiy uyi va bir parcha yeri bor biror inson kommunist bo‘la olmaydi. Uning boshqa muammolar bisyor”.
“Levitt va uning o‘g‘illari” deyarli uddalab bo‘lmas ishga bel bog‘laydi — yangi o‘rta sinf vakillari uchun yangicha makon yaratish. 1947-yil 7-mayda kompaniya urush faxriylariga topshiriladigan 2 mingda uy qurish niyatini e’lon qiladi. Ikki kun o‘tgach New York Herald Tribuna gazetasi ushbu uylarning yarmi sotib bo‘lingani haqida yozadi. Bu qadar ulkan talabga Levittlar tayyor emasdi. Yaxshiyamki, Alfred oldindan “Keyp-Kod” uslubidagi uylar loyihasini tayyorlab qo‘ygan edi.
“Keyp-Kod” uylardan biriFoto: The New York Times
“Keyp-Kod” o‘zida Amerika orzusini mujassam etgandi. Uning eng muhim jihati narxida — ijaraga haqi 50 dollarga yaqin. Uylar rentabel edi, Levittlar imkon boricha har narsadan tejashga uringan. Billning tirishqoqligi va veteranlar tomonidan uyushtirilgan namoyishlar sabab mahalliy hukumat uylarni poydevorsiz qurishga ruxsat beradigan qonunni qabul qiladi: bu Levittlarga qurilishni tezlashtirish va har bir uydan 1000 dollar tejab qolish imkonini beradi.
Boshqa nayranglar ham bo‘lgan. Alfred yuvinish xonasi va hojatxonani oshxonaga yaqin qilib loyihalashtirgani sabab ularning o‘q devori bitta edi. Bill esa qimmat yog‘och eshiklarni Yaponiyadan olib kelingan bambukliga almashtiradi. Barcha uylar tashqi ko‘rinishi bo‘yicha bir-biridan farq qilmasdi va faqat rangi ularni ajratib turardi.
Uilyam Levitt avtomobilsoz Genri Ford tomonidan o‘ylab topilgan yig‘ish konveyrini uylarga nisbatan joriy etgani bilan faxrlanardi, farqli jihati uylar konveyer bo‘ylab harakatlana olmagani sabab, ishchilar brigadasi bir uydan boshqasiga o‘tib yurgan. Butun qurilish sikli 27 ta bosqichga bo‘lingan va har bir brigada o‘z bosqichiga javob bergan. Shu bois bunday uylarni qurishga bir hafta ham vaqt sarflanmas edi, ayrim vaqtlarda ular bir kunda 36 ta uyni ham foydalanishga topshirgan.
“Jannat” uchun navbat
Bill Levitt “har qanday ahmoq” ham uy qura oladi, asosiy masala qancha uy qurish, qanchalik tez qurish va arzon sota olishida, deb hisoblardi. Levittaunga ilk oila qurilish boshlanganidan to‘rt oy o‘tib, 1947-yilning 1-oktabrida ko‘chib o‘tadi. Dastlabki ikki yil ichida Island Tress’da 6 mingta “Keyp-Kod”lar quriladi. Aholi shu qadar tez orta boshlaydiki, Levittlar ko‘chalarga nom topishga ulgurmaydi. Avvaliga, butun oila a’zolarining ismlari “abadiylashtiriladi”. Keyin esa ular, daraxtlar, qushlar, hayvonlar va hatto qishloq xo‘jaligi anjomlari nomlaridan foydalaniladi. Nom yagona mo‘ljal edi — ularsiz yangi ko‘chib kelganlar yuzlab o‘xshash uylar orasidan o‘zinikini topib olishi dargumon bo‘lgan.
Bir-biridan farq qilmaydigan uylarFoto: The Jerusalem Post
Levittaundagi uylar 7990 dollardan sotila boshlanadi. Urush faxriylari faqatgina 100 dollar depozit kiritishi kerak bo‘lib, keyinchalik bu pul ham qaytarilgan, ular uyga ko‘chib o‘tganidan keyin esa oyiga 58 dollardan to‘lashgan. Har bir sotilgan uy kompaniyaga 1000 dollar foyda keltirardi. Alfred “rancho” uslubidagi uylar loyihasini ham ishlab chiqadi. Uning atrofida shu qadar ulkan ajiotaj yuzaga keladiki, konveyer usuli endilikda qurilishda emas, balki savdolarda ham kerak bo‘lib qoladi. Oxir-oqibat har bir xaridor uch daqiqa ichida uyni tanlashi va xarid bo‘yicha shartnoma imzolashi imkoniyati yaratiladi.
Qora tanlilarga — yo‘q
Levittlar nafaqat uy qurar, balki yangi jamiyat aholisi uchun qonun-qoidalarni ham ishlab chiqardi. Masalan, ular o‘z uylarini afroamerikaliklarga sotmas yoki ijaraga bermas edi. “Uy yoki irqiy muammoni hal qilish mumkin. Lekin birvarakayiga ikkisini hal etib bo‘lmaydi”, — derdi Levitt.
Shanba kunlari Bill Levitt o‘z mashinasida xuddi shohlardek shahar bo‘ylab aylanib, gazonlar bilan barchasi joyida yoki yo‘qligini ko‘zdan kechirib chiqardi. Levittlar uylarda amalga oshiriladigan har qanday o‘zgarishni o‘zlari bilan kelishishni talab qilardi. Ular yakshanba kunlari qo‘shnilarga xalaqit bermaslik uchun kirlarni dorlarga yoyishga ruxsat bermasdi. Hatto panjaralar o‘rnatishga ham ruxsat bo‘lmagan, bu peyzajni buzib qo‘yadi deya hisoblangan. Gazon holati ham nazoratda bo‘lgan, agarda o‘tloq hududlari yaxshi bo‘lmasa “Levitt va uning o‘g‘illari” o‘z bog‘bonlarini yuborar, ertasi kuni esa ko‘rsatilgan xizmat uchun hisob varag‘ini jo‘natardi.
Tan olish kerakki, Amerika chetidagi yangi qurilishlarga oid barcha mashhurlik Uilyamga nasib etdi. Uning otasi Avraam bunga xotirjam qarardi, chunki uning tafakkuri fatalizmni targ‘ib qilgan nemis faylasufining ta’sirida shakllangan edi.
Alfredning esa akasi bilan munosabatlar tobora murakkablashib borardi. Billning biznes-iqtidori arxitektor o‘g‘ilning xizmatlariga soya solardi. Alfred butun mashhurlik akasiga nasib etayotganidan g‘azablanar, Uilyam bo‘lsa dizayn borasida har doim ham ukasining tavsiyalariga rioya qilmasdi. Alfred rafiqasiga bilan ajrashib, parijlik 17 yoshli Monikka ilakishib ketganidan keyin munosabatlar butunlay darz ketadi va 1954-yilda aka-uka biznesni bo‘lib oladi. “Levitt va uning o‘g‘illari” Uilyamda qoladi, Alfred esa 1966-yilda vafot etguniga qadar “Levitt-xauz” markasi ostida ishlaydi.
Ota juda keksayib qolgandi va Bill oilaviy biznesni zamonaviy qurilish korporatsiyasiga aylantirishga qaror qiladi. 1960-ylda kompaniya aksiyalari Nyu-York fond birjasida paydo bo‘ladi, ammo keyingi yil davomida uy-joyga bo‘lgan talab kamaygani bois aksiyalar qiymati 1,4 million dollarga tushib ketadi. Biroq Bill Levitt yangi sharoitga moslashish imkonini topadi. 1960-yillar oxirida Levitt yiliga 20 foiz o‘sadigan barqaror savdolar hajmi bilan maqtana olardi. Eng mashhur loyihalaridan biriga San-Xuan g‘arbida 12 mingda uy qurgani bo‘ldi. Bunday muvaffaqiyat fonida 1967-yil iyulda Levitt International Telephone & Telegraph Corp kompaniyasi bilan bitim imzolaydi. ITT “Levitt va uning o‘g‘illari” kompaniyasini 92 million dollarga sotib oladi va uni Levitt Corp. deya qayta nomlaydi. Bill Levitt bo‘lsa AQSH hududida keyingi 10 yil davomida hech qanday qurilish qilmaslik majburiyatini zimmasiga oladi.
Foto: The Jerusalem Post
60 yoshli Bill Levitt boy insondan o‘ta badavlat insonga aylanadi: bitimdan uning shaxsiy daromadi 60 million dollarga yaqin edi, asosiy qismini ITT aksiyalari tashkil etgan.
Ishdan uzoqlashgan Levitt hashamatli hayot kechirishni boshlaydi. 1959-yilda u 29 yillik turmushidan keyin birinchi rafiqasi bilan ajrashgan va kotibasiga uylangan edi. Oradan 10 yil o‘tgach Bill yana ajrashib, o‘zidan 20 yosh kichik fransiyalik Simone Korshinga uylanadi.
Boyligidan bahramand holda yashagan Bill AQSHdan tashqarida yangi qurilish loyihalarini tashkillashtirishga urinadi. Biroq Eron, Venesuela, Fransiya, Isroil va Nigeriyadagi qurilishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Loyihalarning aksariyati ITT aksiyalari garoviga amalga oshirilardi, ammo 1970-yilda bozorning qulashi natijasida ushbu aksiyalar o‘z qiymatining 90 foizini yo‘qotadi.
Biroz mashhurlik
1970-yillar oxirida ITT oldida majburiyati muddati yakunlanadi va Levitt katta biznesga qaytish uchun yana bir nechta urinishlarni amalga oshiradi. U Floridada ikkita posyolka qurishni reja qiladi, lekin uylar qurilishi oxiriga yetmaydi, xaridorlar esa depozitlarini qaytarib oladi. Hashamatli hayotini davom ettirish uchun Levitt oilasi tomonidan tashkil etilgan xayriya fondidan 17 million dollar o‘g‘irlaydi. Sud uni 5 million dollarni fondga qaytarishi bo‘yicha va Nyu-Yorkda biznes bilan shug‘ullanishi taqiqlovchi qaror chiqaradi. Natijada u yaxta va uyini sotishga majbur bo‘ladi.
Foto: AP Photo
1992-yilda Uilyamning ichaklarida yorilish kuzatiladi va u North Shore University Hospital’da davolana boshlaydi. Oradan ikki yil o‘tgach yanvar oyida, jurnalistlardan “yana yarim yil” muddat berishlarini so‘raganidan ko‘p o‘tmay vafot etadi.
E’tibor bering: maqolada keltirilgan barcha ma’lumotlar faqat tanishish uchun berilgan. Raqamlar taxminiydir va individual holatga qarab farq qilishi mumkin.
“Spot” kovorking markazini qanday ochish, xodimlarni qanday tanlash va bunday biznes qancha foyda keltirishi mumkinligini “Ground Zero” kovorking-markazlari tarmog‘i direktori Abror Azizov bilan birgalikda ko‘rib chiqadi.
Ishni nimadan boshlash kerak?
Kovorking g‘oyasi “Ground Zero” asoschisi Hikmat Abdurahmonovning 2016-yili “Biznes Laboratoriyasi” loyihasi doirasidagi birinchi chet el safarida paydo bo‘lgan. Hammasi Brand.uz startap-miksi rahbari Alisher Yusupov tomonidan “Afisha Media” asoschisi Suren Sapov bilan uchrashuvdan boshlangan.
O‘sha vaqtda Hikmat Abdurahmonov Suren Sapovga Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasiga a’zo 10 kishidan iborat jamoa tarkibida San-Diyegodagi birinchi kovorking-markaziga tashrif buyurish uchun Kaliforniyaga sayohat qilishni taklif qilganlar.
Buyuk Britaniya elchixonasi yordamida aynan shu “Biznes laboratoriyasi” loyihasi doirasida London kovorking-markazida bo‘lib, nihoyat, yurtdoshlarimiz orasida ham ana shunday maydonda mehnat madaniyatini shakllantirish g‘oyasi paydo bo‘lgan.
Dastlab, hech kim ushbu rejaga ishonmagan, chunki aynan o‘sha paytda “DBLA” asoschilari Anastasiya Li va Alisher Seitniyazovlar shahardagi birinchi kovorking-markazi bo‘lgan “TCHK” faoliyatini to‘xtatdi.
Tadbirkorlar yopilish sabablarini bilish uchun ular bilan uchrashib, ogohlantirishlari hamda prognozlariga qaramay, hamkorlar bilan birga muvaffaqiyatli yakunga tavakkal qilib ishni boshlashadi.
Boshlang‘ich xarajatlar
Mamlakatimizda kovorking markazlarini ochishning paradoksi shundaki, bizda deyarli nol budjet bilan ishga tushirilgan markazlar mavjud va aksincha. Birinchi filialni ishga tushirish xarajatlari $200 mingni tashkil etgan. Hozir kovorking-markazini ochish uchun taxminiy hisob-kitob quyidagicha bo‘ladi:
Obyekt
Summa (AQSh dollarida)
Binolarni ijaraga olish
1kv metri $15−30
Bir martalik reklama kampaniyasi
$1000dan $5000gacha
Targ‘ib
$500−800
Tadbirlarni tashkil etish
$1500−3000
Jihozlar
$20 mingdan
Interyer yaratish
$20 mingdan
Uskunalar (televizorlar, ekranlar, ovoz uskunalari va boshqalar)
$40 mingdan
Jamoani shakllantirish
$2,5 mingdan
Kommunal xarajatlar
$1000−1500dan
Dastlab, auditoriyani jalb qilish maqsadida startap dasturlar uchun tanlov va musobaqalar ko‘rinishida turli tadbirlarni o‘tkazdik. Hozirda birinchi kovorking-markazimiz yangi loyihamiz — “Team University»ga tegishli, bu bizning yutug‘imiz deb hisoblaymiz.
Shu bilan birga, davlat organlari, masalan, Yoshlar Ittifoqi yoki mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan markazlarimiz ham bor edi.
Asosiy foyda — startap hamjamiyatlarini shakllantirish va tadbirkorlik ekotizimlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish. Shu tariqa, davlat organlari bilan ishlashishda moliyaviy investitsiyalardan qochamiz, lekin ularni boshqarish uchun javobgarmiz.
Foto: Ground Zero
Joylashuv
Bizning birinchi lokatsiyamiz “TechnoPlaza” biznes markazining birinchi qavatida joylashgan bo‘lib, maydoni taxminan 500 kv. metr. Afsuski, binolar bo‘sh va faqat ombor sifatida foydalanilgandi.
Qolaversa, o‘sha paytda jami yuzga yaqin xodimni qamrab olgan boshqa moliyaviy biznes loyihalarimiz mavjud edi, hech bo‘lmaganda o‘z ehtiyojlarimiz uchun markazdan foydalanishimiz mumkinligini tushundik.
Oldinlari arzon yoki imtiyozli joylarni izlash foydaliroq deb o‘ylardik, ammo endi bu qandaydir ma’nosiz tuzoq ekanligini va uning yon ta’siri borligini tushunamiz. Shuning uchun ham, bugungi kunda shahar markazida bozor kursi bo‘yicha binolarni ijaraga olamiz, bu taxminan 1 kv metri uchun $15−30ni tashkil etadi.
Hozir kovorking maydonlari faqat shahar markazida rivojlanayotganini ko‘rishingiz mumkin, chunki bu yerda bizning maqsadli auditoriyamiz yashaydi yoki ko‘p vaqtini shu yerda o‘tkazadi. Barcha filiallarimizning maydoni turli xil. Bugungi kunda eng kichigi “Minor”, keyin “Sharq” va eng kattasi “Kitob olami” hisoblanadi.
Xodimlar
Ishni olti kishi bilan boshlash mumkin. Hozirda 3ta filialda 20ta xodim faoliyat yuritadi. Har qanday biznesda bo‘lgani kabi xodim ham o‘z ishini sevishi kerak — aks holda bu kadrlar almashinuvining yuqori bo‘lishiga tahdid soladi.
Biz ambitsiyaga ega va faol odamlarni jalb qilishga harakat qilamiz, garchi ko‘pincha community-manager o‘z vazifasini bir joyda bir yildan bir yarim yilgacha bajaradi.
Xarajatlarni qoplash
Bu past rentabelli biznes ekanligini hisobga olgan holda markaz ochish yoki sarmoya kiritish kerak hamda o‘rtacha hisobda uch yil ichida foydaga chiqish mumkin. Oyiga $1000dan daromad olish mumkin.
Bitta filialga kuniga taxminan 300−500ta mijoz tashrif buyuradi. Ular turli xil bo‘lgani uchun o‘rtacha chekni aytish qiyin.
“Minor” filialining doimiy tashrif buyuruvchilari soni 100taga, “Kitob Olami»niki 150taga yetadi, “Sharq” filiali esa sentyabrda ochilganiga qaramasdan 100dan ortiq doimiy mijozlarga ega. Bugungi kunda bizning maqsadli auditoriyamiz ‘open space’ni yaxshi ko‘ruvchi va IT sohasida faoliyat yurituvchi odamlardir.
Foto: Ground Zero
Rivojlantirish
Har qanday rivojlantiruvchi harakatning aniq vazifa va missiyasi bo‘lishi kerak, chunki har bir tadbir g‘oyani ommalashtirish va xabardorlikni oshirish imkonini beradi. Eng boshida biz ko‘p eventlar o‘tkazdik va markazda joylashmaganimizga qaramay, shaharning turli burchaklaridan qiziquvchilar hamfikrlar bilan muloqot qilish, tajriba va bilim almashish uchun kelishdi.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar tufayli tadbirlarni tashkil etish hayotimizning ajralmas va tabiiy qismiga aylandi.
Muvaffaqiyat nimada?
Kovorking markazining muvaffaqiyati bir qator omillarga bog‘liq:
to‘g‘ri joyni tanlash;
katta miqdorda moliyaviy investitsiya qilishga tayyorlik;
aholi o‘rtasida bunday joylarda ishlash madaniyatini shakllantirish;
biznes modelini ishlab chiqish.
Mazkur turdagi biznesni boshlayotganda bu eng daromadli loyiha emasligini tushunish kerak. Bunda, bevosita emas, balki bilvosita afzalliklarni izlash tavsiya etiladi, ular orasida brend xabardorligi, ijobiy ijtimoiy imij hamda yangi tanishuvlar imkoniyati bo‘lishi mumkin.
Foto: Ground Zero
Kreativ markazlarning bosqichma-bosqich rivojlanishi o‘z filiallarini ochishga muvaffaq bo‘lgan bir nechta bu kabi kompaniyalar mavjudligi bilan tasdiqlanadi. Afsuski, koronavirus pandemiyasi jismoniy uchrashuvlarni juda cheklab qo‘ydi, ammo open space va kovorking markazlari doimiy kontaktda bo‘lgan joylardir.
Muvaffaqiyatimizning pik paytida 6ta filialimiz mavjud edi, ammo karantin davrida ulardan 5tasini yopishga majbur bo‘ldik va faqat bittasini qoldirdik. Muayyan mulohazalardan keyin yangi strategiya tuzib yana 2ta filial ochdik.
Qiyinchiliklar va xatolar
Shuni ta’kidlash kerakki, bizning asosiy birinchi o‘rindagi muammomiz odamlarning fikrlashi, shuningdek, ushbu loyihaning unikalligi va o‘ziga xosligini tushunmaslikda deya hisoblash mumkin. Axir, bugungi kunga qadar ko‘pchilik imtiyozlarni kam baholaydilar va ko‘pincha ularni standart ofislar bilan taqqoslashadi. Buning sababi shundaki, ushbu bozor hali ham yosh va hali kutilgan mashhurlikka erishmagan.
Ishbilarmonlarning ofis ijarasini kvadrat metrda hisoblash odati ularning ofisini yoki mavjudligini faqat jismoniy maydon bilan o‘lchashini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, maydon emas, balki biznes vakillarining ma’naviy potensialining ko‘lami, qo‘shma loyihalar muvaffaqiyati hamda hamfikrlar birligi haqida o‘ylash afzalroqdir.
Shuning uchun ham hamkorlik tamoyillari va multiplikator effekt imkoniyatlarini yaratish kerak, shunda ma’lum bir doira vakillari bilan bo‘lish, faqat ishlash uchun joy emas, balki ko‘proq narsa beradi.
Foto: Ground Zero
Bugungi kunda filiallarni ochish trendi kuchayib bormoqda, shuning uchun ham biz barcha o‘yinchilarni optimallashtirishga shoshilmaslikni eslatgan bo‘lardik, chunki bu katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Biz biznesda yangi emasligimiz hamda moliyaviy va hamkorlik qo‘llab-quvvatlovi bilan omon qolishga muvaffaq bo‘ldik.
Endigina ilk qadamlarini qo‘yayotganlar uchun biznes modeli va strategiyasi haqida qaror qabul qilish, kuchli tomonlarini aniqlash va shundan keyingina kengaytirish haqida o‘ylash muhim, chunki bitta filial va butun tarmoqni boshqarishda katta farq bor.
Hujjatlar
Biz, xodimlarni yollashni talab qiladigan boshqa har qanday biznes singari mas’uliyati cheklangan jamiyatmiz. Bugungi kunda MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish juda oddiy, chunki u qisqa vaqt ichida Internetda tugatilishi mumkin. Ish uchun maxsus litsenziya talab qilinmaydi, ammo o‘quv tadbirlarini o‘tkazadigan spikerlar uchun sertifikatlar va diplomlarga ehtiyoj bor.
Raqobat. Hozir bozorda raqobatchilar juda kam. Ko‘pincha ochilayotgan majmualar emas, balki kovorking maydoni g‘oyasini birlashtiruvchi o‘quv markazlari ekanligini tushunish mumkin.
Biz raqobatlashmaymiz, lekin servis uchun ishlaymiz hamda ushbu jamoa va mehnat madaniyatining umumiy rivojlanishi uchun ustaxonadagi hamkasblar sifatida harakat qilamiz. Shunday qilib, tanlov va geo-qamrov orqali odamlar mahsulot toifasi nima ekanligini tushunishni boshlaydilar.
Noyabr oyida iste’mol narxlari indeksi 1,13%ga o‘sdi. Ko‘rsatkich so‘nggi besh yildagi noyabr oyi uchun eng past darajani qayd etgan. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.
Yil boshidan buyon inflyatsiya 7,43%ni tashkil etdi, shu bilan, ko‘p yillik minimum ko‘rsatkichni ham yangiladi. Past bazaviy effekt tufayli u o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada kamaydi.
Yillik inflyatsiya noyabr oyi oxirida 8,76%ni tashkil etib, oktabr oyiga nisbatan sekinlashdi. Bu yil boshidan buyon narxlarning o‘sish sur’ati 9%dan pastga tushgan uchinchi oy bo‘ldi.
O‘tgan oyda oziq-ovqat narxi 1,3 foizga o‘sdi — bu oktyabr oyidagi ko‘rsatkichga o‘xshash. Yil boshidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi 8,3%ni, yillik ko‘rsatkichda esa 10,1%ni tashkil etdi.
Segmentlar bo‘yicha eng katta o‘sish meva va yong‘oqlarda (9,1%), tuxumda (2,9%) va shakarda (2%) kuzatildi. Bundan tashqari, bulg‘or qalampiri, baqlajon va tarvuz to‘rtdan birga ortiq, pomidor va anor uchdan ikki, bodring esa deyarli ikki barobar qimmatlashgan.
Umuman olganda, sabzavotlar 0,7%ga qimmatlashdi. Ularning biroz qimmatlashishiga sabzi (-25,7%), karam (-19,8%), limon (-12,8%) va kartoshka (-3%) narxlarining pasayishi sabab bo‘ldi. Neft (-0,6%) va don (-0,2%) narxlari ham pasaydi.
Oxirgi 12 oy ichida anor va limon narxi ikki barobardan ortiq, baqlajon va bulg‘or qalampiri esa ikki barobar arzonlashgan.
Sanoat mahsulotlari segmentida inflyatsiya biroz o‘zgardi — noyabr oyida 0,7% va yillik 7,5%. Kiyim (0,7% va 6%) va poyabzal (0,6% va 5,1%) narxlarining o‘sish sur’ati biroz sekinlashdi.
Mebel va maishiy texnika narxlarining oshishi noyabr oyida 0,4%gacha, yillik hisobda esa mos ravishda 6,2 va 6,7%gacha pasaydi. Elektron buyumlar, jumladan, kompyuterlar narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,7 foizga pasaygan va 0,9 foizga oshgan.
Benzin oktabr oyida 5%ga, 2022-yilning dekabriga nisbatan esa 15,3%ga qimmatlashdi. Propan uchun o‘sish 7,7% (yiliga 23,7%), metan narxi esa o‘zgarishsiz qoldi (23,8%).
Oy davomida pullik xizmatlar narxi 1,5%ga oshdi, yillik o‘sish esa 8,3%gacha oshdi. Umumiy ovqatlanish 2,8%ga qimmatlashdi (yil davomida 23,1%), mehmonxona xizmatlari 0,9% (o‘tgan yilga nisbatan 18%) darajasida qoldi.
Shuningdek, oy davomida transport xizmatlari narxi 0,6%ga, asosan temir yo‘l transporti (27,9%) va havo transporti (1,5%) hisobiga oshdi.
Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.
Bu gal texnika olamida o‘z nomiga, o‘z o‘rniga ega brend — “Samsung” kompaniyasining tarixiga nazar tashlaymiz.
Uning bugungi kungacha qanday shakllangani, qanday jarayon va yo‘llardan o‘tgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.
Kompaniyaning tashkil etilishi
1938-yilda Li Byung Chol asosan quritilgan dengiz mahsulotlari, makaron va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotuvchi “Samsung Sanghoe” savdo kompaniyasiga asos soladi.
1950-yillarning boshlarida Koreya urushi biznesni deyarli barbod qildi. Jismoniy aktivlarining katta qismi yo‘q qilinganligi sabab, Li kompaniyani qayta tiklashga majbur bo‘ladi.
Keyin u “Samsung Group” deb nomlangan oilaviy biznes konglomeratiga aylantiradi va sug‘urta hamda qimmatli qog‘ozlarni sotish orqali yangi sohalarni o‘rganishni boshlaydi.
Urushdan keyingi iqtisodiyot biznes uchun qulay ekanligini isbotladi. Xom ashyo va maishiy elektronika uchun mahalliy talab ortib bordi va 1969-yilda “Samsung Electronics” kompaniyasi tashkil etildi, keyinchalik esa boshqa bo‘linmalar ham paydo bo‘ldi.
1987-yilda Li vafot etadi va uning kenja o‘g‘li Li Gong Xi kompaniya rahbari sifatida ishini davom ettiradi. Aynan u sabab “Samsung” brendi butun dunyo bo‘ylab millionlab iste’molchilarni o‘ziga jalb qiladi.
1990-yillarga kelib “Samsung” xalqaro korporatsiya maqomini mustahkamlay boshladi.
“Samsung C&T” kompaniyasi Malayziyadagi ikkita “Petronas” minorasidan birini hamda BAAdagi “Burj Xalifa” binosini quradi.
1992-yilda “Samsung Electronics” dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchiga aylanadi.
2000-yillarning o‘rtalariga kelib “Samsung” maishiy elektronika bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi. U “LG”, “Panasonic” va “Sony” kabi jiddiy raqobatchilarni ortda qoldirib, juda ko‘p televizorlar, audio tizimlar va maishiy texnikalarni sotadi.
Nomning kelib chiqishi
Li o‘z biznesi osmon kabi kuchli va mustahkam bo‘lishini xohlardi. Shuning uchun ham u “Samsung” nomini tanladi, ya’ni bu so‘z koreys tilida “Uch yulduz” degan ma’noni bildiradi.
Shu bilan birga, “sam” timsoli kuch va buyuklikni, “sung” esa abadiylikni anglatadi.
Vaqt o‘tishi bilan uch yulduz “Samsung” kompaniyasining elektronika, axborot texnologiyalari va rivojlanishning asosiy biznes sohalari bilan bog‘lanib qoldi.
Kompaniya logotipining yaratilishi
Birinchi brend logotipi lapsha qadoqlarida paydo bo‘ladi. Uning asosiy elementi keyingi versiyalarda saqlanib qolgan uchta yulduz edi.
Uchta gorizontal chiziqlar “Samsung»ning asosiy mahsulotlaridan biri bo‘lgan guruchli lapshalarni anglatadi, makkajo‘xori boshoqlari esa kompaniyaning qishloq xo‘jaligi biznesiga ishora edi.
Vaqt o‘tishi bilan kompaniya yangi faoliyat yo‘nalishlarini ishga tushiradi va logotipda oziq-ovqat mahsulotlarining ramzlari ham yo‘qoladi.
Yangi logotipda “Samsung” yozuvi paydo bo‘ldi, yulduzlar besh qirralikdan to‘rt qirrali ko‘rinishga o‘zgardi. O‘shanda logotip oq va qora rangda edi.
Rangli televizorlar paydo bo‘lishi bilan logotipga ranglar qo‘shildi: endi yulduzlar sakkizburchak shaklida qizil fonga ega edi.
Ular yozuvni olib tashlashmoqchi bo‘lishadi, lekin keyinchalik uni qaytarishga qaror qilishadi.
1993-yilda “Samsung” xalqaro bozorda faol ravishda o‘zini namoyon qildi va keng ko‘lamli rebrendingni amalga oshirdi.
Bu safar yulduzlar o‘rniga koinot ramzi bo‘lgan ko‘k oval paydo bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan u soddalashtirildi.
Endi brend logotipi ko‘k rangli yozuvdan iborat bo‘lib, avvalgi versiya “Samsung Group” korporativ ramzi sifatida talqin qilinadi.
Oxirgi logotipda ikkita diagonal chiziqdan iborat “A” harfi alohida ajralib turadi.
Elektron sanoatdagi faoliyat
Korporotsiyaning elektron sanoat yo‘nalishidagi faoliyatini shubhasiz, mashhur deyish mumkin.
1969-yilda asos solingan “Samsung Electronics” kompaniyasi qurilmalar, yarimo‘tkazgichlar va telekommunikatsiya uskunalarini yaratishni boshlaydi.
Kompaniyaning birinchi ishlanmasi 1970-yillarning boshlarida sotuvga chiqarilgan kichik oq-qora televizor edi.
Vaqt o‘tishi bilan kompaniya turli xil mahsulotlarni ishlab chiqara boshladi — maishiy texnika va motorlardan tortib smartfonlar va quyosh batareyalarigacha.
“Samsung” telefonlari
Kompaniya o‘zining birinchi mobil telefoni “SGH-100″ni 1988-yilda taqdim etgan. 1998-yilda “SGH-600” modeli chiqarildi, bu esa “Samsung»ning Yevropa bozorlariga chiqishiga yordam berdi.
Oradan bir yil o‘tib, ya’ni 1999-yilda kompaniya simsiz Internetga ulangan telefon — smartfon ishlab chiqaradi.
2010-yilga kelib, “Android” operatsion tizimi asosidagi “Galaxy” smartfonlari qatori ishga tushiriladi.
2013-yilda sotuvga chiqarilgan “Samsung Galaxy S4” hali ham 80 mln donadan ortiq sotilgan “Android»ning tijoriy jihatdan eng muvaffaqiyatli modeli hisoblanadi.
Smartfon bilan muammo. 2016-yili “Galaxy Note 7” modeli bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelib chiqadi. Aynan butun dunyo foydalanuvchilari orasida mavjud mazkur smartfonlarning yonib ketishi va portlashi kuzatiladi.
Natijada, o‘sha yilning kuziga kelib kompaniya telefonlari savdosi 15%ga kamayadi. Kompaniya bu muammoni darhol tan oldi va iste’molchilar ishonchini qaytarish uchun harakat qiladi.
2018-yilda kompaniya Hindistonning Noida shahrida dunyodagi eng yirik smartfonlar ishlab chiqaruvchi zavodni ishga tushiradi.
2019-yilda “Samsung” mobil qurilmalarning yangi toifasini ochgan “Galaxy Fold»ni taqdim etadi.
Korporatsiya muntazam ravishda qiziqarli konsepsiyalarni namoyish etadi, masalan, 2020-yilda u kengaytirilgan telefonni taqdim etdi.
“Samsung” smartfonlar bozorida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. 2023-yilning aprel oyi ma’lumotlariga ko‘ra, brendning dunyo bozoridagi ulushi 26,1%ni tashkil etadi.
Kompaniya daromadlari
Garchi “Samsung” o‘nlab yillar davomida o‘zgaruvchan daromadlarni qayd etgan bo‘lsa-da, natijalar hali ham milliardlab ko‘rsatkichni namoyon qilmoqda.
2005-yildan beri “Samsung»ning daromadi $69 mlrd.dan kamaymadi, kompaniya 2017-yilda eng yuqori daromadga erishdi — $222 mlrd.
Sof foyda bo‘yicha kompaniya 2018-yilda o‘zining eng yuqori daromadini qayd etib, $39 mlrd ishlab oldi.
“Samsung Group” daromadining qariyb 30%i uning elektronika bo‘yicha sho’ba korxonasiga to‘g‘ri keladi.
Kompaniyaning 2022-yildagi yillik daromadi $245 mlrd.ni tashkil etib, shundan yillik sof foyda $35,2 mlrd bo‘lgan.