Bosh sahifa Blog Sahifa 131

2023-yilda O‘zbekiston bozoriga qanday xorijiy kompaniyalar kirib keldi

0

“Spot” 2023-yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan xorijiy kompaniya, brendlar haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

Joriy yilning 1-oktabr holatiga mamlakatda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning soni 12 581 tani tashkil etgan.

18-dekabr kuni prezident mashhur brendlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Endilikda mahsulotining kamida 30%ini brend ostida ishlab chiqaradigan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarga beriladigan imtiyoz va yengilliklar qo‘llaniladi.

Xullas, biz, mahalliy bozorga kirib kelgan va kirishni rejalashtirayotgan xalqaro kompaniyalar haqidagi muhim ma’lumotlarni tanladik.

Ozon

Rossiyaning “Ozon” onlayn tijorat kompaniyasi O‘zbekistonda sotuvni yo‘lga qo‘ydi. bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot»ga ma’lum qildi.

Endilikda fuqarolar mamlakatning barcha nuqtasidan 20dan ortiq toifadagi marketpleys mahsulotlariga buyurtma berishlari mumkin.

Birinchi bosqichda xaridorlar buyurtmalarni hamkor yetkazib berish punktlarida hamda 1660ta O‘zbekiston pochtasi bo‘limlarida qabul qilishlari mumkin. O‘rtacha yetkazib berish muddati 12 kunni tashkil etadi.

2024-yilda “Ozon” mamlakatda o‘zining logistika infratuzilmasini, jumladan, ombor majmualari va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.


Sportmaster

Rossiyaning “Sportmaster” riteyleri Samarqanddagi “Family Park” savdo-ko‘ngilochar markazida o‘zining birinchi do‘konini ochish orqali O‘zbekiston bozoriga kirdi.

1100 kvadrat metr maydonga ega sport kiyimlari va aksessuarlari do‘koni savdo-ko‘ngilochar markazining birinchi qavatida joylashgan.

Aprel oyida tarmoq “Tashkent City Mall” bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolagandi.

Unga ko‘ra, reteyler erkak, ayol va bolalar uchun turli brendlarga ega mahsulotlar sotuvini amalga oshiradi.

Xususan, xaridorlarga fitnes, yozgi va qishki sport turlari uchun sifatli inventar, kiyim, poyabzal hamda aksessuarlar taqdim etiladi.

Qayd etilishicha, mazkur savdo markazi Toshkent va O‘zbekistondagi birinchi tarmoq joylashuvi bo‘ladi.


Costa Coffee

Iyul oyida Buyuk Britaniyaning “Costa Coffee” qahvaxonalar tarmog‘i Toshkentda o‘zining ilk shoxobchasini ochdi. Xalqaro brend mahalliy bozorga “Costa Coffee” kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy franchayzi “Best Coffee Chain” tomonidan olib kelingan.

“Spot” xalqaro qahva brendi O‘zbekiston bozoriga qanday kirib kelgani haqida intervyu tayyorlagandi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni

 


Uklon

22-iyundan Ukrainaning “Uklon” taksi xizmati Toshkentda faoliyatini boshlagani haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, taksi xizmatini birinchi marta buyurtma qilganlarga safar narxi uchun 35%gacha chegirma taqdim etiladi.

“Spot” mahalliy bozorda agregatorni ishga tushirishdagi qiyinchiliklar haqida intervyu tayyorlagandi.


Yandex Eats

7-martdan “Yandex Eats” yetkazib berish xizmati Toshkentda ishga tushirildi.

Foydalanuvchilar “Yandex Eats” ilovasi yoki “Yandex Go” saytining Eats bo‘limi orqali buyurtma qilishlari mumkin.

Qayd etilishicha, xizmat O‘zbekistondan tashqari besh mamlakat — Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Armanistonda taqdim etilgan.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


ChatGPT

9-noyabrdan “OpenAI” kompaniyasi “ChatGPT»da o‘zbek raqamidan ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini qo‘shdi.

Kompaniya saytida O‘zbekiston neyron tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar va hududlar ro‘yxatida paydo bo‘ldi.


Litres kitob servisi

Iyul oyida O‘zbekiston bozorida Rossiyaning “Litres” elektron kitoblar va audiokitoblar xizmati ish boshladi.

Unga ko‘ra, xizmat saytining o‘zbek tilidagi versiyasi litres.uz allaqachon ishga tushirilgan bo‘lib, ayni paytda 1500 ga yaqin nomdagi katalogni o‘z ichiga oladi.

Yil oxirigacha katalogni 4000 ta elektron va audio kitoblarga yetkazish rejalashtirilgan.

Xizmatning mobil ilovasidan ham foydalanish mumkin. Buning uchun Android va iOS qurilmalari uchun mo‘ljallangan versiyalarini o‘rnatish mumkin.


Medipol

Turkiyaning “Medipol” tibbiyot guruhi Toshkentda vakolatxonasini ochdi. Medipol Sog‘liqni saqlash vazirligi, xususiy shifoxonalar va mahalliy universitetlar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Kelgusida korxona respublikada shifoxona ochish niyatini bildirgan.


Dyninno

Turizm, moliyaviy texnologiyalar va ko‘ngilochar sohalarda faoliyat yurituvchi “Dyninno” kompaniyalar guruhi Toshkentda o‘z filialini ochdi.

Toshkentdagi yangi filial guruhning xalqaro rivojlanish rejasiga muvofiq 2022-yilning dekabr oyidan ish boshladi.

“Dyninno” kompaniyasining Toshkentdagi xodimlari AQSh va Kanada bozorlarida faoliyat yuritayotgan mahsulotlarni sotish va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash uchun javobgar bo‘ladi.

Kompaniya 2004-yilda San-Fransiskoda tashkil etilgan bo‘lib, moliyaviy, ko‘ngilochar, sayohat va turizm sohalari uchun IT-yechimlarni ishlab chiqadi.


Shturm

Fevral oyida Rossiyaning “Sturm” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirdi. Korxonaning mahsulot assortimenti yuqori sifatli stanoklar, payvandlash va qurilish uskunalari, energiya bloklari, nasoslar, bog‘ jihozlari, elektr va qo‘l asboblarini o‘z ichiga oladi.


Greenwise

Rossiyaning “Greenwise” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga muqobil go‘sht yetkazib berishni boshladi.

“Greenwise” — Rossiyaning birinchi ishlab chiqaruvchisi va go‘sht, baliq va sut mahsulotlariga o‘simlik asosidagi alternativa ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, alfuda mahsulotlarining katta qatorini ishlab chiqaradi.


Yana qaysi kompaniyalar kirishi mumkin?

OMODA

Xitoyning “OMODA” avtomobil brendi O‘zbekiston bozorida sotuvni yo‘lga qo‘yishga tayyorlanmoqda.

“OMODA” — “Chery International” avtokonsernining brendlaridan biri hisoblanadi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


Spar

Niderlandiyaning “Spar” supermarketlar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kiradi.

Xalqaro kompaniya mamlakatda “Korzinka” orqali faoliyat olib borishi hamda birinchi do‘konlari 2024-yilning o‘rtalarida ochilishi rejalashtirilgan.

Turli toifadagi to‘rtta do‘kon formatiga ega tarmoq orqali aholi Yevropa sifatli mahsulotlari assortimentidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deyiladi xabarda.


Papa John’s

Amerikaning “Papa John’s” pitseriya tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida.

Bu haqda noyabr oyi oxirida ochilgan “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Papa Johns Uzbekistan” sahifasidan ma’lum bo‘ldi.

Mazkur sahifaga biriktirilgan “Telegram-bot»da qayd etilishicha, pitseriyalar tarmog‘ining Toshkentda oltita filiali ish boshlashi rejalashtirilgan. Ehtimol, franshiza asosida amalga oshiriladi.

Ovqatlanish nuqtalari “Compass” savdo markazi, “Tashkent City Mall”, “Riviera”, “Dream Park” ko‘ngilochar bog‘i, “Sayram” ko‘chasi va “Minor” metrosi hududida ochiladi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


galmart

Qozog‘istonning “galmart” riteyleri Toshkentda ish boshlashni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, supermarket ochilishga tayyorlanayotgan “Tashkent City Mall” savdo-ko‘ngilochar markazida joylashadi.

Xabarda ta’kidlanganidek, supermarket o‘zining galmart brendlari, xususan, pishirilgan mahsulotlar va eksklyuziv mahsulotlarning ekologik toza assortimentini taklif qiladi.


Whoosh

“Whoosh” kick-sharing xizmati Armaniston, Gruziya va O‘zbekiston bozorlarini ishga tushirish imkoniyatini faol o‘rganmoqda.

Kompaniya bosh direktori Dmitriy Chuyko O‘zbekiston hozirgi istiqbolda eng jozibador bozor ekanligini ta’kidladi.

“Whoosh” hozirda yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha qisqa muddatli rejalarga ega emas. Biroq, xizmat ko‘rsatish guruhi u erdagi vaziyatni kuzatib boradi va ushbu bozorlarga kirish uchun to‘g‘ri vaqtni tanlaydi.


Letual

Rossiyaning “Letual” parfyumeriya kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining chakana savdo tarmog‘ini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

“Kommersant»ning kosmetika bozoridagi manbasiga ko‘ra, Letual O‘zbekistondagi ko‘p sonli yosh iste’molchilarga va mamlakatga ko‘chib kelgan rossiyalik relokantlarga tayanadi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


MED365

Qozog‘istonning “MED365” startapi O‘zbekiston bozoriga kirish uchun zarur sertifikatlarni olishga hozirlik ko‘rmoqda.

Startap asoschisi Chingiz Qulaxmetov hozirda byurokratik to‘siqlar borligini, ularni bartaraf etishga hamkorlar yordam berayotganini ta’kidladi.


Servis-Telecom

“Gazprombank” va “Servis-Telecom” kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda hamkorlik loyihalarini amalga oshiradi.

“Servis-Telekom” O‘zbekiston bozoriga mamlakatning birinchi mustaqil infratuzilma operatorini yaratish orqali kirishni rejalashtirmoqda.


Slava

Rossiyaning “Slava” universal do‘konlari O‘zbekistonda o‘z do‘konlarini ochish niyatida. 2023-yil oxiriga qadar to‘rtta universal do‘kon ochish rejalashtirilgan edi.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


Medsi

Rossiyaning “Medsi” klinikalar va tibbiyot markazlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Unga ko‘ra, guruh tibbiy xizmatlar sohasida ikkita brendni ro‘yxatdan o‘tkazdi — “Medsi International Healthcare” va “Medsi Medicine of Competence”.

Ulardan Armaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va MDHning boshqa mamlakatlari hamda BAA, Serbiya va Gruziya bozorlarida ishlash uchun foydalanilishi kutilmoqda.


Solar Turbines

Amerikaning “Caterpillar” guruhining “Solar Turbines” kompaniyasi O‘zbekistonda energiya, vodorod ishlab chiqarish uchun gaz turbinali dvigatellar ishlab chiqarish va uskunalarga xizmat ko‘rsatish markazini ochishni rejalashtirmoqda.


XimAgro

Rossiyaning “XimAgro” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Bu bo‘yicha, savdo vakolatxonasi bilan kompaniyaning tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha direktori Roman Yatsumira o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar kompaniyaning mamlakat bozoridagi istiqbollarini hamda Savdo missiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildi.

“XimAgro” O‘zbekistonda o‘z savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Hozir mamlakatda korxona ochish ustida ish olib borilmoqda.

Korxona bargdan oziqlantirishga mo‘ljallangan innovatsion o‘g‘itlar ishlab chiqaradi.


Tadweer

BAAning “Tadweer” kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va iqlim ta’sirini yumshatishga ko‘maklashadi.

Dubayda o‘tkazilgan COP28 forumi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Tadweer” kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Hujjat bilan qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishda innovatsion va ekologik toza texnologiyalar hamda xizmatlarni joriy etish va barqarorlikni oshirish belgilanmoqda.


Alabuga

Rossiyaning “Alabuga” kompaniyasi Buxoroda maxsus iqtisodiy zona tashkil etish niyatida.

O‘zbekiston tomoni birinchi bosqich qurilishiga $60 mln yo‘naltiradi. Loyihaning birinchi bosqichida 20ga yaqin rezidentni jalb etish rejalashtirilgan.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


Helix

Rossiyaning “Helix” kompaniyasi O‘zbekistonda diagnostika markazlarini ochishni rejalashtirmoqda.

Mamlakatda franshiza asosida kompaniyaning 350 ta diagnostika markazlari va laboratoriya punktlari ochiladi.


Orion Tobacco Poland

Polshaning “Orion Tobacco Poland” kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarishga 6 mln yevrogacha sarmoya kiritmoqchi.

Surxondaryo viloyatida tamaki ishlab chiqarish, Samarqand viloyatida kofe qadoqlash korxonasi va yong‘oqli shokolad ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.


Power International Holding

Qatarning “Power International” kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda.

Bu bo‘yicha Qatar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Moris Ghattas va kompaniya tarkibiga kiruvchi “USS Holding” rahbari Muhammad Sabri bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi.

“Power International Holding” yo‘llar, ko‘p tarmoqli shifoxona majmuasi, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi mehmonxonalar qurilishida hamda “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi mumkin.


Pronar

Polshaning “Pronar” kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich yaratishga sarmoya kiritmoqchi.

Respublikaning afzalligi zarur xomashyo — metall, shisha, plastmassa, kauchukning mavjudligidir.

ICBC Standard

Xitoyning “ICBC Standard” investitsiya banki O‘zbekistonning moliya bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Bu bo‘yicha Londonda regulyator delegatsiyasi bilan investitsiya banki vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar O‘zbekiston moliya bozorida zaruriy infratuzulmani joriy qilish va normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasidagi ishlarni muhokama qilishdi.


Total Energies

Fransiyaning “Total Energies” neft-gaz kompaniyasi Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini Toshkentda ochmoqchi.

Kompaniya O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda.

#xorijiy kompaniyalar, investitsiyalar, yil yakuni


PTC Holding

Qozog‘istonning PTC Holding kompaniyasi 2024-yilda Toshkent yaqinida multimodal transport-logistika markazi qurishni rejalashtirmoqda.

Multimodal transport-logistika markazini barpo etish bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Qozog‘istonning “PTC Holding” kompaniyasi muassisi Daniyar Abulgazinlar o‘rtasida hamkorlik va anglashuv memorandumi tasdiqlandi.


Bork

Rossiyaning Bork maishiy texnika brendi O‘zbekistonda do‘konlarini ochmoqchi. Qayd etilishicha, do‘konlar 2023-yil oxiri yoki 2024-yil boshida ochilishi rejalashtirilgan.


Siroya Jewellers

Hindiston “Siroya Jewellers” zargarlik firmasi O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda

Shuningdek, kompaniya mahsulotlarini mamlakatdagi chakana savdo do‘konlariga yetkazib berish va sotishni yo‘lga qo‘yishga ham qiziqish bildirmoqda.

Sanoat, energetika, turizm, IT va tadbirkorlik — prezident ishlab chiqarish va xizmatlar sohasida qanday vazifalarni berdi?

0

Prezident raisligida ishlab chiqarishni kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda bir qancha muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Ishlab chiqarishda sertifikat, boj va yig‘imlarni yumshatish bo‘yicha choralar ko‘riladi

Trikotaj kiyim va mato, gazlama, kabel, maishiy texnika, mevalar, uzum, dukkakli ekinlar, qayta ishlangan meva-sabzavot kabi eng ko‘p eksport bo‘ladigan 10 turdagi mahsulotni tashqi bozorlarga olib kirishda ko‘plab to‘siqlar borligi qayd etildi.

Tarmoqlar har doimgi eksport bozorlari bilan cheklanib qolayapti, yangi bozorlarga kirib borishga ularda toqat yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga eksportbop 10 turdagi tayyor mahsulotning har biriga 10tadan yangi istiqbolli bozorni belgilab, bozorlarda mahsulotlarga texnik va sifat talablarini o‘rganib, mahalliy korxonalarga ularni o‘rgatish, laboratoriyasiga yordam berish topshirildi.

Xorijdagi hamkasblar bilan muzokara o‘tkazib, sertifikat, boj va yig‘imlarni yumshatish bo‘yicha choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Yuqori qiymat beradigan yangi loyihalarga $200 mln ajratiladi

To‘qimachilik sanoatida kiyim-kechak, uy tekstili, mehmonxona uchun sochiq, choyshab, yostiq, matras, parda kabi mamlakatda ishlab chiqarsa bo‘ladigan tovarlar asosan chetdan olib kelinayotgani qayd etildi.

Shu bois aralash tola va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun birinchi bosqichda 125 ming tonna sun’iy toladan ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha 15ta loyiha ishga tushirilishi belgilandi.

Shuningdek, Andijon shahrida $15 mlnlik, Samarqand shahrida $20 mlnlik loyiha hisobiga sun’iy toladan parda va mebel matolari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda to‘qimachilikda yana kamida $700 mln qo‘shilgan qiymat yaratish, trikotaj bo‘yoqxonalar quvvatini 40%ga, gazlama matoda — 30%ga olib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilish topshirildi. Yuqori qiymat beradigan yangi loyihalarga $200 mln resurs sifatida ajratilishi belgilandi.

Bu mablag‘lar yirik tozalash inshootlari qurib beriladigan hududda bo‘yoqxonalar tashkil qilish loyihalariga beriladi. Ularga suvni tozalash inshootlari xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.

Ohangaron sanoat zonasida $120 mlnlik 5ta loyiha ishga tushiriladi

Kimyo sohasida $3 mlrdlik loyihalar shakllantirilgani ma’lum qilindi. Davlat rahbari elektrotexnika sanoatida mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish masalalariga to‘xtaldi.

Kelgusi yilda tarmoqda $2 mlrdlik loyihani amalga oshirish uchun imkoniyat va mahsulotlar uchun katta bozor borligi ta’kidlandi.

Masalan, Saudiya Arabistonining “Acwa Power” kompaniyasi bilan 5 gigavattli quyosh va shamol stansiyalarini qurish bo‘yicha boshlangan loyihalar uchun kabel kerak bo‘ladi. Umuman, hozirda boshlangan 27 gigavatt quvvatli quyosh va shamol stansiyalari loyihalari doirasida $500 mlnlik kabelga ehtiyoj bor.

Shundan kelib chiqib, kelgusida Ohangaron sanoat zonasida $120 mlnlik 5ta loyihani ishga tushirib, 25 ming tonna misdan kabel va 1,5 mingta transformator ishlab chiqarish, Buxoro shahrida $120 mlnlik texnoparkni ishga tushirib, $25 mlnlik maishiy texnikalarni mahalliylashtirish rejalashtirilgani aytildi.

Davlat rahbari bu yil iqtisodiyotda xizmatlar ulushi 43,5%ga yetishi kutilayotgani, lekin bu yetarli emasligini ta’kidladi. O‘tgan 11 oyda 421 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13,6% ko‘p.

Ayniqsa, Guliston, Nurafshon, Yangiyer, Yangiyo‘l, Termiz, Xonobod, Nukus, Ohangaron va Chirchiq shaharlarida o‘sish 10%dan kam, Peshku, Uchko‘prik, Asaka va Piskent tumanlarida 4%ga ham yetmagan.

Sohalar kesimida tahlil qilganda, bugungi kunda moliya, transport, savdo, turizm, ta’lim, tibbiyot va IT jami xizmatlar hajmining 85%ini tashkil etadi.

Kapital bozorlarida $500 mlnlik “yevrobond” joylashtiriladi

Joriy yilda moliyaviy xizmatlar hajmi 20%ga o‘sishi kutilmoqda. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Biznesni rivojlantirish banki hamda o‘rta biznes uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil qilindi.

Shuningdek, ilk bor bazaviy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya banklari ishga tushadi. Ularga aholidan depozit qabul qilish, to‘lovlar o‘tkazish, xorijiy valyutada qarz mablag‘lari jalb qilishga ruxsat berilmoqda.

Shularni hisobga olib, kelgusi yilda moliyaviy xizmatlarda 30% o‘sish qilib, uning hajmini 140 trln so‘mga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.

Kelgusi yilda xalqaro kapital bozorlarida $500 mlnlik “yevrobond” joylashtirishga ko‘rsatma berildi.

Aholiga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi

Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida o‘z mikro-biznesini yo‘lga qo‘ygan va ijobiy kredit tarixiga ega aholiga 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berish yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirda 2,4 mln aholi o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Yig‘ilishda ularga biznesga birinchi qadam uchun kredit berish taklifi bildirildi.

Bunda, yillik 340 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘lagan aholiga imtiyozli kredit ajratilib, “onlayn” usulda bank kartasiga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, faoliyatini kengaytirib, tadbirkor bo‘lish istagidagi aholiga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi, 50%i bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Toshkentni viloyat markazlari bilan bog‘lovchi kunlik aviareys qo‘yiladi

Transport xizmatlarining yarmi avtotransportga to‘g‘ri keladi. Bu yil 1,5 mingga yaqin avtobus olib kelingan bo‘lsa-da, o‘sish 5,5%dan oshmagan.

Transport vazirligiga yana kamida 1 200ta avtobus sotib olib, yo‘nalishlarga chiqarish topshirildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga avtobus qatnovlari 2 barobar oshiriladi.

Aviaxizmatlar bozorida ham raqobat paydo bo‘ldi, 6ta xususiy kompaniya ish boshladi. Yil boshidan 25ta yangi samolyot olib kelindi, 17ta yo‘nalish ochildi.

Shunga qaramasdan, sohadagi xizmatlar hajmi 7,7% o‘sgan, xolos. Transport vazirligi oldiga kelgusi yilda aviatashuvlar hajmini 20%ga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Toshkent shahrini viloyat markazlari bilan bog‘lovchi har kuni kamida 2tadan reys qo‘yiladi;
  • viloyat markazlarini o‘zaro bog‘lovchi haftasiga kamida 1tadan reys amalga oshiriladi;
  • kamida 7ta samolyot olib kelinib, yana 3ta xalqaro yo‘nalish ochiladi.

Xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga QQSdan imtiyoz berilishi mumkin

Temir yo‘l bo‘yicha tariflar qayta ko‘rib chiqildi, keraksiz imtiyozlar bekor qilindi. Shuningdek, 6ta tezyurar hamda shaharlararo qatnaydigan 30ta elektr poyezd olib kelinmoqda.

Bu sohada kelgusi yilda kamida 20% o‘sishni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Yana bir masala — xalqaro tashuvlarda mahalliy transport-ekspeditor korxonalar ulushi kam.

Mahalliy ekspeditorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xizmatidan foydalanilganda, import tovarlariga bojxona boji hisoblashda transport xarajatini chegirish, xalqaro tashishlarda mahalliy ekspeditorlar xizmatiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz berish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

IT-xizmatlar hajmi 41 trln so‘mga yetkaziladi

Yana bir tez o‘sib borayotgan soha bu — xususiy ta’lim va tibbiyot xizmatlari.

Bu sohalar imkoniyatini to‘liq ishga solish uchun tadbirkorlarga aholiga yaqin, kompleks xizmatlar ko‘rsatish imkoni bor joylardan yer berish mumkinligi ta’kidlandi.

Shu bois mutasaddilarga bo‘sh yerlarni aniqlab, xususiy tibbiyot va ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun faqat ixtisosligi bo‘yicha auksionga chiqarish topshirildi.

Yig‘ilishda IT-xizmatlarining YaIMdagi ulushi 3−3,5%ga teng ekani, bu boradagi imkoniyatlar hali to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi yilda tarmoqda kamida 30% o‘sishni ta’minlab, xizmatlar hajmini 41 trln so‘mga yetkazish, eksportni 2 karra oshirish muhimligi qayd etildi.

“Kuniga mingtagacha somsa sotamiz” – Nyu-Yorkka tandir olib borgan o‘zbek

0

Urgutlik Yahyobek Polvonov AQShda oshxona ochib, 36 xil o‘zbek milliy taomini pishiryapti. Uning Nyu-York ko‘chalaridan biridagi mo‘’jazgina oshxonasiga har kuni yuzlab mijoz ovqatlangani keladi.

Ayni kunlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri u yerdagi vatandoshlarimiz hayoti haqida reportajlar tayyorlamoqda.

Qahramonlarimizdan biri – Samarqand viloyatining Urgut tumanidan bo‘lgan Yahyobek Polvonov. U AQShga O‘zbekistondan tandir olib borgan o‘zbeklardan biri. U 2016 yilda Nyu-Yorkda o‘zbek oshxonasini ochgan. 20 kishini ishli qilgan oshpaz ayni paytda bu yerda 36 xil o‘zbek milliy taomlarini pishirmoqda.

“AQShda biznes yuritish tilni bilgan insonga qiyin emas. Qonuniy ishlasangiz, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lasangiz bas. Masalan, 10 ming AQSh dollari pul topsak, shuning qariyb 900 dollarini soliq sifatida to‘laymiz. Bir pors osh narxi 13 dollar, somsa esa 3-4 dollar”, – deydi Yahyobek Polvonov.

Oshpazning aytishicha, oshxonada kuniga 25 kg osh damlanadi, mingtagacha somsa pishiriladi.

“Mijozlarimiz – asosan milliy taomlarimizni sog‘ingan hamyurtlarimiz. Boshqa millat vakillari ham ovqatlanish uchun kelib turishadi”, – deydi hamyurtimiz.

Farrux Absattarov,
Kun.uz, Nyu-York.

Cherchilldan Gandigacha. Tarixni yaratgan siyosatchilar yozgan 9ta mashhur kitob

0

Tarixni bevosita o‘sha voqealarga nafaqat guvoh, balki unda asosiy qarorlarni qabul qilgan shaxslardan tinglash qiziqarli. O‘sha davrda siyosatchilar u yoki bu qaroriga qanday izoh berishi, qanday kechinmalar bilan yashaganini bilishni istasangiz, quyidagi 9ta kitob bilan tanishib chiqish zarur.

Uinston Cherchill, «Ikkinchi Jahon urushi»

Uinston Cherchill nomi Buyuk Britaniya tarixida ikki marta bosh vazir lavozimini egallagan va II Jahon urushida qirollik nomidan harbiy harakatlarni muvofiqlashtirgan siyosatchi sifatida tarixda qoldi. U lavozimi davrida (1940-1945 va 1951-1955) uch monarx qasamyodini kuzatdi, 1953 yilda esa Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Avtobiografiya uslubida yozilgan, 6 tomdan iborat «Ikkinchi Jahon urushi» asarida Cherchill har bir muhim qaror va urushning holatiga sharh berib ketgan. Kitobda voqealar I Jahon urushi yakuni va dunyoni qayta bo‘lib olishga bo‘lgan harakatlar bilan boshlanadi. Cherchill kitobida Germaniyaning SSSRga hujumi, ittifoqdoshlarning munosabati, AQShning Yaponiyaga atom bombasini tashlashi va barcha e’tiborga molik masalalarga batafsil to‘xtalgan.

Sergey Yulevich Vitte, «Xotiralar»

Graf Sergey Vitte – Rossiya imperiyasi amaldori, moliya vazirligidan chiqib, vazirlar mahkamasini boshqargan siyosatchi. U bosib o‘tgan yo‘l va iqtisodiy-siyosiy islohotlari ko‘p e’tirofga sazovor bo‘lgan, Vitte davrida imperiyaning iqtisodiy salohiyati ancha yuksalgan. Uning memuari 1900-1910 yillarda yozilgan, ammo Vittening o‘limidan keyin jamoatchilikka oshkor bo‘lgan.

«Xotiralar»da Sergey Yulevich dastlab imperator Aleksey III, keyinchalik iqtidorga kelgan Nikolay II shaxsiga ham to‘xtalib o‘tadi. Kitob orqali XIX asrda yashagan Rossiya imperiyasi va uning bosqinchilik harakati haqida birinchi manbadan ma’lumot olish mumkin.

Margaret Tetcher, «Davlat boshqaruvi san’ati»

Baronessa Margaret Tetcher yoxud «temir xonim» 10 yillab Buyuk Britaniya saroyida bosh vazir lavozimida xizmat qildi. Qarorlardagi qat’iylik va konservatizm uchun uni omma «temir xonim», uning izdoshlarini «tetcherizm» tarafdorlari deb atay boshladi. Ushbu kitobda baronessa davlat boshqaruvida yuzaga kelayotgan masalalarga qanday munosabat qilishiga to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, u kitobida tashqi siyosat borasida ko‘p fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

Tetcher shaxsiga qiziqmagan shaxslar ham, ushbu kitobni o‘qib, XX asrda Yaqin Sharq, SSSR va Yevropa duch kelgan qiyin vaziyatlarni nozik nuqtadan ko‘rishi mumkin.

Napoleon Bonapart, «Muqaddas Yelena mahbusining fikrlari»

Albatta, siyosatchilarning avtobiografiya asarlari orasida Bonapart alohida o‘rin tutishi bor gap. Korsikada tug‘ilgan bo‘lajak imperator Fransiya tarixida qanchalar muhim rol o‘ynashini zamondoshlari anglamagan bo‘lishi mumkin, ammo tarixga qiziqqan o‘quvchi uning beqiyos o‘rnini yaxshi biladi.

Mahbuslik davri o‘zining sodig‘i Las Kaz bilan bitilgan memuar Napoleon o‘limidan ikki yil o‘tib nashr etiladi. Kitob orqali Bonapartning dunyosiga sayr qilish mumkin.

Tomas Jyefferson, «Buyuk Amerika. Hokimiyatning maxfiy qudrati»

AQShning uchinchi prezidenti, Mustaqillik deklaratsiyasini tuzish bo‘yicha qo‘mita rahbari Tomas Jyeffersoning mazkur kitobida AQSh davlat sifatida qanday paydo bo‘lganini chuqur o‘rganish mumkin.

Jyefferson tarixda nafaqat siyosatchi, diplomat yo faylasuf, balki yaxshi yozuvchi, agronom va arxitektor sifatida nom qoldirgan. Shunday ekan, uning kitobini o‘qish ham maroqli, ham foydali bo‘ladi.

Duayt Eyzenxauer, «Yevropaga yurish. AQSh va Rossiya birga bo‘lgan davr»

Ikkinchi Jahon urushi haqida yana bir nodir asar, uning muallifi AQSh prezidenti va bevosita Sovuq urush me’morlaridan biri – Duayt Eyzenxauer. Urush yillari Yevropadagi AQSh qo‘shinlarini boshqargan general Eyzenxauer SSSR rahbarlari bilan bir necha marta jonli muloqot qilgan, hattoki, sovetlarning «Pobeda» ordeni bilan taqdirlangan. Shunga qaramay, uning davrida aloqalar yomonlashgan.

Duayt Eyzenxaer Ikkinchi Jahon urushiga qo‘shilmay turgan AQShning harbiy harakatga qo‘shilishi, Normandiyaga qo‘shin tashlashi va urush davomida amerikaliklarning qarashlari qanchalik o‘zgargani haqida batafsil yozadi.

Lev Trotskiy, «Mening hayotim»

SSSRni eslaganda, birinchi navbatda, Trotskiy va uning asari bilan tanishib chiqish sog‘lom fikrlovchi barcha tarixchilarga majburiy sanaladi. Ushbu kitob 1991 yilgacha SSSRda taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatida turgan. Avtobiografiyada esa maxfiy sir fosh etilmagan, SSSR oddiy hayoti, ammo ishonchli ifodalar bilan tasvirlangan.

Stalinni qattiq yomon ko‘rgan, alaloqibat hokimiyatlar kurashida unga yutqazgan Lev Trotskiy 1929 yildayoq SSSRdan quvilgan. Muhojirotda yozilgan kitobda Rossiya imperiyasi qanday qilib sovetlar davlatiga aylanib qolgani yozilgan.

Maxatma Gandi, «Mening hayotim»

Foto: Oriftolib.uz

O‘zbek auditoriyasiga «Mening hayotim» nomi bilan tanilgan Gandining memuar asarida Hindistonning Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishi, mustaqil davlatchilik haqida so‘z yuritiladi. U zo‘ravonliksiz mustamlakaga qarshi tura olishni amalda isbotladi, buni qanday yuz berganini kitobida yozgan.

Li Kuan Yu, «Uchinchi dunyodan – birinchisiga»

Rivojlangan davlatni noldan qurish bo‘yicha eng mashhur qo‘llanma, desa bo‘ladigan avtobiografik asar muallifi barchasini maroq bilan o‘qish uchun batafsil yozgan.

Singapurning birinchi prezidenti Li Kuan Yu Britaniya mustamlakasi bo‘lgan davlatni boy mitti mamlakatga aylantirish uchun qanday choralar ko‘rganini bilishni istasangiz, aynan shu kitobni o‘qing.

“RBK Life”dan Alisher Ro‘zioxunov tarjimasi

Pulga munosabat va biznesni o‘rgatuvchi o‘yin haqida eshitganmisiz?

0

“Monopoliya” – ikki va undan ortiq, 8 yoshdan katta bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan iqtisodiy va strategik o‘yin. XX asrda dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida mashhurlikka erishgan ushbu o‘yin “Menejer”, “Imperiya”, “Biznesmen” nomlari bilan ham atalgan. O‘yinning maqsadi boshlang‘ich kapital (mablag‘) bilan boshqa o‘yinchilarning bankrot (kasod) bo‘lishiga erishish.

O‘yin tarixi

“Monopoliya” 1933-yil 7-martda Charlz Darrow tomonidan o‘ylab topilgan. 1934-yil u o‘z loyihasini aka-uka Parkerlar (inglizchada Parker Brothers) kompaniyasiga ko‘rsatadi, ammo “dizayndagi 52 xato” tufayli loyiha inkor qilinadi.

1935-yil Charlz Darrow do‘sti yordamida 5000 ta qo‘lda tayyorlangan o‘yinni Filadelfiyadagi univermagda sotadi. Ko‘p vaqt o‘tmasdan o‘yin asoschisi talab ko‘pligidan hech narsaga ulgura olmay qoladi va yana o‘sha kompaniyaga murojaat qiladi. “Monopoliya” tarixda 1936-yilning o‘zida AQShda eng ko‘p sotilgan o‘yin bo‘ldi.

“Boy ota, kambag‘al ota” va shu bilan birga bir qancha asarlar muallifining ham eng sevimli o‘yini “Monopoliya” bo‘lgan. Uning o‘yin qarshisida soatlab o‘tirishlari, albatta, maktabdagi o‘qishlariga ta’sir qilmay qolmaydi. O‘yin uning doimiy sevimli mashg‘uloti bo‘lib qolgan va do‘stlari hamda yaqinlarini “Monopoliya”ni o‘ynashga ko‘p chorlagan.

O‘yinning foydali jihatlari

  • O‘yin klassik kapitalistik iqtisodiyotning asosiy tamoyillarini oddiy, o‘yin tarzida oson o‘rgatadi.
  • Pulga bo‘lgan munosabat (qayerda, qanday, nimaga ishlatish)ni o‘rgatadi.
  • Omadli tadbirkorlar avlodini shakllantiradi.
  • O‘yinchilar bir-biri bilan kelishayotgan paytda diplomatik aloqalar o‘rnatishni o‘rganadilar.
  • Agar bola “Monopoliya” o‘yinini yaxshi o‘zlashtirsa, maktabdagi iqtisodiyot darslarini bemalol tushuna oladigan bo‘ladi.
  • O‘yin davomida bolalarda biznesga doir ko‘nikmalar paydo bo‘ladi.

O‘yin qoidalari

O‘yinchilar tosh (zarik)larni uloqtirishadi va tushgan raqam bo‘yicha yurish qilishadi. Qaysi katakchaga tushganiga qarab o‘yinchi o‘sha katakdagi mamlakatni sotib olishi, agar sotib olingan bo‘lsa u yerda turgani uchun ma’lum darajadagi soliqni yer egasiga to‘lashi kerak.“Voqealar” joyiga tushgan o‘yinchi kartalarda yozilgan vazifalarni bajarishi yoki qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Masalan, bankdan qo‘shimcha mablag‘ oling (bank ham o‘yinchi-fuqarolar bilan o‘zaro munosabatda bo‘luvchi o‘yinchi), bankka ma’lum miqdorda pul to‘lang, boshqa hududga sakrab o‘ting, bitta gal o‘tkazing va boshqalar.

Qisqa qoidalar

  • Barcha soliq va jarimalar maxsus bankka joylanadi. “Bepul to‘xtash”ga tushgan inson ushbu pullarga ega bo‘la oladi.
  • “Start” maydoniga har safar kelinganda o‘yinchilarga ma’lum bir miqdorda pul to‘lanadi.
  • “Qamoq”qa tushgan o‘yinchi jarima to‘laydi yoki bir gal o‘tkazganidan so‘nggina yana o‘yinga qayta oladi.

O‘yinga doir qoidalari qo‘llanma sifatida o‘yin bilan birga sotiladi. Shu bilan birga hozirgi kunda “Monopoliya”ni kompyuter va smartfonlarda ham o‘ynash mumkin. Lekin do‘stlar va oila a’zolar uchun an’anaviy “stol o‘yini”ga nima yetsin.

Prezident yoshlar bilan ishlash bo‘yicha kelasi yilga mo‘ljallangan vazifalarni belgilab berdi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Bu boradagi chora-tadbirlar 7 ta yo‘nalishda amalga oshirildi. Davlatning alohida e’tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga o‘qitildi.

“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.

Joriy yilda yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.

Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” bu yildan boshlab 4 ta yo‘nalishda –mahalla, maktab, professional ta’lim va oliygohlar tizimida o‘tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida jami 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.

Iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.

Prezidentimizga Navoiy viloyatida barpo etilgan To‘dako‘l xalqaro shaxmat maktabi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan ushbu maktab yil davomida 1 ming 700 nafar o‘g‘il-qizni o‘qitish va 7,5 ming nafar yoshni turli tadbirlar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. U yerda jahon va Osiyo chempionatlari, universiada kabi xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu maktabga xalqaro grossmeysterlarni olib kelib, olis hududlardagi iqtidorli bolalarni ham jalb qilish, ular uchun shaxmat bo‘yicha qisqa muddatli oromgohlar tashkil qilish va tegishli sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablari uchun tajriba va metodika manbai bo‘lishi kerakligi, shaxmat darslarini olib borish jarayonini raqamlashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga ham e’tibor qaratildi.

Har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi.

Bolalarning ko‘nikmalari, qiziqishlari va iste’dodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlar soni 1,5 million nafarga yetkazish choralari ko‘riladi. Buning uchun hududlarda qo‘shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.