Tarixni bevosita o‘sha voqealarga nafaqat guvoh, balki unda asosiy qarorlarni qabul qilgan shaxslardan tinglash qiziqarli. O‘sha davrda siyosatchilar u yoki bu qaroriga qanday izoh berishi, qanday kechinmalar bilan yashaganini bilishni istasangiz, quyidagi 9ta kitob bilan tanishib chiqish zarur.
Uinston Cherchill, «Ikkinchi Jahon urushi»
Uinston Cherchill nomi Buyuk Britaniya tarixida ikki marta bosh vazir lavozimini egallagan va II Jahon urushida qirollik nomidan harbiy harakatlarni muvofiqlashtirgan siyosatchi sifatida tarixda qoldi. U lavozimi davrida (1940-1945 va 1951-1955) uch monarx qasamyodini kuzatdi, 1953 yilda esa Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.
Avtobiografiya uslubida yozilgan, 6 tomdan iborat «Ikkinchi Jahon urushi» asarida Cherchill har bir muhim qaror va urushning holatiga sharh berib ketgan. Kitobda voqealar I Jahon urushi yakuni va dunyoni qayta bo‘lib olishga bo‘lgan harakatlar bilan boshlanadi. Cherchill kitobida Germaniyaning SSSRga hujumi, ittifoqdoshlarning munosabati, AQShning Yaponiyaga atom bombasini tashlashi va barcha e’tiborga molik masalalarga batafsil to‘xtalgan.
Sergey Yulevich Vitte, «Xotiralar»
Graf Sergey Vitte – Rossiya imperiyasi amaldori, moliya vazirligidan chiqib, vazirlar mahkamasini boshqargan siyosatchi. U bosib o‘tgan yo‘l va iqtisodiy-siyosiy islohotlari ko‘p e’tirofga sazovor bo‘lgan, Vitte davrida imperiyaning iqtisodiy salohiyati ancha yuksalgan. Uning memuari 1900-1910 yillarda yozilgan, ammo Vittening o‘limidan keyin jamoatchilikka oshkor bo‘lgan.
«Xotiralar»da Sergey Yulevich dastlab imperator Aleksey III, keyinchalik iqtidorga kelgan Nikolay II shaxsiga ham to‘xtalib o‘tadi. Kitob orqali XIX asrda yashagan Rossiya imperiyasi va uning bosqinchilik harakati haqida birinchi manbadan ma’lumot olish mumkin.
Margaret Tetcher, «Davlat boshqaruvi san’ati»
Baronessa Margaret Tetcher yoxud «temir xonim» 10 yillab Buyuk Britaniya saroyida bosh vazir lavozimida xizmat qildi. Qarorlardagi qat’iylik va konservatizm uchun uni omma «temir xonim», uning izdoshlarini «tetcherizm» tarafdorlari deb atay boshladi. Ushbu kitobda baronessa davlat boshqaruvida yuzaga kelayotgan masalalarga qanday munosabat qilishiga to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, u kitobida tashqi siyosat borasida ko‘p fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
Tetcher shaxsiga qiziqmagan shaxslar ham, ushbu kitobni o‘qib, XX asrda Yaqin Sharq, SSSR va Yevropa duch kelgan qiyin vaziyatlarni nozik nuqtadan ko‘rishi mumkin.
Napoleon Bonapart, «Muqaddas Yelena mahbusining fikrlari»
Albatta, siyosatchilarning avtobiografiya asarlari orasida Bonapart alohida o‘rin tutishi bor gap. Korsikada tug‘ilgan bo‘lajak imperator Fransiya tarixida qanchalar muhim rol o‘ynashini zamondoshlari anglamagan bo‘lishi mumkin, ammo tarixga qiziqqan o‘quvchi uning beqiyos o‘rnini yaxshi biladi.
Mahbuslik davri o‘zining sodig‘i Las Kaz bilan bitilgan memuar Napoleon o‘limidan ikki yil o‘tib nashr etiladi. Kitob orqali Bonapartning dunyosiga sayr qilish mumkin.
Tomas Jyefferson, «Buyuk Amerika. Hokimiyatning maxfiy qudrati»
AQShning uchinchi prezidenti, Mustaqillik deklaratsiyasini tuzish bo‘yicha qo‘mita rahbari Tomas Jyeffersoning mazkur kitobida AQSh davlat sifatida qanday paydo bo‘lganini chuqur o‘rganish mumkin.
Jyefferson tarixda nafaqat siyosatchi, diplomat yo faylasuf, balki yaxshi yozuvchi, agronom va arxitektor sifatida nom qoldirgan. Shunday ekan, uning kitobini o‘qish ham maroqli, ham foydali bo‘ladi.
Duayt Eyzenxauer, «Yevropaga yurish. AQSh va Rossiya birga bo‘lgan davr»
Ikkinchi Jahon urushi haqida yana bir nodir asar, uning muallifi AQSh prezidenti va bevosita Sovuq urush me’morlaridan biri – Duayt Eyzenxauer. Urush yillari Yevropadagi AQSh qo‘shinlarini boshqargan general Eyzenxauer SSSR rahbarlari bilan bir necha marta jonli muloqot qilgan, hattoki, sovetlarning «Pobeda» ordeni bilan taqdirlangan. Shunga qaramay, uning davrida aloqalar yomonlashgan.
Duayt Eyzenxaer Ikkinchi Jahon urushiga qo‘shilmay turgan AQShning harbiy harakatga qo‘shilishi, Normandiyaga qo‘shin tashlashi va urush davomida amerikaliklarning qarashlari qanchalik o‘zgargani haqida batafsil yozadi.
Lev Trotskiy, «Mening hayotim»
SSSRni eslaganda, birinchi navbatda, Trotskiy va uning asari bilan tanishib chiqish sog‘lom fikrlovchi barcha tarixchilarga majburiy sanaladi. Ushbu kitob 1991 yilgacha SSSRda taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatida turgan. Avtobiografiyada esa maxfiy sir fosh etilmagan, SSSR oddiy hayoti, ammo ishonchli ifodalar bilan tasvirlangan.
Stalinni qattiq yomon ko‘rgan, alaloqibat hokimiyatlar kurashida unga yutqazgan Lev Trotskiy 1929 yildayoq SSSRdan quvilgan. Muhojirotda yozilgan kitobda Rossiya imperiyasi qanday qilib sovetlar davlatiga aylanib qolgani yozilgan.
Maxatma Gandi, «Mening hayotim»
O‘zbek auditoriyasiga «Mening hayotim» nomi bilan tanilgan Gandining memuar asarida Hindistonning Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishi, mustaqil davlatchilik haqida so‘z yuritiladi. U zo‘ravonliksiz mustamlakaga qarshi tura olishni amalda isbotladi, buni qanday yuz berganini kitobida yozgan.
Li Kuan Yu, «Uchinchi dunyodan – birinchisiga»
Rivojlangan davlatni noldan qurish bo‘yicha eng mashhur qo‘llanma, desa bo‘ladigan avtobiografik asar muallifi barchasini maroq bilan o‘qish uchun batafsil yozgan.
Singapurning birinchi prezidenti Li Kuan Yu Britaniya mustamlakasi bo‘lgan davlatni boy mitti mamlakatga aylantirish uchun qanday choralar ko‘rganini bilishni istasangiz, aynan shu kitobni o‘qing.
“RBK Life”dan Alisher Ro‘zioxunov tarjimasi