Bosh sahifa Blog Sahifa 124

O‘zbekiston IT sohasining bozor hajmi milliard dollarga yaqinlashmoqda

0

Qozog‘istonning ommabop «Infozakon» elektron nashrida O‘zbekistonda IT-industriyasining rivojlanishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Unda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston AKT sohasini rivojlantirish yo‘lida ishonchli qadamlar tashlamoqda.

«Bugungi kunda «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida respublika oldida ulkan vazifalar turibdi. IT sohasining asosiy vazifasi tegishli xizmatlar eksporti hajmini yiliga besh milliard dollarga yetkazishdir. Shu maqsadlarda xorijiy kompaniyalarni jalb etish va malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda, maxsus davlat dasturlari, shuningdek, IT kompaniyalar uchun imtiyoz va preferensiyalar yo‘lga qo‘yilmoqda», deb ta’kidlangan materialda.

Nashrda xabar qilinishicha, mazkur jabhada 100 000 dan ortiq odam ishlaydi va bozor hajmi milliard dollarga yaqinlashmoqda. Yil oxiriga qadar IT xizmatlari eksporti hajmi 300 million dollarga yetishi kutilmoqda.

«Mamlakat bo‘ylab o‘n mingdan ortiq maktab yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan. English speaking nation va IT-nation loyihalari doirasida raqamli ta’lim ekotizimi shakllantirildi. Bu esa bolalarga maktabdan boshlab sohaga kirish imkonini bermoqda», – deb yozgan «Infozakon».

Madina Umurzoqova qanday qilib $100 bilan Toshkentda event-agentligini tashkil etgan?

0

Madina Wedding asoschisi cho‘ntagidagi $100 bilan o‘z biznesini qanday ochgani, biznes-reja namunasi qanday ko‘rinishda bo‘lishi va sohada faoliyat boshlash istagida bo‘lganlar uchun o‘z maslahatlarini Spot bilan o‘rtoqlashdi.

E’tibor bering: maqolada keltirilgan barcha ma’lumotlar faqat tanishish uchun berilgan. Raqamlar taxminiydir va individual holatga qarab farq qilishi mumkin.


Qanday qilib noldan shaxsiy agentlik ochish mumkin, event-biznesini yo‘lga qo‘yish uchun qancha mablag‘ zarur va qancha vaqtda u o‘zini qoplay oladi — “Spot” bu savollarga javoblarni “Madina Wedding” asoschisi Madina Umurzoqova bilan birgalikda ko‘rib chiqadi.

Hammasi qanday boshlangan?

Bugun butun hayotim to‘ylarni tashkillashtirish bilan o‘tayotgandek his qilaman, lekin doim ham bunday bo‘lmagan. O‘zlikni anglash va megapolis haqidagi orzular kelajagimni oldindan belgilab bergan. 1999-yili Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutini tamomlaganimdan so‘ng, AQShga ketishga qaror qilganman.

Afsuski, Amerika haqidagi ertaklar aldamchi bo‘lib chiqdi, ya’ni u yerda har bir inson rejalarini tubdan o‘zgartirib yuboradigan hayotni boshdan kechiradi.
2000-yilda otamdan ayrilgach, qisqa vaqtga ona yurtimga qaytib keldim, keyin vaziyat men uchun yomon tomonga o‘zgardi: 11-sentabr voqealari, AQShga kirishga cheklovlar, kelishmovchiliklar va deportatsiyaning noaniqligi oxir-oqibatda men uchun ortga — xorijga qaytish yo‘llarini yopgandi.
Oldinda nimalar bo‘lishini va nima bilan shug‘ullanishni bilmasdim, lekin bitta narsani aniq bilardim — men o‘zim uchun ishlayman. Samarqandda yana biroz bo‘lganimdan so‘ng, Toshkentga ko‘chib o‘tishni o‘yladim.

 

Poytaxtda turli lavozimlarda, jumladan, marketologdan mehmonxona xodimigacha faoliyat yuritdim. So‘ngra, 2002-yilda biznes tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan konsalting kompaniyasiga ishga joylashdim. Ushbu kompaniyadagi bir yarim yillik tajribam menga 2005-yilda doimiy hamkor mijozim Nodir Rasulev bilan birgalikda “Mercury Service” agentligini ochishga zamin yaratdi. Hozirgi kunda ham mazkur agentlikning hammuassisiman.

Oradan bir yil o‘tgach, mahalliy qiz bilan oila qurmoqchi bo’lgan nemis yigitining to‘yini o‘tkazish taklifi tushdi. Katta ishtiyoq va yuqori qiziqish bilan, homiladorlikning sakkizinchi oyida men uning taklifiga rozi bo‘ldim. Tadbir konsepsiyasini tushungan holda, qanday rejalashtirish kerakligini bilardim.

Keyin bilsam, to‘y kuni dekorativlar taqdim etadigan xizmatlar rejalashtirilmagan, guldastalar bilan bog‘liq muammolar, ovqatlanish esa tadbir boshlanganidan bir soat o‘tgach tugagan. Yaxshiyamki, yangi turmush qurganlarning sevgisi barcha xato va kamchiliklarga soya solib qo‘ydi. Bu voqeadan keyin men bir narsani angladim: hech qachon bunday mas’uliyatni o‘z zimmamga olmayman. Ammo u paytda bunday bo‘lmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni tashkillashtiruvchilar taqdim etilayotgan xizmatlarga beparvolik bilan qarashgan — guldasta bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan, keytering tadbir boshlanganidan taxminan bir soat o‘tgach tugab qolgan.

Kiritilgan investitsiyalar va foydaga chiqish

Kulguli tuyukishi mumkin, ammo men bu biznesimni cho‘ntagimdagi atigi $100 bilan boshlaganman (2008-yili). Biz hozirda joylashgan binolarni ijaraga olish taxminan $700-$800ga to‘g‘ri kelardi. Ammo, eng boshida bu pulni qayerdan olishni bilmasdim, lekin, muvaffaqiyatli rivojlanish, mehmonlarni qabul qilish uchun shaxsiy ofisim kerakligi aniq edi.

Shu sababdan, ijarachiga pulni uch oyga kechiktirishni taklif qildim, bu vaqt ichida esa oyoqqa turib olishim kerak edi. Bundan tashqari, ofis uchun jihozlar sotib olish va interyerini yaratishimiz zarur edi, chunki xona devorlari bo‘m-bo‘sh bo‘lgan.

O‘zbekistonda yil sayin nikohlar soni ortib bormoqda, shunga mos ravishda to‘y-hashamlarga bo‘lgan talab ham muttasil ko‘paymoqda. Afsuski, bu biznesning asosiy kamchiligi — mavsumiylikdir. Misol uchun, bahor, yoz va kuz faslining sentabr oylari eng faol davrlar hisoblanadi, qishda esa aksariyat hollarda kamchilikni tashkil etadi. Xizmat ko‘rsatishning o‘rtacha narxini hisoblash qiyin, chunki u to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘ylarning tarkibiy qismidagi xizmatlarga bog‘liq.

O‘rtacha oylik daromad oyiga $1000-$2000dan boshlanadi (mavsumiga qarab). Loyihaning o‘zini qoplash muddati kamida bir yilni tashkil etadi. Avvaliga, doimiy daromad yo‘qligiga qaramay, vaqt o‘tishi bilan jamoa katta hajmdagi loyihalar bilan ishladi, keyin esa biznes barqaror daromad olishni boshladi.

Hozirda to‘y va tadbirlarni tashkillashtiruvchi agentlik ochish uchun taxminiy hisob-kitob quyidagicha bo‘ladi:

Obyekt Summa (AQSh dollarida)
Binoni ijaraga olish $700dan
Bino ta’miri $6000dan
Jihozlar $4000dan
Ofis uskunalari $3000dan
Xodimlar ish haqi $300−500
Kommunal xarajatlar $250−300
Reklama $1500dan

Budjet va uni to‘g‘ri taqsimlash

15 yil davomida 1500dan ortiq to‘ylarni tashkillashtirdik va agar taklif qilingan tadbirlarning barcha spektrini oladigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich 3000dan oshadi. To‘y tadbirlari turli ko‘rinishda o‘tkazilishi mumkin, shuning uchun ham budjetga mehmonlar soni, tadbir konsepsiyasi va turmush qurayotgan yoshlarning xohish-istaklari ta’sir qiladi.

Biz har doim budjetni aniqlaymiz, chunki uni to‘g‘ri taqsimlash juda muhim. Shunga asoslanib, belgilangan mablag‘ga mos joy, pudratchi va konsepsiyani tanlaymiz. Doimo yoshlar baxti uchun hamma narsani amalga oshirish tamoyiliga amal qilamiz.

Marketing va reklama. Hozirda marketingga hech qanday pul sarflamaymiz. Bizning “Instagram” sahifamizni xodimimiz yuritadi, chunki muhitni his qilgan odamgina uning mazmun-mohiyatini yetkaza oladi. Odatda barcha vizual kontentlarni telefonimda suratga olaman va bunga professionallarning fotosuratlarini ham qo‘shamiz. Mashhurlikka erishish uchun eng yaxshi reklama — bu “sarafan radiosi”.

Raqobat va muvaffaqiyat sirlari. Bugungi kunda har ikkinchi odam o‘zini, to‘y tashkillashtiruvchisi bo‘la olaman deb hisoblaydi. Afsuski, to‘yni yaxshi o‘tkazish uchun musiqachilarni topish va bir nechta kichik masalalarni tartibga solish kifoya, degan fikr albatta noto‘g‘ri. Tashkilotning birinchi ishi ro‘yxatdan o‘tish bilan boshlanib, asal oyi bilan tugaydi.

Bu sohada o‘rganilishi kerak bo‘lgan jihatlar talaygina. Tashkilotchi dastlabki daqiqalardanoq mijozni, tadbir muhitini his qilishi, bo‘lib o‘tadigan barcha voqealarni ikki-uch qadam oldindan ko‘ra olishi, unda doimo B, hatto C rejalari ham tayyor turishi kerak.

Bular bilan bir qatorda, ahil jamoa, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish qobiliyati va stressga chidamlilik ham odamlar bilan ishlashishda muvaffaqiyatga erishish uchun eng zarur komponentlar hisoblanadi. Masalan, to‘ylardan birida kelin-kuyov ketishidan besh daqiqa avval elektr ta’minotida texnik nosozliklar yuzaga kelgan.Zalda jonli shamlar va ansambl ohanglari romantik muhit yaratdi, bu paytda esa bizning pudratchimiz butun shahar bo‘ylab 300 metr kabel izlash bilan ovvora edi.

Ayni paytda jamoam 5 kishidan iborat, ularning har biriga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Boshlanishida faqat o‘zim faoliyat yuritdim, so‘ngra “Mercury Service” agentligidan bir necha yigitlar menga yordamga kelishgan.

Biz barcha ishlarning yarmini, ya’ni, dizayn va bezaklar, yorug‘lik, ovoz, to‘y tortini yaratish, musiqachilar, suratkash va videograflarni taklif qilishni autsorsing qilamiz. Shu bilan birga, hech qachon to‘ylarda tajriba o‘tkazmaymiz. Masalan, agar fotograf yollasak, men dastlab uni to‘y syomkasining beksteyjiga qo‘yaman va fotoxizmat uchun unga o‘z hisobimdan to‘layman.

Qiyinchiliklar va xatolar

Tashkilotchilik faoliyatida katta va muhim tadbirlardan keyin hissiy charchoq va ilhom yetishmasligi jiddiy holat sanaladi. Bizning ishimizdagi eng katta qiyinchilik, nazarimda, mijozlarning salbiy fikrlashi va agentlikka nisbatan ishonchning yo‘qligidir. Shubhasiz, barcha tashkiliy jihatlarni bekam-u ko‘st amalga oshirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun har gal bor kuchimni ishga solaman.

Albatta, ba’zida kichik ko‘ngilsiz hodisalar ham bo‘lib turadi. Masalan, shirinlikning tushib ketishi va bezaklar qulashi, lekin, har doim bunday vaziyatlardan chiqish yo‘lini tezda topganmiz.

Faoliyatimiz davomida asosiy xatomiz boshqa yo‘nalishda ishlash ya’ni, enagalar va uy xodimlarini tanlashni yo‘lga qo‘yish bo‘lgan. Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, to‘ydan so‘ng, yangi turmush qurganlar, odatda enaga yoki uy xizmatchisi uchun bizga kelishadi. Biz barcha nomzodlarni sinchkovlik bilan tanladik, biroq ayrim xodimlarimizning insofsizligi keyinchalik butun agentlik reputatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu tariqa, bu foydasiz biznesni tezda yopishga qaror qildik.

Har qanday biznesni sizga qanchalik zarurligini to‘liq anglagan holda boshlashingiz kerak. Karantin davrida jonli efir orqali o‘z tajribam bilan o‘rtoqlashishdan xursand bo‘ldim va o‘z agentligini ochmoqchi bo‘lgan qizlarni butun ish jarayoni bilan tanishtirishga tayyorman.

Qanday ro‘yxatdan o‘tish kerak

Biznesni yuridik ro‘yxatdan o‘tkazishda dastlab soliq idorasida ro‘yxatdan o‘tiladi. Har bitta faoliyatni rasmiy shaklda olib borish, har qanday vaziyatda ham tadbirkor foydasiga ishlaydi. Agentlikni tashkil etish uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:

  • bankdan hisob raqamini ochtirish;
  • hokimiyatda korxona guvohnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • muhr va rekvizit shtamplarini yaratish.

2024 yilning davlat budjeti tasdiqlandi

0

“2024 yil uchun O‘zbekiston davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

2024 yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlariga ajratiladigan grant mablag‘larining belgilangan miqdorlari qonunga o‘zgartish kiritilmasdan ko‘paytiriladi.

O‘zbekiston budjet tizimi budjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo‘yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda:

  • respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;
  • 3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 25 trln so‘m miqdorida belgilandi.

2024 yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilandi.

Qonunga ko‘ra, soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
  • mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan, shuningdek YaTTlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
  • noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Xotin-qizlarni hunarmandchilikka o‘rgatish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan moliyalashtiriladi

0

Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlar faolligini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, boshqaruv xodimlari orasidagi xotin-qizlarning ulushini 2030-yilgacha 30%ga yetkazish talabi davlat korxonalarining ijro organlari, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibini shakllantirishda ham tatbiq etiladi.

2024-yilning 1-fevralidan kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish, takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish maqsadida kasb-hunarga o‘qitish kurslari tashkil etiladi.

Bunda kurslar ta’lim tashkilotlarida tajribali kasanachi va hunarmandlarni jalb etgan holda amalga oshiriladi. Kasb-hunarga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida moliyalashtiriladi.

Bunda ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitilgan har bir bitiruvchi xotin-qiz uchun sarflangan o‘qitish xarajatlarining 70%i, biroq BHMning 5 barobaridan (1,7 mln so‘m) oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Shuningdek, xotin-qizlar.uz platformasi negizida “Band bo‘lmagan xotin-qizlar” moduli yaratilib, vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

Kelasi yilning 1-martigacha “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq tanlovlarda ishtirokchilarni baholash imkonini beruvchi elektron dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi. Mazkur tanlov 2025-yildan har yili o‘tkaziladi.

Ishsiz xotin-qizlar zamonaviy milliy liboslarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish maqsadida tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng bino va inshootning dastlabki 3 oylik ijara to‘lovi 2024-yildan BHMning 10 baravarigacha (3,4 mln so‘m) miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Kelasi yildan xotin-qizlarning haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga 11 oygacha muddatga ruxsat etiladi.

Tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritiladi.

Ofisiantlikdan restoran direktorigacha – Yaponiyadagi Dadaboyevlar oilasi hikoyasi

0

“Qo‘qonjon”da tug‘ilganman…”

Akbar Dadaboyev: Men Qo‘qonda tug‘ilib o‘sganman. Qo‘qonni erkalab Qo‘qonjon deyishni yaxshi ko‘raman. Maktabni tamomlagach, iqtisodiyot litseyida, undan so‘ng Toshkentdagi iqtisodiyot universitetida tahsil olganman.

12 yoshimda 4 ta tilda bemalol gaplasha olardim

Umida Ashurova: Men asli Andijonda tug‘ilganman. Lekin Farg‘onada ulg‘ayganman. Shu sababdan ham Farg‘ona davlat universitetining xorijiy tillar filologiyasi fakultetida tahsil olganman.

Tahsil olish uchun Yaponiya davlatini tanlashimizga ko‘plab sabablar bor. O‘zi meni yuz tuzilishim sharqiy osiyolik ayollarga o‘xshagani sababli maktabda ham, keyinchalik oliygohda ham laqabim “yaponka” bo‘lgan. Shu boisdan ham o‘sha vaqtlardan boshlab menda Yaponiya davlatiga qiziqish paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, yoshligimdan tillarni o‘rganishga qiziqishim kuchli bo‘lgan. 12 yoshimda 4 ta tilda bemalol gaplasha olardim. Universitetda ingliz, fransuz, nemis va ispan tillarini o‘rganganman. Yuqorida sanab o‘tgan tillarni o‘rganish nisbatan osonroq bo‘lganligi sababli men o‘rganish qiyinroq va nisbatan mukammalroq bir tilni o‘rganishni xohlardim va aynan, yapon tilini tanlaganman. Yaponiyaga qiziqishim yapon tilini o‘rganishim davomida ortgan.

O‘qishni tashlab ketganimga afsuslanmayman.

Akbar Dadaboyev: Farzandli bo‘lganimdan so‘ng men ulg‘ayganimni va endi yelkamda ikki hissa mas’uliyat borligini his qilganman. O‘sha vaqtlar Umida ham, men ham magistraturada o‘qirdik. Ikkalamiz ham talaba bo‘lganimiz sabab o‘qishdan ortib ishlash masalasi qiyin edi. Shunda bir narsani tushunib yetganman: men ayolim o‘qishini davom ettirishi uchun ham ishlashim kerak. O‘z oilamni moddiy jihatdan ta’minlashim zarurligi uchun ham universitetni tashlab ketganman va Nagoya shahriga borib restorandan o‘zimga ish topganman. Ular menga soatiga 8 AQSh dollari pul to‘lashardi. O‘ylashingiz mumkin: nega oliy ma’lumotli inson oddiy ofitsiant bo‘lib ishga kirdi? Sababi men ingliz tilini yaxshi bilardim, lekin yapon tilini unchalik bilmasdim. Eng muhimi ishga kirish bo‘lgan. Lekin hech qachon universitetni tashlab ketganimga afsuslanmaganman. Bu qarorim juda to‘g‘ri bo‘lgan.

Kitob sotib olish uchun 1000 AQSh dollari

Umida Ashurova: Yaponiyada tahsil olish uchun, albatta, grant asosida kelganman. Bu grant “Development program Japan” deb ataladi va bu dastur hozir ham bor. Butun dunyo bo‘ylab ko‘plab talabalar Yaponiyani rivojlantirish uchun grant asosida ta’lim olishlariga yordam berish maqsadida ajratiladi. O‘sha yili 3000 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba bu grantga hujjat topshirgan, lekin ularni orasidan bor-yo‘g‘i 20 talabaga Yaponiya grant ajratgan. Yaponiyaga kelgach, mamlakat bo‘ylab universitetlarga bo‘linib ketganmiz. Grantning yaxshi tomonlaridan biri talabalar yil davomida stipendiya bilan ta’minlanadi, bundan tashqari, Yaponiyaga kelish va O‘zbekistonga qaytib ketish uchun aviachipta xarajatlari ham to‘la qoplanadi. Yana bir yaxshi tomoni esa bizga kitob olish uchun Yaponiya hukumati har birimizga 1000 AQSh dollaridan pul ajratgan. Bu bizning keyinchalik dars jarayonlarida, ilmiy ish qilishda va kerakli barcha kitoblarni sotib olish uchun yetarlicha mablag‘ edi. Ta’lim berayotgan ustozlar va ilmiy rahbarlik qilayotgan barcha professorlarga ham qo‘shimcha pul to‘lanadi. Yaponiyaga borganimda 2 hafta o‘tib menga kompyuter sotib olish uchun ham alohida pul berilgan.

Ofisiantlikdan restoran direktorigacha

Akbar Dadaboyev: Oddiy ofitsiant bo‘lib ishlash davomida mijozlarda yaxshi taascurot qoldirishga urinardim. Bosh menejyerning so‘zlariga ko‘ra, negadir kelayotgan xaridorlar ularga men xizmat ko‘rsatishimni xohlayotganlarini aytishgan. Shunday qilib menga 10 ta ofitsiantni ish o‘rgatishim uchun biriktirishgan. Shunday qilib, ish faoliyatim rahbarlarga yoqqani sabab lavozimdan lavozimga ko‘tarilishni boshlaganman. Bo‘lim boshlig‘i, bosh menejyer keyinchalik bizning restoranimiz kechki soat uchgacha ochiq bo‘lishni boshlagan va shu vaqtda meni restoranga rahbarlik qilishimni aytishgan. Mendan avval ishlagan inson, odatda, kechqurun erinib kunlik hisobotni yozmas ekan. Lekin men 3 oy davomida har kuni hisobotlarni yozib chiqardim. Bilishimcha, men yozayotgan hisobotlarning har birini restoran rahbari o‘qir ekan. Bir kuni meni oldiga chaqirib, hisobotlarimni o‘qib restoranga kelmasdan ham 3 oydan beri o‘zini bu yerda bo‘lgandek his qilganini aytdi. Shu tarzda lavozimim yana ko‘tarilgan, umuman aytganda ishga kirganimdan boshlab, bir yarim yil ichida lavozimdan lavozimga 10 marta ko‘tarilganman.

Hozir “Cezars kitchen”ning Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy direktoriman. Qo‘l ostimda 4 ta davlatdan 800 dan ortiq ishchi ishlaydi. Aslida, lavozimdan lavozimga ko‘tarilishning siri juda oddiy. O‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashish va o‘z ishini yaxshi ko‘rib bajarish kerak. Agar siz ishingizning 50 foizini bajarsangiz ham sizning vaqtingiz o‘tadi. Agar o‘sha vaqtda 70% ni bajarsangiz ham xuddi shunday. Lekin siz ishingizga mas’uliyat bilan yondashib, bor kuchingizni sarflab 100 foizlik natija bilan ishlasangiz ham baribir shu vaqt o‘tadi. Ya’ni nima ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz ham, ishingizni sidqi dildan qilishga harakat qiling. Doim yangiliklarga intilib, o‘z ustingizda tinimsiz ishlab rivojlanib borsangiz, albatta, atrofingizdagilardan ajralib turasiz. Ya’ni lavozimi ko‘tarilayotgan insonlar boshqalardan o‘zining harakatchanligi bilan ham farqlanadi. Har qanday ishni qilayotganda sidqi dildan qiling va oddiy ish bo‘ladimi yoki murakkabmi, 100 foizlik natijaga erishishni ko‘zlab, bor imkoningiz bilan harakat qiling. Ishingizdan ketadigan bo‘lsangiz ham, sizni sog‘inib qolishsin va o‘rningiz bilinsin. Shu darajada ishingizni yaxshi ko‘rib bajarsangiz, yuqori lavozim xohlamasangiz ham kelaveradi.

Polilog bo‘lish uchun miya mushaklariga ham tajriba kerak

Umida Ashurova: Dastlab Yaponiya va Germaniya o‘rtasidagi shartnoma asosida tashkil etilgan tematik firmada tarjimon bo‘lganman. Vazifam nemis tilidan yapon tiliga tarjima qilish edi. Ba’zan yana 3-4 ta tildan tarjima qilishga ham to‘g‘ri kelardi. Kunlarning birida yaponiyalik xaridorlardan biri chetdan kuzatib turganini va ko‘p tillarni bilishimni ko‘rib, menga ish taklif qilgan. Keyinchalik bilsam bu inson universitetda professor ekan. U meni jahon madaniyati markazida talabalarga saboq berish uchun ishga taklif qilgan.

Mendan ko‘p so‘rashadi, qanday qilib siz kabi ko‘plab tillarni o‘rganish mumkin?! Polilog bo‘lish uchun kuchli xotiraga ega bo‘lish kerakmi? Menimcha, har kim yaxshi polilog bo‘la oladi. Faqat ko‘proq mehnat qilsa va o‘z ustida tinimsiz ishlasa. O‘zi aslida bizni miyamiz ham tananing bir qismi, ya’ni mushakdan iborat. Agar mushaklarga qancha ko‘p kuch berilsa, ular ham kuchayishni boshlaydi. Demak, inson xotirasini ham kuchaytirsa bo‘ladi. Bunda ko‘proq ishlash va ko‘proq ilm olishga harakat qilish lozim. Shundagina hamma narsaga erishish mumkin bo‘ladi deb o‘ylayman. Shuning uchun ham xotiram kuchsiz deyish dangasalikdir. Menda til o‘rganishni boshlaganimdan so‘ng xotiram ham kuchayishni boshlagan.

Kelajakda O‘zbekiston uchun rejalashtirayotgan yaxshi maqsadlarimiz bor

Akbar Dadaboyev: Umida O‘zbekistondagi universitetlar bilan hamkorlikda talabalarga treninglar o‘tadi. O‘tgan yillar davomida o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan shahardagi maktablarda kichik kutubxonalar tashkil qilganmiz. Kitoblarni esa Yaponiyadan jo‘natib turamiz. Kelgusi maqsadlarimiz faqat ilmiy yordam emas, balki O‘zbekiston bo‘ylab qo‘ldan kelgancha ta’lim muassasalarida kutubxonalar tashkil etib, Yaponiyadan ingliz va yapon tilidagi adabiyotlarni yuborish. O‘zi mening otam ham juda kitobsevar inson bo‘lgan. Bizning rejamiz ham otamning izidan borish va o‘zbekistonlik yoshlarni ilm olishlari uchun eng zamonaviy kitoblar yetkazib berishdir.

Mashhura Rahmonova suhbatlashdi.

Tadbirkorlar uchun 8 ta foydali TED ma’ruza

0

1. Nima uchun startaplar muvaffaqiyatga erishadi?

Bill Gross (Bill Gross), investor, dunyodagi ilk biznes-inkubator IdeaLab asoschisi.

«Agar startap dunyoni  o‘zgartirishga qodir bo‘lsa, nima uchun juda ko‘p muvaffaqiyatsizliklar sodir bo‘ladi? Bu savolga Bill Gross so‘nggi 20 yil ichida vujudga kelgan 100 ta kompaniyani tahlil qilib, muvaffaqiyatga olib boradigan beshta muhim elementni alohida ko‘rsatib o‘tadi. Ular orasida g‘oya va jamoa – eng muhimlari emas».

2. Brendga yaxshi nomni qanday o‘ylab topish mumkin?

Video Player

Jonatan Bell (Jonathan Bell), brending bo‘yicha mutaxassis.

«Kompaniyalar soni juda ko‘p bo‘lgan dunyoda hamma taniydigan nomni qanday o‘ylab topish haqida. U asoschining familiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi yoki kompaniya faoliyatini tasvirlashi mumkin. Bular – Bell ajratib ko‘rsatgan ikkita kategoriyalar, xolos. U yodda qoladigan nomni qanday tanlash va qaysi detallarga e’tibor berish kerakligi haqida qisqacha gapirib beradi».

3. Kompaniya uchun to‘g‘ri qarorlarni qanday qabul qilish kerak?

Rey Dalio (Ray Dalio), tadbirkor, Bridgewater Associates investitsion kompaniyasi asoschisi.

«Bir kuni Rey Dalio katta miqdordagi pulni yo‘qotdi. Shu darajada kattaki, oilasini boqish uchun qarz so‘rashiga to‘g‘ri keldi. Bu og‘riqli tajriba uning qarorlar qabul qilishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi. Bu bahsli qarashlar bilan nima qilish kerakligi, haqligingiz (yoki aksincha)ni tushunishda yordam beradi».

4. Kompaniya kasodga uchrashining ikki sababi: ularni qanday barataraf etish mumkin?

Knud Xanaes (Knut Haanaes), biznes-strateg, Boshqaruvni rivojlantirish xalqaro instituti professori.

«Xanaes kompaniyalar hayotini odamlar hayoti bilan taqqoslaydi: yo‘lining boshida dunyoni tadqiq etadi, ulg‘ayib borgach, o‘z bilimlarini samaraliroq qo‘llaydi. Kompaniyalar ikki holatda muvaffaqiyatga erisha olmaydi:o‘zgalar bajarayotgan ishni qilganida va o‘ylamasdan yangi narsa yaratish bilan mashg‘ul bo‘lsa. Xanaes fikriga ko‘ra, muvaffaqiyatsizliklardan qutulishning eng yaxshi yo‘li – ushbu ikki strategiya o‘rtasidagi muvozanatni topish. U inqiroz ta’sir ko‘rsatmaydigan kuchli kompaniyani qanday qurish kerakligini misollar bilan tushuntiradi va ko‘rsatadi».

5. O‘z ijodiy qobiliyatlaringizga qanday ishonish mumkin?

Devid Kelli (David Kelly), IDEO loyiha-konsalting firmasi asoschisi.

«O‘zgalarning muhokamasidan hadiksirab, odamlar o‘z g‘oyalarini aytishmaydi. Devid Kelli odamlarni ijodkor va ijodkor emas kabi toifalarga ajratish mumkin emas deb hisoblaydi. Bor-yo‘g‘i ba’zilar o‘ziga ishonadi, boshqalarga esa kerak bo‘lmagan komplekslar xalaqit beradi. O‘z ishingizga asos solish uchun sizda ijodkorlik salohiyati yetishmaydi degan fikrdan qanday xalos bo‘lish mumkinligini tushuntiradi».

6. Talabalar o‘z biznesini boshlashdan avval nimalarni bilishi lozim?

Video Player

Yan Bednar (Jan Bednar), Ship Monk kompaniyasi asoschisi.

«Yan Bednar 17 yoshida Chexiyadan Amerikaga o‘z biznesini ochish orzusi bilan ko‘chib ketdi. Va bugun har qanday talaba o‘z ishiga asos solib, uni rivojlantirishi mumkin deb hisoblaydi: «Biznesni boshlash bu – muammoni topish. Sizning xobbingiz, kundalik ishlaringiz, balki biznes-g‘oyani kutayotgandir. Axir siz sohadagi muammolarni juda yaxshi bilasiz». Bednar startda biznesni qanday boshqarish haqida ham gapiradi».

7. Nima uchun umid strategiya emas?

Kevin Talbot (Kevin Talbot), tadbirkor va investor.

«Biror narsani yaratish uchun g‘oyaning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Har birimiz biror narsa o‘ylab  topamiz. Bu esa katta yo‘lning boshidir. G‘oyalar bizni olg‘a harakatlantiradi, hayotni oson va yaxshi qiladi. Biroq g‘oyaning o‘zi  – mo‘’jiza emas. Talbot muvaffaqiyatga erishish uchun g‘oya bilan ishlash yo‘llarini tushuntiradi».

8. Kichik biznesning katta yolg‘oni nimadan iborat?

Video Player

Vuzi Tembekveyo (VusiThembekwayo) Watermark Afrika fondi investori va raisi.

«Kichik biznes muvaffaqiyatga erishsa, kichkina holatida qolmasligi kerak. Afrika ko‘plab mayda korxonalar bilan to‘lgan. Ularning egalari o‘zaro kurashib, ishga global darajada nazar solmaydilar. Tembekveyo ona qit’asi misolida kichik  biznesni rivojlantirish muhim ekanini tushuntiradi. U mahalliy tadbirkorlar o‘z fikrlash tarzini o‘zgartirsa, Afrika iqtisodiy gigantga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi. Qisqa muddat davomida kichik startapdan katta korxona darajasiga yetish haqida so‘zlaydi».