XXI asr tadbirkorlari uchun asosiy adabiyotlar: biznes haqidagi eng yaxshi kitoblarning Top-10 taligi
Forbes nashri XXI asrning yosh va tajribali tadbirkorlari uchun biznes va boshqaruv haqida eng yaxshi asarlar to‘plamini saraladi.
Saralanma ikki qismdan iborat: birinchi beshta kitob — o‘z-o‘zini rivojlantirish va biznes psixologiyasi bo‘yicha eng yaxshi biznes-adabiyot bo‘lsa, qolgan beshtasi ma’lum kompaniyalar tarixiga ega biznes haqidagi kitoblarni o‘z ichiga oladi. Bularning barchasi samarali boshqarish va biznesni to‘g‘ri yuritishga yordam beradi.
Daniel Kaneman “Thinking, Fast and Slow” (2011)
Xulq-atvor psixologiyasi asoschilaridan biri va 2002-yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Daniel Kaneman yosh va tajribali tadbirkorlar orasida ommalashib ulgurgan, nima uchun hattoki eng aqlli kishilar xatoga yo‘l qo‘yishi, bu qanday va qaysi tamoyillar bo‘yicha yuz berishi kabi savollarga javob beradigan o‘z asarini taqdim etdi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Kaneman asr boshlaridan beri dunyoning eng mashhur odamlari ro‘yxatiga bir necha bor kiritilgan, uning asari esa dunyoning turli tillariga tarjima qilingan bestseller asarlar reytingidan joy olgan. Kaneman, shuningdek, sarmoyadorlarga xos kognitiv xatolardan ko‘plab misollar keltiradi.
Ushbu kitob fond bozoridan foyda olishga intiluvchi odamlar uchun o‘qilishi shart bo‘lgan, balki fundamental tahlil haqidagi har qanday kitobdan foydaliroq bo‘lgan asardir.
Kerol Duek “Mindset: The New Psychology of Success” (2006)
Yaqinda Pfizer top-menejerlaridan biri bo‘lmish Anjela Xvang kompaniya barcha yutuqlarga Kerol Duek kitobining o‘sish tafakkuri konsepsiyasi tufayli erishgani haqida gapirdi.
Bu — Stenford universiteti psixologiya fanlari professorining XXI asr tadbirkorlari va menejerlari haqidagi kitobdan keltirilgan yagona misol emas.
Bir qarashda uning asosiy g‘oyasi unchalik ham kashfiyotdek ko‘rinmaydi — muallif muvaffaqiyatga erishish uchun bor kuchni sarflash qanchalik muhim ekanligini butun asar davomidagi turli misollar va tadqiqotlar orqali namoyish qiladi.
Uning nazariyasiga ko‘ra, odamlar ikki turga bo‘linadi: birinchisi — qobiliyatlar va imkoniyatlar yoshlikdan insonga berilganligiga ishonuvchi ega insonlar (fixed mindset) ongi, ikkinchisi esa har qanday qobiliyatni shakllantirish mumkinligini ta’kidlovchi o‘zgaruvchan ongga (growth mindset) ega insonlardir.
Asar ikkinchi turdagi insonlar hayotda ko‘proq imkoniyatga ekanligini aniq isbotlab berishini sezish qiyin emas.
Kel Nyuport “Deep Work: Rules for Focused Success in a Distracted World” (2016)
Jorjtaun universitetining kompyuter fanlari dotsenti Kel Nyuport 2007-yildan beri raqamli texnologiyalar ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar ko‘rinishida odamlarni butunlay chalg‘itayotgan bir davrda qanday qilib samarali ta’lim olish va ishlash bo‘yicha o‘z blogini yuritib keladi.
U o‘zi tomonidan o‘ylab topilgan yuqori samaradorlik texnikasini tavsiflab beruvchi “deep work” (chuqur mehnat qilish) konsepsiyasini shakllantirdi.
O‘z-o‘zini rivojlantirish haqidagi asarda ushbu texnika mazmuni tavsiflab berilgan va shaxsiy kognitiv imkoniyatlar doirasida ishlash haqida tushuntirib berilgan.
Ushbu bestseller asar nafaqat biznes va karyerada raqobat ustunligiga o‘zining samaradorligi orqali erishishni istovchilar, balki a’lo darajada amalga oshirilgan ishdan tez-tez zavqlanish hissini olishni istovchilar uchun ham juda foydalidir.
Richard Taler va Kas Sansteyn “Nudge: Improving Decisions About Health, Wealth, and Happiness”( 2008)
XXI asrning xulq-atvor iqtisodiyoti va insonlarni, ularning tanlov erkinligiga daxl qilmagan holda, ma’lum qarorlar va harakatlarga undash (nudge) haqidagi asosiy kitoblardan biri.
Asar manipulyatorlar uchun qo‘llanma emas, balki qaror qabul qilish jarayoni psixologiya nuqtayi nazaridan qanday tuzilgan va qanday usullar orqali unga ta’sir o‘tkazish mumkinligi haqidagi ilmiy faktlar jamlanmasidir.
Taler va Sansteyn g‘oyalari o‘limdan keyingi donorlik uchun “rozilik prezumpsiyasi” asosiga borib taqaladi, pandemiya davrida esa ular insonlarni vaksina olishga “undash” uchun qo‘llanildi.
Kitob xulq-atvor iqtisodiyotining asosiy prinsiplarini tushunishni istovchi tadbirkorlar va marketologlarga asqatadi.
Erin Meyer “The Culture Map: Breaking Through the Invisible Boundaries of Global Business”(2014)
Erin Meyer — madaniyatlar o‘rtasidagi farqlar haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega, hozirda Parij shahridagi biznes-maktabda faoliyat yurituvchi amerikalik ayol.
Erin Meyer nafaqat turfa madaniyatlar to‘qnashuvi haqidagi hayotiy hikoyalar to‘plamini taqdim etadi, balki asosiy va muhim xususiyatlar bo‘yicha madaniyatlar o‘rtasidagi farqlarni tizimlashtiradi.
Turli darajadagi tadbirkorlar bilan ishlagan Meyerning aytishicha, hattoki eng tajribali va mahoratli biznes vakillari ham madaniyatlar o‘rtasidagi farqlar sababini chuqur o‘rganmaganliklari sabab xato qilishga va yanglish fikrlarga ishonishga moyil.
Mazkur asar xalqaro hamkorlar va kompaniyalar bilan ishlashni rejalashtirayotgan, shuningdek, boshqa madaniyatlar haqida chuqur bilimga ega bo‘lishni istovchilar uchun katta yordam beradi.
Jon Karreyru “Bad Blood: Secrets and Lies in a Silicon Valley Startup” (2018)
Jon Karreyru — tergovlari tufayli Theranos kompaniyasining kutilmaganda barbod bo‘lishiga sababchi bo‘lgan The Wall Street Journal nashri jurnalisti.
Kompaniya asoschisi Elizabet Xolms Forbes ma’lumotlari bo‘yicha 4,5 mlrd dollar boylik bilan 2015-yildagi eng muvaffaqiyatli yakka tartibdagi tadbirkorlarning Top-15 taligiga kiritilgan edi, ammo kutilmaganda uning biznesi yolg‘onlarga qurilgani, pullarni esa firibgarlik yo‘li bilan topgani ayon bo‘ldi.
Asar o‘z faoliyatini endi boshlagan tadbirkorlarga biznesda yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xatolar haqida ma’lumot beradi. Boshqalar uchun esa yosh tadbirkor ayol va Kremniy vodiysidagi muvaffaqiyat qanday qurilganligi haqida so‘zlaydigan qiziqarli triller hisoblanadi.
Betani MakLin, Piter Elkind “The Smartest Guys in the Room: The Amazing Rise and Scandalous Fall of Enron” (2003)
Yana bir muvaffaqiyatsizlik tarixi bu safar Fortune nashri jurnalistlari Betani MakLin va Piter Elkinddan. 2003-yildagi moliyaviy firibgarliklar atrofida yuz bergan shov-shuvlar va Amerikaning Enron kompaniyasi inqirozi haqidagi bestseller asosida.
2005-yili asar asosida film suratga olingan (film IMDb va Rotten Tomatoes saytlarida yuqori reytingga ko‘tarilgan), bundan tashqari, milliarder Uorren Baffet ushbu kitobni o‘z mijozlariga tavsiya qilgan.
Kitob moliyaviy bozor, shuningdek, boshqaruv va yetakchilik mavzulariga qiziquvchi tadbirkor va sarmoyadorlarga o‘zining foydali ma’lumotlarini taqdim etadi.
Eshli Vens “Elon Musk: Tesla, SpaceX, and the Quest for a Fantastic Future”(2015)
Biznes-jurnalist Eshli Vens 2015-yili biografiya uchun qahramon tanlay turib, eng to‘g‘ri qarorni qabul qilgan. Ilon Mask mavzusi hanuzgacha shov-shuvlar markazida bo‘lib qolmoqda.
Uning har bir xabari odamlarni pul sarflashga (va topishga) undab, bozorni harakatga keltiradi, uning har bir chiqishi esa motivatsiya beruvchi iqtiboslarga aylanadi.
Tadbirkor o‘z biznesini qanday boshlagani va muvaffaqiyatga qanday erishgani haqidagi ushbu kitobni biznes haqida hattoki hech qachon o‘ylab ko‘rmagan har qanday inson o‘qib chiqsa arziydi.
Fil Nayt “Shoe Dog: A Memoir by the Creator of Nike” (2016)
Fil Nayt 1964-yili Blue Ribbon Sports kompaniyasiga asos soldi, 1978-yilda esa kompaniya nomi g‘alaba ma’budasi Niki sharafiga Nike nomiga o‘zgartirildi.
Haqiqatan ham yangi nom kompaniyaga katta muvaffaqiyat keltirdi: Yaponiyadan import qilingan krossovkalar kichik biznesi milliardlab daromadga ega sport imperiyasiga aylandi.
Fil Naytning o‘zi 2021-yilda Forbes milliarderlari reytingida 25-o‘rinni egalladi, uning tadbirkorlik faoliyati yo‘li haqidagi kitobi esa 2018-yilda The New York Times bestseller asarlari ro‘yxatiga kiritildi.
Rid Xastings, Erin Meyer “No Rules Rules: Netflix and the Culture of Reinvention” (2020)
Yosh tadbirkorlar uchun eng yaxshi kitoblardan biri. Netflix asoschisi Rid Xastings va madaniyatlar o‘rtasidagi farqlar haqida ma’lumot beruvchi mashhur kitob muallifi Erin Meyer tomonidan hamkorlikda yozilgan ushbu kitob shaxsiy biznes boshlash, biznes yuritish bo‘yicha tavsiyalarga ega bo‘lishni va xodimlarni to‘g‘ri boshqarish haqida o‘rganishni istagan har qanday insonga foydalidir.
Asar 2020-yilda taqdim etilgan bo‘lib, shu kungacha eng yaxshi biznes adabiyotlar namunasi ro‘yxatiga bir necha marotaba kirdi. Buning sababi, Netflix kompaniyasining ochilishi va rivojlanishi hikoyasi — shubhasiz, o‘z zamonasining eng qiziqarli asarlaridan biri bo‘lib qoladi.