Yil davomida tadbirkorlar o‘zlarining shaxsiy hayoti va bizneslariga ta’sir ko‘rsatgan kitoblar bilan o‘rtoqlashdi.

“Spot” yil yakunlarini sarhisob qilib, mamlakat ishbilarmonlari tavsiya qilgan kitoblardan asosiylarini tanladi.


“Baxt Yetkazish. Milliard dollarlik internet do‘kon tarixi”, Toni Shey

“Zappos” kompaniyasi haqidagi ushbu kitob tadbirkorga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va mijozni tushunishga yordam beradi, deydi “Cambridge” o‘quv markazi asoschisi Jahongir Po‘latov.

U mazkur kitobni tadbirkorlar, biznes egalari va kelajakda biznes qilishni rejalashtirganlar uchun foydali bo‘ladi deb hisoblaydi.

“Asaxiy” va “Asaxiy Books” asoschisi Firuz Allayevning ta’kidlashicha, kitobni qayta-qayta o‘qib, kompaniya qanday rivojlanishi, moliyaviy muammolarni qanday yechishimiz, jamoani qanday shakllantirish kerak, qanday qilib korporativ madaniyatni rivojlantiramiz, xodimlarning rivojlanishi nima uchun muhim va shu kabi savollarga javob topamiz.

“Ushbu kitobni o‘qiganimdan keyin men uchun muhim tushuncha bu madaniyat strategiyadan ko‘ra muhimroq degan g‘oya bo‘ldi”, — deydi “Davr Bank»ni transformatsiya qilish jarayoni rahbari Damir Kakiyev.

kitoblar tavsiyasi


“Manba”, Ayn Rand

“TEAM” universiteti hammuassisi Hikmat Abdurahmonov Ayn Randning mazkur kitobini 20 yoshimda AQShda olganini qayd etadi.

Unda muvofiqlik bilan kurashayotgan, o‘z uslubi va qarashlariga sodiq qolishga harakat qiladigan me’morning ijodiy yo‘li tasvirlangan.

“Men uni izlanishda bo‘lgan, shaxsiy rivojlanish va jamiyatdagi stereotiplarga qarshilik mavzusiga qiziqqan har bir kishiga o‘qishni tavsiya qilaman”, — deydi Abdurahmonov.

“Davr Bank»ni transformatsiya qilish jarayoni rahbari Damir Kakiyev bu asar unga yoqishini, chunki unda “inson biror narsaga ishonsa, uni avaylaydi”, degan hikmat bor deya ta’kidlaydi.

“Manba — bu imkon qadar saqlab qolish va oshirishga harakat qiladigan ichki kuch. Bu kitob aynan shu kuch haqida”, deydi u.

kitoblar tavsiyasi


“Yalang‘och iqtisodiyot. Murakkab fanning sodda qiyofasi”, Charlz Uilan

“Asaxiy” va “Asaxiy Books” asoschisi Firuz Allayev bu kitobda Charlz Uilan iqtisodiyotga doir bilimlarni birma-bir asoslab, juda sodda tilda mantiqan tushuntirgan deydi.

Uni o‘qigan odam dunyodagi iqtisodiy o‘zgarishlarga boshqacha ko‘z bilan qarashni hamda boshqacha tahlil qilishni boshlaydi va yaxshiroq tushunadi.

“Iqtisodiyot hayotimizning asosi. Hayotimiz iqtisodiyotdan iborat bo‘lganligi uchun ham hammaga: talabalar, iqtisodiyot universiteti talablari, mutaxassislarga, umuman, barchaga bu kitobni tavsiya qilaman”, — deydi u.

Ayniqsa, hozirgi moliyaviy piramidalarga ishonadigan, moliyaviy qiyinchiliklarga duch keladiganlar iqtisodiy tomondan bilimlarga ega bo‘lishi uchun ham bu kitob muhim.

kitoblar tavsiyasi


“BE 2.0”, Jim Kollinz

Hikmat Abdurahmonovning qayd etishicha, muallif afsonaviy ishbilarmonlar, menejerlar o‘zlarini qayta kashf etishga to‘g‘ri kelganda ularning yangilanishlari haqida hikoya qiladi.

Kollinz buni amalga oshirish uchun yuzlab kompaniyalar va shaxslarni o‘rganib chiqdi hamda kitobda o‘z topilmalari bilan o‘rtoqlashdi.

“O‘qish jarayonida men ushbu kitobda o‘zim uchun juda ko‘p foydali narsalarni ko‘rdim. 41 yoshimda men ham nima ustida ishlashni, bundan keyin qanday rivojlanishni o‘ylayman”, deydi Abdurahmonov.

kitoblar tavsiyasi


“Grouing”, Igor Mann

“Cambridge” o‘quv markazi asoschisi Jahongir Po‘latovning ta’kidlashicha, 22ta eng so‘nggi marketing usullari keltirilgan ushbu kitob korxonani tahlil qilish va rivojlantirish uchun juda foydalidir. Marketing sohasining sir asrorlari, uning biznesdagi o‘rni va ahamiyati ajoyib yoritilgan.

Kitob tadbirkorlik faoliyati uchun foydali bo‘lish bilan birga zamonaviy soha o‘rganuvchilari uchun ham keng doiradagi bilimlar manbai hisoblanadi. Biznesni shakllantirish, rivojlantirish uchun sodda ko‘rinishda mukammal tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

“Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, uni kengaytirish, rivojlantirishni maqsad qilganlar uchun foydali kitob”, deydi Po‘latov.

kitoblar tavsiyasi