Bosh sahifa Blog Sahifa 79

Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytdi

0

Bugun davlat rahbari prezident maslahatchilari, qator vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun davlat rahbari prezident maslahatchilari, qator vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi.

Shuningdek, joriy haftada prezident III Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, davlat rahbarining qisqa muddatli ta’tili 2024 yil 22 apreldan boshlangandi.

Bundan oldin 2023 yil 4 dekabr kuni qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqan.

Shuningdek, prezident 2022 yil 5 yanvar kuni mehnat ta’tiliga chiqqan va 7 yanvar kuni ishga qaytgan edi.

Shavkat Mirziyoyev prezident lavozimidagi faoliyati davrida beshinchi marta rasman mehnat ta’tiliga chiqdi.

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 mln so‘mni tashkil etdi

0

Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha oylik 8,1 mln so‘m bilan Toshkentga, eng kami esa 3,5 mln so‘m bilan Surxondaryoga to‘g‘ri keladi.

2024-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 919,9 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.

Yanvar-mart oylarida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 19,8%ga o‘sgan. Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha oylik maosh Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 8,1 mln so‘m (22,3%).

Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy (6,5 mln so‘m) hamda Toshkent (4,7 mln so‘m) viloyatlari turibdi.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa 3,5 mln so‘m bilan Surxondaryo viloyatida kuzatilgan.

Hududlar bo‘yicha korxona va tashkilot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi:

Hududlar O‘rtacha oylik ish haqi 2023-yilning birinchi choragiga nisbatan o‘sish
1 Toshkent shahri 8 116 800 so‘m 22,3%
2 Navoiy viloyati 6 500 300 so‘m 18,8%
3 Toshkent viloyati 4 764 400 so‘m 15,2%
4 Andijon viloyati 4 390 900 so‘m 25,2%
5 Qoraqalpog‘iston Respublikasi 4 065 400 so‘m 17,2%
6 Xorazm viloyati 4 008 600 so‘m 17,1%
7 Buxoro viloyati 4 004 900 so‘m 14,7%
8 Sirdaryo viloyati 3 935 500 so‘m 15,3%
9 Farg‘ona viloyati 3 723 200 so‘m 21,5%
10 Jizzax viloyati 3 719 200 so‘m 18,2%
11 Samarqand viloyati 3 671 600 so‘m 18,1%
12 Namangan viloyati 3 642 500 so‘m 14,6%
13 Qashqadaryo viloyati 3 594 400 so‘m 16%
14 Surxondaryo viloyati 3 543 300 so‘m 12,1%

 

Yanvar-mart oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng balan ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 13,2 mln so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda esa axborot va aloqa sohasi (11,7 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohasi (7,3 mln so‘m) turibdi.

Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi sanoat sohasida 6,1 mln so‘mni, savdoda 5,6 mln so‘mni hamda hamda qurilishda 5,3 mln so‘mni tashkil etgan.

Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3,4 mln so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,2 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.

Axborot va aloqa sohasi

Axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi martda qayd etilgan — 12,4 mln so‘m.

Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha shakllangan:
  • dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 17,6 mln so‘m;
  • axborot xizmatini ko‘rsatish — 13,8 mln so‘m;
  • aloqa sohasi — 10,5 mln so‘m;
  • noshirlik faoliyati — 10,03 mln so‘m.

Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkentga to‘g‘ri keladi va birinchi chorakda bu 13,2 mln so‘mni tashkil etgan.

Undan keyingi o‘rinlarda 8,7 mln so‘m bilan Qashqadaryo hamda 8,2 mln so‘m bilan Farg‘ona viloyatlari turibdi.

Moliya va sug‘urta sohasi

Mazkur iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatida qayd etilgan — 17,3 mln so‘m.

Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlarda (13,04 mln so‘m) kuzatilgan.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar

Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi — 7,8 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,84 mln so‘m.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’limda o‘rtacha oylik ish haqi 3,4 mln so‘mni hamda texnik va professional ta’limda 3,6 mln so‘mni tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (5,5 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,8 mln so‘m) qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasining faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichi ham Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 4,05 mln so‘m. Shu jumladan, eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida (2,6 mln so‘m) kuzatilgan.

2023-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 551,4 ming so‘mni tashkil etgandi. Markaziy bank tadqiqoti 2023-yilning sentabr oyi oxirida o‘rtacha ish haqi yil davomida 18%ga o‘sib, 4,4 mln so‘mni tashkil etganini ko‘rsatgan.

“Biznes marafon” xalqaro maydonda: Ilk manzil — Istanbul shahri

0

Yoshlarning ish bilan ta’minlanishi, ularning iqtisodiy mustaqillikka erishishi va hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishi iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bunga esa osonlikcha erishib bo‘lmaydi. Bu uchun tajriba, ko‘nikma hamda bilim talab qilinadi. “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan yoshlarga biznes yuritish koʻnikmalarini oʻrgatishga qaratilgan “BIZNES MARAFON” loyihasi esa aynan shu maqsad sari qadam tashlamoqda. Yurtimiz va xorijda muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot shaklida oʻtkazib kelinayotgan marafonning o‘tgan toʻrt mavsumida (2021-2023-yillar) 110 ming nafardan ziyod yoshlar bevosita ishtirok etgan boʻlsa, 9 million nafarga yaqin yoshlar “onlayn” tarzda kuzatib bordi.

Loyihasi davomida faol ishtirok etgan yoshlarga biznes va shaxsiy rivojlanishga oid “Bestseller” kitoblar, xususan, 3 ming dona bosma kitoblar tarqatildi hamda 24 ming nafar yoshlarga mobil ilova orqali elektron va audio shaklda kitoblar taqdim etildi.

Loyihaning beshinchi mavsumi 2024-yilning 1-fevral kuni Surxondaryo viloyatida start oldi. Unda Jahongir Ortiqxoʻjayev, Laziz Adhamov, Husan Mamasidov hamda Umidjon Ishmuhamedov kabi muvaffaqiyatli tadbirkor hamda biznesmenlar ishtirok etishdi. Jarayonda esa 500 dan oshiq yoshlar qatnashdi.

Eng e’tiborli hamda quvonarli tomoni, beshinchi mavsum davomida “Biznes marafon” loyihasi xalqaro maydonga chiqib, Turkiyaning Istanbul shahrida tashkillashtirildi.

Unda Xayrulla Sattorov (“Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori), Yunus Furkan Akbal (tadbirkor hamda “Fuzul Holding” kengash aʼzosi), Husan Mamasidov (“Deli.uz”, “Dekos.uz”, “Mfaktor” loyihalari asoschisi), Serhat Kisakurek (MUSIAD tashkilotining Investitsiyalar boʻyicha boshligʻi), Umidjon Ishmuhammedov (“Cambridge International university” asoschisi) Muhammadali Eshonqulov (“Yuksalish” maktablari asoschisi) hamda Mirshod Shokirov (Sobiq diplomat, investor va koʻp tarmoqli tadbirkor, “Biznes diplomat” va “MIORA GROUP” xolding kompaniyasi rahbari) kabi turkiyalik hamda oʻzbekistonlik ishbilarmonlar, biznes hamda tadbirkorlik sohasi vakillari, 400 dan oshiq sohaga qiziquvchilar ishtirok etishdi.

 

Marafon davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiynab kelayotgan biznesni qanday boshlash, xatarlarni boshqarish, raqobat muhitida bozorda oʻz oʻrnini topish, xodimlar bilan ishlashdagi usullar, ruhiy va iqtisodiy bankrotlik, biznesdagi barqarorlikka erishish, biznesga investitsiya kiritish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi savollarga javoblar olishdi.

Tadbirkorlik rivoji uchun qo’yilgan yana bir qadam

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6017-son Farmoniga asosan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan ta’minlash jarayonlariga ko‘maklashish, yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar sohasidagi xalqaro reytinglarda mamlakatimiz mavqeini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, xorijda ta’lim olayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab berilgan.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 25-26-aprel kunlari “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi boshchiligidagi O‘zbekiston tadbirkorlari delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil qilingan “MUSIAD investitsiyalar forumi”da ishtirok etdi.

“MUSIAD investitsiya forumi”da, shuningdek, 300 dan ortiq turkiy tilli davlatlar yetakchi tadbirkorlari, innovatorlar, yirik investorlar, yosh tadbirkorlar va boshqa yirik kompaniyalar vakillari, turkiy tilli davlatlar davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ham qatnashishdi.

Forum doirasida dunyoda rivojlanayotgan tendensiyalar, yangicha imkoniyatlar va global miqyosdagi muammolar bo‘yicha maslahatlashuvlar, davlatlar o‘rtasida savdo aloqalarini rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalar, startaplar va zamonaviy ishlab chiqarish yo‘nalishlarida seminarlar tashkil qilindi,  tadbirkorlar o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazildi.

Umuman olganda, “MUSIAD investitsiya forumi”da Turkiya davlatidan investitsiyalar va texnologiyalar jalb qilish, shuningdek, Turkiyaga investitsiya kiritish istagidagi tadbirkorlar va umuman turkiy tilli davlatlar vakillari bilan hamkorlik, savdo-sotiq, investitsiyalar va startaplar yo‘nalishlarida aloqalarini o‘rnatish istagidagi tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Forum:

– kimyo, metallar va qazilma metallar ishlab chiqarish;

– qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarish;

– raqamli texnologiyalar;

– energiya mahsulotlarini ishlab chiqarish;

– moliyaviy, konsalting xizmatlar, ta’lim xizmatlari;

– qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish;

– mebel ishlab chiqarish;

– sog‘liqni saqlash yo‘nalishi;

– logistika;

– to‘qimachilik va charm mahsulotlarini ishlab chiqarish;

– ishlab chiqarish texnologiyalari kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi.