Spot Human House asoschisi Lola Sayfi bilan loyihani qanday boshlagani, uning yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgani, shuningdek, O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qanday tizimli muammolar to‘sqinlik qilayotgani haqida suhbatlashdi.
O‘zbekiston Osakadagi butunjahon ko‘rgazmasida oltin medalni oldi
Yaponiyada tashkil etilgan EKSPO butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston paviloni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy mukofotga – «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu nufuzli mukofot ko‘rgazma ishtirokchilarining Butunjahon ko‘rgazmasi muvaffaqiyatiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etadi va ularning muayyan sohadagi yetakchiligini namoyish etadi.
Yaponiyaning Osaka shahrida tashkil etilgan EKSPO butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston paviloni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy mukofotga — «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning aytishicha, taqdim etilgan «Bilimlar bog‘i: kelajakdagi jamiyat uchun laboratoriya» konsepsiyasida an’analar va innovatsiyalar uyg‘unligi o‘z aksini topgan.

«G‘oyamiz jahon hamjamiyatida keng ko‘lamli aks-sado berdi. Barchani ruhlantirgan professionallik va ushbu loyihaga bo‘lgan ishonch uchun butun jamoaga, shuningdek, xalqaro hamkorlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman», dedi Saida Mirziyoyeva.
EKSPO ko‘rgazmasida Xalqaro ko‘rgazmalar byurosi (BIE) mukofoti (1928 yilda ta’sis etilgan) ko‘rgazmaning asosiy mavzusiga tegishli sohadagi yutuqlarni e’tirof etadi. U innovatsion g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalar va ishtirokchi mamlakatlarning madaniy xususiyatlarini namoyish etuvchi eng yaxshi pavilon va ko‘rgazmalarga beriladi.
Ushbu nufuzli mukofot ko‘rgazma ishtirokchilarining Butunjahon ko‘rgazmasi muvaffaqiyatiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etadi va ularning muayyan sohadagi yetakchiligini namoyish etadi.
G‘oliblar innovatsion, texnologik jihatdan ilg‘or va global muammolarni hal qilishda yangi yondashuvlarni namoyish etuvchi eksponatlar yaratish uchun mukofotlanadi.
BIE mukofoti o‘z mamlakatini eng yaxshi taqdim etgan pavilonlarni alohida qayd etadi va ko‘rgazmaning asosiy mavzusini aks ettiruvchi maqsadlarga erishishga qo‘shgan hissasi uchun taqdim etiladi.
Masalan, EKSPO-2025 ko‘rgazmasining «Hayotimiz uchun kelajak jamiyatini yaratish» mavzusi «O‘zbekiston» pavilonidagi «Bilimlar bog‘i: kelajak jamiyati laboratoriyasi» mavzusiga hamohangdir.

O‘zbekiston Milliy paviloni O‘zbekiston Respublikasi EKSPO ko‘rgazmasida 1993 yildan boshlab ishtirok etishni boshlaganidan keyin birinchi marta BIE oltin mukofotiga sazovor bo‘lmoqda.
Hammasiga ulgurish siri: rahbar ayollar vaqtini qanday taqsimlaydi?

Tadbirkor yoki rahbar deyilganida ko‘pchilikning ko‘z oldida erkin ish grafigida faoliyat yuritadigan inson gavdalanadi. Ammo ayniqsa ayollar uchun bu jarayon oson emas: ish, oila va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni topish, ko‘p vazifani birdek bajarish va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash alohida mahorat talab etadi.
Spot turli sohalarda muvaffaqiyat qozongan ayollar bilan suhbatlashdi. Ular kunlarini qanday tashkil etishi, ustuvor vazifalarni qanday belgilashi va o‘zlaridagi ichki “olov»ni qanday saqlab qolishi haqida so‘zlab berishdi.

Teplo loyihasi asoschisi.
Odatda kunimni soat 08:00 atrofida boshlayman — dam olish kunlari esa biroz kechroq uyg‘onaman. O‘tgan yili Chevening stipendiyasini qo‘lga kiritib, magistratura bosqichida o‘qish uchun oilam bilan Londonga ko‘chib keldik.
Bu yerda vaqt Toshkentdan orqada bo‘lgani sababli ertalab qiladigan birinchi ishim — telefonimni tekshirish: xabarlar joyidami, zudlik bilan bog‘lanishni talab qiladigan holatlar yo‘qmi — shularni aniqlayman.
Londonga ko‘chib kelganimizda bir vaqtning o‘zida bir nechta masala ustida bosh qotirishga to‘g‘ri keldi: uy-joy, maktab, yangi muhitga ko‘nikish — bir tomonda, Toshkentdagi loyihalar davom etib turgan — boshqa tomonda.
Shu orada dizaynerlar bilan 6 oylik pop-up do‘kon ham ochdik. O‘sha paytlar katta bosimni his qilganim esimda. Bir vaqtning o‘zida ishlar ko‘payib, masshtabi ortsa men uchun stressli holatga aylanadi. Ana shunday vaziyatda muvozanatni saqlash nihoyatda qiyin bo‘ladi.
Bunday vaziyatlarda eng avvalo turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashaman. Qaysi masala ustuvorligini belgilaymiz, muhim bo‘lmaganlarini keyinga qoldiramiz. Agar barchasi e’tibor talab qilsa, jamoamizni kengaytirish, vazifalarni boshqalarga ishonib topshirish haqida o‘ylaymiz.
Hozir ta’til davri bo‘lgani uchun kunim nonushta bilan davom etadi. O‘quv yili boshlanganda esa, men yoki turmush o‘rtog‘im bolalarni tayyorlab, maktabga olib boramiz. Keyin esa Zoom qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlarga sho‘ng‘ib ketaman.
Biroq doimo kun davomida eng muhim vazifalar uchun alohida vaqt qoldirishga harakat qilaman. Bugungi holatimda bu — dissertatsiya yozish va sentabr oyida o‘tkaziladigan festivalga tayyorgarlik. Kunduzi bolalarni maktabdan olib, ular bilan vaqt o‘tkazishga intilaman. Kechqurun esa oilam bilan bo‘lish yoki hobbi orqali dam olish menga quvonch bag‘ishlaydi.
Nazarimda, ish va hayot o‘rtasidagi muvozanat faqat ayol kishining emas, erkak kishining ham mas’uliyatidir. Oila boshlig‘i bu muvozanatni saqlashga harakat qilsa, ayolning yelkasidan og‘irlik ancha kamayadi. Bizda ham shunday: turmush o‘rtog‘im bilan barcha masalalarni birgalikda hal qilamiz, shaxsiy hayotimiz, dam olish va oilaviy rejalarni birgalikda belgilaymiz.
Hammasiga ulgirish — bu real emas. Faqatgina muhim, prioritet bo‘lgan narsalarni aniqlash hamda shu masalalarda fokusni ushlashni o‘rganish kerak. Buni esa har kim o‘zi uchun aniqlaydi. Qolgan masalalarda esa yordam so‘rash yoki boshqalarga topshirish lozim.

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari.
Rahbarlik lavozimimdan tashqari men ona, rafiqa hamda Bank-moliya akademiyasi 2-bosqich magistrantiman. Hayotimda bir nechta rolni uyg‘unlashtirishimga to‘g‘ri keladi, va shunday paytlarda vaqtni to‘g‘ri taqsimlash tamoyillari yordamga keladi. Eng asosiy qoida — portretlarni aniqlash va eng ta’sirchan vazifalarni oldinga qo‘yish.
Tunda uyquga ketishdan oldin xayolimda ertangi kunimni ko‘z oldimdan o‘tkazaman: avval bu ish, keyin bunisi. Ertalab uyg‘onganimda esa qiladigan ishlarim aniq bo‘ladi. Xotiraga signal bersangiz, u qiladigan ishlaringiz ketma-ketligini eslatib turar ekan.
Odatda kunlik reja tuzaman. Bugunimiz bor, erta esa kelajak, o‘tgan kunimiz o‘tmishga aylangan, men uchun bu oltin gap. Shunday qilib, kunimni ertalab soat 06:00 da oshxonadan boshlayman: nonushta va tushlikni tayyorlab qo‘yaman. Nonushta vaqtida bolalarim bilan suhbatlashishga, ularning mehr va e’tiborimni his qilishlariga alohida ahamiyat beraman. Chunki kunimning birinchi yarmi bosh qahramonlari — farzandlarimdir.
Shu bilan birga, uyning saranjom turishi, ovqatlarning vaqtida tayyor bo‘lishi, bolalarni ertalab kiyintirib bog‘chaga jo‘natib, soat 09:00 da ish joyimda bo‘lishim, bu orada o‘zimni tartibga keltirishga ulgirishim ham kerak. Dangasalikdan voz kechganman — men uchun shaxsiy hayot va ish o‘rtasidagi muvozanat eng katta qadriyat. Axir vaqt hech kimni kutib turmaydi.
Kunning ikkinchi yarmini esa ishda o‘tkazaman. Bu joy mening ikkinchi uyimga aylanib ulgurgan. Ish xonamning tozaligi va tartibi ham bejiz muhim emas — bu mening kayfiyatim va samaradorligimga bevosita ta’sir qiladi.
Hammasiga ulgirishning siri aslida juda oddiy: bu ishtiyoq va erta uyg‘onishda. Agar inson nimanidir chin dildan istasa, albatta erishadi. To‘siqlar yo‘lda uchrashi tabiiy, lekin ularga yechim topish mumkin. Ha, imkoniyatlarimiz chegaralangan bo‘lishi mumkin, ammo zamonaviy texnologiyalar bu yukni ancha yengillashtiradi.
Ishda esa eng katta kuch — bu jamoa. Har bir xodimning imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanilsa,barchasiga ulgursa bo‘ladi.

IT Education Association’da PR bo‘limi rahbari.
Kunim erta boshlanadi. Ko‘zimni ochganimda birinchi bo‘lib qiladigan ishim — ijtimoiy tarmoqlar va ulardagi yangiliklarni ko‘zdan kechirish. Bu orqali tun davomida yuz bergan voqealardan xabardor bo‘laman va dunyoda, tarmoqda qanday kayfiyat hukm surayotganini his qilaman.
Hozir farzandlarim ta’til damida bo‘lgani uchun maktabga tayyorlash tashvishidan ozodman — bu esa menga biroz kengroq nafas olish, ishga xotirjamroq yo‘l olish imkonini beradi.
Kunimni chiroyli nonushtasiz boshlay olmayman, ulgursam uyda televizordagi ko‘ngilochar tongi dasturlarni ko‘rib nonushta qilaman, ulgurmasam ishxonadagi qahva mashinasida qahva tayyorlab nonushta qilib olaman. To‘g‘risini aytsam, ijodkorlik ruhi meni darrov ish rejimiga kirib ketishga biroz yo‘l qo‘ymaydi. Kunlik ish tartibimga videokontentlar yaratish, yangi storitellinglar yozish ham kiradi.
Kasbiy salohiyatimni oshirishga ham alohida e’tibor qaratishga harakat qilaman. Raqamli muhit rivojlanayotgani orqasidan PR sohasi ham o‘zgarib boryapti, shu sababli Coursera orqali onlayn kurslar hamda Microsoft kompaniyasining raqamli muhitda PR strategiyalariga bag‘ishlangan kurslarida ta’lim olib o‘z ustimda ishlashni davom etmoqdaman.
Ona sifatida esa kun tartibimning eng muhim bandlaridan biri — farzandlarim bilan suhbatlashish. Ularning ta’tildagi vaqtini mazmunli o‘tkazishi mening mas’uliyatim. Ish jarayonida ham ularga albatta qo‘ng‘iroq qilib, nima bilan shug‘ullanayotganlarini so‘rab turaman.
Men uchun hammasiga ulgurish siri — hayotga muhabbat va yashash ishtiyoqida. Shu kuch insonni ilhomlantiradi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga va bir kun ichida ko‘p narsaga yetishga qanot bag‘ishlaydi.

Investment Banking Associate at UBS.
Men erta turishni yoqtiradigan odamlardan emasman — o‘zimni boyqushga o‘xshataman. Chunki kechki paytlarda samaraliroq ishlayman. Shunga qaramay, kunim odatda soat 07:00—07:30 atrofida boshlanadi.
Amerikada yashab va ishlayotganim uchun, bu vaqt ular uchun “kech” sanaladi: odamlar tonggi 05:00—06:00 da yugurishga yoki sport zaliga shoshilishadi. Bu yerliklar uchun ertalabki jismoniy mashg‘ulot hayot tarzi va kundalik intizomning muhim qismidir.
Men ham tig‘iz jadvalimga qaramay, sportni kunda emas, haftada bir necha bor hayotimga singdirishga harakat qilaman. Odatda uch marta zalga boraman, imkon topilsa pilates mashg‘ulotlarida qatnashaman. Kechki ovqatdan so‘ng ko‘pincha yana ishga qaytaman — bu odatda tunda ham davom etadi va uyquga bor-yo‘g‘i 4−5 soat qoladi.
Dam olish kunlari imkon qadar o‘zimni tiklanishga harakat qilaman: to‘yib uxlayman, ba’zida sakkiz soatdan ham ko‘proq. Bo‘sh vaqtimni golf maydonida yoki tennis kortida o‘tkazish menga zavq bag‘ishlaydi. Spa-salonlarga tashrif esa mashaqqatli haftadan so‘ng tanam va ruhimni yangilashning eng yaxshi vositasiga aylanadi.
Barcha ishlarga ulgurishimda zamonaviy texnologiyalar katta yordam bermoqda. Vazifalarni aniq tartibga solish, ustuvorliklarni belgilash va diqqatni jamlash uchun sun’iy intellekt asosidagi ilovalar va rejalashtirish xizmatlaridan foydalanaman. Bu har bir daqiqa hisobda bo‘lgan tezkor ish muhitida hayotni ancha yengillashtiradi.
Shunday qilib, barcha ishlarga ulgurish siri — vaqtni ongli boshqarish va ustuvorliklarni to‘g‘ri tanlashda. Nyu-Yorkda yashab, bir narsaga amin bo‘ldim: bu shahar odamlari vaqtni behuda o‘tkazmaydilar. Agar qo‘llarida ortiqcha bir soat paydo bo‘lsa, uni sportga, yangi bilimga yoki shaxsiy rivojlanishga sarflashadi. Men ham asta-sekin shu yondashuvni o‘zimga singdiryapman. Kundalik faoliyatimni shunday yo‘lga qo‘yyapman-ki, hatto eng qisqa tanaffuslar ham mazmunli va foydali o‘tsin.
Temiryo‘l vagonida boshlangan biznes: Keng Makon 30 yildan ortiq vaqt davomida oilaviy biznesni qanday rivojlantirib kelmoqda?
Keng Makon mebel fabrikasi rahbari Saidmurod Saidnabiyev Spot’ga ishlab chiqarish jarayoni qanday yo‘lga qo‘yilgani, nima uchun O‘zbekiston mebel bozorida raqobat teng emasligi hamda kompaniya bugun qanday yo‘nalishda rivojlanayotgani haqida so‘zlab berdi.
Keng Makon mebel fabrikasining tarixi 1980-yillarning oxiriga borib taqaladi. O‘shanda Saidabror Saidkarimov eski temir yo‘l vagonini ustaxonaga aylantirib, avtomobil g‘iloflarini tikishni yo‘lga qo‘yadi. Vaqt o‘tishi bilan u mebel ishlab chiqarish sohasiga o‘tib, bugungi kungacha fabrikaning asosini tashkil etib kelayotgan tamoyillarni shakllantiradi. 1993-yilda u kompaniyani rasman ro‘yxatdan o‘tkazadi. Bugungi kunda esa bu ishni uning o‘g‘li — Saidmurod Saidnabiyev davom ettirmoqda.
Hozirda Keng Makon yiliga 300 tadan ortiq mebel to‘plamini ishlab chiqarmoqda. O‘tgan yilda kompaniya aylanmasi 15 mlrd so‘mdan oshdi.
Assortimentning asosiy qismini klassik uslubdagi modellar tashkil etadi — ular barcha sotuvlarning qariyb yarmiga to‘g‘ri keladi. Mijozlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda kompaniya neoklassik va modern yo‘nalishlaridagi mahsulotlarni, shuningdek, minimalizm hamda xay-tek uslubidagi bir nechta modellarni ham ishlab chiqarmoqda.
Saidmurod Spot nashriga bergan intervyusida jamoaning ish jarayonini — eskizdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlarni qanday tashkil etishi, O‘zbekiston mebel bozoridagi raqobatning nega teng emasligi hamda xorijiy bozorlarda o‘sish nega muhimligini so‘zlab berdi.
Biznesning boshlanishi
Keng Makon mebel fabrikasi tarixi dastlabki qadamlarni eslatib turuvchi, hozir ham fabrika hududida saqlanayotgan vagondan boshlangan. 1980-yillarning oxirida otam Saidabror Saidkarimov ikki do‘sti bilan birgalikda temir yo‘l vagonini sotib olib, uni ustaxonaga aylantirgan. O‘sha yerda ular avtomobillar uchun g‘iloflar tikishni boshlaganlar.
O‘sha paytlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar kam bo‘lgani va shaxsiy avtomobillar ko‘proq istisno hisoblangani sababli, asosiy mijozlar yaxshi va qimmat mashinalar egalaridan iborat edi.
Dastlab uch do‘st barcha ishlarni o‘zlari bajarishar, tikuvchilik bilan shug‘ullanib, materiallarni ham o‘zlari xarid qilardilar. Biroq buyurtmalar soni ortgani sayin ularga yordamchilar kerak bo‘la boshladi. Avvaliga bir necha ishchi qo‘shildi, keyinchalik esa jamoa to‘liq 10 kishilik tarkibga yetdi. Ish eng qizg‘in davrda esa korxonada qariyb 30 nafar xodim faoliyat yurita boshlagan.
Shu tarzda ular besh yil davomida ish faoliyatini davom ettirishdi. Bir kuni esa mijozlardan biri yumshoq mebel qoplamasini almashtirish bo‘yicha noodatiy iltimos bilan murojaat qildi. Bu taklif jamoaga qiziqarli tuyuldi va ular ishni sinov tariqasida bajarishga qaror qilishadi. Natijada, kreslo avvalgisidan ham chiroyliroq holatga keldi. Bundan mamnun mijoz esa kutilganidan ikki baravar ko‘p haq to‘laydi. Aynan o‘sha paytda jamoada xorijdan keltirilgan yumshoq mebellarni ta’mirlash g‘oyasi paydo bo‘ladi.
Asta-sekin bu yo‘nalish o‘zimizning ishlab chiqarish yo‘nalishiga ko‘chdi. Barchasini oddiy ishlardan boshladik: qoplamani yechib, karkaslarni tiklash va materiallarni tanlash bilan shug‘ullandik. Dastlabki divanlar butunlay qo‘lda — ta’mirlashda ishlatilgan asboblarda yig‘ilgan. Keyinchalik ular kichik xonani ijaraga olib, asosiy uskunalarni xarid qilishdi: doirasimon arra, silliqlash mashinasi, kompressor va sanoat stepleri.
O‘sha yillarda mamlakatimizda mebel sanoati endigina shakllanayotgan bo‘lib, barchasini noldan boshlashga to‘g‘ri kelgan. Materiallar maxsus yo‘llar bilan: faner va bruslar mahalliy duradgorlardan, qoplamalar bozorlardan yoki tanish-bilishlar orqali olinardi. Sifatli yog‘och materiallar taqchil bo‘lgani sababli karkaslar ko‘pincha qayta ishlangan yog‘ochdan tayyorlangan.
1993-yilda fabrika davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
“Keng Makon” nomi bejiz tanlanmagan. Otam ishlab chiqarish uchun joy qidirib, bu yerga birinchi bor kelganlarida, atrof faqat ochiq dala edi. U atrofga nazar solib, do‘stlariga bu joy yetarlicha kengligini, shu yerda hammaga foyda keltiradigan, keng ko‘lamli ishni yo‘lga qo‘yish kerakligini aytgan. Ana shu paytda nafaqat g‘oya, balki yondashuv ham shakllangan: keng fikrlash, kelajakka yo‘naltirilgan holda ishlash va doimiy o‘sishga intilish.
2007-yilga kelib, otamning hamkorlari boshqa sohalarga o‘tib ketgan va u biznesni mustaqil ravishda rivojlantirishni davom ettirgan yagona ta’sischiga aylangan.
Bolaligimdan fabrika hayotimning ajralmas qismiga aylangan. Otam meni tez-tez ishlab chiqarishga olib borar, sexlarni ko‘rsatib, har bir jarayon qanday tashkil etilganini batafsil tushuntirib berardi. Vaqt o‘tishi bilan men ham ish jarayoniga qo‘shila boshladim — ayniqsa ta’til paytlarida ancha faol bo‘lardim. Avvaliga bir qarashda oddiy tuyulgan silliqlash yoki qadoqlash kabi ishlardan boshladim. Shu tajriba orqali mahsulot tayyor bo‘lguncha ishlab chiqarish jarayoni qancha kuch, sabr va mehnat talab qilishini, ustalarning zimmasida naqadar katta mas’uliyat yotganini angladim.
Parallel ravishda, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyni tamomladim, so‘ngra Vestminster universitetida Biznes boshqaruvi yo‘nalishida tahsil oldim. Bu davrda fabrikaga qaytib, otam bilan g‘oyalarni muhokama qilib, loyihaning kelajagi haqida bosh ham qotirardim.

Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Vaqt o‘tib, xodimlar uchun Keng Makon Kids bolalar bog‘chasini ochish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Otam taklifimni qo‘llab-quvvatladi, bundan tashqari, u ishchilarning farzandlari yonida ekanligini bilgan holda o‘z ishlarini xotirjam davom ettirishlarini xohlardi.
Deyarli ikki yil davomida bog‘chaga rahbarlik qilib, pedagoglarni yollashdan tortib kundalik tashkiliy masalalarni hal etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni boshqardim. Bu mening birinchi mustaqil boshqaruv tajribam bo‘lib, jamoa bilan samarali ishlash, tizimli boshqaruvni yo‘lga qo‘yish va oziq-ovqat ta’minotidan tortib xavfsizlik masalalarigacha bo‘lgan o‘nlab vazifalarni bir vaqtning o‘zida muvofiqlashtirish ko‘nikmalarini shakllantirdim. Keyinchalik bino ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirilgani sababli loyiha faoliyatini yakunlashga to‘g‘ri keldi.
Vaqt o‘tishi bilan men fabrika bosh direktori — Hikmat Karimovichning yordamchisi bo‘ldim. To‘g‘risini aytganda, jamoaga qo‘shilish oson kechmadi. Yoshim sabab ba’zi xodimlar, ayniqsa katta avlod vakillari, qarorlarimga ehtiyotkorlik bilan yondashishardi. Boshqaruvchi mening so‘zlarim uning so‘zlari ekanligini, bizning pozitsiyalarimiz bir ekanligini qat’iy ta’kidlaganida, vaziyat o‘zgardi. Shundan so‘ng kompaniya ishlaridagi ishtirokim haqidagi tasavvur o‘zgardi. Jamoaning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, professional jihatdan o‘sishni boshladim.
Premium segmentiga o‘tish
2000-yillarning boshlariga kelib, fabrika yiliga qariyb 200 ta mebel to‘plamini ishlab chiqara boshladi. Mahsulotlar asosan ommaviy iste’molchilar uchun mo‘ljallangan asosiy modellar edi. To‘plangan tajriba va bozorni chuqurroq anglash natijasida biz yangi bosqichga o‘tib, xorijiy bozorda o‘z kuchimizni sinab ko‘rishga qaror qildik. Shu tariqa, 2013-yilda ilk eksport tajribamiz boshlandi — Moskvada kompaniyamizning uchta brend do‘koni ochildi. Uch yil ichida loyiha savdo hajmi va barqarorlik nuqtayi nazaridan tijorat jihatidan maqbul darajaga yetdi.
Ko‘proq yumshoq mebellar va stullar xarid qilingan, ularni kichik xonadonlarga oson moslashtirardik. Korpus mahsulotlariga talab kamroq: modellar har doim ham standart kirish eshiklaridan o‘tmasdi. O‘sha paytda o‘lchamlarni o‘zgartirish va qoplamani almashtirish bo‘yicha so‘rovlar kelib tusha boshladi, bu esa bizni individual buyurtmalarni rivojlantirishga undadi.
Ma’lum bir bosqichda Rossiya bozoridan chiqishni lozim topdik. Bunga asosiy sabab sifatida ijara shartlarining beqarorligi — qisqa muddatli shartnomalar va ularni uzaytirishda stavkalarning muntazam oshirilishi ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda buyurtmalarning barqaror oqimi shakllanib bo‘lganligi sababli, e’tiborimizni to‘liq ichki bozorga qaratishga qaror qildik.
2020-yilga kelib, strategiyani qayta ko‘rib chiqdik: oqimli ishlab chiqarishdan voz kechib, yanada murakkab, individuallashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqardik. Assortimentimizga qo‘lda ishlangan naqshli, o‘ymakorlik bilan bezatilgan, nodir matolardan tayyorlangan va yangi materiallardan ishlangan modellar qo‘shildi.
Kompaniya xodimlarining soni yillar davomida o‘sib bordi. Eng yuqori davrda xodimlar soni 400 kishigacha yetdi. Vaqt o‘tishi bilan jarayonlarni takomillashtirdik, bugungi kunda jamoamizda 250 ga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.
Ishlab chiqarish hajmi ham o‘sdi: 2023-yilda 250 ta mebel to‘plamini ishlab chiqargan bo‘lsak, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 300 taga yetdi. Bunday o‘sish tizimli ishning natijasi bo‘lib, jamoaning izchil sa’y-harakatlari, modernizatsiya hamda mijozlar tomonidan tobora ortib borayotgan ishonch tufayli sodir bo‘ldi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, qariyb 15 mlrd so‘mlik mahsulot sotilgan.

Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Bugungi kunda fabrikamiz o‘z hududining qariyb 2 gektarini egallaydi. Bu yerda 20 ga yaqin yog‘ochga ishlov berish, bo‘yash, shpon, tikuvchilik, qadoqlash va boshqa ishlab chiqarish bo‘limlari mavjud. Eskizdan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha asosiy bosqichlar ichki jarayonlarda amalga oshiriladi. Faqatgina alohida furnitura elementlari autsorsga beriladi, ular ham dastlab ishonchli hamkorlardan xarid qiladilar.
Ishlab chiqarish qanday tuzilgan?
Mebel ishlab chiqarish vazifani o‘rganishdan boshlanadi. Mijozga aynan nima lozimligi, mebel qaysi joyda turishi, buyurtmachining kundalik hayotdagi odatlari, o‘ziga xosliklarini tahlil qilamiz.
Buyurtma individual bo‘lsa, dizaynerlar har bir detalni bevosita mijoz bilan muhokama qiladilar. Seriyali modellar esa ommaviy ishlab chiqarishga qaramasdan ularda estetika saqlanib qolinadi.
Ko‘p yillik faoliyatimiz davomida ishonchli hamkorlar doirasini tashkil etib, ular bilan barqaror munosabatlarni yo‘lga qo‘ydik. Deyarli barcha turdagi xomashyo, ehtiyot qismlar import qilingan. Yog‘ochni Turkiya va Rossiyadan, mexanizmlar va jihozlarni esa Avstriya, Germaniya va Italiyadan olib kelamiz.
Fabrikada 100 dan ortiq jihozlar mavjud bo‘lib, Italiyaning SCM stanoklari arralash, bo‘yash va qirralashda aniqlikni oshirish imkonini beradi.
Ishlab chiqarish jarayoni yog‘ochga ishlov berish ustaxonasida boshlanadi: material arralash, silliqlash hamda shakl berish jarayonlaridan o‘tadi. Shpon bilan ishlash alohida aniqlikni talab etadi — ustalar qo‘lda teksturani tanlab, simmetrik naqsh hosil qilishga harakat qilishadi. Shundan so‘ng presslash, kalibrlash, parmalash va qayta silliqlash bosqichlari amalga oshiriladi.
Yakuniy ishlov berish jarayoniga bo‘yash ham kiradi. Bu bosqichda barcha jihatlar muhim: namlik darajasi, qoplama bir xilda bo‘lishi va kerakli rangga aniq tushishi. Ikki komponentli laklardan foydalanamiz, chunki ular qoplamaga chuqurlik berib, sirtni himoya qiladi va tashqi ko‘rinishni uzoq vaqt saqlaydi.
Keyin tayyor buyumlar yig‘uv ustaxonasiga kelib tushadi. Bu yerda mebel uzil-kesil ko‘rinishga keladi: detallar biriktiriladi, choklar, mexanizmlarning yurishi, konstruksiyaning mustahkamligi tekshiriladi. Shundan so‘ng furnituralar o‘rnatiladi, ishlov beriladi hamda pardozlanadi.
Ba’zi tafsilotlarni prinsipial ravishda avtomatlashtirmaymiz. Misol uchun, naqshlar va murakkab bezak elementlari qo‘lda yaratiladi. Mashina yog‘ochning tabiiy xususiyatlarini inson kabi ilg‘ay olmaydi. Aynan qo‘l mehnati mebelga o‘ziga xos xususiyat baxsh etib, uning yuqori sifatliligini namoyon etadi.
Yakunlovchi bosqich — mahsulotlarni qadoqlash va yetkazib berish. Ombor va logistika xizmati fabrikaning o‘zida joylashgan. Hech qanday “qoldiq»ni ushlab turmaymiz — hamma narsa aniq buyurtma asosida tayyorlanib, o‘z vaqtida yetkaziladi.
Tovar liniyasi
Keng Makon fabrikasi o‘tgan 30 yil ichida korpusli mebellarning bir nechta modellaridan tortib, butun uy hududini qamrab oladigan keng turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Assortimentdan yotoqxona, mehmonxona garniturlari, yumshoq mebellar, stol va stullar, ofis, oshxona, bolalar hamda dahliz mebellari o‘rin olgan. 2008-yildan boshlab eshiklar ham ishlab chiqarila boshlangan — jamoada ushbu yo‘nalishni rivojlantirishni o‘z zimmasiga olgan mutaxassis paydo bo‘ldi.
Fabrikaning boshqa bo‘limlarida ham xuddi shu prinsip amal qiladi: shunchaki yangi pozitsiyalarni qo‘shmaymiz, balki ularning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda alohida ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yamiz.
Assortiment ustida 5 nafar dizayner, 6 nafar konstruktordan iborat jamoa ish olib boradi. Dizaynerlar jahon tendensiyalarini kuzatib, ularni mahalliy vizual kontekstga moslashtirishadi. Mebelning ham an’anaviy uylarda, ham zamonaviy interyerlarda o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lishi muhim. Dizaynerlar eskizlar yaratib, materiallar, ranglar va mutanosibliklarni belgilaydilar. Ichki tekshiruvlar, sinovlardan so‘ng tayyor konsepsiya konstruktorlarga topshiriladi.
Konstruktorlar modelning nafaqat chiroyli, balki mustahkam bo‘lishi uchun javobgardirlar. Ular dizaynni ishlab chiqarishga moslashtirib, ergonomika hamda mustahkamlikni hisobga olgan holda texnik hujjatlarni yaratib, jarayonni ishga tushiradilar.
Assortimentimizning asosini klassik mahsulotlar tashkil qiladi. Bu yo‘nalishga dadam asos solgan va u hali ham asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda: modellarning taxminan 50%i aynan shu uslubda. Vaqt o‘tishi bilan xaridorlarimizning didi o‘zgara boshlab, turlarni ko‘paytirdik. Bugungi kunda unda neoklassika (30%), modern (20%), shuningdek, minimalizm va xay-tek yo‘nalishidagi alohida modellar o‘rin olgan.
Shu bilan birga, madaniy qolip bilan bog‘liqlikni saqlab qolishimiz ham muhim. Dizaynda milliy o‘ziga xoslik, xoh o‘ymakorlik bo‘lsin, xoh naqshlar yoki material tanlash bo‘lsin, e’tiborga olishga harakat qilamiz. Masalan, Rossiyaga eksport qilingan yumshoq mebellarda adras matosidan foydalandik: bu o‘zbek an’analari xalqaro maydonda ham dolzarb bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish usuli bo‘lib xizmat qildi.
Yotoqxona va mehmonxona uchun jihozlar to‘plamlari buyurtmalarning katta qismini tashkil qiladi. Eng ko‘p talab qilinadigan modellar dizayni, ishlab chiqarish murakkabligi, qo‘llanilgan materiallar, shuningdek, narxi bilan farq qiladi.
Bugungi kunda mahsulotlarning taxminan 70%i seriyali modellar, qolgan 30% i individual buyurtmalar bo‘lib, ularning bajarilish muddati murakkabligiga qarab 1 oydan 3 oygacha davom etadi.
Individual va seriyali mahsulotlar o‘rtasidagi narx farqi odatda 20−30% ni tashkil qiladi.
Xizmat mahsulotning bir qismi sifatida
Mahsulot narxlari ochiq-oydin tarzda, ya’ni materiallar tannarxi, ishlab chiqarish vaqti, tegishli xarajatlar hamda marjani hisobga olgan holda shakllantiriladi. Hozirgi kunda o‘rtacha buyurtma narxi taxminan 45 mln so‘mni tashkil etadi.
Narxlarni keskin ko‘taradiganlardan farqli o‘laroq, biz narx barqarorligini saqlab qolishga harakat qilamiz. Doimiy mijozlarimiz uchun chegirmalar hamda foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud. Masalan, yotoqxona jihozlari xarid qilinganda, yumshoq mebellar uchun 25% lik chegirma taqdim etiladi.
Biz yangi formatlarga ochiq bo‘lib, onlayn savdoni o‘rganishni boshladik. Ammo mebel masofadan osongina xarid qilinadigan mahsulot emas. Uni ko‘rish, qo‘l bilan ushlash, o‘tirish, matolar, yog‘ochning sifatini jonli baholash kerak. Shu sababli mijozlarning aksariyati hamon ko‘rgazma zallarini afzal bilishadi. Ularning biri bevosita fabrika hududida, ikkinchisi esa Glinka nomli ko‘chadagi savdo do‘konida joylashgan.
Mahsulotlarning bariga 3 yillik kafolat beriladi. Agar vaqt o‘tishi bilan tashqi ta’sirlar natijasida mato xiralashsa yoki material ko‘rinishini yo‘qotsa, mahsulotni xizmat ko‘rsatish markazimizga olib kelish mumkin. Qoplamani yangilaymiz, lakni yoki shikastlangan elementlarni qayta tiklaymiz. Eng muhimi, mahsulotning asosi ko‘p yillar davomida o‘z shakli va mustahkamligini saqlab qoladi: u sifatli yog‘ochdan yasalgan va uzoq muddatli ekspluatatsiyaga bardosh bera oladi.
Ayniqsa, mebellarimizdan 10−20 yil davomida foydalanib kelayotgan mijozlarimiz borligi juda quvonarli. Ularning ko‘pchiligi yaqinlariga bizni hayotlarining eng muhim paytlarida, masalan, to‘ydan so‘ng yangi uyni jihozlashda tavsiya qilishadi.
Xizmat ko‘rsatish qismi ishlab chiqarish bilan parallel ravishda amalga oshirildi. Birinchi tashrifdan to mebelning yakuniy o‘rnatilishigacha har bir qadam diqqat bilan nazorat qilinadi. Do‘konlar va shourumlarda nafaqat sotuvlar, balki maslahatlar sifati va mijozlar bilan ishlash bo‘yicha ham KPI’lar mavjud.
Yig‘uvchi jamoalar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, forma kiygan va intizom asosida ishlaydi. O‘rnatish jarayoni yakunlangach, ular barcha qadoqlarni yig‘ishtirib, xonani ozoda holda topshirishadi. Bu oddiy, ammo muhim qoida — u mijoz bilan yakuniy taassurotni yaxshilaydi.
Mamlakatda mebel bozori
2018-yilgacha asosiy raqobat mamlakat ichida bo‘lgan. Biz bilan bir qatorda bir nechta kuchli fabrikalar ham rivojlanib bordi, ularning har biri o‘z o‘rnini topishga urinardi. Vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqaruvchilarning bir qismi ommaboproq qatlamga o‘tib ketdi. Ayrimlari arzon modellarga e’tibor qaratsa, ba’zilari ehtiyot qismlarning qimmatlashishiga to‘qnash keldi, ba’zilari esa soddalashtirilgan konstruksiyalarni ishlab chiqarishni afzal ko‘rdi. Biz chuqur o‘ylangan qarorlar, puxta ishlab chiqilgan ishlar va barqaror sifat darajasi qadrlanadigan yo‘nalishni tanladik.
Bugungi kunda O‘zbekistonda mebel ishlab chiqarish rivojlanishda davom etmoqda, biroq bozor hali shakllanish bosqichida. Bu holat mahsulot va detallarining ham sifat darajasiga ta’sir qiladi. Ko‘pincha turli pudratchilar ishlaydigan obyektlarda bo‘lamiz: kimdir eshiklarni o‘rnatish bilan shug‘ullansa, boshqasi o‘rnatilgan mebellar bilan shug‘ullanadi. Bunday vaziyatlarda, yondashuvlardagi farqlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ba’zi joylarda aniq moslashtirish, toza liniyalar, boshqa joylarda notekis qoplama, g‘adir-budurliklar, elementlarning nomuvofiqligiga duch kelamiz.
Bozordagi asosiy to‘siqlardan biri — sifatli materiallarga ega bo‘lishdir. Mebel ishlab chiqarishda asosiy xomashyo sifatida shumtol, eman va buk yog‘ochlari qo‘llaniladi. O‘zbekistonda bu turdagi daraxtlar deyarli yo‘q: o‘rmon xo‘jaligi yetarlicha rivojlanmagan, shuningdek, tijorat maqsadida, masalan, chinor daraxtlarini kesish taqiqlangan. Shu sababli biz ko‘p yillardan beri yog‘ochni Rossiya va Gruziyadan import qilib kelamiz. Yetkazib berish xarajatlari, bojxona to‘lovlari va transport bilan bog‘liq omillar tufayli bunday xomashyo mahalliy materiallarga nisbatan ancha qimmatga tushadi, ammo hozircha bu yo‘nalishda muqobil manba mavjud emas.
Furnitura bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshash. Bugungi kunda O‘zbekistonda mebel furniturasini chakana bozorlarda topish mumkin, biroq ushbu soha hali ishlab chiqarishning professional talablari — ayniqsa ishonchlilik va estetika darajasiga to‘liq javob bera olmaydi. Biz bu yerda faqat tutqich yoki ilmoqlar haqida emas, balki murakkab texnik komponentlar: yo‘naltiruvchi, ko‘taruvchi tizimlar hamda mahkamlovchi elementlar haqida so‘z yuritamiz. Aynan shu detallar mebelning uzoq xizmat muddati va muammosiz ishlashini ta’minlaydi.
Bunday komponentlar to‘plamida yuzdan ortiq detal bo‘lishi mumkin, ulardan hech bo‘lmaganda bittasining ishdan chiqishi butun konstruksiyaning mustahkamligi hamda funksionalligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar hozircha zarur sifat standartlari va barqaror yetkazib berish hajmini ta’minlay olmaganlari sababli, biz furnituralarning asosiy qismini hali ham xorijdan xarid qilib kelmoqdamiz.

Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Shu bilan birga, import qilingan mebellar bozorda hanuz afzal ko‘rilmoqda. Tayyor mahsulotlar ko‘pincha bojxona imtiyozlari asosida olib kiriladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa ishlab chiqarish uchun zarur materiallarni import qilganda boj to‘lashga majbur bo‘ladi. Natijada, tayyor import mahsulotlari bilan deyarli teng sharoitda raqobatlashishimizga to‘g‘ri keladi.
Agar ushbu tizimni qayta ko‘rib chiqib, ichki mebel ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilsa, soha ancha tez rivojlanadi. Bunda raqobat narx pastligiga emas, balki sifat ustunligiga asoslanadi.
Bugungi kunda Turkiya va Italiyadan keltirilayotgan mebellar hali ham jiddiy raqib sanaladi — bu mamlakatlardagi ishlab chiqaruvchilar barqaror brendlarga, sinovdan o‘tgan texnologiyalarga va yuqori darajadagi ishlab chiqarish standartlariga ega. Ularning mahsulotlari obro‘-e’tibor va mijoz ishonchi tufayli yutadi, bu esa narx siyosatiga ham bevosita ta’sir qiladi. Shu bilan birga, biz sifat jihatidan o‘z mahsulotlarimizni bu brendlar bilan bemalol tenglashtira olamiz, deb hisoblaymiz.
Rivojlanish rejasi
Mebel biznesida bir joyda to‘xtab qolish kerak emas: doimiy yangilanishsiz brend tezda dolzarbligini yo‘qotib, talabga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli har yili kamida 5−6 ta yangi modelni bozorga chiqarishga urinamiz. Shu bilan birga, yiliga 6 tagacha to‘liq kolleksiya ishlab chiqamiz, lekin, fikrimcha, bu o‘zgaruvchan bozor sur’atlariga mos bo‘lish uchun yetarli emas.
Eksport — hozirgi paytda bizni eng ko‘p ruhlantirayotgan yo‘nalishlardan biridir. Dastlabki maqsad sifatida Dubay bozoriga chiqishni, keyingi bosqichda esa Markaziy Osiyo mamlakatlariga kengayishni rejalashtiryapmiz. Shu tariqa, biz ichki bozordan tashqarida ham o‘z o‘rnimizni mustahkamlash, o‘z savdo nuqtalarimizni ochish, brend tanilishini oshirish va yangi auditoriya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.
Buning bilan bir qatorda, qo‘shimcha strategik yo‘nalishlarni ham rivojlantirishni boshlayapmiz. Ulardan biri — o‘zimizning yog‘och import tizimini yo‘lga qo‘yish. Bu jarayonni tashqi omillarga qaram bo‘lmagan holda tashkil etish imkonini beradi. Eng muhimi, bunday baza nafaqat bizning ishlab chiqarish ehtiyojlarimizni ta’minlaydi, balki boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham tayanch bo‘lib, butun soha miqyosida barqaror va rivojlangan bozor infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yoshlarga 2+6 dasturi asosida til o‘rganish uchun subsidiya beriladi
Hududiga qarab to‘lovlar oyiga 812 ming so‘mgachani tashkil etadi hamda subsidiya yarim yil davomida beriladi.
Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, xorijiy tilni o‘rganish uchun 2+6 dasturi joriy etildi. Unga ko‘ra, dastlabki 2 oylik o‘qish to‘lovi talabgorning o‘z hisobidan qoplanadi, keyingi 6 oylik xarajat esa davlat tomonidan subsidiya qilinadi.
Subsidiya Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ajratiladi.
2+6 dasturiga muvofiq, yoshlarga har oy yakuni bo‘yicha quyidagi miqdorda subsidiya beriladi:
- Toshkent shahrida — BHMning 2 baravarigacha (824 ming so‘mgacha);
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida — BHMning 1,5 baravarigacha (618 ming so‘mgacha);
- tuman (shahar) larda — BHMning 1 baravarigacha (412 ming so‘mgacha).
- Agentlik tomonidan 2025−2026-yillarda o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan 20 ming nafargacha, 2031-yilgacha har yili 20 ming nafargacha yoshlarga o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda tegishli yilda subsidiya ajratilgan yoshlar soni 20 ming nafardan oshgan taqdirda, o‘sha yil uchun subsidiya ajratish keyingi yilga qadar to‘xtatiladi.
Subsidiyalar faqat maxsus elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan o‘quv markazlariga ajratiladi. Markazlar ariza beruvchilarning darslarda qatnashishini kunlik elektron nazorat qilish tizimiga integratsiya qilingan bo‘lishi shart.
Joriy yilning fevralida chet tillarini o‘rganuvchi yoshlar xarajatlarini qoplab berishning yangi tartibi joriy etilishi aytilgandi.
O‘zbekistonda “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun eskirgan va uni qayta ko‘rib chiqish kerak — prezident
Qayd etilishicha, favqulodda hodisalarning 70% dan ortig‘i aholi uylarida asboblarning nosozligi va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sohada 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa-da, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha yaxlit dastur hanuzgacha mavjud emas.
Bundan 16 yil avval qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun bugungi kun talablariga javob bermaydi, deyiladi xabarda. Shu bois xavf-xatarlarni oldindan baholab, imkon qadar tez va samarali harakat qiladigan proaktiv tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Taqdimotda mutasaddi rahbarlar joriy holat bo‘yicha tahlil natijalari, aniqlangan muammolar va amaliy takliflar yuzasidan axborot berdi.
Yig‘ilishda profilaktika ishlari bugungi kunda asosan davlat tuzilmalarida olib borilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, favqulodda hodisalarning 70% dan ortig‘i — aholi xonadonlarida gaz va elektr jihozlarining nosozligi yoki eskirganligi, shuningdek, oddiy xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida ro‘y bermoqda.
Prezident tizim ishini mahalla darajasida yo‘lga qo‘yib, har bir ko‘cha va xonadonni favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari bilan qamrab olish, xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish zarurligini ta’kidladi.
Tezkorlikni oshirish uchun zamonaviy texnika va uskunalar sonini ko‘paytirish, ularni mamlakat ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim. Bundan tashqari, texnogen xavflarning yangi turlarini o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish imkonini beradigan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish topshirildi.
Mirziyoyev dual ta’lim va malaka oshirish markazini tashkil etish, professional qutqaruvchilar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, FVV Akademiyasida ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.




