Bosh sahifa Blog Sahifa 32

O‘zbekistonda ilgari daromadsiz bo‘lgan 73 ming oila ish haqi olmoqda — London Post

0

O‘zbekiston hukumati 2017-yildan beri ijtimoiy himoya qamrovini kengaytirib, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirmoqda. So‘nggi yillarda “Inson” markazlari orqali 600 mingdan ortiq oila ijtimoiy xizmatlardan foydalandi, kam ta’minlangan oilalarning o‘rtacha daromadi esa ikki barobarga oshdi. London Post portali mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan islohotlar samarasi haqida maqola e’lon qildi.

2022—2026-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”da kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish vazifasi belgilangan edi. 2023-yilga kelib, yangi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” jamoatchilik xizmatlari markazlari tomonidan 2,3 millionga yaqin muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatildi, bu 2017-yilga nisbatan qariyb to‘rt baravar ko‘p. Pensiya va asosiy nafaqalar ham oshirildi. Masalan, pensiya va nogironlik nafaqalari islohotlardan oldingi davrga nisbatan 1,5 barobarga ko‘tarildi.

Har bir hududda faoliyat yuritayotgan “Inson” markazlari orqali jamoat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu markazlar fuqarolarga nafaqa va xizmatlardan foydalanish uchun murojaat qilishda yordam beradigan “yagona darcha” vazifasini bajaradi. “Inson” markazlari arizalarni to‘ldirishda shaxsiy yordam ko‘rsatadi va ma’lumot beradi.

Shuningdek, nogironlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlashni boshqarish uchun g‘amxo‘rlikka muhtoj shaxslarning yangi reyestri tashkil etildi. 2023-yilga kelib unda 17 800 ga yaqin shaxs ro‘yxatga olingandi.

“Ushbu o‘zgarishlar — ‘Inson’ markazlari, yagona reyestr, maqsadli ro‘yxatlar va ish yuritish tizimi — birgalikda O‘zbekistonning avvalgi tarqoq tizimidan ancha ustun bo‘lgan zamonaviy ijtimoiy himoya tizimini ifodalaydi”, deyiladi maqolada.

Xalqaro hamkorlar ham bu islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jahon banki bu jarayonda yetakchi rol o‘ynadi. U 2018–2021-yillar davomida ish o‘rinlari, boshqaruv va ijtimoiy siyosatdagi tarkibiy islohotlarni moliyalashtirish uchun 2,1 milliard dollar hajmda siyosatga asoslangan kreditlar ajratdi.

2024-yil o‘rtalarida bank aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yaxshilash uchun qo‘shimcha 100 million dollarlik “INSON” loyihasini ma’qulladi. Ushbu loyiha doirasida 50 dan ortiq jamoatchilikka asoslangan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi va xizmat ko‘rsatish 50 000 ga yaqin odamni (jumladan, keksalar, nogironlar va bolalarga) qamrab oladi.

2024-yil 1-noyabrda boshlangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida oilalar 7 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanmoqda:

  1. barqaror bandlikni ta’minlash va yuqori daromad darajasiga erishish;
  2. ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatidan foydalanish;
  3. kafolatlangan davlat tibbiy xizmatlaridan foydalanish;
  4. ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati;
  5. uy-joy sharoitlarini yaxshilash;
  6. davlat tomonidan mahalla infratuzilmasini rivojlantirish;
  7. davlat sektori vakillari bilan bevosita aloqa va muloqot o‘rnatish.

600 mingdan ziyod oila bandlik va daromadni oshirishga qaratilgan 1,3 million ijtimoiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu oilalar a’zolari ham 2,2 milliondan ortiq kafolatlangan tibbiy xizmatdan foyda ko‘rdi.

  •  Ijtimoiy yordamni kengaytirish

Doimiy parvarishga muhtoj shaxslarga xususiy tashkilotlar orqali xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi. Bunga uy-ro‘zg‘or ishlari, uyda va tashqarida parvarish qilish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya hamda shaxsiy yordamchi ko‘magi kiradi. Hozirda 13,8 ming kishi, ya’ni parvarishga muhtoj bo‘lganlarning 76 foizi, xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgan shunday xizmatlardan foydalanmoqda.

Prezident farmoniga asosan 2030-yilga kelib, ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchilar soni yiliga kamida 3 million fuqaroga yetishi, shu bilan birga nodavlat sektor tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushi 30 foizgacha oshishi kutilmoqda

  •  Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar samarasi

Qamrov: “Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturi doirasida Kambag‘al oilalar milliy reyestri tashkil etildi. Bugungi kunda 667 ming oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, ular taxminan 2,8 million kishini tashkil etadi.

Samaradorlik: 2025- yilning dastlabki to‘qqiz oyida ro‘yxatga olingan oilalarning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadi deyarli ikki barobarga oshib, oyiga 174 ming so‘mdan 338 ming so‘mga yetdi. Ilgari daromadsiz bo‘lgan 73 ming oila endi rasmiy ish haqi olmoqda. Xuddi shu davrda 150 ming oila kambag‘allikdan chiqishga erishdi, shundan 105 mingtasi (70 foizi) buni asosan rasmiy bandlik daromadlarining oshishi hisobiga amalga oshirdi.

Barqarorlik: maqsadli yordam ko‘rsatishni ta’minlash uchun oilalar uch guruhga bo‘linadi.

  • Qizil — parvarishga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, boquvchisi bo‘lmagan yoki yolg‘iz ota-ona boshchiligidagi oilalar;
  • Sariq — mehnatga layoqatli a’zolari bor, biroq barqaror daromad va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan oilalar;
  • Yashil — kambag‘allikdan chiqqan, lekin qayta tushib qolish xavfi ostida qolgan oilalar.

Ushbu tasnif tabaqalashtirilgan chora-tadbirlarni qo‘llash imkonini beradi. Masalan, “qizil” oilalar ustuvor parvarish va ijtimoiy yordam oladi; “sariq” oilalar bandlik va o‘qitish dasturlari bilan qamrab olinadi; “yashil” oilalar esa qashshoqlikka qaytishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardan foydalanadi.

Agentlik tomonidan nogironligi bo‘lgan bolalarga kunduzgi parvarish xizmatlari, keksalar uchun esa “Faol hayotga qadam” dasturi yo‘lga qo‘yildi. Bu ularning oila a’zolariga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga yordam beradi.

  •  Inson kapitaliga investitsiya kiritish

Hozirda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning ta’lim olishi va rivojlanishi bilan bog‘liq xarajatlarning 90 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan subsidiyalanadi. 2025-yilda kambag‘al oilalarning 125 000 nafar farzandi maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

“Bu esa ijtimoiy himoya tizimlari kambag‘allikni qisqartirishga bilvosita, ammo sezilarli hissa qo‘shishi mumkinligini ko‘rsatadi”, deyiladi maqolada.

Toshkent viloyati “Ezgulik” mahallasida yashovchi Olima Almatova agentlik ko‘rsatgan yordami bo‘yicha o‘z hikoyasi bilan bo‘lishdi.

Turmush o‘rtog‘im kon kombinatida 40 yil ishladi, ammo kasal bo‘lib qolgach, ishini davom ettira olmadi. Uning uchun odamlar taklif qilgan har qanday ishni bajardim. Shifokorlar yurak qon tomirlarga stend qo‘yishni tavsiya etishganda, rad etib: “Qo‘lingizdan kelgan yordamni oilamga bering. Men umrimni yashab bo‘ldim, 67 ga kirdim. Ko‘p narsani ko‘rdim, taqdir nima keltirsa, rozi bo‘laman. Menga stendlar kerak emas. Faqat oilamga ozgina yordam berishingizni so‘rayman”, dedim.

Prezident qarori asosida yordam kelganida, quvonchimni so‘z bilan ifodalay olmayman. “Ey Xudoyim, haqiqatan ham eshigimni ochgani kimdir kelibdi-ku”, dedim. Ular kelib, yordam qo‘lini cho‘zdi. Bodring va pomidor ekdik, tez orada pul kela boshladi. Prezidentdan juda minnatdormiz. Bitta oilani boqish qiyin, u esa millionlab odamlarga g‘amxo‘rlik qilmoqda. Qiyin ahvolga tushib qolgan va muhtoj kishilarga bunday yordam kuch-quvvat bag‘ishlaydi, quvonch keltiradi va ularni olg‘a intilishga undaydi, deydi u.

Maqolada Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmasligi ta’kidlangan. Ular daromad olish imkoniyatlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va inson kapitalini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi, shu orqali mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga bevosita hissa qo‘shadi, deyiladi maqolada.

Kredit olishga o‘zini-o‘zi taqiqlash nima va uni qanday rasmiylashtirish mumkin?

0

O‘zbekistonda fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat ishga tushirildi. Spot bu nima uchun kerakligi, qanday ishlashi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etadi.

Nima bo‘ldi?

Joriy yilning 6-iyunidan boshlab “jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish yoki reyestrdan chiqarish bo‘yicha” xizmat ishga tushirildi. Bu orqali jismoniy shaxslar o‘zlarining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlashi mumkin bo‘ladi.

02

Bu nima uchun kerak?

Bugungi kunda firibgarlar tomonidan boshqa shaxslar nomiga ularning ishtirokisiz kredit rasmiylashtirish holatlari ko‘payib bormoqda. IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2019−2024-yillar oralig‘ida kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Shuningdek, 2021−2024-yillarda kiberjinoyat sodir etish orqali fuqarolarga yetkazilgan umumiy zarar 1,9 trln so‘mdan ortiqni tashkil etgan. O‘tgan yili jami 58,8 mingta huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lib, shundan 4%i boshqa shaxslar nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 9 oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.

O‘z-o‘ziga kredit olishni taqiqlashni joriy etish fuqarolarni himoya qilishning bir usuli, xolos. Xususan, noyabr oyidan boshlab kreditlarni onlayn rasmiylashtirishda cheklovlar amal qilmoqda — jumladan, majburiy biometrik identifikatsiyadan o‘tish singari.

03

O‘z-o‘ziga kredit rasmiylashtirishga taqiq qo‘yish nima degani?

Bu ixtiyoriy himoya chorasi bo‘lib, unda shaxs banklarga hamda mikromoliyaviy tashkilotlarga o‘zining nomiga kredit berishni rasman taqiqlaydi — natijada murojaatchi o‘zi bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan kiberjinoyatni oldini olishi mumkin bo‘ladi. Xizmatdan foydalanish yoki aksincha uni bekor qilish uchun kredit byurosi (KATM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (MyGov) orqali ariza qoldirish mumkin.

Ariza topshirilgandan so‘ng, kredit byurosi murojaatchini maxsus “qora ro‘yxat»ga kiritadi. Natijada, jinoyatchilar ushbu fuqaro nomiga kredit rasmiylashtira olishmaydi. Sababi, barcha bank hamda mikromoliya tashkilotlari qarz berishdan oldin albatta ushbu ro‘yxatni tekshirishlari majburiy hisoblanadi. Agar reyestrda fuqaroga taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, kredit berilmaydi.

Fuqaro o‘z xohishi bilan kredit olmoqchi-yu, lekin o‘z-o‘ziga kredit olishni taqiqlab qo‘ygan bo‘lsa-chi? Unda bank yoki mikromoliya tashkilotlariga kredit olish bo‘yicha murojaat qilishdan avval bu funksiyani o‘chirib qo‘yishlari kerak bo‘ladi.

04

Uni qanday qilib faollashtirish mumkin?

O‘z-o‘ziga kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish uchun jismoniy shaxs sifatida kredit byurosi saytiga kiring. Sayt sizni MyGov’ga yo‘naltiradi. Portalda akkauntingiz mavjud bo‘lsa, login va parolni kiriting: bo‘lmasa, mavjud usullardan birini tanlab ro‘yxatdan o‘ting.

Ba’zida kredit byurosi orqali tizimga kirish paytida “Shaxsiy ma’lumotlaringizni yangilashingiz zarur”, degan xabar chiqishi mumkin. Bunday vaziyatda: my.gov — saytida yangi oyna oching, shaxsiy kabinetga kiring, foydalanuvchi profilidagi “Ma’lumotlarni yangilash” tugmasini bosing. So‘ngra kredit byurosi saytiga qaytib, qaytadan ro‘yxatdan o‘tishga urinib ko‘ring.

Tizimga muvaffaqiyatli kirgach, “Kreditga taqiq” bo‘limiga o‘tib, “Keyingi” tugmasini bosing. Amallarni bajarganingizdan so‘ng, o‘z-o‘ziga kredit olishni taqiqlash darrov kuchga kiradi.

O‘z-o‘ziga kredit olishni qanday qilib “o‘chirib” qo‘yish mumkin? Zarurat tug‘ilsa, uni shu sahifaning o‘zida “O‘chirish” tugmasini bosish orqali bekor qilish mumkin.

kredit, taqiq

05

Xizmatni qanday qilib MyGov orqali faollashtirish mumkin?

Saytiga kiring. Qidiruv tugmachasiga xizmat nomini kiriting: “Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash”. So‘ngra “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosing.

Ekranda paydo bo‘lgan “Faollashtirish” tugmasini tanlang — so‘rov qayta ishlangandan so‘ng natija chiqib, o‘z-o‘zini taqiqlash avtomatik ravishda ishga tushadi. Zarur holatda xizmat ishga tushganini tasdiqlovchi hujjatni yuklab olish mumkin.

MyGov orqali ham xizmatni o‘chirsa bo‘ladimi? Ha, bo‘ladi. O‘z-o‘ziga kredit olishni faollashtirgandan so‘ng aynan shu sahifaning o‘zida “Xizmatni o‘chirish” tugmasi orqali taqiqni bekor qilish mumkin.

06

Xizmat faollashtirilgandan keyin nima bo‘ladi?

Agar kimdir sizning nomingizga kredit rasmiylashtirishga urinsa, bank yoki mikrokredit tashkiloti bu arizani rad etadi. Shuningdek, siz ham kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish xizmati yoqilgan bo‘lsa kredit ololmaysiz. Qarz mablag‘lariga ehtiyoj tug‘ilsa, avvalo taqiqni bekor qilish, so‘ngra bankka murojaat etish kerak bo‘ladi.

07

Xizmatdan foydalanish pullikmi?

Yo‘q, bepul. Bundan tashqari, xizmatdan foydalanishga cheklov qo‘yilmagan — taqiqni istalgancha o‘rnatish va olib tashlash mumkin.

Tuman va shahar hokimliklarida boshqaruvning yangi tizimi joriy etiladi

0

2026-yildan ayrim tumanlarda davlat idoralari bo‘linmalari hokimlik tarkibiga o‘tkaziladi.

Tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruvning ixcham va natijadorlikka yo‘naltirilgan samarali tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, hokimliklar faoliyatini takomillashtirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Jumladan, hokimliklar aholi va tadbirkorlarga kompleks xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy tuzilmaga transformatsiya qilinadi.

Mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishda hokimliklarning maʼmuriy vakolatlari yana-da kengaytiriladi. Ularning hududiy rivojlanishga oid ustuvor vazifalari va masʼuliyat doirasi aniq belgilanadi.

2026-yildan boshlab tajriba tariqasida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta hududda, shuningdek Surxondaryo viloyatining boshqa barcha tuman va shaharlari bo‘yicha respublika ijro organlarining mahalliy bo‘linmalari tuman (shahar) hokimliklari tarkibiga o‘tkaziladi.

Tajriba-sinov davrida tuman hokimlari respublika idoralarining mahalliy bo‘linmalariga bevosita rahbarlik qiladi va ularning ish samaradorligini ta‘minlaydi.

Ushbu davrda hokim o‘rinbosarlarining cheklangan soni Surxondaryo viloyati hokimligida 6, tuman hokimliklarida 4 nafar etib belgilanadi.

Prezident sun‘iy intellektni davlat tashkilotlarida joriy etishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi

0

Taqdimotda sun‘iy intellekt klasteri, AI Maktab platformasi hamda mahalliy startaplar faoliyati muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev sun‘iy intellekt texnologiyalarini mamlakat vazirlik va idoralari faoliyatiga hamda boshqa sohalarga keng tatbiq etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident mamlakatda sun‘iy intellektni rivojlantirishga oid loyihalarni e‘tibordan chetda qoldirmaslik, ilg‘or tashabbuslarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirish zarurligini ta‘kidladi.

Taqdimotda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun‘iy intellekt yechimlarini joriy etish, samarador tajribalarni keng qo‘llash masalalariga e‘tibor qaratildi. Sun‘iy intellektni tez va barqaror rivojlantirish uchun xorijiy va mahalliy tajribalarni doimiy tahlil qilish, sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar, xalqaro ekspertlar hamda xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta‘kidlandi.

Mazkur yo‘nalish rivojining eng muhim omili malakali kadrlar tayyorlash ekanligi qayd etildi. Buning uchun bir qator innovatsion dasturlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Universitet — sanoat — xalqaro hamkorlik sun‘iy intellekt klasteri loyihasi taqdimot qilindi. Uning doirasida o‘quvchilarda sun‘iy intellekt savodxonligini oshirish, pedagog kadrlarning malakasini yuksaltirish, sohaviy darsliklarni ishlab chiqish va sanoat uchun mutaxassislar tayyorlash belgilangan.

Shuningdek, taqdim etilgan AI Maktab platformasi esa yoshlarni raqamli ko‘nikmalar hamda zamonaviy kasblarga o‘rgatishga qaratilgan. Platforma orqali ishtirokchilar virtual yordamchi, raqamli marketolog, AI-kontent yaratuvchi, biznes-analitik kabi o‘nlab yo‘nalishlarda masofaviy ta‘lim oladi.

Prezident ushbu tajribani kengaytirish, muhim sohalar rivojiga yoshlarning ilmiy salohiyatini jalb etish muhimligini ta‘kidladi.

Sun‘iy intellekt bo‘yicha ilmiy-o‘quv laboratoriyalarini tashkil etishdan kutilayotgan natijalarga e‘tibor qaratildi. Banklarda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Yaqin istiqbolda bunday ilmiy tadqiqot va amaliy loyihalarni OTMlarda keng yo‘lga qo‘yish zarurligi ta‘kidlandi.

Davlat rahbari sun‘iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarning PromptLab, Detecting-AI.com va KotibAI kabi innovatsion loyihalari bilan ham tanishdi.

Bu kabi dastur va ilovalar kichik jamoalardan tortib, yirik kompaniyalargacha ish samaradorligini oshirish, daromad manbalarini kengaytirish va intellektual mehnatni yengillashtirishda katta imkoniyat yaratmoqda. Bugungi kunda ushbu mahalliy ishlanmalar moliya muassasalari, qurilish sohasi hamda ijodiy jamoalar faoliyatida qo‘llanilayotgani qayd etildi.

Prezident taqdim etilgan chora-tadbir va loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. Sun‘iy intellektni joriy etish jarayonlarini yana-da tezlashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.

2026-yildan O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushiriladi

0

Yo‘ldoshli internet operatorlari besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda davlat rahbari olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratdi. Buning uchun 2026-yildan hududlarda yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Sun’iy yo‘ldoshli aloqa texnologiyalari sohasidagi kompaniyalar 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

16-oktabr kuni prezident kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish rejalashtirilgan. Spot Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatiga sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha murojaat qildi. Biroq vazirlikdagilar izoh berishdan bosh tortdi.

Bundan oldin O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha Amazon kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvga erishgandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Service o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Mart oyida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan telekommunikatsiya sohasidagi ikkita strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishgandi. Ikkala kelishuv ham Yevropaning Markaziy Osiyo uchun sun’iy yo‘ldosh internet dasturi (TEI Digital Connectivity) ga kiritilgan.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan munosib mehnat dasturi ishlab chiqiladi

0

Prezident unda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda hozirda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi faoliyat yuritayotgani qayd etildi. biroq davlat rahbari tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli ta’minlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Bunday muloqot shakli “davlat — ish beruvchilar — mehnat jamoalari” o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanishiga ishonch bildirildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda. Bu mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yilishi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, “Munosib mehnat” dasturi jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotni ijtimoiy adolat bilan uyg‘unlashtiradigan strategik “yo‘l xaritasi” bo‘lishi aytildi.