Bosh sahifa Blog Sahifa 29

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5% dan pasaydi

0

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5% dan pasaydi, deya xabar berdi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

Joriy yilning iyul-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi 4,9% ni tashkil etdi. Bu 2024-yilning uchinchi choragiga nisbatan 0,8 punktga kam.

37,8 mln aholi tarkibida mehnat resurslari 20,35 mln kishini tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,9% ga yuqori bo‘ldi. Iqtisodiy faol aholi soni 15,57 mln kishiga yetdi, shundan 14,81 mln kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, bu 4,1% lik o‘sishni ko‘rsatdi.

Shunday qilib, ishsizlar soni taxminan 760 ming kishini — iqtisodiy faol aholining qariyb 4,9%ini tashkil etadi.

Bandlik vazirligi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, ishsizlik darajasi oxirgi marta 2013-yilda (4,9%) 5% dan pastga tushgan. 2010-yildan 2017-yilgacha O‘zbekistonda ishsizlik 5−6% darajasida saqlanib qolgan.

2018-yildan so‘ng bu ko‘rsatkich tez sur’atlar bilan o‘sishni boshladi va pandemiya yilida, ya’ni 2020-yilda eng yuqori darajaga — 10,5% ga yetdi. Keyingi yillarda ishsizlik izchil ravishda pasayib bordi: 2021-yilda 9,6%ni, 2022-yilda 8,9%ni, 2023-yilda 6,8%ni, 2024-yilda esa 5,5%ni tashkil etdi.

Birinchi yarim yillikda ishsizlik darajasi o‘tgan yilgi 5,5% dan 5,1% gacha pasaydi. Iyun oyi yakuniga ko‘ra, mamlakatda 781,6 mingdan ortiq ishsiz mavjud edi. 8 mln nafardan ziyod kishi (jami bandlarning 55%i) rasmiy sektorda, 4,8 mln nafari (33%i) esa norasmiy sektorda mehnat qilgan. Bundan tashqari, 1,8 mln o‘zbekistonlik (12%) chet ellarda ish bilan band bo‘lgan.

OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashtirishni rivojlantirish uchun $300 mln ajratadi

0

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda, jumladan kichik korxonalar uchun ham moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida $300 mln ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bankning rasmiy saytida e’lon qilindi.

OTB tomonidan tasdiqlangan kreditning $100 mlni imtiyozli shartlarda ajratiladi. Moliyalashtirish mikro, kichik va o‘rta korxonalar (MKO), xususan ayollar boshqaradigan korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va mikromoliya sektorini mustahkamlash bo‘yicha hukumat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan.

Ushbu siyosatga asoslangan mablag‘ inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Rejalashtirilgan chora-tadbirlar orasida mikrokreditlarning maksimal miqdorini oshirish, mikromoliyalash sohasidagi normativ hujjatlarni takomillashtirish, Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish xalqaro kodeksiga qo‘shilish, shuningdek, islomiy mikromoliyalash uchun normativ bazani ishlab chiqish kabilar bor.

Ushbu qadamlar aholining zaif qatlamlari uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish va sohaning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“OTB O‘zbekistonning yanada inklyuziv va bozorga yo‘naltirilgan moliya tizimiga o‘tishini qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi”, — dedi bankning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Uning qayd etishicha, dasturning amalga oshirilishi o‘zini o‘zi band qilganlar va mikro tadbirkorlar uchun moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini ochadi, gender tengligini rag‘batlantirishga yordam beradi va moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi.

Coursera platformasining 3000 dan ortiq kurslari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi

0

O‘zbekistonda 2025-yil oxirigacha Coursera onlayn ta‘lim platformasi kurslari o‘zbek tiliga tarjima qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Sherzod Shermatov AQShning yirik onlayn ta‘lim platformalaridan biri Coursera kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston va Coursera o‘rtasida AT-ta‘limni rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos sertifikatlash tizimini joriy etish hamda global ta‘lim resurslariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda yagona milliy AT-ta‘lim reyting tizimini yaratish ko‘rib chiqildi. Sertifikatlash jarayonlarini takomillashtirish hamda raqamli ta‘lim ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.

Uchrashuvda Coursera tomonidan 2025-yil oxirigacha 3000 ta kursni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali xalqaro sifatli ta‘lim resurslariga kengroq kirish imkonini yaratish masalasiga e‘tibor qaratildi.

Muzokaralar davomida bitiruvchilarni ish bilan ta‘minlashni qo‘llab-quvvatlash va sanoat bilan hamkorlikni kengaytirish orqali AT-ta‘lim jarayonini takomillashtirish muhimligi ta‘kidlandi.

Hozirda Coursera platformasida 1,5 mlndan ortiq o‘zbekistonlik o‘rganuvchilar onlayn ta‘lim olmoqda. Platforma Google, AWS, Nvidia, Meta va Microsoft kabi jahon miqyosidagi yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan o‘quv dasturlarni yaratish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatgan.

2023-yili O‘zbekistonda Coursera bilan onlayn kurslarning yangi mahalliy platformasi ishga tushirilgandi.

Joriy yilning aprelidan Coursera masofaviy ta’lim platformasi O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi.

Islomiy bank to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi

0

Qonunchilik palatasi islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat Soliq va Fuqarolik kodekslariga hamda 8 ta boshqa qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Unda O‘zbekistonda islom banklari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Islom moliyasi bilan bog‘liq asosiy atamalar, jumladan, “islom banki” tushunchasi aniqlanmoqda. Qonun loyihasi islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish talablarini o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, islomiy bank sohasida faoliyat yurituvchi kredit muassasalari islom moliyasi standartlariga muvofiq mijozlarni moliyalashtirish bo‘yicha savdo faoliyatini olib borish huquqiga ega bo‘ladi.

Ularga yuridik shaxslar tashkil etish, boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlar yoki aksiyalarni sotib olishga ruxsat beriladi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik jarayonida moliyaviy standartlar va investitsiya depozitlari bo‘yicha takliflar inobatga olingan. Hujjatga islomiy moliyaviy operatsiyalarni soliqqa tortishni tartibga soluvchi va ularning hajmini oshirishga qaratilgan normalar kiritildi.

Sessiyada ishtirok etgan 127 nafar deputatdan 125 nafari ikkinchi o‘qishda yoqlab ovoz berdi, bir nafari betaraf qoldi, yana biri ovoz berishda qatnashmadi. Yakuniy o‘qishda hujjatni qo‘llab-quvvatlab 126 kishi ovoz berdi.

Endi qonun loyihasi Senat tomonidan maʼqullanishi kerak. Shundan so‘ng hujjat imzolash uchun prezidentga kiritiladi.

O‘zbekiston va AQSh viza rejimini soddalashtirishni muhokama qiladi — Transport vazirligi

0

O‘zbekiston va AQSh fuqarolar va biznes uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Transport vaziri o‘rinbosari Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida 22 ta 787−9 Dreamliner samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilishi uzoq yo‘nalishlarga, shu jumladan AQSh shaharlariga parvozlar geografiyasini kengaytirish imkonini berishini ta’kidladi.

“Yaqinda qabul qilingan amerikaliklar uchun vizalarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni hisobga olgan holda, bu yerda turizm ham rivojlanadi. Fuqarolarimiz va biznes uchun [viza tartibini] soddalashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi”, — dedi vazir o‘rinbosari.

O‘zbekistonda Burger King restoranlari bir yoki bir yarim oydan keyin ochiladi

0

O‘zbekistonda birinchi Burger King restoranlarini bir-bir yarim oydan so‘ng ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Tez orada, oldin aytganimdek, Burger King kompaniyasini O‘zbekistonga olib kelamiz. Kompaniya O‘zbekistonga ishonch bildirdi. Kompaniyalar xorijiy bozorlarga chiqishdan avval, u yerlarda Burger King va McDonald’s borligini tekshiradilar. Bu biz O‘zbekistonga olib kelayotgan juda yirik global konglomeratdir. Bir oy yoki bir yarim oy ichida ular faoliyatini boshlaydilar. Yildan-yilga O‘zbekiston bo‘ylab restoranlar ochib boramiz”, — dedi tadbirkor.

Spot xabariga ko‘ra, Toshkentda uchta Burger King do‘koni ochilishi rejalashtirilgan: Tashkent City Mall, Seoul Mun va Beruniy (Alpomish muz saroyi yonida) metro bekati yaqinida.

Aprel oyida International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekistonda tez orada birinchi Burger King restoranlari ochilishini ma’lum qildi. Markaziy ofis Toshkentda joylashishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniyalar litsenziyani butun Markaziy Osiyo uchun olishni taklif qildi.

Burger King O‘zbekistonda

2021-yilning iyul oyida Spot bir nechta manbalarga tayanib, Burger King O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar bergandi. Burger King Uzbekistan — franshiza. Franchayzer esa Moskva. Shuningdek, Burgerhouse allaqachon tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda xodimlarni ishga qabul qilish ham boshlangandi.

Restoranning ma’muriy-boshqaruv xodimlari (direktor va menejerlar) uchun treninglar Moskvada o‘tkazilishi kerak edi. Restoran direktori uchun ish o‘rinlari 2022-yilda Toshkentda ochilishi rejalashtirilgan edi. Lokatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar yopiqligicha qolgan.

Oktabr oyiga kelib, Burger King fudkortlari qayerda ochilishi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, bu Bobur bog‘i, Ekobozor yonidagi Atlas majmuasi hamda Chilonzor 25-mavzeaida bo‘lishi kerak edi.

Avvalroq Koreyaning Mom’s Touch umumiy ovqatlanish tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar berilgandi. Yil oxirigacha birinchi restoranni ochish rejalashtirilmoqda. Mamlakatda jami 60 tagacha shunday savdo nuqtasi faoliyat yuritadi.

International Beverages Tashkent O‘zbekistonda Pepsi, Mirinda, Mountain Dew, 7Up, Adrenaline Rush va Lipton ichimliklarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Burger King — gamburgerlarga (asosan, vopperlarga) ixtisoslashgan dunyodagi ikkinchi yirik tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘i. 1954-yilda tashkil etilgan. Kompaniya restoranlariga har kuni 11 mlndan ortiq odam tashrif buyuradi.