Bosh sahifa Blog Sahifa 24

“Korzinka” marketing direktori Malik Karimov tavsiya qilgan 5ta kitob va to’rtinchisi

0

Malik Karimov marketing va reklama sohasida 18 yillik tajribaga ega bo‘lib, sakkiz yil davomida “Korzinka” supermarketlari tarmog‘ida, undan avval besh yil davomida “Nestle” kompaniyasining O‘zbekiston va Qozog‘istondagi ofislarida “Nescafe” va “KitKat” brendlari menejeri sifatida ishlagan. “Tashkent Runners” yugurish hamjamiyati asoschilaridan biri hisoblanadi.

“Qat’iy boshqaruv: odamlarni natijaga ishlashga majbur qiling”, Den Kennedi

Natijalarga erishish uchun qattiqqo‘l boshqaruv yuritish bo‘yicha maslahatlar. Den Kennedining bu asari haqiqiy hayotda qo‘llash mumkin bo‘lgan, aniq va keskin yondashuvni taklif qiladi. Ushbu kitob rahbarlar, tadbirkorlar va boshqaruv jarayonida qat’iy qarorlar qabul qilishni istaganlar uchun mo‘ljallangan.

Kennedi odatiy boshqaruv uslublariga qarshi chiqib, natijalarga erishishda hissiyotlarni emas, balki maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni tanlashni targ‘ib qiladi. Kitobda xodimlarga motivatsiya berish, intizom o‘rnatish, samaradorlikni oshirish va resurslarni to‘g‘ri boshqarish uchun qat’iy tamoyillar ochib berilgan.

Bir tomondan, kitob boshqaruvga bevosita va amaliy yondashuvni taklif qiladi, bu o‘z jamoalarining samaradorligini oshirishni istagan rahbarlar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Muallif intizom, javobgarlik va natijaning muhimligini aniq ko‘rsatib beradi, bu tavsiyalarni ayniqsa kuchli raqobat sharoitida dolzarb qiladi. Boshqa tomondan, insoniy omil va xodimlarning individual xususiyatlarini inobatga olmasdan haddan tashqari qat’iylikka yo‘naltirilish, jamoa motivatsiyasining pasayishi va unumdorlikning tushishiga olib kelishi mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, boshqaruv nafaqat talabchanlikdan, balki qo‘llab-quvvatlash va ilhomlantiruvchi muhitni yaratishdan ham iborat. Kitobni o‘zingizning tashkilotingiz va korporativ madaniyatingiz xususiyatlariga moslashtirgan holda tanqidiy o‘qishni tavsiya qilaman. Haddan tashqari qat’iylik bilan xodimlarga bo‘lgan e’tibor o‘rtasida muvozanatni hisobga oling — faqat shunda barqaror muvaffaqiyatga erishish mumkin.

Asarni kuchli jamoa qurishni, vaqtni samarali boshqarishni va biznesni yuqori darajaga olib chiqishni istaganlar o‘qishi kerak. Kitob biznesdagi haqiqiy yetakchilikni anglash va samarali boshqaruvning yangi darajasiga chiqish uchun ajoyib qo‘llanma, deb hisoblayman.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov

Bojxona qo‘mitasi huzurida Tadbirkorlarning maslahat kengashi tashkil etiladi

0

Kengash maqsadi bojxonada xomashyo va butlovchi qismlar uchun qo‘shimcha to‘lovlarni bekor qilish hamda mahalliy ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirishga qaratilgan.

Bojxona qo‘mitasi huzurida Tadbirkorlarning maslahat kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

12-aprel kuni Bojxona qo‘mitasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan qo‘mita raisining ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlarning bojxona va ishlab chiqarish sohasidagi muammolarini hal qilish hamda takliflarini qabul qilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti haqida ma’lumot berilib, ushbu maqomga ega 66 ta tadbirkorning 25 minga yaqin partiyadagi tovarlari bojxona rasmiylashtiruvidan ustuvor tartibda o‘tkazilgani hamda ularga 410 mlrd so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlarini kechiktirib va bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgani qayd etildi. Tadbirkorlarning $76 mlnlik 2 mingga yaqin partiyadagi tovarlarini bojxona to‘lovlarisiz o‘z omborlariga tushirishga ruxsat berildi. Bu esa ularga 7 mlrd so‘mga yaqin mablag‘larini tejash imkonini bergan.

Eksport tovarlariga QQS summasini qaytarish bo‘yicha bojxona va soliq organlari axborot tizimlarining integratsiyasi yakunlanib, elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Natijada, 4 mingdan ortiq eksportyorning 88 mingga yaqin partiyadagi tovarlariga oid ma’lumotlar soliq organlari tomonidan elektron qabul qilingan.

Shuningdek, tadbirda bojxona organlari nazorat qiluvchi organdan ko‘ra ko‘proq tadbirkorga ko‘makchi sifatida faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, Bojxona qo‘mitasi huzurida Tadbirkorlarning maslahat kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.

Kengash maqsadi tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish, xomashyo va butlovchi qismlarni bojxonada qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etish, mahalliy ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirish hamda eksport operatsiyalarida tashqi bozorda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan.

Avvalroq 1-iyuldan 86 turdagi tovarlarga eksport bojxona bojlari joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Bular qatorida go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, charm xomashyosi, tabiiy gaz hamda mineral o‘g‘itlar bor.

Osiyo Kubogi U-17. O‘zbekiston BAAni mag‘lub etib, yarimfinalga yo‘l oldi

0

Saudiya Arabistonida o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi U-17 musobaqasida chorakfinal o‘yinlari davom ettirildi. Musobaqada qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasi yana bir ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Islom Ismoilov boshchiligidagi futbolchilar BAAga qarshi bahsda 3:1 hisobida g‘alabaga erishib, yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Asilbek Aliyevning dubli va Sayfiddin Sodiqovning penaltidan kiritgan goli o‘zbekistonlik sportchilarga ishonchli g‘alabani taqdim etdi.

O‘yinning 14 va 36-daqiqalarda Aliyev raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgan bo‘lsa, birinchi bo‘lim oxirida Sodiqov penaltini aniq amalga oshirib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. 67-daqiqada BAA futbolchisi Buti jarima zarbasidan unumli foydalanib, jamoasining yagona golini kiritdi.

O‘zbekistonning yarimfinaldagi raqibi 17 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Indoneziya – KXDR o‘rtasidagi uchrashuv natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

Osiyo Kubogi U-17. 1/4 final
O‘zbekiston — BAA 3:1
Gollar:
 Asilbek Aliyev (14, 36), Sayfiddin Sodiqov (45+4, penalti) — Buti (67).

O‘zbekiston — Ne’matulloh Rustamjonov, Muhammad Hakimov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Miraziz Abdukarimov, Sadriddin Hasanov (Azizbek Abdumo‘minov, 80), Muhammad Habibullayev, Sayfiddin Sodiqov (Abdulloh Fazliddinov, 55), Muhammadali Musoxonov, Abubakr Shukurullayev (Farid Abdullayev, 46), Azizbek Erimbetov (Jamshid Rustamov, 55), Asilbek Aliyev (Nurbek Sarsenbayev, 84).

Prezident O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot banki bo‘yicha bitimga qo‘shilishini tasdiqladi

0

Bitim unga qo‘shilgan davlatlarning iqtisodiy o‘sishini va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga qaratilgan.

9-aprel kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etuvchi xalqaro bitimga qo‘shilishi tasdiqlandi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning yanvar oyida qabul qilinib, Senat tomonidan mart oyida ma’qullangan.

2006-yilning 12-yanvarida Ostona qabul qilingan ushbu bitim maqsadi investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

Hujjat bilan YOTB o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umume’tirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va me’yorlariga muvofiq amalga oshirishi belgilangan.

Bitimga ilova sifatida bank nizomini tasdiqlash nazarda tutilgan. Unda bank faoliyati, maqsad va vazifalari, funksiyalari, imtiyozlari, ustav kapitali va unga obuna bo‘lish shartlari hamda Bank boshqaruviga oid tartib-qoidalar belgilangan.
Yevroosiyo taraqqiyot banki ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlari holati, ularning investitsiya imkoniyatlari, pul-kredit va valyuta munosabatlari, bank va valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi, tizimlashtirishi va tahlil qilib boradi.

2024-yil sentabr oyida YOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov bir qator yirik davlatlar yaqin kelajakda bank aksiyadorlari safiga qo‘shilishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan bankning Toshkentdagi vakolatxonasini ochish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki moliya tashkiloti bo‘lib, unga aʼzo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo makonida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Meva-sabzavotlarni sotuvga chiqaruvchi ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

0

Bunda 2028-yil 1-yanvargacha tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1% etib belgilanadi.

Prezidentning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2025−2026-yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • 2025-yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini jami $3,5 mlrdga yetkazish;
  • 2025-yil yakunigacha 8 ta davlatga yangi 30 turdagi mahsulotlar eksporti uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish;
  • istiqbolli bozorlarga 2025-yilda $442 mln, 2026-yilda $575 mln miqdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ta’minlash.

Bundan tashqari 2025-yilda hududlarda jami 2,1 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqarish bo‘yicha $40,5 mln miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan

2028-yil 1-yanvargacha meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiyaga chiqaradigan hamda quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1% etib belgilanadi:

  • har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda;
  • zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini soliq davrida realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 50%ini tashkil etganda.

2027-yil 1-aprelgacha dukkakli mahsulotlarni ekish, yig‘ib olish va saralash uskunalari importi uchun bojxona bojining 1%lik stavkasi qo‘llanadi.

1-maydan elektr energiyasi uchun yangi tariflar joriy etiladi

0

Bunda aholi 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha bo‘lgan yangi miqdor oralig‘ida har bir kilovatt soat uchun 800 so‘mdan to‘laydi.

O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun ijtimoiy normadan ortiq iste’mol qilinadigan oraliq imtiyozli tarif joriy etilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati Vazirlar Mahkamasi qaroriga asoslanib ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 1-maydan boshlab 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliqda elektr energiyasi iste’moli uchun yangi tarif amal qila boshlaydi. Ushbu oraliqda iste’mol qilingan har bir kVt/soat uchun narx 800 so‘mni tashkil etadi.

2024-yil 1-maydan e’tiboran elektr energiyasi tariflari ilk bor oshirildi. Tariflarni tabaqalashtirish doirasida ijtimoiy norma chegarasida — oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan imtiyozli tarif belgilangan edi.

Hozirda tariflar quyidagicha:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 450 so‘m;
  • 201 dan 1000 kVt/soatgacha — 900 so‘m;
  • 1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1350 so‘m;
  • 5001 dan 10 000 kVt/soatgacha — 1575 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 1800 so‘m.

1-apreldan rejalashtirilgan navbatdagi narx oshishi prezident topshirig‘iga binoan bir oyga — maygacha kechiktirildi. Shunday qilib, kelgusi oydan boshlab imtiyozli tarif (200 kVt/soatgacha) 600 so‘mgacha ko‘tariladi, shuningdek, 201 dan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliq uchun 800 so‘mlik yangi tarif joriy etiladi.

1-maydan energiya tariflari qanday o‘zgaradi?

Kelasi oydan boshlab aholi uchun elektr energiyasi tariflari yana oshiriladi. Energiya resurslari narxlari o‘tgan yilning may oyida oshirilgan edi.

Aholi uchun elektr energiyasi narxlari iste’mol miqdoriga qarab quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 600 so‘m;
  • 201 dan 500 kVt/soatgacha — 800 so‘m;
  • 501 dan 1000 kVt/soatgacha — 1000 so‘m;
  • 1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1500 so‘m;
  • 5001 dan 10000 kVt/soatgacha — 1750 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 2000 so‘m.

Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.