Bosh sahifa Blog Sahifa 197

Hissiy intellektingiz pastligini ko‘rsatuvchi 5 belgi

0

Hissiy intellekt tushunchasi psixolog Piter Salovey va Jon Mayer’lar sa’y-harakatlari tufali paydo bo‘lgan. Ushbu termin negizida, o‘zgalarga hamdardlik qila olish, oldinga maqsadlar qo‘yish va ularga erishish borasida his-tuyg‘ulardan foydalanish kabi ko‘nikmalar yotadi. Insonning hissiy intellekti qanchalar baland bo‘lsa, omadli hayot qurish imkoni shunchalik ko‘p bo‘ladi. Shunday ekan, quyida atrofingizdagilar bilan munosabatlar o‘rnatishga va muvaffaqiyatli bo‘lishingizga halaqit beruvchi past hissiy intellektning 5 belgilari haqida so‘z boradi.

1.  Oson stressga tushib qolasiz
Salbiy tuyg‘ularni yenga olmaslik, albatta hayotiy muvaffaqiyatga erishisha olmaslikka bevosita ta’sir qiladi. Agar bezovtalik odamni uzoq vaqt davomida tark etmasa, u holda boshqarilmaydigan his-tuyg‘ular aniq fikrlashga va bir vazifadan boshqasiga o‘tishga imkon bermasdan, ong hamda tanani egallashni boshlaydi.

Yechim: bu vaziyatda yaqin insoningiz yoki psixolog bilan hayotingizda sodir bo‘layotgan oxirgi voqealarni muhokama qilib oling. Voqeaga obyektiv baho berishga harakat qiling va stressni boshqarishning samarali usulalri bilan shug‘ullaning: bouling o‘ynang yoki meditatsiya bilan shug‘ullaning.

2.  O‘z nuqtai nazaringizni qattiq himoya qilasiz
Hissiy intellekti past bo‘lgan insonlar o‘z xatolarini tan olishmaydi, chunki ular har qanday mag‘lubiyatni fojia sifatida qabul qilishadi. Vaziyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar ular o‘z pozitsiyalarida qolishadi va suhbatdoshini ayamaydilar. Shuningdek, ular boshqalarning fikrlarini tinglashdan  bosh tortib, ularni rad etishadi.

Yechim: bunday holat siz bilan hech kim gaplashmay qo‘yishiga olib keladi. Yaxshisi, o‘zgalarni eshitishni va ularning fikrini to‘g‘ri qabul qilishni o‘rganing. 

3.  O‘z xatolaringizda o‘zgalarni ayblaysiz
Hissiy intellekti past insonlar o‘z ayblarini tan olishni bilmaydilar. O‘zlari bilan bo‘lib o‘tgan barcha voqealar va muvaffaqiyatsizliklarda boshqalarni ayblaydi. Ma’suliyatni bo‘yniga olishni xohlamaydi, aksincha uni boshqalarga yuklaydi.

Yechim: bunday hollarda inson o‘zida ma’suliyat, o‘z ishlari uchun javob berish tuyg‘ularini rivojlantirishi kerak. Shundagina “kim aybdor?” degan savolga o‘rin qolmaydi.

4.  Do‘stlikni qiyinchilik bilan saqlab qolasiz
Hissiy intellekti past insonlar boshqalarning qoidalariga bo‘ysunishni xohlashmaydi. Shu sababli ham ularning yaqin insonlari va hamkasblari bilan kelishib ketishi qiyin bo‘ladi. Haqiqiy do‘stlik o‘zaro munosabatlar, ishonch, yaqinlarini tushunish va yaxshi-yomon kunlarida birga bo‘lishlik ustiga quriladi. Hissiy intellekti past insonlar esa bularga qodir emas.

Yechim: siz uchun qadrli insonlaringiz bo‘lsa, ularni yo‘qotib qo‘ymang. Ular bilan nimalar sodir bo‘layotgani va hayotidagi voqealar bilan qiziqib turing. Sizning e’tiboringiz albatta qadrlanadi.

5.  Tuyg‘ularni muhim hisoblamaysiz
O‘z his-tuyg‘ulari va axloqining ahamiyatini sezmaydigan insonlarni ham hissiy intellekti past insonlar sirasiga kiritsa bo‘ladi. Ular uchun tuyg‘ularning muhimligi ahamiyatga ega emas, ular hatto muhim va qadrli so‘zlarni ham “havoga uchirish”lari mumkin.

Yechim: hislar muloqotning asosiy qismi hisoblanadi. Ular hayot ssenariysi uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Ularning ahamiyatini anglab yeting va o‘z axloqingizning insonlarga ta’sirini kuzating. Ularni ahamiyatsiz hisoblagan holda siz yaqinlaringizning diliga ozor berishingiz, ularni xafa qilishingiz, kun kelib esa yolg‘iz qolishingiz mumkin.

“20 daqiqa” qoidasini bilasizmi?

0

Amalga oshirishni istamagan, boshlashga oʻzingizda jurʼat topa olmayotgan ishingizni 20 daqiqa ichida tugatish mumkinligini bilsangiz, uni boshlash osonroq boʻlishi mumkinligini bilasizmi? Har kuni 20 daqiqa vaqtingizni maʼlum bir ish uchun ajratish uning tez orada odatga aylanib qolishiga olib keladi. Bu dangasalikka qarshi kurashishning eng yaxshi usullaridan biri hamdir.

  1. Kuniga 20 daqiqa sport bilan shugʻullangan odamni salomatlik bilan bogʻliq muammolar deyarli bezovta qilmaydi. 
  2. Kuniga 20 daqiqa vaqtini uyni tartibga keltirish uchun ajratgan odam tartibsizlik muammosiga duch kelmaydi.
  3. Kuniga 20 daqiqa vaqtini diqqatni bir yerga jamlab ishlashga sarflaydigan odamlar ijodiy inqiroz haqida oʻylamasalar ham boʻlaveradi.
  4. Kuniga 20 daqiqa vaqtini sokin joyda rejalari va maqsadlari ustida ishlash uchun oʻtkazadigan odamlar gʻoyalar yetishmovchiligidan aziyat chekishmaydi. 
  5. Kuniga 20 daqiqa vaqtini qoʻshimcha daromad topish usullari haqida oʻylashga sarflaydigan odamlar tez orada moliyaviy erkinlikka erishadilar. 
  6. Kuniga 20 daqiqa vaqtni dam olish uchun sarflash organizmni ruhiy charchoqdan himoya qiladi. 
  7. Kuniga 20 daqiqa mutolaa bilan band boʻlish aqliy salohiyatni oshiradi.

2021-yilda O‘zbekiston 11 ta xalqaro reytingda o‘z pozitsiyasini yaxshilagan

0

14-aprel kuni Senatda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2021-yilda eʼlon qilingan O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan jami 19 ta xalqaro reytingning 11 tasida mamlakat o‘z pozitsiyasini yaxshilagan.

Xususan, Suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, “S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston kredit reytingini “salbiy”dan “barqaror”ga, “Moody‘s” agentligi esa “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirgan.

Shuningdek, Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 2021-yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.  

Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan yangi formatdagi “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Belgilansinki:

yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi bo‘lgan shifokorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yig‘im miqdori 6 baravarga kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida undiriladi;

O‘zbekiston Respublikasiga qisqa muddatga (bir oygacha), shu jumladan, diagnostika hamda davolash amaliyotlarini bajarish, tajriba almashish dasturlari, mahorat darslari o‘tkazish va ma’ruzalar o‘qish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida kelayotgan chet el mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im bekor qilinadi;

davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Bunda, davolash muassasalari tomonidan tashrif buyuruvchilarni hisobga olish avtomatlashtirilgan maxsus dastur orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2863-son qarorida nazarda tutilgan yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan, lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilsin.

3. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlarga asosan, 2025 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga 2025 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflari ma’qullansin:

nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining klinik bazalarini tashkil etib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash;

malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddatini qisqartirgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun – 5 yil, oliy toifa uchun – 7 yil etib belgilash.

5. Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli me’yoriy hujjatlarga xususiy tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablarini soddalashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

7. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.

9. Farmonning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                   Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 11 aprel

Mahallalarda 5 bosqichli ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi

0

“Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Oilaviy sport rag‘batlantiriladi, ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

2022 yildan har yili 30 iyun – O‘zbekiston yoshlari kuni hamda dekabrda o‘tkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha 5 bosqichli ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Bunda, 1-bosqichda – ko‘chalararo mahalla musobaqalari, 2-bosqichda – mahallalararo sektor musobaqalari, 3-bosqichda – sektor musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari, 4-bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari g‘olib mahalla jamoalari o‘rtasida viloyat musobaqalari, 5-bosqichda – viloyat musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida respublika (final) musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqalar 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladi.

2023 yil 1 martdan olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha 3 bosqichli umumrespublika sport musobaqalari o‘tkaziladi. Yuqoridagi musobaqalar g‘oliblarini tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport-ta’lim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi va ularga quyidagi malaka toifalari to‘g‘ridan to‘g‘ri beriladi:

  • tuman (shahar) bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi;
  • viloyat bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi;
  • respublika (final) bosqichida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi.

Firuz Allayev: «Biznes raqamlar ustiga qurilishi kerak!»

0

Qimmatga Tushgan Xatolar koʻrsatuvining navbatdagi soni mehmoni: Firuz Allayev – Asaxiy.uz asoschisi

Koʻrsatuv davomida: Firuz Allayev hayoti davomida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bizneslari, qimmatga tushgan xatolari, mana shu mag’lubiyatning sabablari va bu sinovlardan olgan darslari haqida bilib olishingiz mumkin.