Bosh sahifa Blog Sahifa 179

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va iqtidori, intiluvchanligi va tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizni munosib rag‘batlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli yigitlarini fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma’qullansin.

2. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari tantanali vaziyatda topshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar

RO‘YXATI

Kalbayev Arislanbek Bazarbayevich – Nukus shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Mamutov Sherzod Azamatovich – Qoraqalpoq davlat universitetining 2-bosqich talabasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Abduraxmonov Akmaljon Yunusbek o‘g‘li – Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 10-sinf o‘quvchisi (Andijon viloyati)

Muxammadjonov Xojiakbar Zafarjon o‘g‘li – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 1-bosqich magistranti (Andijon viloyati)

Qo‘shayev Sharif Ergashevich – Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi guruh katta mutaxassisi (Buxoro viloyati)

Rajabboyev Lazizbek Zafarjonovich – Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Buxoro viloyati)

Rahmatov Murodjon Abdusamat o‘g‘li – O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 3-bosqich talabasi (Jizzax viloyati)

Rashidov Uchqun Ro‘zimurod o‘g‘li – Jizzax shahridagi «Eagle Consulting Invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori (Jizzax viloyati)

Qobilov Jurabek Musurmon o‘g‘li – Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi qutqaruvchisi (Qashqadaryo viloyati)

Raxmatov Anvar Raxmat o‘g‘li – Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining 4-bosqich talabasi (Qashqadaryo viloyati)

Babayev Mirdodojon Sharofjon o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi tayanch doktoranti (Navoiy viloyati)

Qurbonov Oybek Muhammatqulovich – Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining konchilik fakulteti o‘qituvchisi (Navoiy viloyati)

Mamadaliyev Komron Ulug‘bek o‘g‘li – O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 4-bosqich talabasi (Namangan viloyati)

Mirzaumidov Asilbek Shuxratjonovich – Namangan muhandislik-texnologiya institutining texnologik mashina va jihozlar kafedrasi katta o‘qituvchisi (Namangan viloyati)

Nurmamatov Asliddin Fazliddinovich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qism guruh komandiri o‘rinbosari (Samarqand viloyati)

Samadov Aziz Ilxomovich – Samarqand shahridagi «Secure Trucks» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari (Samarqand viloyati)

Musirmonov Tursunmurod Bahodir o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 4-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)

Xayitboyev Yorqinjon O‘rmonali o‘g‘li – Guliston davlat universitetining 2-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)

Abduraxmonov Abdumalik Abdumanom o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qism guruh mutaxassisi (Surxondaryo viloyati)

Tojiyev Dilmurod Bahodir o‘g‘li – Toshkent davlat agrar universitetining 2-bosqich magistranti (Surxondaryo viloyati)

Abduraimov Yelnur Nurgaliyevich – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchisi (Toshkent viloyati)

Turdiyev Alisher G‘ulom o‘g‘li – Nurafshon shahridagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining akademik eshkak eshish bo‘yicha murabbiysi (Toshkent viloyati)

Ismoilov Ulug‘bek Ilxomjon o‘g‘li – Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-bosqich magistranti (Farg‘ona viloyati)

Qayumov Muhammadlaziz Ibroximjon o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi (Farg‘ona viloyati)

Abdikarimov Faxriddin Baxrom o‘g‘li – Xorazm Ma’mun akademiyasining tayanch doktoranti (Xorazm viloyati)

Sabirov Shahzod Qudrat o‘g‘li – Urganch shahridagi «Data Union» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori (Xorazm viloyati)

Jamolov Azimjon Ravshan o‘g‘li – Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Toshkent shahri)

Stetsenko Nikita Andreyevich – O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 4-bosqich talabasi (Toshkent shahri)

Hamkorlik uchun boshlang‘ich qadamlar

0

Oxirgi yillarda O‘zbekiston, qardosh mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirayotgani barchamizga ma’lum.

Birgina joriy yilda poytaxtimizda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida Yosh tadbirkorlar forumi, yaqindagina esa Buxoro viloyatida Turkiy davlatlar tashkilotining real salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ahamiyatini oshirish va xalqaro hamjamiyatdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan IV Yosh liderlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Bugun Turkiyaning Genç MUSIAD tashkiloti bilan qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan forumlarni ko‘proq o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib borildi.

2002-yilda tashkil etilgan Genç MUSIAD tashkiloti Turkiya iqtisodiyoti, ijtimoiy-madaniyati va tadbirkorlik salohiyatini jahonga tanitish uchun faoliyat yuritib kelmoqda. Jarayon davomida “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyati bilan ham tanishtirildi.

Yo‘nalishlar bir-biriga o‘xshashligini inobatga olib Genç MUSIAD tashkiloti vakillari Turkiyada bo‘lib o‘tadigan yirik darajadagi forumlarga O‘zbekistonlik ishbilarmonlarni ham taklif etish tashabbusi bilan chiqdi.

Unda qatnashuvchilar Turkiy tilli davlatlardagi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishishlari va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashishlari maqsad qilingan.

 

Nigora Akilova: «Xato bu fojia emas»

0

Qimmatga Tushgan Xatolar koʻrsatuvining navbatdagi mehmoni Nigora Akilova – PR va marketing bo’yicha mutaxassis.

Koʻrsatuv davomida: Nigora Akilovaning hayoti davomida, qimmatga tushgan xatolari, mana shu mag’lubiyatning sabablari va bu sinovlardan olgan darslari haqida bilib olishingiz mumkin.

 

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha qanday maqsadlar uchun kredit ajratilmaydi?

0

Hokim yordamchisidan bir savol…

Savol Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “Guliston” QFY hokim yordamchisi Mansur Toshpo‘latov tomonidan yo‘llangan.

Mazkur savolga Markaziy bankning Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish departamenti boshqarma boshlig‘i Turg‘un Hakimov javob beradi.

Dasturlar doirasida quyidagi maqsadlar uchun kredit ajratilmaydi:

– ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;

– alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;

– savdo-vositachilikni amalga oshirish;

– umumiy ovqatlanish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini shakllantirish;

– ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni (mebel, uyali telefon, maishiy texnika va boshqalar) sotib olish;

– yengil avtotransport vositalari (ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ishtirok etuvchi kichik mototransport vositalari bundan mustasno), jumladan, yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar sotib olish;

– ma’muriy xarajatlarni to‘lash, jumladan, xizmat avtomobillari ta’minoti;

– bino va inshootlar sotib olish va qurish (“Hunarmand” uyushmasi a’zolariga “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish, shuningdek, dasturlarda belgilangan shartlar asosida tomorqa-yer egalariga “dala do‘konlari“ qurish bundan mustasno).

Investitsiya loyihalarining bajarilish holati ko‘rib chiqildi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Bu yil poytaxtimizda qariyb 4 milliard dollar investitsiya hisobiga 500 dan ziyod loyiha rejalashtirilgan. bugungi kunga kelib, shundan 1 milliard 500 million dollari o‘zlashtirilgan. 120 million dollarlik 71 ta loyiha ishga tushirilib, 5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Umumiy miqdori 2 milliard 300 million dollarlik yana 450 ta loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari birinchi yarim yillikdagi ko‘rsatkichlar yetarli emasligini ta’kidlab, kechikayotgan loyihalarning muammosini hal qilish, investitsiyalar jalb etishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimotda “Yangihayot” industrial texnoparkida olib borilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.

Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 4-fevraldagi qarorida belgilangan edi. Ushbu texnopark uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Bosh reja ishlab chiqilib, bugungi kunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish boshlangan.

Prezidentimiz bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan muhim loyiha ekanini ta’kidladi.

– Hech qaysi davlatda tadbirkorga yengillik yaratmasdan turib, natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu texnopark tadbirkorlar uchun qulay maydon bo‘lishi kerak. Import o‘rnini bosadigan, ko‘proq odamlarni ish bilan ta’minlaydigan loyihalarga e’tibor qaratish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi bosqichda texnoparkning 110 gektar maydoni auksionda sotilgan. Ularda oshxona jihozlari, qandolatchilik va to‘qimachilik mahsulotlari, santexnika tovarlari, polietilen va metall buyumlar ishlab chiqarish loyihalari joylashtirilgan. Umuman, texnoparkda tashkil etiladigan korxonalarda 20 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Toshkentda xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha ham imkoniyatlar katta. O‘tgan besh oyda bu sohada 5 ming 500 ta loyiha doirasida 183 mingta ish o‘rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari aholining talabi va imkoniyatlari o‘sib borayotganini, shundan kelib chiqib, xizmatlarni keng ko‘lamda rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Yoshlarni bu soha bo‘yicha o‘qitib, xizmatlar sifatini va bandlikni oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

0

Hurmatli matbuot va ommaviy axborot vositalari fidoyilari! Sizlarni o‘zim hamda «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasining barcha xodimlari nomidan 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbdan muborakbod etaman.

Siz so‘z orqali jamoatchilik fikrini shakllantirish, adolat va haqiqatni qaror toptirish yo‘lida izlanasiz. Kezi kelganda ayrim insonlar o‘z fikrini to‘g‘ri ifoda eta olishga ham ojizlik qilgan bir pallada, mahoratingiz bilan nafaqat aholi o‘rtasida, balki xalqlar, mamlakatlar, millatlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, o‘zaro anglashuv asosida yashashi uchun xizmat qilasiz. Bu yo‘ldagi xolis xizmatlaringiz hamisha tinchlik va osoyishtalikni saqlash, taraqqiyotga hissa qo‘shishiga tilakdoshmiz.

Sharafli mehnatingiz, haqiqatni so‘zlashdagi jasoratingiz va yaxshilikni keng yoyishdagi jo‘shqin ishtiyoqingiz aslo so‘nmasin. Hayot haqiqatlarini, atrofimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni va albatta, amalga oshirilayotgan ishlarimizdagi yutuq hamda kamchiliklarimizni ro‘yi-rost ko‘rsatib berayotganingiz uchun sizlardan minnatdormiz.

Hurmatli jurnalistlar, sizlarni yana bir bor qutlug‘ va sharafli kasb bayramingiz — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, ijodiy muvaffaqiyat tilayman.

Sattarov Xayrulla Fayzullayevich

“Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi ijro etuvchi direktori