Bosh sahifa Blog Sahifa 176

Akademik litseylarga qabul 10-iyulga qadar uzaytirildi

0

Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli bayoniga ko‘ra, akademik litseylarga hujjatlar qabul qilishning oxirgi kuni joriy yil 10-iyul etib belgilandi.

Akademik litseylarga 2022/2023-o‘quv yili uchun hujjat topshirish istagida bo‘lganlar 10-iyul soat 24:00 ga qadar onlayn tarzda litsey.edu.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Ma’lumot uchun: Akademik litseylarga hujjat topshirgan abituriyentlar 10-iyulga qadar elektron platforma orqali onlayn ariza holatini tekshirishi va o‘zgartirishlar kiritishlari mumkin.

Turkiy davlatlar rahbarlari Samarqandda to‘planadi

0

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti joriy yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kecha, 5-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida kechgan telefon suhbatida so‘z borgan. 

Muloqotda 2022-yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yuzasidan fikr almashilgan.

Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit Turkiy davlatlar tashkilotining ilk yig‘ilishi sifatida tarixda qoladi. Bungacha tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan faoliyat yuritgan. 

Tashkilotning so‘nggi sammiti 2021-yilning 13-noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan edi. Ushbu sammitda tashkilot nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deya qayta nomlandi. 

O‘zbekiston ushbu tashkilotga 2019-yilning oktyabr oyida a’zo bo‘lgan. 

Ayni vaqtda tashkilotga Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Ozarbayjon a’zo sanaladi. Vengriya va Turkmaniston esa kuzatuvchi davlat maqomiga ega. 

2021-yilda o‘tgan sammitda davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat – sammitning yakuniy deklaratsiyasi, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzolaganlar. 

O‘zbekistonda qaysi soha vakillari eng ko‘p maosh olishi ma’lum bo‘ldi

0

2022-yil iyun holatiga ko‘ra eng ko‘p maosh to‘lanadigan mutaxassisliklar ro‘yxati ma’lum qilindi. Bu haqda “Daryo”ga “hh.uz” xabar berdi.

Eng ko‘p maoshli mutaxassislik konsultatsiya sohasi bo‘lib, unda maksimal darajadagi oylik ish haqi 49 mln so‘mga teng bo‘lgan.

2022-yil iyunda avtomobil biznesi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar eng ko‘p o‘rtacha ish haqi olgan — 11,7 mln. Mahalliy xodimlar esa 2,4 mln bilan eng kam o‘rtacha ish haqiga ega.

Turli sohalarda o‘rtacha oylik ish haqi:

  • Oliy menejment — 11,6 mln;
  • Konsalting — 10,4 mln;
  • Axborot texnologiyalari — 9,5 mln;
  • Transport, logistika — 8,5 mln;
  • Advokatlar — 7,6 mln;
  • Banklar, investitsiyalar, lizing — 7,5 mln;
  • Sug‘urta — 7,2 mln;
  • Ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi — 7,1 mln;
  • Tibbiyot, farmatsevtika — 6,8 mln;
  • Qurilish, ko‘chmas mulk — 6,4 mln;
  • Buxgalteriya hisobi va moliya — 5,9 mln;
  • Xodimlarni boshqarish, treninglar — 5,9 mln;
  • Fan, ta’lim — 5,7 mln;
  • Marketing, reklama, PR — 5,5 mln;
  • Savdo — 5,4 mln;
  • San’at, ko‘ngilochar, ommaviy axborot vositalari — 5,2 mln;
  • O‘rnatish va xizmat ko‘rsatish — 5,1 mln;
  • Ishchi xodimlar — 4,7 mln;
  • Turizm, mehmonxonalar, restoranlar — 4,3 mln;
  • Sport klublari, go‘zallik salonlari — 3,8 mln;
  • Ma’muriy xodimlar — 3,5 mln;
  • Xomashyo qazib olish — 3 mln;
  • Xavfsizlik — 2,5 mln;
  • Mahalliy xodimlar — 2,4 mln.

 

Paxta maydonlarining 1 gektariga 1 million so‘mdan subsidiya beriladigan bo‘ldi

0

Vazirlar Mahkamasining qarori (360-son, 05.07.2022 y.) bilan Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi

➖Nizomga muvofiq, paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun 13 ta tumandagi yerdan foydalanuvchilarga har bir gektar maydonga 1 million so‘m subsidiya beriladi.

➖Yerdan foydalanuvchilar qishloq xo‘jaligi bo‘linmasiga “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga kiritish uchun 2022-yil 25-iyulgacha ariza bilan murojaat qiladi.

Qishloq xo‘jaligi bo‘linmasi arizalarga asosan 2022-yil 1-avgustgacha yerdan foydalanuvchilarning nomi, manzili, paxta maydoni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ro‘yxatni viloyat hokimliklariga taqdim etadi.

Hokimliklar 2022-yil 5-avgustgacha yerdan foydalanuvchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

Moliya vazirligi ro‘yxatga muvofiq subsidiyaning dastlabki 70 foizini 2022-yil 1-oktabrgacha quyidagi taqsimotga ko‘ra tashkilotlarning hisobvaraqlariga o‘tkazib beradi.

➖60 foizini – yerdan foydalanuvchilarga;
➖6 foizini – Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga;
➖4 foizini – Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutiga.

Davlat statistika qo‘mitasi 2023-yil 25-noyabrgacha yerdan foydalanuvchilarning 2023-yildagi paxta hosildorligini avvalgi yil bilan taqqoslagan holda ma’lumot tayyorlaydi va Moliya vazirligiga taqdim etadi.

Moliya vazirligi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga asosan paxta hosildorligi avvalgi yilga nisbatan 15 foiz yoki undan ko‘p miqdorda oshganda, subsidiyaning qolgan 30 foizini 2023-yil 20-dekabrgacha yerdan foydalanuvchilarning hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

Ushbu vaqtinchalik nizom 2024-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

Kanalga ulanish: “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida»gi Farmonini tasdiqlash haqida

0

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Qo‘shma Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 78-moddasi birinchi qismining 19-bandiga va «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni 8-moddasining uchinchi qismiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati QAROR QILADILAR:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 iyuldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida»gi PF–164-sonli Farmoni tasdiqlansin.

2. Ushbu Qo‘shma qaror darhol O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilsin.

3. Ushbu Qo‘shma qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining

Spikeri 

N.Ismoilov

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Raisi 

T.Norboyeva

 

 

 

Toshkent shahri,

2022-yil 2-iyul,

Telegram Premium narxini “kelishtirsak” bo‘ladimi?

0

Bir necha oylardan beri mish-mish bo‘lib kelayotgan Telegram Premium obunasi vanihoyat navbatdagi ilova yangilanishi bilan barcha asosiy platformalar: iOS, Android, Windows va macOS uchun ham chiqarildi. To‘g‘ri, pullik obuna Android va Windows uchun biroz kechikdi, lekin endi hammasi joyida va agar sizda so‘nggi versiyadagi ilova bo‘lsa hoziroq Premium obunaga a’zo bo‘lishingiz mumkin.

Telegram Premium narxini

Biroq, biz raqamli mahsulotlarga, ayniqsa, obunalarga pul to‘lashni unchalik yoqtirmaymiz, chunki ular keraksiz va qimmatdek tuyuladi, lekin u biroz arzonroq bo‘lsa, albatta, hech bo‘lmasa bir marta sinab ko‘rishga arziydi. Qisqasi, agar Telegram Premium’ga obuna bo‘lishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, siz uni biroz bo‘lsada arzonroqqa olishingiz mumkin. Qanday qilib deysizmi? O‘qishda davom eting.

Aslida Telegram Premium uchun oyiga 3.99 dollar (44 ming so‘mga yaqin) narx belgilangan, lekin siz uni Apple Store yoki Google Play Store orqali yuklab olingan ilova orqali sotib olmoqchi bo‘lsangiz siz 4.99 yoxud 5 dollar (55 ming so‘mga yaqin) to‘lashingiz kerak. Nega desangiz, bu ilova do‘konlari ular orqali amalga oshirilgan sotuvlar uchun ma’lum miqdorda komissiya ushlab qolishadi: Apple 30%, Google 15%.

Lekin siz bu komissiyalarni Premium uchun ochilgan maxsus, verifikatsiyalangan bot orqali aylanib o‘tishingiz va obunaga 3.99 dollar to‘lashingiz mumkin. Premium obuna sotib olish uchun chiqarilgan ushbu bot ishonchli bo‘lib, u Donate boti ishlab chiqaruvchilari tomonidan chiqarilgan.

Aytish kerakki, App Store yoki Play Store orqali yuklab olingan Telegram bilan siz ilova ichida Premium botdan pullik obunaga a’zo bo‘lolmasligingiz mumkin. Bunda sizga kompyuter yoki Android smartfon bo‘ladi.

Gap shundaki, Android smartfon uchun Telegram ilovasini siz uning rasmiy sayti, telegram.org‘dan to‘g‘ridan to‘g‘ri yuklab olib, o‘rnatsangiz bo‘ladi va u Google Play Store qoidalaridan tashqarida bo‘lgani uchun ham unda Premium’ga obuna bo‘lishda hech qanday komissiya olinmaydi. Shuningdek, kompyuter uchun Telegram ilovasi yoki Windows uchun ishonchli Telegram kliyenti bo‘lgan Unigram ham hech qanday komissiyalarsiz ishlaydi va ular bilan Premium’ga a’zo bo‘lish 3.99 dollarga tushadi. Ikkala qurilmalarda ham siz Premium obunaga bot orqali a’zo bo‘la olasiz.

Eslatib o‘tamiz, Telegram Premium bir martalik emas, balki oylik to‘lovli obunadir.