Bosh sahifa Blog Sahifa 175

Yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot

0

Xabaringiz bor, so‘nggi yillarda tadbirkorlikka qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ham yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish, dastlabki biznes g‘oyalarini rivojlantirishda ko‘maklashib, yoshlar va tadbirkorlar orasida munosib ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda.

 

 Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ilk bor ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Bu sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilandi. Bunday uchrashuvlarni an’anaviy tarzda, har yili tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda jami 10 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. «Siz kabi ishning ko‘zini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz tom ma’nodagi Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz», — deya ta’kidlagandi prezident.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazadigan navbatdagi ochiq muloqoti oldidan 16-avgust kuni soat 16:00 da “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi  hamda “Yoshlar” telekanali hamkorligida “Yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” mavzusida “Yoshlar press klubi” ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi vakillari hamda Biznes ombudsman, shuningdek, muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.

Press-klub davomida tadbirkorlik sub’yektlarining olis, chekka qishloqlar va mahallalarda rivojlanishiga zarur shart-sharoitlar yaratish, tadbikorlik sub’yektlarining biznes g‘oyalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabi mavzular ko‘tarildi, ularga yechim bo‘la oladigan xulosalar berildi. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar orasida tashabbuskorlik va ishbilarmonlik ruhini o‘stirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Muloqot davomida tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan to‘siqlar, qator muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilib, tadbirkorlarning tashabbuslari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli xulosalar berildi.

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 28,1 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘ldi

0

2022-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 28,1 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘ldi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 6,3 mlrd. AQSh dollariga oshganini bildiradi.

Tashqi savdo aylanmasi – 28,1 mlrd. AQSh dollari

— Eksport – 11,3 mlrd.

  • mahsulotlar – 9,3 mlrd.
  • xizmatlar  – 2 mlrd.

 

— Import – 16,8 mlrd.

  • mahsulotlar – 15,4 mlrd.
  • xizmatlar  – 1,4 mlrd.

O‘zbekistonda chiqindilar bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun foyda va ijtimoiy soliqlar stavkasi 1 foizga tushiriladi

0

15-avgust kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 20-avgust—Tadbirkorlar kuni munosabati bilan tadbirkorlar uchun ochiq muloqot tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar qildi.

Unda aytilishicha, qo‘mita tizimida joriy yilning 7 oyi davomida jami 21 920 ta tadbirkorlarga turli yo‘nalishlarda davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. 2020-yil 7-sentabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror bilan atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishi yuqori va o‘rtacha darajada xavfli bo‘lgan faoliyat turlarining atrof muhitga va aholi sog‘lig‘iga salbiy ta’sirini muhokama qilish bo‘yicha jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish amaliyoti joriy etilib, salbiy holatlarni oldini olishga zamin yaratilgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvargacha chiqindilarni to‘plash, olib chiqish ketish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun foyda solig‘i (amalda 15 foiz) va ijtimoiy soliq (amalda 12 foiz) stavkasi 1 foizga tushirilmoqda.

Tadbirkorlarni respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus texnika, texnologik uskunalar va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilish bo‘yicha imtiyoz muddati 2025-yil 1-avgustga qadar uzaytirilmoqda. (Amalda ushbu imtiyoz 2023-yil 1-yanvargacha berilgan. Imtiyoz uzaytirilishi bilan tadbirkorlar ixtiyorida 15,1 milliard so‘m qoladi).

Tadbir davomida Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatish faoliyati turlari bo‘yicha taqdimotlar namoyish qilinib, mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berilgan.

Tadbirda tadbirkorlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglanib, faoliyatlari davomida yuzaga kelayotgan masalalalar bo‘yicha yechim berilgan.

Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi xalqaro instituti tashkil etiladi

0

“Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ummonning Atyab International Services kompaniyasi muassisligida Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar institut asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari sifatida belgilanadi:

  • respublika iqtisodiyoti va agrar sektorini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal qila oladigan, xalqaro ta’lim standartlari darajasidagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
  • o‘quv jarayonini tashkillashtirishga xorijiy tajriba, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish, o‘quv jarayoniga malakali chet ellik va xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olgan, malakasini oshirgan xalqaro tajribaga ega mahalliy mutaxassislarni jalb qilish;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorini rivojlantirish uchun jahon miqyosida raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantiradigan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida mukammal texnologlar, olimlar va biznes rahbarlarini yetishtirish;
  • yuqori malakali mutaxassislarni, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish;
  • oziq-ovqat texnologiyasi sohasida amaliy va innovatsion tadqiqotlar hamda zamonaviy talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

Qo‘qon shahri Movarounnahr ko‘chasi 92-uyda joylashgan Qo‘qon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar texnikumi bino va inshootlari hamda unga tutash hudud operativ boshqaruv huquqi bilan bepul foydalanish uchun belgilangan tartibda institutga beriladi.

Maktablarda 100 mingdan ortiq bepul to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

0

“Maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

2025-yil 1-sentabrga qadar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan “Elektron kutubxona” tizimi joriy etilmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalarini bibtexnika bilan ta’minlash uchun har bir ta’lim muassasasi uchun har yili 3 mln so‘mdan mablag‘ ajratib boradi;

2027-yildan boshlab o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan tuman (shahar)larda talabdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha “Barkamol avlod” bolalar maktablarini tashkil etish choralarini ko‘radi;

ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladigan “Barkamol avlod” bolalar maktablarini jihozlash bilan foydalanishga tayyor holda topshirishni loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda nazarda tutadi;

2023-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida zarur jihozlar bilan ta’minlangan 100 mingdan ortiq bepul to‘garak faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi 2024 va keyingi yillar O‘zbekiston ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida nazarda tutiladigan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilish manzilli dasturini shakllantirishda “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi mavjud binolarini mukammal ta’mirlash hamda “Bolalar sayyohlik bazasi” qurish, zarur inventarlar bilan jihozlash uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq kapital qo‘yilma limitlari ajratilishini nazarda tutadi.

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etdi

0

O‘zbekistonda 2022-yil yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yil shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabariga ko‘ra, 2022-yil 1-iyun holatida mehnat resurslari soni 19,4 mln kishini tashkil etib, 2021-yil shu davriga nisbatan 0,8 foizga yoki 153,7 ming kishiga oshgan.  

Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13,7 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 1,9 foizga yoki 261,3 ming kishiga oshgan.  

1-iyun holatida rasmiy sektorda band aholi soni 6 mln kishini tashkil qilib, 2021-yil shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo‘lganlar soni 4,1 foizga yoki 240,6 ming kishiga oshgani kuzatilgan.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5,6 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8,2 foiz yoki 507,5 ming kishiga kamaygan.

Xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketganlar 2 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 528,2 ming kishiga oshishi norasmiy bandlarni kamayishiga sabab bo‘lgan.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishga muhtoj bo‘lganlar umumiy soni 1,3 mln kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 8,8 foizni tashkil etdi. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi 14,5 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa 12,8 foiz bo‘ldi.