Bosh sahifa Blog Sahifa 168

O‘zbekiston birjasida shakar va un narxi pasaydi

0

O‘tgan hafta davomida ya’ni 5 – 11 sentabr kunlari “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi”ning barcha savdo platformalarida 2 688,9 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 35,6 foizga yuqoridir. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bunda sotuvlarning

  • 80,7 foizi — birja savdolari;
  • 0,5 foizi — ko‘rgazma-yarmarka savdolari;
  • 18,6 foizi — elektron davlat xaridlari;
  • 0,2 foizi — avtoraqamlarning onlayn auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 721,6 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 99,9 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 1 672 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 5,7 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,8 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 9,4 foizi ikkinchi, 10,6 foizi uchinchi, 13,3 foizi to‘rtinchi, 19,6 foizi beshinchi va 42,2 foizi oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 169,8 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Un

5-9 sentabr kunlari o‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra birjaning un bozori narx bo‘yicha pasayishni namoyon etdi. Hafta davomida birja savdolariga 66 667 tonna un qo‘yildi va uning 27 255 tonnasi ya’ni 41 foiz qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 1 460 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda 1-navli un bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 819,4 ming so‘mdan 4 807 ming so‘mgacha pasaydi. Unning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 5 451,0 tonnani tashkil qildi.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida 1-navli un bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 4 750,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 12 503 tonna shakar qo‘yildi va uning 11 052 tonnasi ya’ni 88,4 foiz qismi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 475 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 12 366,5 ming so‘mdan 11 946,9 ming so‘mgacha ya’ni 3,4 foizga pasaygan.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning TS-2 — kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 12 412,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Polietilen

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 3 891 tonna polietilen qo‘yildi va uning 3 791 tonnasi ya’ni 97,4 foiz qismi sotildi. Polietilenning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 758 tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda polietilenning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 21 272,8 ming so‘mdan 14 778 ming so‘mgacha ya’ni 30,5 foizga pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 87 xaridor ishtirok etdi.

Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda agrar sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning daromadlarini oshirish, shuningdek, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–20-son qaroriga muvofiq, fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan va aholiga uzoq bo‘lmagan hududlardan:

2022-yilda 80 ming gektar ekin maydonlarini;

2023-2025 yillarda 120 ming gektar ekin maydonlarini aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda fermer xo‘jaliklari hamda klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan 2022-yil yakuniga qadar qo‘shimcha 20 ming gektar – umumiy 100 ming gektar ekin maydonlari, 2023-yilda 95 169 gektar ekin maydonlari 1 – 1.13-ilovalarga muvofiq aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladi.

Bunda:

a) ekin maydonlari fuqarolarga 30 yil muddatga:

suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan – Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 0,15 gektardan 1 gektargacha, boshqa viloyatlarda 0,30 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,30 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda;

kam suvli yerlardan – viloyatlarda 0,50 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,50 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ijaraga beriladi;

b) 2022-2023 yillarda dehqon xo‘jaligi yuritish maqsadida ekin maydonlarini aholiga berish uchun tashkil etiladigan ochiq elektron tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etgan taqdirda, istisno tariqasida, tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi;

v) issiqxona tarmog‘i keng rivojlangan tumanlarda dehqon xo‘jaliklariga ajratib berilgan ekin maydonlarida isitish tizimlarini o‘rnatmagan holda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishiga ruxsat beriladi.

3. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilganda, mazkur xatboshida nazarda tutilayotgan shaxslar yuqoridagi daftarlardan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar bir yil muddatga saqlab qolinadi;

imtiyoz va preferensiyalarning bir yillik amal qilish muddati dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab hisoblanadi.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov, X.Karimov) va Kadastr agentligi (F.Pulatov) bilan birgalikda:

a) bir oy muddatda 2022-yilda aholiga qo‘shimcha tarzda ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladigan 20 ming gektar ekin maydonlarining, 2023-yil 1-yanvarga qadar 2023 yilda aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladigan 95 169 gektar ekin maydonlarining aholi punktlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan tanlanishi va tuman (shahar) hokimliklarining zaxirasiga belgilangan tartibda qaytarilishi va davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

Bunda, yer uchastkalariga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqining bekor qilinishi Yer kodeksining 36-moddasida belgilangan hollarda, jumladan, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, ushbu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda, yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda, amalga oshiriladi;

b) zaxiraga olingan yer uchastkalarini davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari tuman (shahar) hokimliklari buyurtmasiga asosan amalga oshirilishini, bunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini;

v) davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlarda – Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida kamida 0,15 gektarga, boshqa hududlarda kamida 0,30 gektarga hamda kam suvli yerlarda kamida 0,5 gektarga teng bo‘lgan hajmlarda lotlarga ajratilib, bir oy ichida ochiq elektron tanlovga qo‘yilishini;

g) ekin maydonlarini tanlash va lotlarga ajratish ishlarida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining ishtirokini hamda ular tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinishini;

d) yer to‘g‘risidagi qonunchilik va ijara shartnomasi talablari bajarilmaganda, jumladan, ijaraga berilgan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, talabgor tomonidan ochiq elektron tanlov orqali yerning ijara huquqini yutib olish uchun olingan qo‘shimcha majburiyatlar bajarilmaganda, yerga bo‘lgan huquq Yer kodeksi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga asosan bekor qilinishi haqida dehqon xo‘jaliklari a’zolari orasida tushuntirish ishlari olib borilishini ta’minlasin.

Mazkur bandda belgilanayotgan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilsin.

5. Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev, Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov, X.Karimov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlari:

2022 yil yakuniga qadar qo‘shimcha 20 ming gektar, 2023-yilda 95 169 gektar ekin maydonlarini ochiq va shaffoflikni ta’minlagan holda dehqonchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan, shu jumladan, Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga ajratsin;

mazkur maydonlarga Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tavsiyasiga asosan, hududlar ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan va eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishini ta’minlasin. Bunda, sabzavotpolizdukkaklimoyli va kartoshka ekinlarini intensiv usulda ekishga alohida e’tibor qaratilsin;

mahsulot yetishtiruvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiytexnik resurslar, shu jumladan, urug‘likko‘chatmineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar yetkazib berish, shuningdek, zaruriy agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etsin;

agrosanoat klasterlari, tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi korxonalarni jalb qilgan holda yetishtirilgan tayyor mahsulotni xarid qilish, uni qayta ishlashsaqlashichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirish choralarini ko‘rsin;

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (I.Ergashev) bilan birgalikda ekin maydonlarida zararkunandalar hamda kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida tizimli kuzatuvlarni tashkil etib, dehqon xo‘jaliklariga ekinlarni himoya qilish xizmatlari o‘z vaqtida ko‘rsatilishini ta’minlasin;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan kichik agrologistika markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.

Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori X.M.Karimov mazkur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali tashkil etish ustidan doimiy monitoring o‘rnatib, amalga oshirilgan ishlar haqida har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng ёритилишини ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori M.M.Ubaydullayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

 

                                                O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022-yil 10-sentabr

Mijozni ko’proq pul sarflashga undovchi “xiylalar”: supermarket misolida

0

Har bir kishi pulni havoga sovurmaslik va keraksiz narsalarni xarid qilmasligi uchun marketing hiylalari haqida bilishi kerak. Quyida sizga supermarket va do‘konlarda pulingizni tejashning oddiy qoidalarini o‘rgatamiz.

Oziq-ovqat aravachalari

Supermarketlarda oziq-ovqat aravalari kattalashganini payqadingizmi? Oldin unday emas edi, ammo savdo menejerlari oddiy bir narsaga e’tibor berishdi: xaridor bo‘sh aravani ko‘rsa, uni kamida yarmigacha mahsulot bilan to‘ldirishga intiladi — aravada juda ko‘p bo‘sh joy bo‘lsa va juda ko‘p foydali narsalar sig‘ishi mumkin. Agar oldindan kerakli xaridlar ro‘yxatini tuzmagan bo‘lsangiz, kiraverishda savat oling, bu sizni keraksiz narsalarni sotib olishdan xalos qiladi.

бесплатная Семья делает покупки в продуктовом магазине Стоковое фото

Ko‘z balandligidagi javonlar

Odatda sotish uchun eng yaxshi joylar ko‘z darajasidagi javonlardir. Barcha supermarketlar tovarlarni joylashtirishning ushbu usulini uzoq vaqtdan beri ishlatib kelmoqda. Markaziy javonlarda do‘konlar eng ko‘p foyda keltiradigan mahsulotlar mavjud. Agar supermarket uchun emas, balki o‘zingiz uchun eng yaxshi mahsulotni topmoqchi bo‘lsangiz, egilib, pastki javonlarni tekshirishingiz kerak bo‘ladi.

бесплатная Бесплатное стоковое фото с бизнес, биржа, в помещении Стоковое фото

Tovarlarni tekshirish hududi

Kassa maydoni har qanday oziq-ovqat do‘konining qaynoq nuqtasidir: barcha xaridorlar, istisnosiz, u orqali o‘tadilar. Ularning ko‘pchiligi sotib olishni rejalashtirmagan mahsulotlarni avtomatik ravishda savatga solishadi. To‘lov zonasi impuls toifalarini sotishni ko‘paytirishda asosiy rollardan birini o‘ynaydi, budjetingizga sezilarli ta’sir qilmaydigan, ammo do‘konga qo‘shimcha daromad keltiradigan arzon tovarlar shu yerda mavjud. Siz hatto o‘ylamasdan shirinlik, saqich, shokolad va bir o‘ram batareya olsangiz ham do‘kon uchun foyda bo‘ladi.

28,144 Cash Register Stock Photos, Pictures & Royalty-Free Images - iStock

Tiyinli narxlar

Ko‘pchilik narxlar nima uchun 0,99 yoki hatto 0,95 bilan tugaydi, deb hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu borada ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan. Ma’lum bo‘lishicha, avvallari iste’molchilar 9 bilan tugaydigan narxni chegirmalar yoki katta takliflar bilan bog‘lashga odatlangan. Bundan tashqari, xaridor nuqtaning chap tomonidagi raqamga ko‘proq e’tibor beradi. Shuning uchun, do‘konlar hali ham tiyinlarni ko‘rsatishda davom etmoqda, bu esa xaridorlarga real bo‘lmagan tejash xayolini beradi.

Texnomart do'konlaridan foydali takliflar to'plami — «Daryo»

Soxta chegirma va aksiyalar

Ko‘pgina do‘konlar mijozlar bazasini jalb qilish uchun doimiy chegirmali savdo tizimini joriy qiladi. Axir xaridor qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha foyda. Biroq bu aksiyalarning aksariyati pul tejashning illyuziyasidir. Chegirmali mahsulotni olishdan oldin uning narxi yaqin atrofda joylashgan boshqa ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga qaraganda ancha pastmi yoki yo‘qligini diqqat bilan ko‘rib chiqing.

O'zbektelekom»dan yangi aksiya: Internetga ulanuvchilar uchun bepul qurilma!

бесплатная Продуктовый магазин Стоковое фото

Ko‘pincha vijdonsiz chakana sotuvchilar birinchi navbatda tovarlarning narxini oshirib, keyin esa chegirma qilishadi. Mijoz bunday mahsulotni aldanganiga shubha qilmasdan, go‘yoki katta chegirma bilan sotib oladi. Savdo sohasida, shuningdek, yaroqlilik muddati tugaydigan mahsulot narxining pasayishini nazarda tutuvchi chegirma mavjud. Bular reklama aksiyalarini olish ehtimoli yuqori bo‘lgan narsalardir, shuning uchun uni ishlatishdan oldin har doim mahsulotning amal qilish muddati tugamaganligini tekshirib ko‘ring.

Tarixda ilk bor sun’iy intelekt yordamida film yaratiladi

0

Nemis olimi Fabian Stelzer sun’iy intellekt yordamida film yaratish ustida ish olib bormoqchi. Kartina to‘liq neyron tarmoqlar to‘plami tomonidan suratga olinadi: biri rasm bilan shug‘ullanadi, ikkinchisi personajlar ovozini yaratadi, uchinchisi esa maxsus effektlar uchun javobgar bo‘ladi.

Ta’kidlanganishicha film “Tuz” deb nomlangan. E’tiborlisi, filmda aniq ssenariy yo‘q. Faqat taxminiy hikoya chizig‘i va umumiy uslub mavjud. “Tuz”da biz g’alati modda bilan to‘ldirilgan notanish sayyorada o‘zlarini topadigan kosmonavtlar haqida gapiramiz. Kelajakda tomoshabinlar matnli hikoyalarni o‘zlari tuzib, ular asosida neyron tarmoqlar orqali film yaratishi mumkin bo‘ladi.

Stelzerning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z loyihasi bilan sun’iy intellekt insondan yomonroq bo‘lmagan film yaratishi mumkinligini isbotlamoqchi.

O‘zbekistonda qaysi davlatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘proq?

0

O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni boshqa mamlakatlarga nisbatan ko‘proq. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2022-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 14 706 tani tashkil etgan.

Faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 617 taga oshgan.

Xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning davlatlar kesimida soni:

Rossiya – 2 762 ta;
Turkiya – 2 071 ta;
Xitoy – 2 044 ta;
Qozog‘iston – 1 195 ta;
Koreya – 910 ta;
AQSH – 320 ta;
Qirg‘iz R. – 291 ta;
Tojikiston – 283 ta;
Ozarbayjon – 247 ta;
Germaniya – 213 ta;
Turkmaniston – 171 ta;
boshqalar – 4 199 ta.

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik

0

O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda.

Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir. Buning asosiy sabablaridan biri – global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga rag‘bat berib, “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfini yuzaga keltirmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi bunday o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yo‘liga qaytishini va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda.

Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda.

Shu bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

Bunday murakkab sharoitda bir xaqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas.

Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozim. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qaysi mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.

Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

 

Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli

Barchaning va har bir tomonning manfaatlariga javob beradigan xalqaro hamkorlikni ko‘p tomonlama institutlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Ushbu institutlar faoliyatidagi muayyan kamchiliklarga qaramasdan, ular mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qilishda davom etmoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish xamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag‘batlantirishga yordam beradi.

Ko‘p tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri – Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni ko‘zlaydi. Bu tashkilot madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilmadir. Tarixan qisqa davrda SHHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin.

bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.

SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi uning faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon bo‘lmoqda: Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik.

Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir.

SHHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim.

Shu sababli ham SHHT faoliyatiga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformatsiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

SHHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissasining salmog‘i yuksak ekanidan dalolat beradi.

Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu o‘rinda gap transport
va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlar haqida bormoqda.

 

O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi: birgalikda rivojlanish orqali umumiy muvaffaqiyat sari

O‘zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgach, asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Bizning asosiy shiorimiz – “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi”. Uni amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador bo‘lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik.

Yil davomida o‘tkazilgan saksondan ortiq yirik tadbirlar doirasida SHHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi. Bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, Tashkilotning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yo‘llari va nuqtalarini izlash kabi ko‘plab muhim masalalar qamrab olindi.

O‘z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan SHHT uchun katta istiqbolga ega bu yo‘nalishlar O‘zbekistonning raisligi davrida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda o‘z aksini topdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizning SHHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu siyosat, eng avvalo, SHHTning geografik o‘zagi bo‘lmish, bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda.

SHHTga a’zo barcha davlatlar – eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimizdir.

Tashkilotga raislik bizga ular bilan ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi.

Shunga ishonchim komilki, bugun SHHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va dolzarbdir. Shak-shubhasiz, Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning ma’naviy burchimizdir.

Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozim.

Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shishimiz mumkin.

O‘zaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afg‘oniston uchun SHHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom ma’noda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo‘lgan SHHT makonini barpo eta olamiz.

 

«Samarqand ruhi» – hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlik ifodasi

Savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik “pandemiya tanaffusidan” so‘ng SHHT mamlakatlari va xalqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zarur.

Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan qadimiy Samarqand shahri jahonning o‘n to‘rtta mamlakati yetakchilarini Tashkilotning va unga a’zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor.

Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo‘q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan.

Azal-azaldan Samarqand turli g‘oya va bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, o‘z kuch va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgan. Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qo‘shni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo‘lagi ekanini, tinch-totuv qo‘shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san’at, insoniy g‘oyalar ustuvor bo‘lgan joyda ezguliklar ko‘payadi, xalqlar farovon va o‘zaro ahil yashaydi.

Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega bo‘lgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.

Insoniyatning bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda.

Ko‘p yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi.

Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi.

Tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin.

Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.

Shu sababdan aminmizki, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz – Tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy ma’no mujassam.

Ishonchimiz komilki, Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, o‘zaro anglashuv
va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti