Bosh sahifa Blog Sahifa 151

Latviyada tadbirkorlik: mamlakat nimasi bilan jozibador va u yerda qanday qilib biznes boshlash mumkin?

0

Rigadagi O‘zbekiston savdo uyi rahbari Vladimir Galperin savdo uyi nimalar bilan shug‘ullanishi, Latviyada biznesning qaysi sohalariga talab kattaligi, mahalliy tadbirkorlar Yevropa bozoriga chiqishda nimalarga tayyor bo‘lishlari kerakligi haqida so‘zlab berdi.

Ko‘p sonli portlar, qulay temir yo‘l tizimi, yo‘l almashinuvi va rivojlangan havo qatnovi — bularning barchasi kichik Boltiqbo‘yi mamlakatiga G‘arbiy va Sharqiy mamlakatlar bilan aloqalarni saqlab turish imkonini beradi.

Mamlakat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgach, 2008−2009 yillardagi moliyaviy inqirozdan muvaffaqiyatli chiqib ketdi. Va o‘shandan beri tadbirkorlik muhiti tubdan o‘zgardi: bugungi kunda Latviya ochiq bozor iqtisodiyotini muvaffaqiyatli rivojlantirib, hayot sifatini oshirmoqda va yangi bozorlarga chiqmoqda.

Latviyada chet elliklar tomonidan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda hech qanday cheklovlar yo‘q — vakillik ochish yoki kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish oson va arzon.

2021-yil sentabr oyida Riga shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi. Uning ochilishi ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatish, mahsulotlarni tizimli eksport qilishni tashkil etish yo‘lida qadam tashlash imkonini berdi.

Bundan tashqari, mahalliy tovarlar endi nafaqat Latviya bozorida paydo bo‘lishi, balki undan ham ortiqroq — Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Skandinaviya, shuningdek, Sharqiy, Markaziy va G‘arbiy Yevropaga ham yetib borishi mumkin.

O‘zbekistonning Rigadagi savdo uyi rahbari Vladimir Galperin “Spot»ga Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida biznesni qanday ochish mumkinligi, bu mamlakat mahalliy tadbirkorlarni nimasi bilan o‘ziga tortishi, latviyaliklarni O‘zbekistonda nima qiziqtirishi va qanday kamchiliklar borligi haqida gapirib berdi.


Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik

Bir yarim yil avval Rigada Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi va mamlakat Savdo-sanoat palatasi ko‘magida Savdo uyi ochilgan edi.

Bu mahalliy o‘zbek eksportyorlariga Yevropa bozorlariga chiqishga yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Aslida ham shunday bo‘ldi: har hafta biz bir nechta yuk mashinasida ko‘katlarni — piyoz, arpabodiyon (ukrop), petrushka yuboramiz; quyma temir qozon, to‘qimachilik mahsulotlari, keramika sotamiz.

Bu qishda Latviyaga bodring va pomidor, ko‘katlar, quritilgan mevalar olib kelindi — O‘zbekiston hamma narsasi bilan mashhur.

Muvaffaqiyatli tarzda hamkorlik qilish uchun “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, “Hunarmand”, Farmasevtika uyushmasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnoma va memorandumlar imzoladik.

Bundan tashqari, savdo uyida “Hunarmand” ko‘rgazma zali ochilib, unda mamlakatimiz ustalarining ishlari namoyish etilmoqda. Yaqin kunlarda Latviya aholisiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm buyumlarni taqdim etishni rejalashtirganmiz.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv. Suratda Vladimir Galperin va “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev

2023-yilda biz bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz — tayyor mahsulotlar — tibbiy bir martalik steril qo‘lqoplarni eksport qilishni, shuningdek, “O‘zbekiston shampani” zavodidan alkogolli mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Ish ikki tomonlama davom etadi. Masalan, O‘zbekistonda yaqin kelajakda Latviyaning bir qancha kompaniyalari — sut mahsulotlari, muzqaymoq ishlab chiqaradigan zavod, umumiy ovqatlanish va musiqa maydonchalarini ochish ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekistonda 10−15 ga yaqin Latviya kompaniyalari faoliyat yuritmoqda va ular, asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishadi.

Hamkorlik har ikki davlat uchun ham foydali: O‘zbekiston bozori aholi soni jihatidan o‘ziga torta oladi. Respublikada 36 mln kishi istiqomat qiladi, butun Latviya bo‘yicha esa 2 mln.

Bu latviyalik tadbirkorlar uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishni kengaytirish uchun deyarli cheksiz imkoniyatlarni ochib beradi.

Yevropa davlatining geografik joylashuvi ham iqtisodiyotning faol rivojlanishiga va butun Yevropa Ittifoqi hududida tovarlarning tez sotilishiga yordam beradi.

Latviyada tadbirkorlik

Latviyadagi biznesning asosiy qismi yog‘ochni qayta ishlash sanoati, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida jamlangan. Mamlakatda turli xil mebellar tayyorlash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p yog‘och resurslari mavjud.

Mamlakatda biznes yuritish uchun ko‘plab egallanmagan sohalar mavjud. Misol uchun, xuddi shu ko‘kat yoki tayyor shisha eksportini olaylik.

Birinchi holatda, ko‘katlar bu siz doimo javonlarda ko‘rishni istaydigan mahsulotdir. Ikkinchisida esa — Yevropadagi ko‘plab shisha zavodlari yopildi, mamlakatda shisha ishlab chiqarish juda ko‘p pul talab qiladi va shuning uchun tayyor mahsulotlarni sotib olish ancha oson.

Qolaversa, dori-darmon, xususan, turli materiallar — paxta, qo‘lqop, doka kabi mahsulotlarga ham talablar yetarli.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv. Suratda uyushma raisi Faxriddin Boboyev va Vladimir Galperin. Hamkorlik memorandumini imzolash jarayonidan lavha

Davlat Latviyada biznes ochishga qaror qilgan barcha chet ellik ishbilarmonlarga samarali yordam beradi.

Vakillik ochish yoki kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish oson va arzon. Eng oson yo‘li — MChJ ochish. Buning uchun siz ta’sis nizomini va shartnomani tuzib chiqishingiz kerak.

Kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun siz ustav kapitalini ko‘rsatishingiz kerak. Uning standart miqdori 2800 yevro bo‘lib, lekin ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda bir yevroni tashkil etishi ham mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun davlat boji 100 yevrogacha.

 

Biroq, vaziyatga qarab, ba’zi hujjatlar ba’zan notarius tomonidan imzolanishi kerak. Shunga ko‘ra, bu qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi: notarial xizmatlar, hujjatlarni tarjima qilish va qonuniylashtirish uchun.

Ma’lumot uchun: kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun barcha kerakli hujjatlar latish tilida bo‘lishi yoki latish tiliga tarjima qilinishi kerak.

Latviyada rezident ham, norezident ham biznes ochishi mumkin. Ammo yashash uchun ruxsat olish endi avvalgidek bo‘lmaydi. Negaki, Latviya NATO va Shengen zonasining bir qismi ekanligini tushunish kerak.

Shunga ko‘ra, bu yerda o‘z biznesini ochgan har bir kishi yevropalik tadbirkorga aylanadi va butunlay boshqa darajaga ko‘tariladi.

Biznesni rivojlantirish va yordam olishda yordam olish uchun Latviya investitsiya va rivojlanish agentligi LIAA bilan bog‘lanish mumkin.

Shuningdek, u yerda Yevropa Ittifoqida biznes yuritish bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin: agentlik bu masalada AQSh, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Daniya, Fransiya, Niderlandiya, Norvegiya va boshqa bir qator mamlakatlardagi vakolatxonalar tarmog‘i yordamida ko‘mak beradi.

Bundan tashqari, Ventspilsda Biznesni qo‘llab-quvvatlash markazi, maxsus biznes-inkubatorlar va port mavjud.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv

Shunday qilib, Latviyada biznes ochishning afzalliklari quyidagilardan iborat:

  • Yevropa Ittifoqi bozoriga kirish imkoniyati;
  • biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish qulayligi;
  • biznesga davlat tomonidan bosimning yo‘qligi;
  • o‘rtacha soliq yuki;
  • postsovet mamlakatlaridan juda farq qiladigan rivojlangan infratuzilma;
  • oddiy buxgalteriya tizimi;
  • kompaniyani nazorat qilish. Chet ellik tadbirkorlar o‘z kompaniyasini mustaqil boshqara olmaydigan davlatlar bor. Ushbu majburiyatlarni faqat kompaniya faoliyat yuritayotgan mamlakat fuqarolari bajarishi mumkin. Latviyada tadbirkorlikda bunday cheklovlar mavjud emas: har qanday chet el fuqarosi o‘z kompaniyasini tashkil qilishi va mustaqil ravishda boshqarishi, uni tasarruf etishi va nazorat qilishi mumkin;
  • kompaniya chet eldan ham boshqarilishi mumkin, shuning uchun egasi kerak bo‘lsa, Latviya hududini tark etishi (albatta, faqat qonun bilan ruxsat etilgan muddatga) mumkin;
  • til xususiyatlari. Postsovet hududidagi mamlakatlardan birida yashovchi har qanday chet ellik uchun bu mamlakat qulaydir: latviyaliklarning deyarli yarmi rus tilida gaplashadi.

Kamchiliklariga kelsak:

  • boshqa postsovet mamlakatlari bilan solishtirganda yuqori ishchi kuchi narxi;
  • barcha rasmiy hujjatlarni latish tilida yuritish zarurati;
  • ustav kapitali kompaniya tashkil etilgunga qadar to‘liq ishlab chiqarilishi kerak.

Darvoqe, bugungi kunda Latviyada o‘zbekistonlik 600 ga yaqin oila istiqomat qiladi. Ularning barchasi bir vaqtning o‘zida yashash uchun ruxsatnoma olgan va uzoq vaqtdan beri mamlakatda istiqomat qiladi.

Ulardan ba’zilari Rigada o‘zbek restorani, logistika kompaniyasi yoki mebel kompaniyasiga egalik qiladi.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv. Rigadagi “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” biznes-missiyasidagi nutqi

Latviyada kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish

Latviya chet elliklar va ularning bizneslari uchun ochiq. Mamlakat qonunchiligida norezidentlarning (xorijliklarning) Latviya kompaniyalari kapitalida biznes yuritishiga hech qanday cheklovlar yo‘q.

Latviyaning norezidentlari 100% egalik huquqi bilan o‘z bizneslarini yaratishlari yoki ulushlarni taqsimlash formatida tashkil etilgan biznesga a’zo bo‘lishlari mumkin.

Norezidentlar uchun asosiy farq — bu ularning shaxsini va kompaniyaning mavjudligini tasdiqlash zarurati (agar ishtirokchi bo‘lishni xohlayotgan kompaniya norezident bo‘lsa). Buning sababi shundaki, Latviya davlat tuzilmalari faqat mamlakat aholisi haqidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda tekshirishlari mumkin.

Latviyada tadbirkorlik uchun soliqlar

Latviyadagi soliqqa tortish butun Yevropa Ittifoqidagi eng moslashuvchan va yumshoq soliqlardan biridir.

Soliq hisobotiga kelsak, u har oyda, har chorakda yoki har yili mahalliy davlat daromad xizmatiga taqdim etilishi kerak. Bu biznesning turi va xususiyatlariga bog‘liq.

Kichik biznes uchun soddalashtirilgan soliq tizimi:

  • QQS — mamlakatda biznes qilish uchun 21%;
  • QQS 0% — eksport biznesi va tovarlarni Yevropa Ittifoqi hududi bo‘ylab yetkazib berish uchun;
  • xodimlarni yollashda sug‘urta to‘lovlari 31,04%.

O‘zbekiston nimasi bilan qiziq

So‘nggi bir necha yil ichida respublika chet elliklar va xorijiy investitsiyalar uchun sezilarli darajada ochildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoiy-siyosiy va moliyaviy muhitning osoyishtaligiga xizmat qilmoqda. Chet ellik tadbirkorlarni esa ulkan davlat investitsiya dasturi jalb qilmoqda.

Qolaversa, paxta boykotining bekor qilinishi ham mamlakat iqtisodiy yuksalishi uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Bunday o‘zgarishlar xorijiy investorlarda ishonch uyg‘otmoqda.

Shunga qaramay, yevropalik tadbirkorlar hali ham ba’zi muammolarga ega: ko‘pchilik pul o‘tkazishdan, biznesni rejalashtirishdan yoki bu yerda biron bir reja tuzishdan qo‘rqishadi. Ammo bu vaqt masalasi va bu butunlay hal qilinadi.

Hamma tinmay shikoyat qiladigan yagona narsa bu “kvartira»lar narxining oshishi (kuladi).

O‘zbekistonlik eksportchilar uchun bu oson emas: odatdagi ish usulidan Yevropa usuliga o‘tish ancha qiyin. Shunga qaramay, sabzavotni Yevropaga eksport qilish ularni Qirg‘izistonga olib borish bilan bir xil emas, u yerda biror narsa yuz bersa, “kelishish mumkin”.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: Ilya Semendeyev / Spot

Sertifikatlash biz uchun muhim, inson omili esa minimallashtiriladi.

Shu bois, mamlakatning moliya va byudjet siyosatidagi o‘zgarishlari haqida imkon qadar ko‘proq odamlarni xabardor qilish, ularning ko‘pchiligi mamlakat haqidagi qarashlarini o‘zgartirishi mening asosiy maqsadlarimdan biridir.

Buning uchun O‘zbekistondagi latviyalik tadbirkorlarni zavod va fabrikalarga olib boraman. O‘ylaymanki, ular butun ishlab chiqarish qismini, mamlakatimizda qo‘llanilayotgan texnologiyalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari kerak.

Men o‘zbek ishbilarmonlariga sertifikat olishning ahamiyati, omborlar mavjudligi va Yevropa Ittifoqida biznes yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirib beraman.

Bundan tashqari, ikkala mamlakat uchun ham katta plyus — yetkazib berish muddatlari. Amaliyotimda hali tovar chegarada ushlab qolingan yoki 10 kundan ortiq qolib ketgan holatlar kuzatilmagan.

Bilasizmi, menimcha, agar odam O‘zbekistonga halol va shaffof biznes qilish uchun kelsa, bu yerda uni hech kim aldamaydi.

Bundan tashqari, men hozir mamlakatga sarmoya kiritishni faol ravishda tavsiya qilaman. Xorijiy investorlar va tadbirkorlar uchun katta imtiyozlar va har xil imkoniyatlar borligini bilaman.

Farq nimada?

Ikki davlatning farqi shundaki, Yevropada biznes yuritish hujjatlashtirish nuqtai nazaridan biroz qiyinroq.

Latviyada barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan va raqamlashtirilgan, shuning uchun kompyuter bilan kelishib olishning iloji yo‘q.

Ammo har bir mamlakat o‘ziga xos tarzda go‘zal va murakkab. Yevropalik mahsulot bilan tanishish, unga ko‘nikish uchun ko‘proq vaqt kerak, unga litsenziyalar, sertifikatlar va mahsulot sifati haqida ishonchli ma’lumot kerak.

Bularning barchasida faqat ombori bor kishi g‘alaba qozonadi. Tovarlarni vagon, sisternalar va eshelonlarda sotib bo‘lmaydi. Ammo shunga qaramay, tovarlar doimo javonlarda bo‘lishi kerak.

Autofstoklar muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Har qanday tovar yetishmasligi yoki ularni yaqin kunlarda yetkazib berishning iloji yo‘qligi tadbirkorlarning xuddi shu mahsulotni Yevropadan topishiga olib keladi.

Umid qilamanki, yaqin yillarda bizning mahsulotlarimiz Yevropaning o‘nlab mamlakatlari javonlarida turib, O‘zbekiston imijini ko‘taradi va tadbirkorlarga odatiy chegaralardan chiqishga yordam beradi.

O‘zbekistonda mart oyida aholiga 1,4 trln so‘m ipoteka krediti ajratilgan

0

Mart oyida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 1,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarda keltirilgan.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida 1,9 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgandi. Natijada birinchi chorakda bu ko‘rsatkich jami 3,3 trln so‘mni tashkil etgan.

Xususan, 1,1 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar banklarning o‘z hisobidan, 1,6 trln so‘m asosiy pul miqdori esa Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan.

Qolgan 521,6 mlrd so‘mi O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

O‘tgan davrda ipoteka krediti oluvchilar soni 15 111 taga yetgan. Shundan 70%i 31−50 yoshdagi aholi hissasiga to‘g‘ri keladi.

ipoteka krediti, markaziy bank

Hududlar kesimida Toshkent yetakchi bo‘lib, uch oyda hududda 1 trln so‘m ipoteka krediti ajratilgan.

Undan keyingi yetakchilikni Toshkent (292,7 mlrd so‘m) hamda Navoiy (242,3 mlrd so‘m) viloyatlari egallagan.

Shuningdek, aholiga ajratilgan kreditlarning 66%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 34%i esa ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga sarflangan.

Bu davrda ipoteka kreditini olgan xotin-qizlar soni 5 593 tani tashkil etib, jami kreditlarning 37%i — qariyb 1,2 mlrd so‘mi ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

2022-yil davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 14,4 trln so‘mni tashkil etgandi.

O’z biznesini yo’lga qo’yishga muvaffaq bo’lgan tadbirkor Farhod Norbayev

0

Farhod Norbayev 2018-yilda Olmaotadan Toshkentga ko‘chib kelganidan so‘ng Nargiz Kamalova bilan “Lokals” kreativ agentligiga asos solgan.

Hikoya B&B Coffee House`dagi faoliyat va cho‘ntakdagi 600 dollardan boshlangan. Avval loyiha “TBWA Worldwide” xalqaro tarmoqli reklama agentligining hududiy vakolatxonasi tarkibiga kirgan.

Bunda O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan jahon brendlariga bosh ofisga xizmat ko‘rsatayotgan agentlik vakolatxonalari xizmat ko‘rsatishi haqida o‘ylangan. Afsuski, umidlar oqlanmagan va ular “Lokals” nomli yangi kompaniyani ochib, tarmoqni tark etishgan.

To‘rt yillik mehnatlari davomida hamkorlar “Red Jolbors” kommunikatsiyalar festivalida uch marta Gran-pri va ikki marta “Yil agentligi” unvoni bilan taqdirlangan.

Korporativ mijozlar ro‘yxati esa turli sohalarning yirik vakillari bilan to‘lib bordi. Ular orasida “Texnomart”, “Oson”, “Payme”, “Humans” va boshqalar bor.

Quyosh panellarini muddatli to‘lovga qanday olish mumkin. Qo‘llanma

0

2022-yilning 1-oktabridan Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ishga tushirildi.

U orqali iste’molchilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini 3 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishlari mumkin.

Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari narxini to‘liq to‘lagan iste’molchining xarid xarajatlari qisman jamg‘arma hisobidan qoplanadi.

1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.

Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar 3 yil muddatga, quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25%dan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — 10 yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

  • mazkur qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i;
  • qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘i;
  • yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘i.

2022-yili Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida o‘zini-o‘zi energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydigan xonadon barpo etildi.

Chilonzor tumanidagi 20 dan ortiq xonadon egalari ham 3 yil muddatga foizsiz bo‘lib to‘lash yo‘li bilan quyosh panellarini o‘rnatgan.

Quyosh panellarini qanday xarid qilish mumkin

Buning uchun energymarket.uz marketpleysidan ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Platforma aholiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olishda kompensatsiya ajratish va muddatli to‘lov imkoniyatini beradi.

Saytda kerakli kategoriya orqali quyosh panellarini yoki quyosh suv isitish qurilmalarini tanlash mumkin.

Undan keyin sotuvda mavjud qurilmalar ro‘yxati ochiladi va har bir qurilma haqida batafsil ma’lumotlar beriladi.

energetika, qo‘llanma, quyosh elektr stansiyasi

“Ariza qoldirish” tugmasi orqali tanlangan qurilma uchun ariza berish mumkin. Buning uchun so‘ralgan barcha ma’lumotlarni to‘ldirish zarur.

Arizani to‘ldirish shaklida quyidagi ma’lumotlar so‘ralgan:

  • arizachi haqidagi umumiy ma’lumot;
  • o‘rnatish joyi haqida ma’lumot;
  • elektr tarmog‘i ma’lumotlari;
  • o‘rnatish joyining rasmlari.

Shundan so‘ng, “Yuborish” tugmasi orqali arizani jo‘natish mumkin.

Platformaning asosiy sahifasida kompensatsiya va muddatli to‘lovni hisoblash kalkulyatori mavjud.

energetika, qo‘llanma, quyosh elektr stansiyasi

Masalan, kerakli qurilma turi va parametrini tanlab ajratiladigan kompensatsiyani hisoblash mumkin.

Agar muddatli to‘lovni hisoblash kerak bo‘lsa, kerakli qurilma narxi va to‘lov muddatini belgilab, natijalarni olish mumkin.

 

Muddatli to‘lov quyosh suv isitgichlari uchun amal qilmaydi.

Markaziy Osiyo davlatlari Chabahor portidan faol foydalanmoqchi. Bu port O‘zbekiston uchun nega muhim?

0

Mumbayda Chabahor bo‘yicha Hindiston—Markaziy Osiyo qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Chorshanba, 12-aprel kuni boshlangan ikki kunlik uchrashuv o‘tgan yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Hindistonning Markaziy Osiyo bo‘yicha birinchi sammiti Dehli deklaratsiyasining asosiy natijalaridan biri bo‘ldi.

Uchrashuvda Hindiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ishtirok etadi. Maxsus taklif etilganlar orasida Eron va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi (UNWFP) bor.

Muhokama etilayotgan asosiy masalalardan biri Shahid Behesti terminalini (SBT) rivojlantirish va Chabahor portidan Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan foydalanishdir. Uchrashuvda ishtirokchi davlatlarning umidlari ham muhokama qilinmoqda.

Chabahor porti strategik jihatdan Eronning janubi-sharqidagi Chabahor shahrida (forscha “to‘rt buloq”) joylashgan va mintaqa uchun tijorat tranzit markazi sifatida paydo bo‘lgan.

Hindiston, Eron va Afg‘oniston 2016-yilning may oyida Xalqaro transport va tranzit koridorini (Chabahor kelishuvi) tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama bitimni imzolagan edi.

Hindiston Eron bilan hamkorlikda Shahid Behesti terminalining birinchi bosqichi Chabahor portini rivojlantirishda ishtirok etmoqda.

Hindiston SBTni rivojlantirish uchun jami 85 mln dollar miqdorida grant yordami va 150 mln dollar miqdorida kredit ajratgan. SBT infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘z majburiyatlari doirasida Hindiston 25 mln dollarlik oltita ko‘chma port krani (ikkitasi 140 tonna va to‘rttasi 100 tonna sig‘imli) va boshqa jihozlarni yetkazib bergan.

Chabahor porti O‘zbekiston uchun nega muhim?

O‘zbekiston dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakat hisoblanadi. U o‘z mahsulotlarini Ozarbayjon va Gruziyadagi portlar orqali ham eksport qiladi.

Biroq Chabahor porti O‘zbekistonga geografik jihatdan qulayroq va mamlakatga zarur bo‘lgan dengiz yo‘llari aynan shu port orqali o‘tadi.

Chabahor porti O‘zbekiston uchun jahon bozoriga chiqishda tejamkor va barqaror yo‘lga aylanishi mumkin.

Masalan, Afg‘oniston bu portdan 2017-yildan beri foydalanib keladi. O‘shandan beri mamlakat port orqali 2,5 mln tonnadan ko‘proq bug‘doy eksport qilgan.

O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston kabi ushbu portdan faol foydalanmoqchi. Jumladan, O‘zbekiston hukumati bir necha yildan beri muzokaralar olib bormoqda.

Chabahor portining rivojlanishi va undan ishtirokchi davlatlar tomonidan foydalanish mintaqa uchun iqtisodiy va savdo imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda.

Talabalarga ikkinchi kursdan boshlab ishlashga ruxsat berish rejalashtirilmoqda

0

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini mutaxassisligi bo‘yicha ishlashiga imkoniyat yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.

Unga ko‘ra mazkur qaror qabul qilinsa:

— oliy ta’lim muassasalari talabalarini ikkinchi kursdan (ayrim ta’lim yo‘nalishlarida ikkinchi kursdan keyingi kurslardan) boshlab oliy ta’lim muassasasi rahbari tomonidan berilgan sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashiga ruxsat etiladi;

— haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va haq to‘lanadigan stajirovka o‘tayotgan talabalarni ishga qabul qilishda sertifikat talab qilinmaydi;

— talabalarni sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha ishlashiga faqat oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida ruxsat etiladi.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ikki oy muddatda:

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi talabalarga mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqini beruvchi sertifikat berish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifalari yuklanadi:

— sertifikat beriladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati;

— sertifikatni ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qaysi kursdan boshlab berilishi;

— sertifikatni berishda inobatga olinadigan holatlar.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qish davrida mutaxassisligi bo‘yicha ishlashini inobatga olib, 2024 yilga qadar Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining klassifikatorini hamda malaka darajalariga erishish sxemasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralarini ko‘rishi taklif etilmoqda.