Bosh sahifa Blog Sahifa 15

«Molxonadan» boshlangan million dollarlik biznes

0

Andrey Medvedov o‘z biznes yo‘lini «Avtodizel» zavodining marketing bo‘limidan boshlagan edi. Bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida u ancha yaxshi maosh olardi, biroq bir narsani payqab qoldi: mijozlar individual yondashuvni xohlashardi, zavod esa faqat bir xildagi standart generatorlarni yetkazib bera olardi.

Andrey zavoddagi ishini tashladi va o‘z biznesini ochishga qaror qildi. Unda boshlang‘ich sarmoya yo‘q edi, shuning uchun u biroz «tavakkal» qilishga majbur bo‘ldi:

  1. Avval sayt yaratdi.

  2. Generatorlarni mijoz talabiga ko‘ra takomillashtirish bo‘yicha 5 ta buyurtma oldi.

  3. Mijozlardan oldindan to‘lovni yig‘di.

Aynan shu pullarga u ishchilarni yolladi, uskunalar o‘rnatdi va xomashyo sotib oldi. Tadbirkorning hatto sex uchun ham puli yo‘q edi — butun ishlab chiqarish jarayoni eski molxonada tashkil etildi.

Bunday «tavakkalchilik»ka qaramay, Medvedev buyurtmalarni sifatli bajardi. Shundan so‘ng u «Sanoat va quvvat mashinalari» (PSM) MCHJga asos soldi va topgan hamma foydasini yana ishga tikdi.

Keyinchalik ishlar yurishib ketdi — hozirda uning kompaniyasi nafaqat texnikani qayta ishlaydi, balki o‘zi ham generator va boshqa uskunalarni ishlab chiqaradi. 2016-yilga kelib, uning firmasi Rossiya bozorining 24,4 foizini egallagan edi.

O‘zbekistonda 1-fevraldan nimalar o‘zgaradi?

0

“Prava” olish uchun nazariy darslarda qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi

1-fevraldan boshlab “A” va “B” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha majburiy o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi.

Bunda talabgorlar o‘z ixtiyori bilan o‘quv kursining nazariy qismini onlayn yoki oflayn shaklda o‘qishlari yoxud unga mustaqil tayyorlanishlari mumkin.

Faqat majburiy o‘quv dasturida belgilangan amaliy mashg‘ulotlarni to‘liq o‘tash lozim. Unda qatnashgandan so‘ng transport vositalarini boshqarish ko‘nikmalarini baholashning ijobiy natijalariga asosan haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar topshiriladi.

Fuqaroning mashg‘ulotlardagi o‘qishni tugatgani haqidagi ma’lumotnoma elektron tarzda shakllantiriladi.

Shu bilan birga, “A” va “B” toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv guruhlarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.

Chiqqaniga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi

Umumiy vazni yuki bilan hisoblaganda 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, kon, shaxta va karerlarda qo‘llaniladigan maxsus transport vositalari uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.

Shu bilan birga, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar hamda “antikvar” avtomototransport vositalari uchun ham alohida avtoraqam beriladi.

Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi. Ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.


Bolalar nafaqasi va moddiy yordam yangi tartibda tayinlanadi

1-fevraldan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va “Kambag‘al oilalar reestri” negizida yangi Ijtimoiy reestr joriy etiladi. Uning doirasida oilalar “davlat ta’minotidagi”, “kambag‘al” hamda “kambag‘allik chegarasidagi” oilalar toifasiga ajratiladi.

Endi davlat ta’minotidagi oilalar bolalar nafaqasi va moddiy yordamni bandlik holatidan qat’i nazar, qo‘shimcha murojaatsiz va uzluksiz oladi. Ularning ijtimoiy holati 12 oyda qayta baholanadi.

Kambag‘al oilalarga yordam 6 oyga tayinlanadi. Mehnatga layoqatli a’zolarining rasmiy bandligi ta’minlansa, to‘lovlar uzluksiz davom etadi, aks holda to‘xtatiladi.

Kambag‘allik chegarasidagi oilalarga yordam 6 oy davomida beriladi. Agar jon boshiga oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1−1,25 baravari bo‘lsa — 75%, 1,25−1,5 baravari bo‘lsa — 50% miqdorda to‘lanadi.


Ayrim oilalarga tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar beriladi

1-fevraldan “davlat ta’minotidagi oila»lar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi. Paket subsidiyalar va imtiyozli kreditlarni o‘z ichiga oladi.

Xususan, bunday oilalarga xonadoniga 7−10 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish uchun BHMning 100 baravarigacha (41,1 mln so‘m) subsidiya beriladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 4 yilgacha BHMning 75 baravarigacha (30,9 mln so‘m) kredit ajratiladi.

Kredit 1 yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi. Mablag‘lar ijtimoiy karta orqali berilib, bandlik, tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurish uchun yo‘naltiriladi.


Afrosiyob elektropoyezdlari chipta narxlari 15%ga oshiriladi

1-fevraldan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlarining chipta narxlari quyidagicha bo‘ladi:

Yo‘nalish Narxlar (so‘mda)
VIP Biznes Ekonom
Toshkent-Samarqand 709 ming 455 ming 311 ming
Toshkent-Qarshi 976 ming 642 ming 429 ming
Toshkent-Buxoro 1,13 mln 760 ming 509 ming

 

Bunda “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP toifadagi chipta narxlari 15% ga, Biznes toifadagi 1% dan ortiqqa hamda ekonom toifadagi chipta narxlari esa 5% dan ortiqqa qimmatlamoqda.

Shu bilan birga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 15% ga oshirildi.


ID-kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi

Prezidentning tegishli qarori bilan, 1-fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi.

Shu bilan birga, fuqaroni “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilari identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.


Kambag‘al oilalardagi yoshlarga ijtimoiy yordam shartnoma asosida beriladi

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy yordam turlari ijtimoiy shartnoma orqali “Yoshlar daftari” jamg‘armalaridan quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:

  • uzluksiz ta’lim olish (uzrli sabablar bundan mustasno);
  • o‘qishda ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish;
  • volontyorlikni amalga oshirish;
  • “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarda qatnashish;
  • muntazam kitob mutolaa qilish;
  • tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish asosida faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • xorijiy til bo‘yicha kamida B1 darajasini olish.

Agar ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmasa, bosqichma-bosqich quyidagi ketma-ketlikda choralar qo‘llanadi:

  • shartnomaning bajarilmagan shartlarini 15 kun ichida bajarish lozimligi to‘g‘risida ogohlantirish;
  • ijtimoiy yordam miqdorlarini 15% dan 30% gacha kamaytirish;
  • ijtimoiy yordamni 1 oydan 6 oygacha vaqtinchalik to‘xtatish;
  • ijtimoiy yordamni 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatish.

Shartnoma shartlarini muntazam ravishda kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlarga esa imtiyozli ravishda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Eng yaxshi 1000 nafar yoshlar har yili bir marta BHMning 3 baravari (1,23 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan mukofotlarga tavsiya etiladi.


Yoshlarga kontrakt to‘lovining 50% gacha qismi qoplab beriladi

1-fevraldan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga imtiyozlar beriladi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinib, reyestrdagi yoshlar uni bepul o‘tashlari mumkin bo‘ladi.

“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali haydovchilik guvohnomasining A, B, D va DE toifalarini olish uchun o‘qish xarajatlari to‘lab beriladi.

Kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida o‘quvchi-talabalarga to‘lov-kontrakt summasining 50% gacha qismi ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi. Biroq bu bir o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan (20,6 mln so‘m) oshmasligi kerak.

Shu bilan birga, tadbirkorlik, kasblarni egallash, IT o‘rganish, xorijiy tillarga o‘qitish, ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi o‘quv kurslari uchun to‘lanadigan har oylik subsidiyalar miqdori yoshlarning oldingi oyda ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib belgilanadi.

Bir fuqaro bir yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan ko‘pi bilan ikki marta foydalanishi mumkin.


Gaz va elektr xarajatlarini qoplash uchun arizalar onlayn qabul qilinadi

Ehtiyojmand oilalar elektr energiyasi va gaz xarajatlariga kompensatsiya olish uchun arizalarni onlayn jo‘natishlari mumkin bo‘ladi.

Gaz va elektr energiyasi iste‘molida bazaviy me’yor va undan oshgan narxlar o‘rtasidagi farqni qoplash uchun onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratilishi belgilangan.

Ilgari ariza berish uchun “Inson” markaziga murojaat qilish talab qilingan bo‘lsa, endi fuqarolar arizani quyidagicha to‘ldirishlari mumkin:

  • Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi orqali mustaqil ravishda;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz);
  • davlat xizmatlari markazida;
  • mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali.

Arizalar har oyning 16-sanasigacha qabul qilinadi. Ular avtomatik ravishda ko‘rib chiqiladi. Ijtimoiy reyestrga kirgan oilalar subsidiya oluvchi sifatida avtomatik tan olinadi.

“Kambag‘al oilalar” yoki “davlat ta‘minotidagi oilalar” toifasiga kiruvchi, har bir oila a‘zosiga to‘g‘ri keladigan daromadi eng kam iste‘mol xarajatlarining 1,5 baravaridan (1 003 500 so‘m) kam bo‘lgan oilalar ham kompensatsiya olishlari mumkin.

Agar oilada quyidagilar mavjud bo‘lsa, to‘lov rad etiladi:

  • chiqqaniga 12 yildan oshmagan (agar oilada I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan yoki 18 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lsa — 7 yil), texnik holati soz yengil avtomobil;
  • 15 yildan oshmagan, texnik holati soz yuk avtomobili, tirkamalar, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, avtokran, maxsus texnika;
  • ikki va undan ortiq yengil yoki yuk avtomobili hamda maxsus texnika vositalari;
  • bittadan ortiq ko‘chmas mulk va yer uchastkasi yoki bir va undan ortiq noturar joylar;
  • ilgari kompensaysiya tayinlangani.

Kitobxonlikka oid reklamalar ijtimoiy reklama sifatida tan olinadi

Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha “Kitob — ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi.

Davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;

transportlarda (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.


Silk Avia mahalliy yo‘nalishlar uchun chipta narxlarini oshiradi

Aviachiptalar tariflarining yangilanishi quyidagi 14 ta asosiy yo‘nalishga ta‘sir qiladi:

  • Toshkent-Samarqand — 313 089 so‘mdan;
  • Toshkent-Buxoro — 344 399 so‘mdan;
  • Toshkent-Navoiy — 297 435 so‘mdan;
  • Toshkent-Qarshi — 297 435 so‘mdan;
  • Toshkent-Termiz — 360 053 so‘mdan;
  • Toshkent-Namangan — 297 435 so‘mdan;
  • Toshkent-Farg‘ona — 297 435 so‘mdan;
  • Toshkent-Urganch — 469 635 so‘mdan;
  • Toshkent-Qo‘qon — 297 435 so‘mdan;
  • Toshkent-Andijon — 328 745 so‘mdan;
  • Toshkent-Sariosiyo — 422 671 so‘mdan;
  • Toshkent-Zomin — 125 236 so‘mdan;
  • Toshkent-Shahrisabz — 297 435 so‘mdan;
  • Nukus-Mo‘ynoq — 125 236 so‘mdan boshlanadi.

Aviachiptalar narxining o‘sishi o‘rtacha 7,37% ni tashkil etdi. Bu 2025-yildagi inflyatsiya ko‘rsatkichiga to‘g‘ri keladi.

Huquq-tartibot idoralarining faoliyati tanqidiy koʻrib chiqilib, jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yangi vazifalar belgilab berildi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahri respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaganini, bir soʻz bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, qayerda hayot yaxshilansa, daromad koʻpaysa, oʻsha yerda “yengil pul topish” harakatida boʻlgan jinoiy tuzilmalar ham faollashib, jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo boʻladi.

Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlamayotgani koʻrsatib oʻtildi. Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari respublikaga namuna boʻlmayotgani, buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli boʻlishiga qaramasdan, haligacha eski “qolip”dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.

Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy boʻgʻin – mahalla profilaktikasi. Biroq Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi toʻgʻri tashkil etilmagani uchun muammolar toʻplanib qolgani qayd etildi.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zoʻravonlik, talonchilik, bezorilik boʻyicha, Yunusobod bosqinchilik boʻyicha birinchi oʻrinda. Yoki oʻtgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng koʻp boʻlgan.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB boshligʻi R.Sultonxoʻjayev, Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A.Oʻrmonovga “hayfsan” berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.

Yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga masʼul oʻrinbosarining tizimni raqamlashtirish boʻyicha ishlarida hali sezilarli natija koʻrinmayotgani tanqid qilindi. Vazirlikdagi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ishi sustligi qayd etildi.

Prezidentimiz narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash boʻyicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun masʼullarda qatʼiyat yoʻqligini tanqid qildi.

Chet elga borib olib, uyushgan jinoiy guruhlar tashkil qilgan, u yerda oʻzimizning fuqarolarni ham talayotgan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyishdagi sustkashliklar qayd etildi.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq maʼmurchiligi boʻyicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani taʼkidlandi. Soliq qoʻmitasida qoʻshilgan qiymat soligʻidan sunʼiy ortiqcha toʻlov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari koʻpaygan.

Ushbu yoʻnalishlarga javobgar boʻlgan qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari M.Mirzayev ishdan olindi.

Davlatimiz rahbari “Oʻzbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida milliardlab soʻmlik talon-torojliklar aniqlanganini maʼlum qildi.

Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard soʻmlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard soʻmga sotib yuborgan. Shu bois, agentlik direktori A.Ortiqov ishdan olindi.

Yaqinda Administratsiya va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Qisqa muddatda budjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar boʻyicha 53 trillion soʻm va tashqi savdo operatsiyada 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangani oʻta ayanchli holat ekani qayd etildi. Korrupsiyaviy sxemalar boʻyicha 4,2 trillion soʻm zarar aniqlanib, 1,3 trillion soʻmi undirildi, 55 nafar shaxs qamoqqa olindi.

Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard soʻm budjet mablagʻi oʻzlashtirilgani aniqlanib, vazir oʻrinbosari B.Abdullayev va departament boshligʻi R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun masʼullar faoliyatini ham tanqidiy qayta koʻrib chiqish vaqti kelgani qayd etildi.

Masʼul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot boʻyicha jilovni qoʻlga olishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Ushbu 4 ta yoʻnalish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, jarayon birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi. Jumladan, xavfsiz muhit yaratish boʻyicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi.

Prezidentimiz yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

Tumanda jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi. Patrul-post, yoʻl-patrul, qoʻriqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga oʻtadi. Patrul guruhlariga huquqbuzarlik toʻgʻrisida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim boʻladi.

Tumandagi 5 ta ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda oʻz boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega boʻladi, mustaqil qaror qabul qiladi va masʼuliyatni ham toʻliq zimmasiga oladi.

Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya toʻlanishi belgilandi.

Ilgʻor tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yoʻlga qoʻyiladi.

Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qatʼi nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, koʻchada formali xodimga qilingan murojaat “102”ga xabar bergan bilan teng boʻladi.

Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bogʻlanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi.

Yaʼni profilaktika inspektori qayerda boʻlmasin, aholi uni qoʻl telefoni va planshetiga tun-u kun bogʻlanishi mumkin boʻladi.

Davlatimiz rahbari narkojinoyatlarga qarshi kurash masalasiga alohida toʻxtaldi.

Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, toʻlov kriptovalyutada boʻlayotgani, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq koʻrsatilmagan. Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi. Endilikda agentlikning masʼuliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolati beriladi.

Mutasaddilarga transchegaraviy va virtual maydonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha yaxlit tizimni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilik boʻyicha alohida xizmat tashkil qilinadi.

Oʻtgan yili poytaxtda ushlangan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar “ogʻir” toifadagi yoshlar va sportchilar boʻlgani oʻta tashvishli hol ekani qayd etildi.

Sportchilarning aksariyati koʻcha bezorisiga aylanib ketayotgani, joylarda pul uchun yashirin janglar tashkil qilish holatlari koʻpaygani qayd etildi. Mutasaddilarga bu yoʻnalishda nazoratni taʼminlash, jangovar sport turlari bilan shugʻullanayotgan yoshlarni kasbga oʻqitib, salohiyatiga mos ish bilan band qilish tizimini yaratish topshirildi.

Bugun turli radikal va ekstremistik gʻoyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinyapti. Faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib boʻlmasligi taʼkidlandi.

Bundan buyon poytaxtning har bir tumanida “Qaytaruv guruhlari” faoliyati doimiy asosda tashkil qilinadi.

Kiberjinoyatlar kundan-kunga koʻpayib, uning turlari 18 tadan 62 taga chiqdi. Ayniqsa, shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash, sunʼiy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini oʻxshatish, zararli fayllarni tarqatish avj olyapti. Oʻzlashtirilgan mablagʻlar kriptovalyuta shaklida chetga chiqarilmoqda.

Bularni tezkor fosh etish va toʻxtatish uchun huquq-tartibot xodimlari kibertexnologiyalar va sunʼiy intellektni mukammal egallashi lozimligi qayd etildi.

Shu bois, Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik boʻyicha alohida departament tashkil qilinadi va unga vazirning oʻzi masʼul boʻladi. Adliya vazirligida kiberjinoyatchilik va raqamli huquq boʻyicha alohida boshqarma ochiladi.

Kadrlar qoʻnimsizligiga barham berish, malakali va fidoyi kadrlarni ragʻbatlantirish doimiy eʼtiborda boʻlishi taʼkidlandi.

Shu bois, profilaktika inspektorlarini yanada qoʻllab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi obroʻsini oshirish boʻyicha qator yangiliklar eʼlon qilindi.

Jumladan, joriy yil 1-iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga aynan shu sohada koʻp yillik staji uchun 5 million soʻmgacha oylik ustama beriladi. 1-fevraldan yuridik oliygohni bitirib, ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarga oliygohda oʻqigan davri ham stajga qoʻshiladi. Viloyatdan kelib, poytaxt ichki ishlar idoralarida ishlayotgan xodimlarning uy ijarasiga oylik toʻlov 1,8 million soʻmdan 3,1 million soʻmga oshiriladi. Ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi.

Mutasaddilarga ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlovchi, jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi tuzilmalarini yangi tizimga oʻtkazish boʻyicha farmon loyihasini kiritish topshirildi.

Ushbu boʻlinmalar uchun xizmatni oʻtash, muomala madaniyati, tezkor harakatlanish, kuch va qurol ishlatish boʻyicha yagona standartlar joriy etilib, ular servis tuzilmaga aylanishi belgilandi.

Adliya tizimini ham kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu borada birinchi qadam sifatida Adliya vazirligi tomonidan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini “huquqiy audit”dan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. “Huquqni muhofaza qilish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, adliya organlarining aniq roli, yangi vazifa va vakolatlari belgilanadi.

Davlatimiz rahbari muhokama qilingan boshqa sohalarda ham mavjud qonun hujjatlarini takomillashtirish, yangilarini qabul qilish zarurligini taʼkidladi.

Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼullarga javobgarlik choralari belgilandi, ularga nisbatan qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi.

Yigʻilishda huquq-tartibot idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

2025-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,4 mln so‘mga yetdi

0

Bir yilda o‘rtacha oylik ish haqi 18,9% ga oshdi. Eng yuqori maosh Toshkent shahrida, eng tez o‘sish esa Namangan viloyatida qayd etildi.

2025-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 376,7 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 18,9% ga o‘sgan.

Hududlar kesimida ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati Namangan viloyatiga to‘g‘ri keldi. Hududda o‘rtacha ish haqi 22,8% ga oshib, 4,751 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda Sirdaryo viloyati 20,8% ga (5,119 mln so‘m) va Jizzax viloyati 20,5% ga (4,786 mln so‘m) turibdi.

Yanvar-dekabr oylarida hududlar bo‘yicha eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida kuzatildi — 10 mln 753,8 ming so‘m (+18,3%).

Undan keyingi pog‘onadan 7,871 mln so‘m bilan Navoiy hamda 5,967 mln so‘m bilan Toshkent viloyatlari joy oldi. Eng kam oylik maosh esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 4,476 mln so‘m.

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi:
Hududlar O‘rtacha oylik ish haqi 2024-yilning mos davriga nisbatan o‘sish
1 Toshkent shahri 10 753 600 so‘m 18,3%
2 Navoiy viloyati 7 871 600 so‘m 16%
3 Toshkent viloyati 5 967 700 so‘m 16,9%
4 Andijon viloyati 5 238 600 so‘m 13,4%
5 Sirdaryo viloyati 5 119 100 so‘m 20,8%
6 Buxoro viloyati 5 093 100 so‘m 17,2%
7 Xorazm viloyati 5 052 400 so‘m 18,4%
8 Qoraqalpog‘iston Respublikasi 5 003 100 so‘m 15,7%
9 Jizzax viloyati 4 786 000 so‘m 20,5%
10 Namangan viloyati 4 751 300 so‘m 22,8%
11 Samarqand viloyati 4 737 600 so‘m 17,8%
12 Farg‘ona viloyati 4 730 200 so‘m 19,1%
13 Surxondaryo viloyati 4 481 800 so‘m 17,4%
14 Qashqadaryo viloyati 4 476 700 so‘m 18,2%

Sohalar kesimida ish haqlari qanday bo‘ldi?

2025-yilda sohalar kesimida oylik ish haqining eng yuqori o‘sishi (26,4%) san’at va dam olish yo‘nalishlarida kuzatildi, o‘rtacha oylik ish haqi esa 5,448 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi yuqori o‘sish ta’lim sohasiga to‘g‘ri keldi (20,1%), o‘rtacha ish haqi esa 4,372 mln so‘mga yetdi.

Bank va sug‘urta sohasi eng yuqori oylik maosh bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Yanvar-dekabr oylarida bu yo‘nalishda oylik ish haqi 17,597 mln so‘mni tashkil etdi. Kuchli uchlikdan esa 15,298 mln so‘m bilan axborot va aloqa (+15,8) hamda 9,66 mln so‘m bilan tashish va saqlash (+18,9) sohalari joy oldi.

Bu davrda eng past ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (3,9 mln so‘m) qayd etilib, o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,5% bo‘ldi.

Xususan, axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha maosh quyidagi yo‘nalishlarida qayd etildi:

  • dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 19,673 mln so‘m;
  • axborot xizmatini ko‘rsatish — 18,886 mln so‘m;
  • aloqa sohasi — 12,174 mln so‘m;

Bank va moliya sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari (22,296 mln so‘m) hamda moliyaviy xizmatlar va sug‘urtalash (19,123 mln so‘m) faoliyatida kuzatildi.

Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 10,16 mln so‘m. Eng past ish haqi esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,868 mln so‘m. Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 4,278 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 4,278 mln so‘mni tashkil etdi.

«Magnit» asoschisi Sergey Galitskiy

0

Sergey Galitskiy (haqiqiy familiyasi – Arutyunyan) Krasnodarda tug‘ilib o‘sgan. Kuban davlat universitetida o‘qigan, bir vaqtning o‘zida bank sohasida ishlay boshlagan, keyin esa o‘zining birinchi ulgurji parfyumeriya kompaniyasini ochgan. Aynan o‘shanda u biznes yuritish va martabaga erishish osonroq bo‘lishi uchun xotinining familiyasini olishga qaror qilgan.

Tadbirkor tomonidan 1995-yilda asos solingan «Tender» kompaniyasi 5 yildan so‘ng uy oldidagi do‘konlar formatiga yo‘naltirilgan «Magnit» chakana savdo tarmog‘iga aylangan. Vaqt o‘tishi bilan tarmoq savdo nuqtalari soni bo‘yicha Rossiya chakana savdosi yetakchilaridan biriga aylandi.

2011-yilga kelib, «Magnit» 250 ga yaqin diskaunterga ega edi. Galitskiy arzon narxlar, o‘z logistikasini rivojlantirish va yetkazib berishni samarali boshqarishga e’tibor qaratdi. Bunday yondashuv o‘sha paytda Rossiya voqeligi uchun mutlaqo yangi edi.

Raqobatchilar yirik shaharlarga intilib, super va gipermarketlarga sarmoya kiritgan bir paytda, Galitskiy kichik aholi punktlariga e’tibor qaratdi: u viloyatlarda ijara va logistika xarajatlarini tejagan holda ixcham do‘konlarni qurdi. Bunday yondashuv «Magnit»ni 2011-yilga kelib kapitallashuv bo‘yicha yetakchilikka olib keldi.

Riteyler bu ko‘rsatkich bo‘yicha X5 Retail Group tarmog‘ini ortda qoldirdi. 2013-yilda «Magnit» oldinga chiqdi va keyingi to‘rt yil davomida bu ustunlikni saqlab qoldi.

Vaqt o‘tishi bilan X5 yana o‘z o‘rnini egalladi. «Magnit» esa ta’sischining bevosita ishtirokisiz rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. 2018-yil fevral oyida Galitskiy asosiy aksiyalar paketini VTB bankiga sotib, tushgan mablag‘larni xayriya loyihalari uchun maxsus jamg‘armaga o‘tkazdi.

YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun maxsus QR-kod: u nima va qanday ishlaydi?

0

2026-yildan boshlab YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus QR-kodni olishlari shart.

Nima bo‘ldi?.. 2025-yilning 12-avgustida prezident “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda asosiy yangilik — 2030-yil 31-dekabrgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi. Bu tartib to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalari, ya’ni mobil ilovalar orqali davlat va moliyaviy xizmatlardan onlayn foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Endilikda YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bitta ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va to‘liq o‘z faoliyatini amalga oshirishlari mumkin. Bunda elektron raqamli imzodan foydalanish talab etilmaydi, hujjatlarni biometrik identifikatsiya hamda SMS orqali tasdiqlash mumkin bo‘ladi.

YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun boshqa o‘zgarishlar qatorida:

  • yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4% dan 1% gacha pasaytiriladi;
  • daromadi 100 mln so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar aylanmadan olinadigan soliq to‘lashni boshlaydi;
  • YTTlar uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi bekor qilinadi.

02. Bunga maxsus QR-kodning nima aloqasi bor?

Qaror nafaqat imtiyozlar, balki yangi talablarni ham joriy etadi. Jumladan, har bir YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxsda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi shart. U raqamli platforma orqali yaratiladi.

Maxsus QR-kodlarning mavjud emasligi nazorat-kassa texnikasi yoki hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtiriladi. Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq, bunday qonunbuzarlik 5 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

03. Maxsus QR-kodni qanday olish mumkin?

Bunday kodni faqat maxsus raqamli platformalar generatsiya qila oladi.

04. Qanday maxsus platformalar mavjud?

Bugungi kunda prezident qarorida belgilangan talablarga faqat bitta — Paynet ilovasidagi Xolis xizmati javob beradi. Keyinchalik boshqa platformalar ham yaratilishi mumkin, Soliq qo‘mitasi allaqachon boshqa to‘lov tashkilotlari bilan birgalikda bu borada ishlar olib bormoqda.

05. Paynet Xolis’dan foydalanish majburiymi?

O‘tgan yil oxiri va joriy yil boshida tadbirkorlarni Xolis xizmatini o‘rnatishga majburlash, ularga jarima solish bilan tahdid qilish va turli bosim o‘tkazish holatlari haqida xabarlar tarqalgandi.

Keyinchalik Soliq qo‘mitasi Xolis’dan foydalanish ixtiyoriy ekanligini ma’lum qildi. Biroq, qonunga ko‘ra YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus QR-kodga ega bo‘lishlari shart. Boshqa platformalar hali mavjud emasligi sababli esa, Xolis ushbu kodni olishning yagona yo‘li bo‘lib qolmoqda.

06. Xolis xizmati bepulmi?

Ilovaga ro‘yxatdan o‘tish va undan foydalanish bepul. Biroq, Paynet hisobidan pul yechib olish uchun ma’lum miqdorda komissiya mavjud:

  • Uzcard va Humo kartalariga — 0,9%;
  • naqd pul yoki hisob raqami: komissiya 1%.

Tizim ichidagi pul o‘tkazmalari foizsiz — Xolis’dagi hisobidan Paynet hamyoniga komissiyasiz pul o‘tkazish mumkin.

Kamchiliklar:

  • hozircha korporativ kartalar bilan to‘lovlarni qabul qilish;
  • pulni qaytarish imkoniyati mavjud emas.

Keyinchalik Xolis funksiyalari kengaytirilishi rejalashtirilgan.

07. Raqamli platformalar faqat QR-kodlar uchunmi?

Yo‘q. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus raqamli platformalar yaratilmoqda — biznesni ro‘yxatga olishdan tortib, to‘lovlarni qabul qilish, soliq idorasiga hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayon bir joyda amalga oshiriladi.

Maxsus ilovalar quyidagilarni taqdim etadi:

  • biznes boshlash — masofaviy Face ID va SMS-xabar yuborish orqali YTT yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish;
  • ERIsiz hujjatlar — shartnomalar, dalolatnomalar va hisobvaraq-fakturalarni SMS-xabar orqali tasdiqlash yordamida imzolash mumkin. Ular qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi;
  • biznes hamyon — platformadagi elektron hamyon bank hisobvaraqlarining o‘rnini bosadi. Undan oylik to‘lash, hamkorlar va davlat bilan hisob-kitob qilish mumkin. Bankda oddiy hisob ochish endi shart bo‘lmaydi.

08. Avvalgidek ishlasa bo‘ladimi?

Ha, mumkin. YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bundan keyin ham oddiy kassa apparatidan foydalanish imkoniyatiga ega.

Agar tushumning bir qismi QR-kod orqali, bir qismi kassadan o‘tsa — ikki xil hisobot yuritiladi:

  • QR-kod bo‘yicha hisobotni platforma avtomatik hisoblaydi;
  • kassa bo‘yicha esa tadbirkor o‘zi hisobot topshirib, soliq to‘laydi.

Muhim: barcha tushum kassa orqali bo‘lsa ham, maxsus QR-kod baribir bo‘lishi shart. Aks holda 5 mln so‘m jarima qo‘llanadi.

09. Kimlarga QR-kod kerak emas?

Quyidagilar uchun maxsus QR-kod talab qilinmaydi:

  • taksi haydovchilari (o‘zini o‘zi band qilgan yo‘lovchi tashuvchilar);
  • kuryerlarga (tovarlarni yetkazib berish);
  • marketpleyslarda savdo qiluvchi sotuvchilarga.

Ushbu tartib agar ular ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq idorasiga uzatuvchi agregatorlar orqali ishlaganda (masalan, Yandex yoki Uzum) amal qiladi.

10. Maxsus va yagona QR bir xil narsami?

Yo‘q. Bular turli vositalar:

  • maxsus QR-kod faqat YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun mo‘ljallangan;
  • yagona QR-kod Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilmoqda hamda yuridik shaxslar uchun ochiq bo‘ladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar 2026-yil 1-iyuldan unga o‘tishlari shart.

11. Yana nimalarni bilish kerak?

Jismoniy shaxslar tovarlarni sotishda mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlarini (MXIK) qo‘llashlari mumkin. Biroq maxsus QR-kod orqali to‘lov amalga oshirilganda, xaridorlar Soliq ilovasi orqali chekni skanerlashda qaytariladigan 1% miqdoridagi keshbekni ololmaydi.