Bosh sahifa Blog Sahifa 130

“Standard & Poor’s” kelgusi yillarda O‘zbekiston bank sohasida raqobat kuchayishini kutmayapdi

0

“Standard & Poor’s” reyting agentligi yaqin bir necha yil ichida O‘zbekiston bank sohasida raqobat kuchayishini kutmayapdi. Bu haqda kompaniya hisobotida keltirilgan.

S&P hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023−2026 yillarda o‘rtacha iqtisodiy o‘sish 5,4%ni tashkil qiladi. Xususan, bunga iqtisodiy islohotlar, Rossiyadan pul o‘tkazmalari oqimi, shuningdek, postsovet mamlakatlariga eksport hajmining oshishi yordam beradi.

“Biz pul o‘tkazmalari normallashishini kutayotgan bo‘lsak-da, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi davom etayotgan mojaro va global iqtisodiy faollikning sekinlashishi sabab iqtisodiy ko‘rinish o‘zgaruvchan bo‘lib qoladi”, — deyiladi hisobotda.

Mutaxassislar, shuningdek, kelgusi ikki yil ichida bank sektorida biznes o‘sishi va barqaror rentabellikni prognoz qilmoqda.

Kreditlash sohasida aktivlar sifati yaxshilanishi kutilmoqda. 2023−2024 yillarda qarz olish xarajatlari 2,0−2,2% darajasida normallashishi mumkin.

Banklardagi muammoli kreditlar hajmi 5,5−6,5%ni tashkil etadi, bu esa nisbatan yuqori tavakkalchilikka moyillikni va risklarni baholashda zaif standartlarga ega O‘zbekistonning yaxshi iqtisodiy istiqbolini aks ettiradi.

Qulay makroiqtisodiy sharoitlar va chakana kreditlarga kuchli talabdan kelib chiqib, joriy va kelgusi yilda kreditlash hajmi 25%ga oshadi.

S&P O‘zbekiston banklari retsessiya yoki Rossiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalar natijasida zarar ko‘rmaganiga urg‘u berdi. 2023-yilda mamlakatga kapital oqimi normallashmoqda, ammo bu bank sektori uchun xavf tug‘dirmaydi. Bundan tashqari, tahlilchilar bank chakana biznesining o‘sishi va avtokreditlar berishning qisqarishini kutishmoqda.

Iqtisodchilar “Ipoteka bank»ning Vengriyaning “OTP banki»ga sotilishi misolida hukumatga keng ko‘lamli islohotlar siyosatini, jumladan, davlat banklarini xususiylashtirishni tavsiya qiladi.

“Biroq, qaror qabul qilish markazlashganligicha qoladi va korrupsiya haqidagi yuqori darajadagi tasavvurlar keyingi bir necha yil ichida ham davom etishi mumkin. Biroq, xorijlik o‘yinchilarning kelishi raqobatni kuchaytirishi mumkin, biz bank sektoridagi vaziyat keyingi bir necha yil ichida ancha barqaror bo‘lib qoladi, deb hisoblaymiz”, — deya qayd etiladi hisobotda.

Dolce & Gabbana moda brendining yaratilishi

0

Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

Bu gal moda olamida o‘z nomiga, o‘z o‘rniga ega — “Dolce & Gabbana” brendining tarixiga nazar tashlaymiz.

Uning bugungi kungacha qanday shakllangani, qanday jarayon va yo‘llardan o‘tgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.

Brend asoschilari

Domeniko Dolce 1958-yil 13-avgustda Sitsiliyaning Palermo shahri chekkasida kichik kiyim-kechak kompaniyasi menejerining kambag‘al oilasida tug‘ilgan. Olti yoshida bola ota-onasiga biznesida yordam bera boshladi. Kichkina Domeniko ishidagi epchilligi uchun uni “tikuv biznesining Motsarti” deb atashgan. Voyaga etganida, Domeniko oilaviy biznesni meros qilib olishi kerak edi, ammo oila uchun kutilmaganda u universitetga o‘qishga kirdi. Bir yil o‘tgach, yigit o‘rta maktabni tashlab, san’at maktabiga bordi. Diplom olgach, Domeniko Milanga yo‘l oldi.

Stefano Gabbana 1962-yil 14-noyabrda Milanda tug‘ilgan. U poytaxtdagi mashhur stilistning noqonuniy o‘g‘li edi. Stefano badavlat oilada o‘sgan. Qimmatbaho italyan butiklarida moda kiyimlarini sotib olib, yoshligida u o‘zi liboslar yaratishini tasavvur qilmagan. Stefano chizishni yaxshi ko‘rardi. San’at kollejining grafika va dizayn bo‘limini ijodiy direktor mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Ular Milandagi atelyeda uchrashishdi va u yerga ikkalasi ham yordamchi bo‘lib ishga kirishdi.

biznes tarixi, dolce&gabbana

Foto: “Dolce & Gabbana” brendi asoschilari, o‘ngda Domeniko Dolce, chapda Stefano Gabbana


Brend qanday rivojlangan

“Dolce & Gabbana” 1982-yilda kichik ustaxona tashkil etib, hamkorlik qila boshladilar. Ularga barokko davri va 50−60-yillardagi italyan filmlari juda yoqardi. Bu ishtiyoq hali ham ularning barcha ijodida mujassam.

Mablag‘ yetishmasligi tufayli kolleksiyaning debyut namoyishi kichik kafeda bo‘lib o‘tdi. 1985-yili dizaynerlar “Milano Collezioni” ko‘rgazmasida o‘z ijodlarini namoyish etdilar. Unda ular “Haqiqiy ayol” to‘plamini taqdim etishdi. Bu namunaviy standartlarga ega bo‘lmagan, ammo zamonaviy va mustaqil bo‘lgan ayollar uchun kiyim edi. To‘plam ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Brend logotipi

Brend logotipi minimalist dizaynga ega bo‘lib, unda kompaniya nomini tashkil etuvchi ikkita dizaynerning ismlari bor. Kompaniya o’zining ba’zi mahsulotlarida faqat to‘liq ism bilan bir xil shriftdagi D&G bosh harflaridan iborat boshqa versiyadan foydalanadi.

Brend 1985 yilda tashkil etilganidan beri logotip faqat bir necha marta o‘zgargan. Dastlab, moda uyi o‘zining to‘liq firma nomini novdalardan tashkil topgan yumaloq shakl ichida kichik ampersand bilan ishlatgan. Bu yunonlar va rimliklar kiygan dafna gulchambariga o‘xshardi. Yuqori qismida markazda xoch tasvirlangan qirollik toji bor edi.

“Dolce & Gabbana” ilk to‘plamlari

  • 1987-yilda moda uyi to‘qimachilik buyumlarini, ikki yildan so‘ng esa suzish va ichki kiyimlarni tikishni boshladi;
  • 1990-yilda brend erkaklar uchun to‘plamlarni ishlab chiqarishni boshladi;
  • 1992-yilda modalar uyi parfyumeriya sohasida o‘zini sinab ko‘rdi;
  • 1996-yildan boshlab esa erkaklar parfyumlari ham ishlab chiqarila boshlandi.

Brend turli xil savdo belgilari ostida mahsulotlar ishlab chiqaradi:

  • Dolce&Gabbana — qimmatbaho kiyimlar, aksessuarlar va parfyumeriya;
  • Dolce & Gabbana Basic — bu biroz pastroq sifatga ega arzon liniya;
  • D&G Junior — bolalar uchun mahsulotlar;
  • D&G — yoshlar liniyasi.

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash

2009-yil may oyida Italiya hukumati 2004−2006 yillarda Lyuksemburgga taxminan 249 mln yevro miqdoridagi aktivlarini “Gado” xolding kompaniyasiga o‘tkazgan Dolce & Gabbana egalarini daromadlarini yashirganlikda aybladi.

2013-yil 19-iyun kuni Domeniko Dolce, Stefano Gabbana va ularning biznes hamkorlari 1 mlrd yevro ($1,3 mlrd) daromadlarini deklaratsiya qilmaganlikda aybdor deb topildi.

Sud ikkala modelerni 1 yilu 8 oy qamoq va 500 ming yevro jarimaga tortdi. Sxemani ishlab chiqqan va dizaynerlariga maslahat bergan hisobchi Lusiano Patelli (Luciano Patelli) 20 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.


Brend bugungi kunda

2021-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, brendning aylanma daromadi 1,5 mlrd yevroni, sof foydasi esa 60,5 mln yevroni tashkil qilgan. Xodimlari soni esa 3150 ta.

2022-yilda brend o‘zining barcha to‘plamlarida mo‘ynadan foydalanishni to‘xtatdi.

Bill Geytsdan qishki ta’tilda o‘qish uchun 3ta kitob

0

“Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts o‘z blogida 2023-yilda o‘qilgan eng yaxshi 3ta kitob ro‘yxatini e’lon qildi.


“Hujayra qo‘shig‘i”, Siddhartha Mukherji

Milliarder tanlovidagi birinchi qatorni hindistonlik amerikalik onkolog olim Siddxart Mukerjining kitobi egallaydi. Yozuvchi Pulitser mukofoti sovrindori bo‘lib, o‘zining barcha hayotiy ko‘nikmalarini ushbu fantastik kitobda qo‘llagan.

“Har birimiz bir kun kelib kasal bo‘lamiz. Har birimizning kasal bo‘lgan yaqinlarimiz bor. Bu daqiqalarda nima sodir bo‘lishini tushunish va vaziyat yaxshilanishiga optimistik qarash, hayotning qurilish bloklari bo‘lgan hujayralar haqida biror narsa bilishga yordam beradi. Mukherjining so‘nggi kitobi sizga bu bilimni beradi”, — deydi Geyts.

U hayotning bir hujayrali organizmlardan qanday paydo bo‘lganligini tushuntirishdan boshlaydi va keyin insonning har bir kasalligi yoki qarish oqibati tana hujayralarida qandaydir noto‘g‘ri narsaga olib kelishini ko‘rsatadi. Muallif ushbu ajoyib kitobda o‘zining barcha mahoratini namoyish etadi.

bill geyts, kitoblar, kitoblar tavsiyasi

“Dunyoning oxiri emas”, Xanna Richi

Muallif iqlimiy qiyomat ssenariylariga zid bo‘lgan voqeani aytib beradi. Kitobda insoniyat uchun global muammo — ekologiya ko‘tarilgan.

Ko‘pgina ekologlar singari, shotlandiyalik Xanna Richi ham insoniyat tarixidagi eng fojiali davrni boshdan kechirayotganiga ishongan.

2010-yilda Edinburg universitetiga o‘qishga kirgan qiz dunyodagi ekologik muammolarni qanday hal qilishni o‘rganishni orzu qilgan. Ammo ma’ruzalarni tinglab, dolzarb tadqiqotlarni o‘rganib chiqib, ishlar yomon va uzoq o‘tmishdagidan ham yomonroq ekanligini anglagan.

Ammo keyin u shved akademigi, Karolinska institutining xalqaro sog‘liqni saqlash bo‘yicha professori Xans Roslingning asarlari bilan tanishdi va bunday keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalarga qaramay, dunyo hali ham inson farovonligining ko‘plab ko‘rsatkichlari bo‘yicha taraqqiyotga intilayotganini tushundi.

Geytsning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi haqida suhbatlashish uchun har bir kishi ushbu adabiyotni o‘qishi kerak. Kitob javonlarga faqat 2024-yilning yanvar oyida chiqadi.

bill geyts, kitoblar, kitoblar tavsiyasi

“Ixtirolar va innovatsiyalar: shov-shuv va muvaffaqiyatsizlikning qisqacha tarixi”, Vatslav Smil

Mashhur kanadalik energetika innovatsion tadqiqotchisi Vatslav Smil Bill Geytsning sevimli mualliflaridan biri bo‘lib, u o‘zining yillik ro‘yxatlarida o‘z kitoblarini bir necha bor eslatib o‘tgan.

Geyts Smilning energiyaning inson hayotidagi rolidan tortib, yapon ratsionidagi o‘zgarishlargacha bo‘lgan mavzularni o‘z ichiga olgan 44 ta kitobining hammasini o‘qib chiqqan va u bilan bir necha bor uchrashgan va suhbatlashgan.

Tadbirkorning qayd etishicha, garchi biz kelajakni xuddi shunday ko‘rmasak-da, hech kim o‘tmishni Smildan yaxshiroq tushuntira olmaydi.

“Agar siz insonning zukkoligi bizni shu vaqtga qanday olib kelganini bilmoqchi bo‘lsangiz, men ushbu kitobni tavsiya qilaman”, deydi Geyts.

bill geyts, kitoblar, kitoblar tavsiyasi

Shavkat Mirziyoyev SPЕKA sammitida qanday takliflarni bildirdi?

0

Shavkat Mirziyoyevning BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — SPЕKA sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Davlat rahbari dastur doirasida hamkor mamlakatlar bilan amalga oshirish bo‘yicha bir qancha taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchidan, O‘zbekiston SPЕKA dasturini iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida ochiq va ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish tarafdoridir.

“Shu maqsadda sheriklikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, dasturimizning institutsional asoslarini mustahkamlash vaqti keldi, deb hisoblayman”, — dedi prezident.

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKATO ekspertlari bilan birgalikda “SPЕKA-2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Ikkinchidan, dastur doirasida mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Gap mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida tajriba va amaliyotlarni joriy etish haqida ketmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, davlatlar o‘zaro savdo aylanmasini hozirgi $52 mlrddan 2030-yilga borib $100 mlrdga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70%ga yetkazish uchun imkoniyatlar mavjud.

“Uchinchidan, hamkasblarim ta’kidlaganidek, SPЕKAning Maqsadli jamg‘armasini tashkil etishni tezlashtirish va kelgusi yilning o‘zida uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish kerak”, — dedi davlat rahbari.

Prezident jamg‘arma faoliyati, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyorligi ta’kidlandi.

“To‘rtinchidan, bugun qabul qilinayotgan Transkaspiy multimodal yo‘lagi bo‘yicha ma’lumot va hujjatlar almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi»ni hayotga to‘liq tatbiq etish tarafdorimiz”, — dedi prezident.

Bu borada kelgusi yilning boshida O‘zbekistonda mamlakatlar transport vazirlari, logistika kompaniyalari, yuk tashuvchilari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari hamda soha ekspertlari ishtirokida “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini o‘tkazishga tayyor ekanlik bildirildi.

BMTning ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni ilgari surish niyati bildirildi.

Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzish va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazish taklif etildi.

Ushbu tadbirning kun tartibidan quyidagi masalalar asosiy o‘rin egallaydi:

  • agrosanoat korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish;
  • ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan yechimlarni joriy etish;
  • “ekspress” yo‘laklarni ishga tushirish.

Oltinchidan, suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liqligidan kelib chiqib, SPЕKAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini — ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi»ni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.

“Bunday o‘tkir va tobora avj olib borayotgan muammolarni mintaqamizdagi hech bir davlat yakka holda o‘z kuchi bilan hal qila olmaydi”, — dedi prezident.

Yettinchidan, prezident SPЕKA doirasida ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPЕKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish bo‘yicha taklifni ko‘rib chiqishni so‘radi.

Shuningdek, Kengash doirasida mamlakatlar ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligiga hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPЕKA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash taklif etildi.

Ma’lum sabablarga ko‘ra, uchrashuv Afg‘oniston davlati vakillari ishtirokisiz o‘tmoqda. Prezident Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKATO rahbariyatiga murojaat etib, ularni SPЕKA dasturi doirasida afg‘on tomoni bilan ishchi aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqirishni qayd etdi.

“Ushbu mamlakatni o‘z muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi”, — deya qayd etdi prezident.

Biznesni tekshirish: nazorat qilinishi kerak bo‘lgan 14 narsa

0

Biznes samarali ishlashi uchun bu ko‘rsatkichlarni kuzating.

Statistikaga ko‘ra, biznes uch yil yashaydi, biroq kichik biznes uch yildan uzoq yashashi kamdan-kam kuzatiladi. Yuztadan uchtasigina uzoqroq umr ko‘radi, qolganlari yopilib ketadi. Asosiy sabab – norentabellik. Bari joyida ekanini bilish uchun qo‘lingizni pulsda tuting: biznesni nazorat qilib, yangi ko‘rsatkichlarni kuzatib boring.

Bu maqolada aynan shu haqida so‘z yuritamiz: qayerga nazar solish lozim, raqamlar nima va biznesda bari joyida ekanini qanday tushunish mumkin?

Pul

Biznes bu – pul. Aniqrog‘i u olib kelayotgan pul miqdori. Shuning uchun rentabelligini kuzatish muhim. Murakkablik shundaki, moliyaviy ko‘rsatkichlar ko‘p: ROI, ROA, ROE, P&L, EBITDA. Barini hisoblash mushkul. Biroq bir qator ko‘rsatkichlarni nazorat qilish kerak.

1. EBITDA

EBITDA biznesingiz soliq, kredit bo‘yicha to‘lovlar va investitsion xarajatlar (uskuna, ta’mirlash, xodimlarni o‘qitish)ni hisobga olmaganda qancha pul keltirishini ko‘rsatadi. Xuddi bu xarajatlar mavjud bo‘lmagandek.

Agar EBITDA ijobiy bo‘lsa, biznes ishlaydi. Hatto qarzingiz bo‘lsa ham biznes baribir pul olib keladi, muammolarni esa hal qilsa bo‘ladi. Agar ko‘rsatkich nolga teng bo‘lsa, yoki minusga qarab ketsa, kompaniya zararga ishlamoqda va choralar ko‘rish kerak.

EBITDA dinamikasini kuzatish va ko‘rsatkichni oshirishga harakat qilish kerak: xarajatlarni qisqartirish, foyda va daromadni oshirish, ko‘proq mijozlarni jalb etish.

2. Alternativ xarajatlar

Ular mablag‘ni qay darajada samarali boshqarganingizni ko‘rsatadi: plyusda qoldingizmi yoki minusga ketdingizmi?

3.O‘rta chek, konversiya, chekdagi birliklar soni

Bu ma’lumotlar har qanday savdo nuqtasidagi savdolarni ko‘rsatadi. Biznes muvaffaqiyatli rivojlanmoqdami? U qanday ishlayotganini o‘rganing. Ko‘rsatkichni oshirib, biznes daromadini oshirish mumkin.

Chekdagi birliklar soni – bir mijoz o‘rtacha qancha mahsulot sotib olayotganini ko‘rsatadi. Agar ko‘rsatkich birga teng bo‘lsa, qo‘shimcha savdolar bilan ishlang: xodimlar uchun treninglar o‘tkazing, mahsulotlar joylashuvini o‘zgartiring.

Konversiyani kuzating – qancha odam qo‘shni qahvaxonaga ketmasdan sizga buyurtma berdi. Oydan oygacha ko‘rsatkichlarni taqqoslang va natijalarni tahlil qiling.

4. Mavsumiylik va «qora kun»ga moliyaviy yostiq

Daromad oydan oyga qanday o‘zgarishini kuzating va savdolar kam bo‘lgan vaqtda ijara haqini to‘lash, maosh berish uchun pul yig‘ib qo‘ying. Xavfsizlik yostig‘ini shakllantirsangiz yanada yaxshi. Zaxira fondi bo‘lmasa, biznesni yo‘qotish ehtimoli ortadi: yoki uni yopish, yoki qarzga botib qolish mumkin.

5. Xarajatlar

Ular operatsion va investitsion bo‘ladi. Investitsion bu – uskuna, xodimlar uchun forma, ta’mirlash. Operatsion – ijara, xarid, jamoa uchun maosh. Operatsion xarajatlarni bilish va rejalashtirish lozim. Aks holda minusga kirasiz va qarzga pul olishni boshlaysiz.

6. Reklama kampaniyasi ROI’si

Ko‘plab tadbirkorlar hech qanday ma’lumotlarga asoslanmay, pulni reklamaga sarflashadi. Katta mablag‘ xarajat qilinadi, biroq natija bo‘lmaydi. Buni chetlab o‘tish uchun kompaniya ROI’sini kuzatishi va mos keluvchi maydonchalarga joylashtirishi kerak. ROI bu – investitsiyalarning o‘zini o‘zi oqlashi. Ular har bir sarflangan bir so‘m qancha daromad keltirayotganini ko‘rsatadi.

Mijozlar

7. Mijozlar keladigan joy

Odamlar siz haqingizda qayerdan ma’lumot olishganini kuzating. Bu sizga reklamaning aynan qaysi turiga pul sarflash kerakligini ko‘rsatadi.

8. Mijozlarning ijtimoiy tarmoqlardagi fikri

Agar ijtimoiy tarmoqlarda siz haqingizda salbiy fikr bildirishayotgan bo‘lsa, biznesning obro‘si yo‘qotishlarga uchramoqda. Shuning uchun mijozlarning shikoyatlariga tez va to‘g‘ri javob bering.

Hamkorlar va raqobatchilar

9. Yetkazib beruvchilar

Yetkazib beruvchilarni nazorat qiling: ular barini o‘z vaqtida, sifatli bajarishyaptimi? Doimiy ravishda yangi yetkazib beruvchilar va manfaatli shartlarni izlash kerak.

10. Raqobatchilar

Biznes bir maromda yurishi uchun raqobatchilarni kuzatish lozim. Ular qanday faoliyat yuritayotgani va mijozlarni olib ketmayotganini tushunish muhim. Bu foydali: raqobatchilar tajribasidan o‘rnak olish, ko‘zga yaqqol tashlanadigan xatolarini takrorlamaslik kerak.

Xodimlar

11. Xodimlarning layoqati

Biznesingiz qo‘lingizda ishlaydigan odamlarga bog‘liq. Bar ishchisi qahva tayyorlashni bilishi va mijozlar bilan xushmuomala bo‘lishi, savdolar bo‘yicha menejyer – ishontira olishi, ma’mur – mijozlar bilan muloqot qila olishi lozim. Shuning uchun xodimlarga o‘rgatish va ularni nazorat qilish muhim.

Mijoz buyurtma berishi uchun qo‘lingizdan kelganini qildingiz, biroq u xodimingizning layoqatsizligi va qo‘polligi sabab raqobatchingizga ketsa, juda achinarli bo‘ladi.

12. Xodimlarning bandligi

Xodimlar tez-tez almashmasligi uchun ularni o‘ta ishga ko‘mib tashlash yaramaydi. Ko‘pincha mana bunday bo‘ladi: xodim qanchalik malakali bo‘lsa, shunchalik ishi ko‘p bo‘lgan holatlar kuzatiladi. Ba’zida bu ishlarni o‘zga xodimlar orasida taqsimlash ham mumkin. Natijada eng qimmatli xodimlar juda ko‘p ishlaydi va ishdan bo‘shaydi. Qolganlarning ish bilan bandlik darajasi yuqori emas va professional ko‘nikmalarini ham yaxshilamaydi.

13. Vakolatlarni taqsimlash

Biznesda bari o‘z joyida, biznes-jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan: xodimlar o‘z majburiyatlarini biladi, bari soat kabi, reja bo‘yicha ishlaydi. Bunday tizimni yo‘lga qo‘yish – tadbirkorning asosiy vazifasi.

Agar haftasiga 60 soatdan ishlab, nima uchun hech nimaga ulgurmayotganingizni tushunmasangiz, majburiyatlarni xodimlarga bering va tizimni to‘g‘rilang. Qo‘lda boshqaruv rejimida ishlash – yaxshi fikr emas. Ta’tilga borolmaysiz, tunda telefonni o‘chirolmaysiz, natijada nevroz kasalligiga duchor bo‘lasiz.

Qonunchilik

14. Qonundagi o‘zgarishlar

Biznesingiz O‘zbekistonda bo‘lsa, bu yerdagi qonunlarga rioya etish kerak. Ular ko‘p, doim o‘zgaradi va qo‘shimchalar qo‘shiladi. Biroq qonunlarni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi. Shuning uchun o‘zgarishlarni kuzating va qonunga rioya qiling.

Biznes bu – murakkab, biroq real amalga oshirsa bo‘ladigan ish. Agar u to‘g‘ri tashkil qilinsa, aziyat va zararlarsiz boshqarish mumkin. Muhimi – barini o‘z oqimiga tashlab qo‘ymaslik va asosiy ko‘rsatkichlarni nazorat qilish.

Stiv Jobs kim bo‘lgan va Apple kompaniyasiga qanday asos solgan?

0

“Spot” xorijlik va o‘zbekistonlik muvaffaqqiyatli biznes asoschilari hayoti haqida hikoya qiluvchi “Biznesmenlar tarixi” sahifasini davom ettiradi.

Bu safar dunyoning eng mashhur brendlaridan biri sanalgan “Apple” kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs hayoti, biznesini qanday boshlagani va muvaffaqiyati haqida so‘z yuritamiz.

Stiv Jobs hayoti

Stiven Pol Jobs — amerikalik tadbirkor va ixtirochi. 1955-yil 24-fevralda Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida tug‘ilgan.

Dastlab, Portlenddagi Rid kollejiga o‘qishga kiradi, ammo, ma’lum muddat o‘tgach uni tashlab ketadi. Bolaligidan otasi bilan birgalikda oilaviy garajda elektron jihozlar yaratish bilan shug‘ullangan.

Otasi unga elektronikani qanday ajratish va ta’mirlashni o‘rgatadi. Natijada, mukammallikka yo‘l uning uyidagi garajidan boshlanadi.

Birinchi “Apple” kompyuteri

1976-yilda Stive Jobs va Stiv Voznyak birgalikda “Apple Computer” kompaniyasiga asos soladi. Ular yaratgan birinchi shaxsiy kompyuter “Apple I” $666ga sotilgan. Shu tariqa kompaniyaning sotuv hajmi 3 yil ichida $200 mlnga yetadi.

Kompaniya tomonidan “IPhone”, “iPad” va “iPod»ni o‘z ichiga olgan gigant texnologiyalar yaratildi. 2007-yilda esa o‘zining birinchi sensorli mobil telefonini taqdim etadi va bu texnika orqali MP3 va videolarni ijro etish va internetga kirish mumkin edi.

Bir yildan so‘ng kompaniya “iPhone 3G” modelini ishlab chiqardi. Ushbu model chiqqandan keyin, dastlabki uch kun ichida 1 mln dona sotilgan. O‘sha yili “iPhone” foydalanuvchilari ilovalarni xarid qilishlari mumkin bo‘lgan “App Store” onlayn-do‘koni ham taqdim etildi.

“Apple” logotipi tarixi

Voznyak intervyularidan birida “Apple” logotipi g‘oyasi o‘sha paytda “Oregondagi bog‘larda ishlagan” Jobs tomonidan ilgari surilganini keltirib o‘tgan.

Stiv Jobsning tarjimai holiga ko‘ra, bu nom g‘oyasi unga olma fermasidan qaytganidan keyin kelgan. Bunday nomning afzalliklaridan biri uning A harfi bilan boshlanishi, ya’ni kompaniya istalgan ro‘yxatda yuqori o‘rinni egallay olishida edi.

Oilasi

Stiv Jobs Laurena Pauel bilan turmush qurgan va ularning Rid, Erin va Iv ismli farzandlari bor.

2011-yilning 5-oktabr kuni mashhur biznesmen Kaliforniyaning Palo-Alto shahrida 56 yoshida oshqozon osti bezi saratoni kasalligi oqibatida vafot etadi.