Bosh sahifa Blog Sahifa 126

“Kuniga mingtagacha somsa sotamiz” – Nyu-Yorkka tandir olib borgan o‘zbek

0

Urgutlik Yahyobek Polvonov AQShda oshxona ochib, 36 xil o‘zbek milliy taomini pishiryapti. Uning Nyu-York ko‘chalaridan biridagi mo‘’jazgina oshxonasiga har kuni yuzlab mijoz ovqatlangani keladi.

Ayni kunlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri u yerdagi vatandoshlarimiz hayoti haqida reportajlar tayyorlamoqda.

Qahramonlarimizdan biri – Samarqand viloyatining Urgut tumanidan bo‘lgan Yahyobek Polvonov. U AQShga O‘zbekistondan tandir olib borgan o‘zbeklardan biri. U 2016 yilda Nyu-Yorkda o‘zbek oshxonasini ochgan. 20 kishini ishli qilgan oshpaz ayni paytda bu yerda 36 xil o‘zbek milliy taomlarini pishirmoqda.

“AQShda biznes yuritish tilni bilgan insonga qiyin emas. Qonuniy ishlasangiz, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lasangiz bas. Masalan, 10 ming AQSh dollari pul topsak, shuning qariyb 900 dollarini soliq sifatida to‘laymiz. Bir pors osh narxi 13 dollar, somsa esa 3-4 dollar”, – deydi Yahyobek Polvonov.

Oshpazning aytishicha, oshxonada kuniga 25 kg osh damlanadi, mingtagacha somsa pishiriladi.

“Mijozlarimiz – asosan milliy taomlarimizni sog‘ingan hamyurtlarimiz. Boshqa millat vakillari ham ovqatlanish uchun kelib turishadi”, – deydi hamyurtimiz.

Farrux Absattarov,
Kun.uz, Nyu-York.

Cherchilldan Gandigacha. Tarixni yaratgan siyosatchilar yozgan 9ta mashhur kitob

0

Tarixni bevosita o‘sha voqealarga nafaqat guvoh, balki unda asosiy qarorlarni qabul qilgan shaxslardan tinglash qiziqarli. O‘sha davrda siyosatchilar u yoki bu qaroriga qanday izoh berishi, qanday kechinmalar bilan yashaganini bilishni istasangiz, quyidagi 9ta kitob bilan tanishib chiqish zarur.

Uinston Cherchill, «Ikkinchi Jahon urushi»

Uinston Cherchill nomi Buyuk Britaniya tarixida ikki marta bosh vazir lavozimini egallagan va II Jahon urushida qirollik nomidan harbiy harakatlarni muvofiqlashtirgan siyosatchi sifatida tarixda qoldi. U lavozimi davrida (1940-1945 va 1951-1955) uch monarx qasamyodini kuzatdi, 1953 yilda esa Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Avtobiografiya uslubida yozilgan, 6 tomdan iborat «Ikkinchi Jahon urushi» asarida Cherchill har bir muhim qaror va urushning holatiga sharh berib ketgan. Kitobda voqealar I Jahon urushi yakuni va dunyoni qayta bo‘lib olishga bo‘lgan harakatlar bilan boshlanadi. Cherchill kitobida Germaniyaning SSSRga hujumi, ittifoqdoshlarning munosabati, AQShning Yaponiyaga atom bombasini tashlashi va barcha e’tiborga molik masalalarga batafsil to‘xtalgan.

Sergey Yulevich Vitte, «Xotiralar»

Graf Sergey Vitte – Rossiya imperiyasi amaldori, moliya vazirligidan chiqib, vazirlar mahkamasini boshqargan siyosatchi. U bosib o‘tgan yo‘l va iqtisodiy-siyosiy islohotlari ko‘p e’tirofga sazovor bo‘lgan, Vitte davrida imperiyaning iqtisodiy salohiyati ancha yuksalgan. Uning memuari 1900-1910 yillarda yozilgan, ammo Vittening o‘limidan keyin jamoatchilikka oshkor bo‘lgan.

«Xotiralar»da Sergey Yulevich dastlab imperator Aleksey III, keyinchalik iqtidorga kelgan Nikolay II shaxsiga ham to‘xtalib o‘tadi. Kitob orqali XIX asrda yashagan Rossiya imperiyasi va uning bosqinchilik harakati haqida birinchi manbadan ma’lumot olish mumkin.

Margaret Tetcher, «Davlat boshqaruvi san’ati»

Baronessa Margaret Tetcher yoxud «temir xonim» 10 yillab Buyuk Britaniya saroyida bosh vazir lavozimida xizmat qildi. Qarorlardagi qat’iylik va konservatizm uchun uni omma «temir xonim», uning izdoshlarini «tetcherizm» tarafdorlari deb atay boshladi. Ushbu kitobda baronessa davlat boshqaruvida yuzaga kelayotgan masalalarga qanday munosabat qilishiga to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, u kitobida tashqi siyosat borasida ko‘p fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

Tetcher shaxsiga qiziqmagan shaxslar ham, ushbu kitobni o‘qib, XX asrda Yaqin Sharq, SSSR va Yevropa duch kelgan qiyin vaziyatlarni nozik nuqtadan ko‘rishi mumkin.

Napoleon Bonapart, «Muqaddas Yelena mahbusining fikrlari»

Albatta, siyosatchilarning avtobiografiya asarlari orasida Bonapart alohida o‘rin tutishi bor gap. Korsikada tug‘ilgan bo‘lajak imperator Fransiya tarixida qanchalar muhim rol o‘ynashini zamondoshlari anglamagan bo‘lishi mumkin, ammo tarixga qiziqqan o‘quvchi uning beqiyos o‘rnini yaxshi biladi.

Mahbuslik davri o‘zining sodig‘i Las Kaz bilan bitilgan memuar Napoleon o‘limidan ikki yil o‘tib nashr etiladi. Kitob orqali Bonapartning dunyosiga sayr qilish mumkin.

Tomas Jyefferson, «Buyuk Amerika. Hokimiyatning maxfiy qudrati»

AQShning uchinchi prezidenti, Mustaqillik deklaratsiyasini tuzish bo‘yicha qo‘mita rahbari Tomas Jyeffersoning mazkur kitobida AQSh davlat sifatida qanday paydo bo‘lganini chuqur o‘rganish mumkin.

Jyefferson tarixda nafaqat siyosatchi, diplomat yo faylasuf, balki yaxshi yozuvchi, agronom va arxitektor sifatida nom qoldirgan. Shunday ekan, uning kitobini o‘qish ham maroqli, ham foydali bo‘ladi.

Duayt Eyzenxauer, «Yevropaga yurish. AQSh va Rossiya birga bo‘lgan davr»

Ikkinchi Jahon urushi haqida yana bir nodir asar, uning muallifi AQSh prezidenti va bevosita Sovuq urush me’morlaridan biri – Duayt Eyzenxauer. Urush yillari Yevropadagi AQSh qo‘shinlarini boshqargan general Eyzenxauer SSSR rahbarlari bilan bir necha marta jonli muloqot qilgan, hattoki, sovetlarning «Pobeda» ordeni bilan taqdirlangan. Shunga qaramay, uning davrida aloqalar yomonlashgan.

Duayt Eyzenxaer Ikkinchi Jahon urushiga qo‘shilmay turgan AQShning harbiy harakatga qo‘shilishi, Normandiyaga qo‘shin tashlashi va urush davomida amerikaliklarning qarashlari qanchalik o‘zgargani haqida batafsil yozadi.

Lev Trotskiy, «Mening hayotim»

SSSRni eslaganda, birinchi navbatda, Trotskiy va uning asari bilan tanishib chiqish sog‘lom fikrlovchi barcha tarixchilarga majburiy sanaladi. Ushbu kitob 1991 yilgacha SSSRda taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatida turgan. Avtobiografiyada esa maxfiy sir fosh etilmagan, SSSR oddiy hayoti, ammo ishonchli ifodalar bilan tasvirlangan.

Stalinni qattiq yomon ko‘rgan, alaloqibat hokimiyatlar kurashida unga yutqazgan Lev Trotskiy 1929 yildayoq SSSRdan quvilgan. Muhojirotda yozilgan kitobda Rossiya imperiyasi qanday qilib sovetlar davlatiga aylanib qolgani yozilgan.

Maxatma Gandi, «Mening hayotim»

Foto: Oriftolib.uz

O‘zbek auditoriyasiga «Mening hayotim» nomi bilan tanilgan Gandining memuar asarida Hindistonning Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishi, mustaqil davlatchilik haqida so‘z yuritiladi. U zo‘ravonliksiz mustamlakaga qarshi tura olishni amalda isbotladi, buni qanday yuz berganini kitobida yozgan.

Li Kuan Yu, «Uchinchi dunyodan – birinchisiga»

Rivojlangan davlatni noldan qurish bo‘yicha eng mashhur qo‘llanma, desa bo‘ladigan avtobiografik asar muallifi barchasini maroq bilan o‘qish uchun batafsil yozgan.

Singapurning birinchi prezidenti Li Kuan Yu Britaniya mustamlakasi bo‘lgan davlatni boy mitti mamlakatga aylantirish uchun qanday choralar ko‘rganini bilishni istasangiz, aynan shu kitobni o‘qing.

“RBK Life”dan Alisher Ro‘zioxunov tarjimasi

Pulga munosabat va biznesni o‘rgatuvchi o‘yin haqida eshitganmisiz?

0

“Monopoliya” – ikki va undan ortiq, 8 yoshdan katta bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan iqtisodiy va strategik o‘yin. XX asrda dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida mashhurlikka erishgan ushbu o‘yin “Menejer”, “Imperiya”, “Biznesmen” nomlari bilan ham atalgan. O‘yinning maqsadi boshlang‘ich kapital (mablag‘) bilan boshqa o‘yinchilarning bankrot (kasod) bo‘lishiga erishish.

O‘yin tarixi

“Monopoliya” 1933-yil 7-martda Charlz Darrow tomonidan o‘ylab topilgan. 1934-yil u o‘z loyihasini aka-uka Parkerlar (inglizchada Parker Brothers) kompaniyasiga ko‘rsatadi, ammo “dizayndagi 52 xato” tufayli loyiha inkor qilinadi.

1935-yil Charlz Darrow do‘sti yordamida 5000 ta qo‘lda tayyorlangan o‘yinni Filadelfiyadagi univermagda sotadi. Ko‘p vaqt o‘tmasdan o‘yin asoschisi talab ko‘pligidan hech narsaga ulgura olmay qoladi va yana o‘sha kompaniyaga murojaat qiladi. “Monopoliya” tarixda 1936-yilning o‘zida AQShda eng ko‘p sotilgan o‘yin bo‘ldi.

“Boy ota, kambag‘al ota” va shu bilan birga bir qancha asarlar muallifining ham eng sevimli o‘yini “Monopoliya” bo‘lgan. Uning o‘yin qarshisida soatlab o‘tirishlari, albatta, maktabdagi o‘qishlariga ta’sir qilmay qolmaydi. O‘yin uning doimiy sevimli mashg‘uloti bo‘lib qolgan va do‘stlari hamda yaqinlarini “Monopoliya”ni o‘ynashga ko‘p chorlagan.

O‘yinning foydali jihatlari

  • O‘yin klassik kapitalistik iqtisodiyotning asosiy tamoyillarini oddiy, o‘yin tarzida oson o‘rgatadi.
  • Pulga bo‘lgan munosabat (qayerda, qanday, nimaga ishlatish)ni o‘rgatadi.
  • Omadli tadbirkorlar avlodini shakllantiradi.
  • O‘yinchilar bir-biri bilan kelishayotgan paytda diplomatik aloqalar o‘rnatishni o‘rganadilar.
  • Agar bola “Monopoliya” o‘yinini yaxshi o‘zlashtirsa, maktabdagi iqtisodiyot darslarini bemalol tushuna oladigan bo‘ladi.
  • O‘yin davomida bolalarda biznesga doir ko‘nikmalar paydo bo‘ladi.

O‘yin qoidalari

O‘yinchilar tosh (zarik)larni uloqtirishadi va tushgan raqam bo‘yicha yurish qilishadi. Qaysi katakchaga tushganiga qarab o‘yinchi o‘sha katakdagi mamlakatni sotib olishi, agar sotib olingan bo‘lsa u yerda turgani uchun ma’lum darajadagi soliqni yer egasiga to‘lashi kerak.“Voqealar” joyiga tushgan o‘yinchi kartalarda yozilgan vazifalarni bajarishi yoki qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Masalan, bankdan qo‘shimcha mablag‘ oling (bank ham o‘yinchi-fuqarolar bilan o‘zaro munosabatda bo‘luvchi o‘yinchi), bankka ma’lum miqdorda pul to‘lang, boshqa hududga sakrab o‘ting, bitta gal o‘tkazing va boshqalar.

Qisqa qoidalar

  • Barcha soliq va jarimalar maxsus bankka joylanadi. “Bepul to‘xtash”ga tushgan inson ushbu pullarga ega bo‘la oladi.
  • “Start” maydoniga har safar kelinganda o‘yinchilarga ma’lum bir miqdorda pul to‘lanadi.
  • “Qamoq”qa tushgan o‘yinchi jarima to‘laydi yoki bir gal o‘tkazganidan so‘nggina yana o‘yinga qayta oladi.

O‘yinga doir qoidalari qo‘llanma sifatida o‘yin bilan birga sotiladi. Shu bilan birga hozirgi kunda “Monopoliya”ni kompyuter va smartfonlarda ham o‘ynash mumkin. Lekin do‘stlar va oila a’zolar uchun an’anaviy “stol o‘yini”ga nima yetsin.

Prezident yoshlar bilan ishlash bo‘yicha kelasi yilga mo‘ljallangan vazifalarni belgilab berdi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Bu boradagi chora-tadbirlar 7 ta yo‘nalishda amalga oshirildi. Davlatning alohida e’tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga o‘qitildi.

“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.

Joriy yilda yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.

Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” bu yildan boshlab 4 ta yo‘nalishda –mahalla, maktab, professional ta’lim va oliygohlar tizimida o‘tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida jami 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.

Iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.

Prezidentimizga Navoiy viloyatida barpo etilgan To‘dako‘l xalqaro shaxmat maktabi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan ushbu maktab yil davomida 1 ming 700 nafar o‘g‘il-qizni o‘qitish va 7,5 ming nafar yoshni turli tadbirlar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. U yerda jahon va Osiyo chempionatlari, universiada kabi xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu maktabga xalqaro grossmeysterlarni olib kelib, olis hududlardagi iqtidorli bolalarni ham jalb qilish, ular uchun shaxmat bo‘yicha qisqa muddatli oromgohlar tashkil qilish va tegishli sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablari uchun tajriba va metodika manbai bo‘lishi kerakligi, shaxmat darslarini olib borish jarayonini raqamlashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga ham e’tibor qaratildi.

Har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi.

Bolalarning ko‘nikmalari, qiziqishlari va iste’dodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlar soni 1,5 million nafarga yetkazish choralari ko‘riladi. Buning uchun hududlarda qo‘shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

0

“Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi 5 ta bob va 24 ta moddadan iborat bo‘lib, unda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha umumiy qoidalar, ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solish, sog‘lom ovqatlanishga erishish, oziq-ovqat xavfsizligida axborot ta’minoti, shuningdek, yakuniy qoidalarni belgilash nazarda tutilgan.

Qonunning maqsadi davlat iqtisodiy xavfsizligini ajralmas qismi bo‘lgan O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini tartibga solish, shuningdek, fuqarolar oziq-ovqat mahsulotlarini nutriyentlar bilan boyitilganligi va xavfsizligining huquqiy asoslarini ta’minlashdan iborat.

Qonun loyihasida quyidagi asosiy qoidalar belgilanmoqda:

1. Qonun loyihasida qo‘llanilgan 15 ta asosiy tushunchaning mazmuni bayon etilgan: “oziq-ovqat xavfsizligi”, “oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash”, “oziq-ovqat balansi”, “oziq-ovqat tanqisligi”, “davlatning oziq-ovqat mustaqilligi”, “davlatning oziq-ovqat zaxirasi”, “hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari”, “sog‘lom ovqatlanish”, “xomashyosi”, “oziq-ovqat mahsulotlari iste’molining oqilona me’yorlari”, “oziq-ovqat mahsulotlarini zarur darajada ishlab chiqarilishi”, “oziq-ovqat mahsulotlarga jismonan erishishga qulaylik”, “oziq-ovqat mahsulotlariga erishishning iqtisodiy qulayligi”, “qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi”, “iqtisodiy xavfsizlik”.

2. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy tamoyillari belgilanmoqda.

3. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda davlat tomonidan tartibga solish qoidalari belgilanmoqda.

Bunda:

  • Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organi, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlariga aniqlik kiritilmoqda;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda;
  • vakolatli davlat organiga oziq-ovqat xavfsizligini tizimli ta’minlash uchun boshqarish tuzilmasini shakllantirish bo‘yicha hukumatga taklif ishlab chiqish va taqdim etish, tarmoqlararo tuzilmalarni va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli vazifalarni amalga oshirishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, blokcheyn texnologiyasi yoki boshqa raqamli texnologiyalardan foydalangan holda oziq-ovqat mahsulotlarini butun qiymat zanjiri bo‘ylab kuzatish imkonini beruvchi izma-iz nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hukumatga taklif ishlab chiqish va boshqa ko‘plab vazifalar yuklatilmoqda.

O‘zbekiston va YeTTB 7 ta sohada loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

0

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bosh kotibi Kazuhiko Koguchi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlash va o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bir qator istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, jumladan, bankning davlat korxonalari va banklarini o‘zgartirish hamda xususiylashtirishda faol ishtirok etishi, «yashil» rivojlanish, toza energiya, transport, ayollar va yoshlar tadbirkorligi, shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti, raqamlashtirish va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bugungi kunda bankning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalari 3,5 milliard yevrodan oshgan va loyiha portfelining 60 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.