Bosh sahifa Blog Sahifa 120

Endi investorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan 3 yilga ozod etiladi

0

Mamlakatga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi $60 mlrddan oshdi. Xalqaro moliya institutlarining $14 mlrddan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga yo‘naltirildi.

2-may kuni Xalqaro kongress markazida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi.

Unda davlat rahbari nutq so‘zlab, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash yo‘nalishida to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish ishlari boshlanganini qayd etdi.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha mamlakatning iqtisodiy o‘sishi 6%ni tashkil qildi. Inflyatsiya 9%gacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda. Mamlakatda $60 mlrddan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining $14 mlrddan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

O‘tgan yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar ko‘paydi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilib, 100 minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Forum doirasida “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida qiymati $10 mlrddan ortiq yangi loyihalarga start beriladi. Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

Energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etish rejalashtirilgan.

Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgani qayd etildi. Uning tarkibida AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy, BAA kabi mamlakatlardan 90dan ortiq nufuzli hakamlar o‘rin olgan.

Avvalroq mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestri yuritilishi ma’lum qilingandi. Reyestr Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi saytida alohida bo‘lim sifatida 1-iyuldan yo‘lga qo‘yiladi.

SEKTA marketing agentligi asoschisi Sergey Kimning 5ta xatosi

0

Sergey Kim “SEKTA” marketing agentligi asoschisi va direktori. Kompaniya bozorni o‘rganish va maqsadli auditoriya, shuningdek, brend dizaynini yaratish bilan shug‘ullanadi.

“SEKTA” g‘oyasi Sankt-Peterburgda paydo bo‘lgan va Sergey sevgilisi va keyinchalik rafiqasi bo‘lgan Yuliya bilan tanishgach u yerga ko‘chib o‘tgan. U yerda Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universiteti (biznes kommunikatsiyalari yo‘nalishi)ni tamomlagan.

Sergeyning Sankt-Peterburgda “Bushe” qandolatchilik tarmog‘i jamoasi bilan uchrashuvi uning brend ixlosmandiga aylanishiga turtki bo‘ldi. “Bushe” sevgini aniq va yorqin ifoda etgani bilan hayratda qoldi. Qandolatchilik fabrikasining asoschisi Oleg Lega kichik qizi bilan suhbatda o‘z biznesining falsafasini quyidagicha ifodalagan: “Sevgi — bu qachonki kakao bo‘laklarsiz bo‘lganda”. Haqiqatan ham, sevgan insoningiz uchun kakaoni beparvo holda tayyorlamaysiz, u bo‘laklarsiz mazali tamga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng, Sergey ham mazmunli brendlar yaratmoqchi ekanligini tushundi.

2019-yilda O‘zbekistonga qaytib kelgan Sergey mahalliy bozor bilan Rossiya bozori o‘rtasida ajoyib farq borligini ko‘rdi: aksariyat mahalliy korxonalar pozitsiya, brending, strategiya va marketing tadqiqotlari haqida hali o‘ylamagan, xalqaro gigantlar esa mamlakatga kirib, bozorning ta’sirchan ulushini egallab olishga ulgurishgandi. Tez orada marketing xizmatlariga talab keskin ortishi aniq edi.

Agentlikka sarmoya tikishni va’da qilgan Kimning birinchi biznes-sherigi “yo‘qoldi”, ya’ni u qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga javob bermay qo‘ydi. Shundan keyin Sergey tashqi sarmoyani jalb qilmaslikka qaror qildi, lekin do‘sti, sankt-peterburglik biznes-tahlilchisi Vadim Kalinin bilan bog‘lanib, birgalikda biznes boshlashni taklif qiladi. Sergey mijozlarni jalb qilish, Vadim esa mahalliy xodimlardan kuchli biznes-strateglar jamoasini tayyorlash uchun javobgar bo‘ladi. Shunday qilib, 2019-yil Toshkentda “SEKTA” marketing agentligi paydo bo‘ladi. Bu nom asoschilarning hamfikrlarni birlashtirish va sektalar — g‘oyalarga ishtiyoqli jamoalarni yaratish istagidan kelib chiqqan.

Shu bilan birga, Sergey oilasini boqish uchun fotograf sifatida ishlashni ham davom ettirdi. Sankt-Peterburgga jo‘nab ketishdan oldin shu ish orqali muvaffaqiyatli pul ishlab topgan, hatto “Red Bull Uzbekistan” kompaniyasining affillangan fotografi bo‘lgan. Biroq, u o‘zini o‘zgartirishi kerakligini tushundi. Toshkentda Sergey fotograf sifatida tanilgan, vaholanki u allaqachon brend-texnolog va tadbirkor ham edi.

Shu orada, “SEKTA»ning katta naqd pulga zarurati paydo bo‘lib, ish haqini 3 haftaga kechiktirishga majbur bo‘lganida, Sergey bularni qoplash uchun kamerasini va boshqa professional jihozlarini sotadi. Bugun bu qadamni qaytib kelmaydigan nuqta deb ataydi. Shu paytdan boshlab Sergey faqat agentlik ishlari bilan shug‘ullana boshladi.


Mijozlar bilan aloqani qanday to‘xtatishni bilmasdim

Har bitta yosh agentlik singari, “SEKTA” ham dastlab har bir mijozni “o‘ziga jalb qilishga” harakat qildi. Sizga reklamami? Qilamiz. Brending kerakmi? Yaxshi. SMM so‘rayapsizmi? Keling, olamiz. Xizmatlar portfeli kengaydi, xodimlar ko‘paydi, ammo tajriba yo‘qola boshladi.

Misol uchun, reklama so‘rovi keladi va siz uni bajarasiz. Aslida, ularga reklama kerak emas, shunchaki jarayonlar yo‘lga qo‘yilmagan, maqsadli auditoriya aniqlanmagan, biznes tizimli emas. Natijada, yaratilgan mahsulot mijozning muammolarini hal qila olmaydi va u xizmatdan qoniqmaydi. Kim aybdor? Albatta, agentlik.

Avvaliga mijoz tayyor yechim (va pul) bilan kelgan bo‘lsa, uni rad qilish qiyin edi. Keyin har bir mijoz ham bizniki emasligini tushundik. “SEKTA” uchun “bizniki emas” tushunchasi- 10tadan 6ta. O‘zbekistondagi aksariyat tadbirkorlarga bir yilda butun bozorni egallash uchun keng ko‘lamli kampaniyalar yoki strategiyalar kerak emas, lekin odamlar buni har doim ham tushunavermaydi. Shu sababdan, bizning yondashuvimiz “muammoni aniqlaymiz, lekin yechimni aytmaymiz” formulasiga asoslanadi. Ha, natijada foydaning bir qismini yo‘qotamiz, lekin bizga ishonch kuchayadi.

Mijozlarning alohida toifasi ham mavjud bo‘lib, biz ularga qadriyatlardagi nomuvofiqlik tufayli yo‘q javobini beramiz. Bir kuni O‘zbekistonda choraklik budjeti $50 ming bo‘lgan mashhur brend bizga murojaat qildi. Taqdimotdan so‘ng menejer: “Men qaror qabul qiluvchiman, hozirning o‘zida kelishishimiz mumkin”, dedi. Biz darhol bu mijozga “xayr” dedik.


Malakali mutaxassislarni yuqori maosh bilan ishga olishdan qo‘rqardim

“SEKTA” to‘rt yildan beri faoliyat olib boradi, ammo so‘nggi yildagina kutgan natijamizga erisha oldik. O‘ylaymanki, 2024-yil yutuqli yil bo‘ladi va bularning barchasini orqasida insonlar turadi. 2022-yili jamoani 90%ga yangiladik.

Ukraina eng yaxshi marketing agentliklaridan biri “Fedoriv” asoschisi Andrey Fedorivni ustozim deb bilaman. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘st emasmiz, lekin vaqti-vaqti bilan maslahat uchun unga murojaat qilaman. 2021-yilda Kiyevga so‘nggi tashrifim chog‘ida: “Sizga o‘xshab oliy ligada ishlash uchun nima qilishim kerak?” deb so‘ragandim. Oliy ligaga yuqori maosh uchun intilmadim. Pul shunchaki — natijadir. Sababi shundaki, yuqorida ishlash qiziqroq, u yerda stavkalar ham mas’uliyat darajasi ham farq qiladi. Shuningdek, boshqacha idrok, boshqacha fikrlaydigan mijozlar mavjud.

Keyin Andrey javob berdi: “Agar katta ligada ishlashni istasang, faqat A toifasidagi odamlarni ishga olgin. B toifasidagi odamlarni ishga olma, chunki ular o‘zlari bilan C toifadagi odamlarni olib kelishadi va bu qulashga yo‘ldir”.

Men bu maslahatni 2022-yilda Kiyevdagi “Fedoriv»da xuddi shunday lavozimlarda ishlagan katta strateg Yevgeniy Gavrilichenko va art-direktor Sergey Gedulyanovni jalb qilish imkoniyati paydo bo‘lganda esladim. Tushunish uchun: hammaning maoshi butun agentlik ish haqi fondining yarmiga teng edi. O‘sha paytda “SEKTA” xodimlari to‘qqiz kishidan iborat bo‘lgan.

Bu ibora miyyamga urildi: “O‘xshamasa nima bo‘ladi”. Bizda hech qanday “moliyaviy yostiq” yo‘q edi. Ammo, faqat pul yo‘qotaman deb o‘yladim: qarzga botib, uni asta-sekin yopaman va hamma narsaga qayta kirishaman — va bankka bordim. Men shunchaki boshqa yo‘l yo‘qligini his qilgandim.

Natijada har bir yangi xodimning mehnat unumdorligi yetti kishining mehnat unumdorligiga teng bo‘lib, “SEKTA»ga kuchli turtki berdi. Menda xalqaro agentlikda ishlash tajribam yo‘q edi, lekin Jenya va Sergey tufayli jahon amaliyotini o‘rganib, O‘zbekistonga moslashtira oldik. Biz ishga qabul qilishga yondashuvni o‘zgartirdik, ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqdik, business tracking yangi xizmatini ishga tushirdik, bunda mijoz biznes-modelidagi kuchli va zaif tomonlar tahlil qilinadi.

Top-menejerlarni yollash natijasida mahsulot tannarxini sezilarli darajada kamaytirishga erishildi. Agar ilgari bitta strategiyani ishlab chiqish uchun 3−6 oy kerak bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu muddat 1−2 oyni tashkil etadi.

sekta, sergey kim, xatolar


Tadbirkorlikni operativ boshqaruvdan ajratmaganman

Vaqtida ajralish muhim, ya’ni vaqti kelganda biznes egasi o‘zini agentlik xodimidan ajrata olishidir. Bunda menga do‘stim va “SEKTA” hammuassisi Vadim Kalinin yordam berdi. Avvallari pulni yetkazib beruvchilarga to‘lovlarni amalga oshirish, maoshlarni jamoaga taqsimlash va qolganini o‘rtamizda dividend shaklida ajratardim. Pul yetmay qolganida, Vadim bilan qolgan qismini to‘ldirardik. Ammo bir kuni u: “Bu noto‘g‘ri”, dedi. Va biz menga direktor sifatida nominal emas, balki haqiqiy ish haqini belgiladik. Men o‘shanda qarshilik qildim. U paytda bu vaqt masalasi, ya’ni ish haqi katta va muvaffaqiyatli kompaniya bo‘lganda olinadigandek bo‘lib tuyuldi. Oxir-oqibat, Vadim haq chiqdi: bu qadam menga boshqaruvchi rolini biznes egasi rolidan ajratishga imkon berdi.

O‘tgan yili jamoa meni operatsion tizimdan chiqarib yubordi. Men, har qanday tadbirkor kabi, buni orzu qilar, lekin juda qarshilik ko‘rsatardim. Aks holda, hamma narsani shaxsiy nazorat ostida saqlash kerak. Ammo loyihalarni mukammallikka olib chiqish istagim agentlik rivojlanishiga to‘sqinlik qila boshladi. Biz ko‘pincha loyihalar bo‘yicha muddatlarni kechiktirib yuborardik.

Tadbirkorlik — bu impuls, boshlang‘ich energiya, g‘oya haqida. Men buni qila olaman. Uni tizimlashtirish va yo‘lga qo‘yish esa menejmentning vazifasidir. Tadbirkorlik menejmentga teng deb o‘ylagan vaqtimda, mikromenejmentga ketib qoldim. Natijada, biror yangi narsaga turtki berish uchun vaqt va kuchim yetishmadi.


Men o‘zim ishongan emas, balki iste’molchilarga tushunarli bo‘lgan mahsulotni yaratdim

Avvaliga bozorga moslashishga harakat qildik. O‘zbekistonda fokus-guruhlar marketing tadqiqotining mashhur usuli bo‘lgan. Bir muncha vaqt o‘tgach, bu bizning yondashuvimiz emasligini angladik va fokus-guruhlar mahsuldor emasligi sababli undan voz kechdik.

Tasavvur qiling, siz bir xonada 10 kishini yig‘ib, ulardan nimadir so‘rayapsiz. Respondentlarning javoblari qanchalik chuqur va samimiy bo‘ladi? Bu odamlarga bolalaringiz qanchalik yaxshi ekanini va martabangiz qanchalik muvaffaqiyatli ekanini aytishga o‘xshaydi. Aslida, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin. Biz haqiqiy sababni ochib beradigan chuqur intervyuni afzal ko‘ramiz. Bu bir-bir yarim soat davom etadi va suhbatdosh ko‘p narsalarni chiqara oladi. Bir kuni respondent yig‘lab chiqdi va: “Men psixolog bilan uchrashuvda bo‘lganga o‘xshayman!”, dedi.

Chuqur suhbatlar orqali biz “de factum” klinikalar tarmog‘i uchun joylashuvni ishlab chiqdik. Biz odamlar shifokorga tashrif buyurganlaridan keyin ko‘pincha o‘zlarini aybdor his qilishlarini yoki tashvishlanishlarini aniqladik. Suhbat davomida respondentlar ginekologlar va urologlarning nomaqbul hazillari haqida mutlaqo yovvoyi hikoyalarni aytib berishdi — buni fokus-guruhda aytib bo‘lmaydi. Yengil holatlarda, bemor yordam so‘rab kelganida shifokorlar salbiylikni yarata boshlaydilar: “Siz tanangizni qanday qilib bu holatga keltirdingiz? Nega duch kelgan narsangni yeysiz? “

Natijada, biz klinika pozitsiyasini uning davolashiga asoslamadik. Davolash asosiy funksiyadir, u aprioridir. Bu restoranning “Biz yangi mahsulotlar bilan pishiramiz”, degani bilan bir xil. Eskirganlari bilan pishirish mumkinmi? Bizning g‘oyamiz shundan iborat ediki, “de factum»da odamni ayblashmaydi, haqoratlashmaydi yoki noqulay ahvolga tushirishmaydi, balki xavfsiz va qulay bo‘lgan ishonchli ona pillasini yaratishadi.

Men butun klinika jamoasi yangi yondashuv bilan rozi bo‘ldi, deb aytmayman. Taqdimotimdan so‘ng, shifokorlarning bir qismi g‘amxo‘rlik tushunchasiga rozi bo‘lmagani uchun ishdan ketdi. Ammo qolganlar asoschi Nodira Zohidova boshchiligida ishlab chiqilgan strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishdi.


“SEKTA»ning ommaviyligi ustida ishlamadim

2023-yilgacha agentlik etiksiz etikdo‘z edi va bu inqirozga olib keldi. 2022-yil oxirida mijozlarni jalb qilish uchun shaxsiy resursim to‘satdan so‘nib qoldi. Men endi doimiy muloqot, muzokaralar, uchrashuvlar rejimida yashay olmasdim. Keyin “SEKTA” eng kichik detallargacha mukammallashtirilganiga qaramay mensiz loyihalar topa olmasligi ma’lum bo‘ldi. Gap shundaki, ko‘pchilik ishbilarmonlar meni bilishar, lekin agentlik, jamoa va qadriyatlar haqida hech narsa bilishmasdi.

Charchoqlarim tufayli yangi mijozlarni imzolash tempi sekinlashdi va kassaga oid yetishmovchiliklar paydo bo‘ldi. Natijada, biz butun 2023-yilni o‘zbek auditoriyasi biz oddiy marketing agentligi emasligimiz, balki “SEKTA Business Changers” strategik marketing va brending bo‘yicha ishonchli hamkor ekanligimizni eslab qolishini ta’minlashga sarfladik. O‘tgan yil davomida men ko‘p sonli seminarlar, ma’ruzalar va treninglarda qatnashdim, ularda ishlashga yondashuvimiz bilan o‘rtoqlashdim. Jamoa a’zolarini yig‘ilishlarga olib bordim, mijozlarga ofis bo‘ylab sayohatlar uyushtirdim va jamoaga qadriyatlarimizni yetkazishni o‘rgatdim.

Natijani faqat olti oydan keyin ko‘rdim: ma’ruzalar va seminarlardan so‘ng, boshqa tinglovchilarning “sarafan radiosi” orqali kelgan birinchi mijozlar paydo bo‘ldi. Bu “SEKTA” ni ancha kuchaytirdi va agentlikning menga qaramligini kamaytirishga yordam berdi. Agar biz buni qilmaganimizda, hozir qiyin bo‘lar edi.

1 maydan nimalar o‘zgaradi?

0

2024 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.

Ko‘p ishlatgan ko‘p to‘laydi

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024 yil 1 maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.

Qaror bilan, 1 maydan boshlab maishiy iste’molchilar (aholi xonadonlari) uchun quyidagicha ijtimoiy (bazaviy) me’yorlar kiritiladi:

  • elektr energiyasi – oyiga 200 kWhʼgacha;
  • tabiiy gaz (mart–oktyabr oylarida) – oyiga 100 kub metrgacha;
  • tabiiy gaz (noyabr–fevral oylarida) – oyiga 500 kub metrgacha.

Geografik va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi respublikaning boshqa hududlaridan farqli ravishda oktyabr–fevral oylari deb belgilandi.

Ijtimoiy me’yor doirasida aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz imtiyozli narxlarda yetkazib beriladi.

Elektr energiyasi

Maishiy iste’molchilar uchun tariflar (1 kWh uchun oyiga):

— 200 kWh’gacha – 450 so‘m (hozirda 295 so‘m);

— 201 kWh’dan 1000 kWh’gacha – 900 so‘m;

— 1001 kWh’dan 5000 kWh’gacha – 1350 so‘m;

— 5001 kWh’dan 10 000 kWh’gacha – 1575 so‘m;

— 10 001 kWh’dan keyin – 1800 so‘m.

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar belgilangan tariflarning 50 foizi miqdorida to‘lashda davom etadi.

Iste’molchilarning I va II guruhlari (1000 so‘m) hamda yuridik shaxslar uchun (900 so‘m) 2023 yil 1 oktyabrdan kuchga kirgan tariflar 2024 yil 1 maydan keyin o‘zgarishsiz qoladi.

Tabiiy gaz

Isitish mavsumida – noyabr-fevral oylarida aholi xonadonlari uchun tabiiy gaz tariflari (1 kub metr uchun, oyiga):

— 500 kub metrgacha – 650 so‘m (hozirda 380 so‘m);

— 501 kub metrdan 2500 kub metrgacha – 1500 so‘m;

— 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha – 1950 so‘m;

— 5001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2275 so‘m;

— 10 001 kub metrdan keyin – 2600 so‘m.

Mart–oktyabr oylarida:

— 100 kub metrgacha – 650 so‘m;

— 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha – 1500 so‘m;

— 2501 kub metrdan 5000 kub metrgacha – 1950 so‘m;

— 5001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2275 so‘m;

— 10 001 kub metrdan keyin – 2600 so‘m.

2024 yil 1 maydan boshlab:

  • eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik sub’yektlari autsorsing asosida jalb etila boshlanadi;
  • fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlar faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritiladi;
  • belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha respublikadan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi joriy etiladi;
  • qog‘ozsiz ish yuritishga o‘tish jarayonini jadallashtirish maqsadida ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar to‘liq «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan «edo.ijro.uz» moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarda foydalanishda bo‘lgan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan transport vositalarini milliy standart talablari asosida majburiy ekologik sertifikatlash tartibini va talablarni bajarmaganlik uchun kompensatsiya miqdori va to‘lovlari belgilanadi;
  • Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari hamda «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetining «O‘zbekshunoslik» («Uzbek Studies») kafedralarini O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotiga oid o‘quv qo‘llanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • Qashqadaryo viloyatida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalari har bir aniqlangan holat uchun Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirila boshlanadi;
  • 17 ta turdagi xulosalar DXM va YaIDXP orqali beriladi;
  • har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlarini shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

“Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi va “Biznesni rivojlantirish banki” oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

0

Joriy yilning 30-aprel kuni “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi va “Biznesni rivojlantirish banki” oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlik qilishdan asosiy maqsad:

➡️ yoshlarning tadbirkorlik sohasida bilim va koʻnikmalarini oshirish;
➡️ ularning tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishga koʻmaklashish;
➡️ yoshlar orasida ushbu sohada yurtimizdagi imkoniyatlar, imtiyozlar va preferensiyalar toʻgʻrisida keng targʻibotni amalga oshirish;
➡️ shuningdek, ularning biznes tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Osiyo kubogi U23. O‘zbekiston Indoneziyani mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk marta Olimpiadaga yo‘llanma oldi

0

Qatarda o‘tayotgan Osiyo kubogi U23 yarimfinali doirasida O‘zbekiston olimpiya jamoasi Indoneziyani mag‘lub etib, finalga chiqish bilan birga o‘z tarixida ilk bor Olimpiadaga yo‘llanma oldi. Temur Kapadze shogirdlari Parijda o‘tadigan har to‘rt yillikning eng yirik sport musobaqasida ishtirok etishadi. Vakillarimiz finalda 3 may kuni Iroq – Yaponiya o‘yini g‘olibiga qarshi saf tortadi.

Dohada o‘tgan yarimfinal bahsining birinchi bo‘limida vakillarimiz qator imkoniyatlarga ega bo‘lishsa-da, hisob ochilmadi. Ikkinchi bo‘limda Jasurbek Jaloliddinov va Husayn Norchayev zaxiradan maydonga tushirilgach, hujumkorlik oshdi.

63-daqiqada indoneziyaliklar hisobni ochgan bo‘lsa-da, VAR tekshiruvidan keyin bosh hakam o‘yindan tashqari holatni qayd etib, golni bekor qildi.

68-daqiqada esa Muhammadqodir Hamraliyevning uzatmasini Norchayev golga aylantirib, hisobni ochdi – 1:0.

84-daqiqada indoneziyaliklar sardori Rizqi Ridho Jasurbek Jaloliddinovga nisbatan o‘ta qo‘pol harakat qilgani uchun maydondan chetlatildi.

Oradan ikki daqiqa o‘tib, Abduqodir Husanovning bosh bilan yo‘llagan zarbasini raqib himoyachisi Arhan o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi – 2:0.

Shu tariqa, O‘zbekiston olimpiya jamoasi o‘zbek futbolida tarix yaratdi va Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kapadze shogirdlari 3 may kuni finalda Iroq – Yaponiya bahsi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.

Osiyo kubogi U-23. Yarimfinal

29 aprel (dushanba)

O‘zbekiston — Indoneziya 2:0

Gollar: Husayn Norchayev 68, Arhan 86 avtogol.

O‘zbekiston: 1. Abduvohid Ne’matov, 3. Zafarmurod Abdurahmatov, 4. Abduqodir Husanov, 7. Hojimat Erkinov (10. Jasurbek Jaloliddinov, 46), 9. Ulug‘bek Hoshimov (19. Husayn Norchayev, 46), 14. Abbosbek Fayzullayev (6. Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, 90), 15. Umarali Rahmonaliyev, 16. Asadbek Rahimjonov (5. Muhammadqodir Hamraliyev, 66), 18. Alibek Davronov, 22. Alisher Odilov (20.Ruslanbek Jiyanov, 71), 23. Abdurauf Bo‘riyev.

Indoneziya: 12 Pramata Arnan, 3 Muhammad Ferarri, 5 Rizqi Ridho Ramadani, 6 Ivar Jyenner, 7 Marselino Ferdinan, 8 Vitan Sulaymon, 9 Ramadan Sananta, 10 Jastin Xabner, 14 Muhammad Fajar Fatxur, 21 Ernando Ari Suratayri, 23 Natan Tjoye.

Chetlatish: Rizqi Ridho, 84 (Indoneziya).

2025-yildan qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi

0

Yuridik shaxslar mazkur faoliyat uchun 4%lik aylanma solig‘ini to‘laydi. Fuqarolar yutuqlari esa daromad solig‘idan ozod etiladi.

19-aprel kuni “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan, 2025-yildan internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.

Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.

Kelasi yilning 1-yanvaridan 5 yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi. Xususan, lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslarga mazkur faoliyatidan yoki bukmekerlikdan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4% stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi.

Jismoniy shaxslarning agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.

Tashkilotchilarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari NAPP va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

NAPPning qayd etishicha, mazkur choralar fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan. Milliy provayderlarning tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyati va ularni monitoring qilish, o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan shaxslarni va ayrim toifadagi fuqarolarni o‘yinlarda qatnashishdan himoya qilish mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Farmonning amalga oshirilishi mazkur faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratadi, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurashning samarali mexanizmlarini joriy etadi, budjetga qo‘shimcha daromad manbalarini ta’minlaydi, deyiladi agentlik xabarida.

Fevral oyi boshida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekistonda bukmekerlik, lotereya va kazinolar faoliyatini qonuniylashtirish masalasi ustida ishlayotgani ma’lum bo‘lgandi.