Sanjarbek Ashirmukhamedov 1999-yil Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent shahridagi I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali akademik litseyini tamomlagan.
Bu soha bilimlarini mustaqil o‘rganib, 24 yoshigacha yetarlicha tajriba orttirgan. U 2015-yildan boshlab ushbu loyiha ustida ishlagan.
5 marta yopilishiga qaramasdan, bugungi kunda 60 kishiga mo‘ljallangan joyda “Waffly” qahvaxonasini yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga, “Sanny Group” tadbirkorlar uchun maslahat markazi ham faoliyat olib bormoqda.
Birinchi biznesim “maska” sotishdan boshlangan
Bolaligimda katta bo‘lganimda “Biznesmen bo‘laman” derdim. Birinchi ishimni 3-sinfda boshladim, sinfdoshlarimga bir martalik niqoblar va ruchkalar sotib, shu orqali birinchi pulimni ishlab topgandim.
Qahvaxona ochishimga 2018-yil avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlab yurgan paytimdagi bir voqea sabab bo‘lgan. Bir gal ustozim Sergey Tsoy meni tadbirkorlar tadbiriga olib bordi va u yerda ilk marta kofe ichib ko‘rdim. Shundan so‘ng, men ham o‘z binesimni boshlashga qaror qildim.
Ish boshlash uchun investor ham topilgandi, lekin hamma narsa kelishilib, tayyor holatga kelganida u inson hamkorlik qilmasligini aytib qoldi, ammo men bu ishni davom ettirishni xohladim. Keyin uydagilardan 1 mln so‘m qarz olib, bozordan taxtalar xarid qildim. Otam bilan birga undan bar yasab, do‘stimning qahvaxonasida “Sanny drinks” nomli qahva va limonadlar tayyorlanadigan kichikroq joy ochganman.
19 yoshimda litseyni tugatib, buxgalteriya kompaniyasida yordamchilikdan tortib, direktor o‘rinbosariligigacha faoliyat yuritdim. Bu ish yuqoriga o‘sish uchun hamda ish vaqti va maoshi tomonlama ham qulay bo‘lgan. Ammo, 2020-yilda ishdan ketishga qaror qildim, sababi mening oldimda ikkita yo‘l bor edi: shu yo‘nalishda davom etish, yokida o‘zim qiziqqan biznesni yana davom ettirish va men ikkinchi variantni tanladim.
Ketma-ket yopilishlar meni to‘xtatmadi
Shu yili karantindan keyin ota-onamdan $4 ming qarz olib, o‘zimga kerak bo‘lgan kofe mashinasi xarid qildim. Qolgan pulga Qorasuv (Mirzo Ulug‘bek tumani)dan kichikroq joyning ijaraga olib ish boshladim. O‘sha paytlari 2 kg kofe va 200 ta stakandan boshqa mahsulotim bo‘lmagan. Kofega ishlatiladigan sutni ham o‘rtog‘im sovg‘a qilgan. 2021-yilgi karantinda ko‘pgina restoranlar cheklov sababli yopilib ketishdi va afsuski, bizning qahvaxona ham bu ro‘yxatga kirdi. Bu yopilish bizga jami $14 ming zarar keltirdi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, yana qarz bilan ikkinchi marotaba harakat boshladik, ammo bu gal ham men kutgan natija bo‘lmadi. Yiqilgan kurashga to‘ymaganidek, “Ekobozor»dan boshqa filialni ochdik. Ammo, u yerda ham bizni muammolar chetlab o‘tmadi.
Ish boshlanganimizning ikkinchi oyida elektr-energiyasida uzilish bo‘lib bizga yaxshigina zarar keltirdi, ya’ni $1500 ga kuydik. Keyin esa qayta oyoqqa turib shu joyda yana ishimizda davom etdik. Aynan hozirgi manzilimizga kelishimizga, o‘sha filialga tashrif buyurgan katta brend egalari sababchi bo‘lishgan. Bu yerda ham ikki oy sinov muddati asosida kelishib ish boshlaganmiz. Bu darajaga yetib kelgunicha biznesimga taxminan 300 mln so‘m atrofida sarmoya qilganman.
Boshida bitta o‘zim ishlaganman
2020-yilda bitta o‘zim ish boshlaganman. Hozirda esa umumiy 17 nafar xodimimiz faoliyat yuritadi. Vafli pishirish uchun kadrlar ishga olingach, biroz muddat o‘qitiladi. Ammo, bizda kofe tayyorlashga tayyor mutaxassis kerak. Ish vaqti ertalabki 10:00 dan tungi 01:00 gacha, haftaning barcha kunlarida olib boriladi. Bu biznes bozorida ishchilarning o‘rtacha maoshi kunlik 200 ming so‘mdan boshlanadi. Mahsulotlarni tayyorlashni o‘zim mustaqil ravishda, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘rganganman. Vaflilarning retsepti bizning oilaviy retseptimiz hisoblanadi. Dastlab ish boshlaganimda 5−6 turdagi vaflilarni tayyorlardim. Hozirda ularning soni 13−15 tani, kofelar esa 20 tani tashkil qiladi.
Oddiy vaflilar 25 ming so‘mdan 65 ming so‘mgacha baholanadi. Agar ustiga muzqaymoq yoki shokolad qo‘shilsa, shunga qarab narxi o‘zgarib boradi. Shuningdek, “Waffly»ning alohida ajralib turadigan “Fondyu” nomli to‘plam vaflisi bor va uning narxi 250 ming so‘mni tashkil etadi.
Vafli pishiradigan mashinada 1 ta vafli 3 minut 30 sekund davomida pishiriladi. Har bitta mahsulot o‘lchami belgilab berilgan va xodimlar shu asosida tayyorlashadi. Oshxona shunday joyki, e’tiborsiz qoldirilsa, tezda tartibsizlik yuzaga keladi.
1 yil oldin buyurtmalar 40 daqiqada tayyorlab berilardi, hozir esa yangi yapon texnologiyasini o‘rnatganimizdan so‘ng bu kutishlar vaqti yarim barobarga kamaydi. Mahsulotlarni “Uzum Tezkor” orqali yetkazib berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Buyurtmalar har mavsumda har xil bo‘ladi. Ba’zida kuniga 2 ta ham sotishimiz, ba’zida esa 250−300 tagacha ham savdo bo‘lishi mumkin. Albatta bu kunning ob-havosiga, dam olish va bayram kunlariga bog‘liq.
Jihozlar narxi
Ushbu joy 60 kishiga mo‘ljallangan. Bu yerdagi jihozlar va texnikalar narxi taxminan quyidagicha:
Nomi | Narxi | |
1 | Stol-stullar (1 ta to’plam uchun) | 4 mln so‘m |
2 | Idish-tovoqlar | 10 mln so‘m |
3 | Texnikalar | 126 mln so‘m |
4 | Salfetka qutisi (donaga) | 49 ming so‘m |
5 | “Casadio” kofe mashinasi | 38 mln so‘m |
6 | Qahva maydalagich | 12,5−19 mln so’m |
7 | Vafli qolipi | 11−13,5 mln so‘m |
8 | Muzlatgichlar | 9−19 mln so’m |
9 | Filtr | 4 mln so‘m |
10 | Konteyner | 25 mln so‘m |
11 | Ijara narxi | 19 mln so‘m |
12 | Umumiy xarajatlar (shu ko‘rinishdagi joyni tashkil etish uchun) | 500 mln so‘m |
Raqobatchilarni o‘ylab ish qilmagan ma’qul
Har bir inson o‘z ustida ishlab, ko‘nikmaga ega bo‘lgach biznes boshlashi kerak deb o‘ylayman. Boshqalar mendan kuchliku, degan fikr bilan bu bozorga kirib bo‘lmaydi. Masalan, “McDonald’s»ga o‘xshash joy ochmoqchisiz, uni yirik kompaniya ekanligi va raqobatlasha olmasligingizni o‘ylasangiz, ichingizdagi shasht so‘nadi. Nima qilasiz uni o‘ylab? Har kimni o‘ziga yarasha rizqi, nasibasi va mijozlari bor. Asosiysi gap mahsulotda va biz shuning uchun ham katta e’tiborni sifatga qaratamiz.
Ishimni ketma-ket qarzga boshlagan bo‘lsam ham, qo‘rqib, to‘xtab qolganim yo‘q. Chunki, bu pullarni qaytarish ma’suliyati, xodimlarning maoshi, meni hammasidan voz kechishdan to‘xtatib turardi. “Bo‘ldi, men qila olmadim” degan gap ham menga to‘g‘ri kelmasdi. 5 marotaba yopilish natijasida barcha xatolarni qilib ko‘rdim. Ammo, bularning barchasi menga foydali bo‘lgan deb bilaman. Chunki, har qanday ish, qayta-qayta kuygani sari qattiqlashib, mustahkamlashib boraveradi.
Shoshilganim va sog‘lig‘imga e’tibor bermaganim eng katta xatoyim bo‘ldi. Har bitta ishni o‘ylab bajarish lozim, ammo uzoq o‘ylamasangiz barcha imkoniyatlardan ortda qolib ketish mumkin. Agar vaqtni ortga qaytarish imkoni bo‘lganida, men bu ishlarni hech birini bajarmagan bo‘lardim deb o‘ylayman. Sababi, oldin bu sohada yetarli bilimim bo‘lmagan va qiziqqonlik bilan faqat to‘g‘riga harakat qilganman.
Eng katta omadim ota-onamning har qanday vaziyatda yonimda turib, qo‘llab-quvvatlashganida deb bilaman. Birinchi ishimdan ketmoqchi bo‘lganimda, yaqinlarim qarshilik qilishsa ham, ota-bu qarorimni ma’qullashgan.
Kelajakdagi rejalar. Keyingi rejalarimda “Sanny Group” maslahat markazi faoliyatini yanada rivojlantirmoqchiman. Odamlarga kerakli bilim va tajribalarni o‘rgatish, bugungi kunda muhim jarayon ekanligi o‘z isbotini topmoqda. Shuningdek, kofe va vaflidan iborat o‘zgacha to‘plam tashkil qilish niyatimiz bor.