Foydali manbalarBiznes haqidaTutzorlar, soliqdan ozod qilish, yagona axborot tizimi: ipakchilik sohasi qanday rivojlantiriladi?

Tutzorlar, soliqdan ozod qilish, yagona axborot tizimi: ipakchilik sohasi qanday rivojlantiriladi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev ipakchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ipakchilik va pillachilik aholini daromadli ish bilan taʼminlash, qishloq joylarda bandlikni oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishda muhim oʻrin tutadi. Lekin ozuqa bazasidan boshlab pillani chuqur qayta ishlashgacha boʻlgan barcha jarayonlarda toʻplanib qolgan muammolar soha salohiyatini toʻliq ishga solishga toʻsqinlik qilmoqda.

Xususan, ipak qurti urugʻining salmoqli qismi import hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Mahalliy urugʻdan foydalanish darajasini 2030-yilgacha 75 foizga yetkazish imkoni borligi, buning uchun naslli urugʻchilik stansiyalari faoliyatini tiklash zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi naslli urugʻchilik stansiyalarida elita urugʻlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, mavjud 10 ta ipak qurti urugʻchilik korxonasiga qoʻshimcha joriy yilda Buxoro va Namanganda 2 ta yangi urugʻchilik korxonasini, 2027-2029-yillarda Toshkent, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 4 ta yangi korxona tashkil etish rejalari haqida axborot berildi.

Naslchilik va urugʻchilik korxonalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish, mavsumiy ishchilar mehnatiga haq toʻlash xarajatining yarmini qoplab berish hamda ularning faoliyatini daromad va ijtimoiy soliq obyekti sifatida hisoblamaslik taklif etildi.

Pilla sifatini oshirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Ozuqa bazasini 2026-2030-yillarda bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Jumladan, 8 ming gektarda yangi tutzorlar barpo qilish, 41,5 ming gektar maydonda yakka qator tut koʻchatlarini ekish, 15 ming gektardagi tutzorlarni rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan. Buning natijasida 2030-yilga qadar 200 millionta tut koʻchatlari ekilishi va ozuqa bazasi 30 foizga oshishi kutilmoqda.

Pilla yetishtirish hajmlari ozuqa bazasini tahlil qilish asosida prognozlashtiriladi. Xususan, 2026-yilda 30 ming tonna, 2030-yilga borib, 36 ming tonna pilla yetishtirishga chiqish reja qilinmoqda.

Sohadagi ishlar yangi tizim asosida tashkil etiladi. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat va tuman “Agropilla” tuzilmalari, ipakchilik klasterlari oʻzaro muvofiqlashgan tarzda ish yuritib, yangi tutzorlarni tashkil etishdan tortib, yetishtirilgan pillani sotib olishgacha boʻlgan barcha bosqichlarda fermerlar, kasanachilar va qurt boquvchilar ishini tashkil etadi hamda ularga koʻmaklashadi.

Kam daromadli, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni pillachilikka jalb etish va ularni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” orqali aholiga 1 kilogramm pilla qiymatining 35 foizi miqdorida subsidiya, parvarishlash jihozlari va uskunalar xaridiga 20 million soʻmgacha ssuda ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

Pillachilikda sanoat usulini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Hozirda pillaning asosiy qismi xonadon sharoitida yetishtirilayotgani qayd etilar ekan, maxsus qurtxonalar tashkil etish orqali hajm va sifat barqarorligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi. Klasterlar tomonidan qurtxonalarni qurish va ishga tushirishni ragʻbatlantirish, shu jumladan, qurtxonalarni yer va mol-mulk soligʻidan 2029-yil 1-yanvarga qadar ozod qilish taklif qilindi.

Eksport va qoʻshilgan qiymatni oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Ayni paytda mahalliy pilladan yuqori sifatli xom ipak olish va uni qayta ishlash ulushi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Sifatni oshirish va chuqur qayta ishlashni kengaytirish hisobiga eksport tushumlarini 250 million dollargacha oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, 2030-yilga qadar umumiy qiymati 200 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish xom ipakni qayta ishlash hajmini 3 ming tonna va darajasini 75 foizga yetkazib, 18,5 million pogon metr ipak mato ishlab chiqarish imkonini beradi.

Eksportda tayyor mahsulot ulushini oshirish, yangi bozorlarni oʻzlashtirish, milliy brendlarni shakllantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilab olindi.

Sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish zarurligi qayd etildi. Ozuqa bazasining hisobi, korxonalar reyestri, sohadagi hisobotlar va hisob-kitoblarni elektron shaklda yuritish, urugʻlik va pilla xomashyosi hajmlari, pilla qabul qilish punktlarini real vaqt rejimida monitoring qilish jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot tizimi ishlab chiqilishi belgilandi.

Prezidentimiz ipakchilikni rivojlantirish boʻyicha takliflarni maʼqullab, ozuqa bazasini mustahkamlash, mahalliy urugʻchilikni kengaytirish, sanoat usulini joriy etish va tayyor mahsulot ulushini oshirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Yangi Toshkentdagi “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi. Maʼlumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda...

Prezident Yangi Toshkentda musiqali favvora loyihasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi. Mamlakatimizda aholi uchun zamonaviy jamoat makonlari, koʻngilochar va madaniy hordiq maskanlarini tashkil...

Yangi Toshkentdagi zamonaviy futbol stadioni qurilishi jadal davom etmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Yangi Toshkentda barpo etilayotgan yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadionining qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi. Ushbu zamonaviy sport majmuasiga oʻtgan...

2025-yilning to‘rtinchi choragida bo‘sh ish o‘rinlari soni 15% dan ortiqqa oshdi

2025-yilda kuzatilgan yuqori iqtisodiy faollik va ijobiy biznes kayfiyati fonida mehnat bozorida sezilarli kengayish davom etdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori bo‘yicha sharhida keltirilgan. O‘tgan yilning to‘rtinchi...

Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $200 mln ajratadi

Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohada kompleks islohotlarni amalga oshirish uchun $200 mln ajratishni ma’qulladi. Yangi loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi...

1-maydan tadbirkorlarga quyosh panellari uchun 16% li kredit ajratiladi

Prezident raisligida 18-mart kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Unda aholi chorvani uyda boqib, bahor-yoz faslida dalaga olib chiqishga...