Jizzax viloyatida so‘nggi besh yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,6 barobarga ko‘payib, o‘tgan yilning o‘zida 19 trln so‘mni tashkil qilgan. Eksport hajmi 2,2 barobarga oshib, $202 mlnga yetgan. Xorijiy investitsiyalar miqdori ham yil sayin o‘sib bormoqda. 2018-yilda viloyatda bor-yo‘g‘i $18 mln xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam salkam $700 mlnga yetgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260tani tashkil qilmoqda.

Zomin tumanida investitsiya dasturlari doirasida so‘nggi besh yilda 1,8 trln so‘mlik 300ga yaqin loyiha amalga oshirilgan va uch mingdan ortiq ish o‘rni ochilgan. Qulay biznes muhiti tufayli tumandagi kichik tadbirkorlar soni 4 barobarga ko‘paygan.

Turzmni xizmatlar sohasini ko‘paytirish maqsadida Zomin turistik zonasi tashkil etildi. Bundan tashqari, sanoatni rivojlantirishga kirishilgan.

Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Texnopark” maxsus sanoat zonasi barpo etilmoqda. Buning uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan.

Uni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 mlrd so‘m yo‘naltirildi. 30dan ortiq loyihalar shakllantirilib, ularga xitoylik investorlar tomonidan $1,2 mlrd investitsiya yo‘naltiriladi. Mazkur zonada tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi. Xususan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishdagi loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada 5 mingdan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, 4,7 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda $70 mlnlik eksport salohiyati yaratiladi.

Texnopark hududida Xalqaro tajriba almashinuv injenerlik markazi tashkil etilib, sanoat korxonalari uchun shu yerning o‘zida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mazkur hududda ofis markazi, turar joylar, ekobog‘, ko‘rgazmalar zali va savdo markazi barpo etiladi. Marosimda davlat rahbari ramziy tugmani bosib, texnoparkdagi ilk investitsiya loyihalari qurilishini boshlab berdi.

Joriy yilning aprel oyida xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtikada $4 mlrdlik 22ta loyihani boshlashga tayyor ekani ma’lum qilingandi. Ular orasida Zomin sanoat texnoparki ham bor.