Matbuot xizmatiYangiliklarO‘zbekistondagi har bir mahalla uchun “yashil xarita” ishlab chiqiladi

O‘zbekistondagi har bir mahalla uchun “yashil xarita” ishlab chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev Yashil makon umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish, ularni sug‘orish va parvarishlashni tizimli tashkil etish borasida kamchiliklar mavjud. O‘tgan yil bahorda ekilgan ko‘chatlarning maʼlum qismi qurib qolgan.

Hudud iqlimi va tuprog‘iga mos kelmaydigan daraxtlarni tanlash, suv taʼminoti bo‘lmagan joylarga ko‘chat ekish, kasallik va zararkunandalarga qarshi choralarning yetarli emasligi bunga sabab bo‘lmoqda. Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan o‘rmonlarni parvarishlash va himoya qilishda ham muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari ishlar samaradorligini ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, yerni tayyorlashdan boshlab sug‘orish tizimini yaratish va ko‘chatlarni kamida uch yil parvarishlashgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yondashuvlar taqdimot qilindi.

Ekish muddatlarini har bir hududning ob-havo sharoiti va olimlar xulosasi asosida belgilash, mahalliy iqlimga mos, issiqlik, sovuqqa va suv tanqisligiga chidamli turlarga ustuvorlik berish ko‘zda tutilmoqda.

Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, ekiladigan joyi va sug‘orish tizimi aks etgan “yashil xarita»larni ishlab chiqib, aholiga eʼlon qilish topshirildi. Mahalla raislari bilan birgalikda har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlab, bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Daraxt ekish ishlarini, avvalo, aholi gavjum joylarda, piyodalar yo‘laklari va tun-u kun ishlaydigan ko‘chalarda tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Bunday hududlarda soya beruvchi daraxtlarni ko‘paytirish orqali odamlarning yurishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda “Yashil mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish takliflari ko‘rib chiqildi. Mahalla buyurtmasi asosida sifatli ko‘chatlar, organik o‘g‘it va suv tejovchi sug‘orish vositalarini yetkazib berish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.

Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktirib, aholiga ko‘chat ekish, sug‘orish va parvarishlashni o‘rgatish, uylar, maktab va bog‘chalar oralig‘ida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bog‘larini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat ko‘ngillilar harakatlarini keng jalb qilish vazifasi belgilandi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda OTMlarda dual ta‘limning yangi tizimi joriy etiladi

Prezident “Oliy ta‘limda dual ta‘lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Hujjatga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan OTMlarda...

Prezidentimiz ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslarni belgilab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi...

Davlatimiz rahbari taʼlimdagi islohotlar natijalari va zamonaviy ilmiy infratuzilma bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari...

Samarqand zafaridan jahon shaxmat markazi sari: Prezidentimiz chempionlar bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, ularning yaqinlari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni Samarqandda oʻtkazilgan 46-Butunjahon shaxmat...

Maktab va oliy ta’limdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali...

Davlatimiz rahbari shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi

Qadrli o‘g‘il-qizlarim! Hurmatli ustoz va murabbiylar! Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ikki...