Vashington shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida Shavkat Mirziyoyev AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda AQSh savdo vaziri Xovard Latnik, prezidentning maxsus yordamchisi Rikki Gil, maxsus vakili Paolo Zampolli, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Stiven Vaden, shuningdek, Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi rahbarlari, Traxys, FLSmidth, McKinsey, Meta, Google, Amazon, Boeing, Air Products, Axiom Space, Cove Capital, Freeport-McMoRan, Orion CMC, Cargill Cotton, John Deere, Honeywell, Valmont Industries, Flowserve Corporation kabi yirik korporatsiya va kompaniyalarning top-menejerlari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi so‘nggi 8 yil ichida AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshgani, mamlakatda AQShning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan iqtisodiy hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va yangi qo‘shma tashabbuslar muhokama qilinishi qayd etildi. Davlat rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
2030-yilga borib O‘zbekistonda 18−20 GVtlik qayta tiklanuvchi quvvatlarga ega yangi energetika tizimi yaratiladi, elektr energiyasining yarmidan ko‘pi quyosh va shamol energiyasi hisobidan ishlab chiqariladi.
O‘zbekiston va AQSh uran, mis, volfram, molibden va grafit qazib olish hamda chuqur qayta ishlashni rivojlantiradi. Ishonchli yetkazib berish zanjirlarini yaratish va AQShning ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, avtomobil va temir yo‘llar, terminallar va aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. 2030-yilgacha transport infratuzilmasini rivojlantirishga $12 mlrddan ziyod mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.
AQShning Google, Meta, NVIDIA kompaniyalari bilan raqamli hamkorlik kengaymoqda. Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish kabi loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun DFC korporatsiyasi hamda AQSh Eksimbanki jalb qilinishi aytildi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev AQSh kompaniyalarining investitsiya tashabbuslarini shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati bo‘lib qolishini ta’kidladi.
